Oʻzbek adabiyotida badiiy tafakkur namunalarida kuzatiladigan, ammo adabiyotshunoslik tomonidan nomlanmagan, ayni mohiyati ilmiy talqin etilmagan hodisalar kam emas. Paranormallik masalasi ham adabiyot tarkibida qadimdan mavjud. Ammo bu atama sof adabiyotshunoslik muammosi sifatida oʻrganilmagan.
Paranormal hodisalar shu paytga qadar asosan psixologiya sohasida oʻrganilgan va ayni yoʻnalish muammosi sifatida qarab kelingan. Bunda koʻproq inson hayotida uchrab turadigan gʻayrioddiy, gʻayritabiiy hodisalar eʼtiborga olingan. Dastlab faylasuf, sotsiolog va psixologlar ham paranormallik hodisasini mif va uydirma sifatida tushunib, muammoga jiddiy qaramagan boʻlsalar, keyingi davrlarga kelib masalaga yetarlicha eʼtibor bera boshladilar. Hodisaning haqiqatan mavjud ekani, bu nafaqat ruhiy-psixologik, ruhiy-maʼnaviy, balki sof fizik, biologik, ijtimoiy asoslarga ega hodisa ekani tajribalar asosida aniqlandi. Natijada umumiy psixologiyaning bir tarmogʻi, individual psixologiyani oʻrganishning bir kichik yoʻnalishi oʻlaroq parapsixologiya maydonga keldi. Bugungi kunda jahonning eng ilgʻor psixologik maktablari parapsixologiya bilan maxsus shugʻullanadilar. Arvohlar, jin-shaytonlar, gʻayrioddiy hodisalarning ilmiy asoslarini nanotexnologiya, kompyuter texnologiyalari asosida aniqlaydilar. Ushbu hodisa jahon ilm-fanida allaqachon real hodisa sifatida tan olingan.
Hodisa qadimiy, badiiy adabiyot tarkibida eng qadimgi davrlardan beri mavjud. Ayni hodisaning genezisi konseptual muammo oʻlaroq, jahon va milliy adabiyoti namunalari folklor, klassik yozma materiallar asosida ilmiy asoslanadi. Hind eposi “Maxabxarata”dan tortib, Gomer “Iliadasi”, shumerlarning “Bilgamish”idan tortib, oʻzbek “Alpomishi”, “Goʻroʻgʻli”sigacha, xalq ertaklari, hikoya va qissalaridan, oʻzbek mumtoz adabiyoti namunalari tahlili misolida ilmiy isbotini koʻrishimiz mumkin.
Miflar, folklor, maishiy turmush tarzida doimo duch kelinadigan gʻayritabiiy voqealar, mavhum hodisotlar azal-azaldan badiiy adabiyotga koʻchgan va bu ilmiy-nazariy tushuncha sifatida umumiy maʼnoda ilmiy atama bilan izohlanmagan. Ammo jin, ajina, iblis, shayton, oziqchi, alvasti, olaboʻji, arvoh, qoraxayol, yovuz ruhlar kabi tashqi olam kuchlari folklorshunoslikda demonologik personajlar atamasi ostida oʻrganilgan. Biz ilmiy istiloh sifatida olib chiqqan hodisa – paranormallik aynan poetik hodisa sifatida qaralar ekan, bu tushuncha oʻz-oʻzidan yo obraz, yo syujet, yo detal, yo motiv yoki biz tadqiq etayotgan “epizod” tushunchalari bilan birikkandagina muayyan badiiy-estetik mohiyat kasb etadi.
Paranormal epizodlar real hayotda uchrab kelgan, badiiy asarlarda gʻayritabiiy tarzda tasvirlangan voqelik boʻlib, ilmiy taʼrifi quydagicha: gʻayritabiiy, gʻayrioddiy va ratsional mantiq bilan tushuntirib boʻlmaydigan voqelik, zamonning toʻrtinchi, makonning yettinchi oʻlchamiga oid, ekstrimal holat-vaziyatlardagina real olam sarhadlarida kuzatilishi mumkin, uchinchi koʻz, oltinchi sezgi bilan koʻriladigan parapsixologik hodisaning badiiy asar syujeti ichidagi kichik epizod tarzida tasvirlanishidir.
Maʼlumki, oʻzbek va jahon adabiyotida har bir badiiy komponentning oʻziga xos taʼrif-u tavsifi, kanonlari, spetsifikasi, genezisi bor. Paranormal epizodlar genezisi Qurʼoni karim, hadisi shariflarda kelgan real ilohiy voqealar bilan chambarchas bogʻliq. Xususan, bu jihat “Al jami’ as-sahih” hadislar toʻplamida, “Tafsiri Hilol” kitobida, Rabgʻuziyning “Qissasi Rabgʻuziy”, Alisher Navoiyning “Tarixi anbiyo va hukamo” asarida oʻzining ilmiy-maʼrifiy isbotini (shuningdek, ushbu bitiklarda talqin etilgan shayton va iblis obrazlari keyingi davr adabiyotida ham keng aks etdi) topgan. Zamonaviy oʻzbek nasrida paranormal voqelikni yuzaga chiqaruvchi shayton – iblisning badiiy vazifasi Odam Ato, Momo Havvo, iblis uchligidagi “ilk syujet”ini ifodalovchi qissalarda izchil davom etadi.
Qurʼoni karimda jinlar haqida qirqqa yaqin oyat bor. Bitta butun boshli sura “Jin” surasi deb nomlangan. Umuman, iblis va jinlarning islomiy manbalar asosidagi tahlillari “paranormal epizod” tushunchasining diniy asoslarini va genezisini belgilaydi. Ammo diniy manbalardagi jin, shayton, iblis qatnashgan voqealarni “paranormal epizod” sifatida talqin qilish toʻgʻri emas. Qachonki, gʻayb bilan bogʻliq hodisalar mif, folklor va yozma adabiyot qatlamiga oʻtsa, “paranormal epizodlar” sifatida talqin etishimiz mumkin.
Paranormal epizodlar din va mif bilan chambarchas bogʻliq. Mif esa ilohiy axborotlar, rivoyatlarning asrlar davomida buzib talqin etilgan va qayta ishlangan shaklidir. Ayni obrazlar mif va folklor ijodiyotida “paranormal epizodlar”ning maydonga kelishini taʼminlagan. Dunyo adabiyotida boʻlgani singari arxetiplarning paranormal voqelik bilan oʻzaro aloqadorligi, yaʼni arxetipik kodlar zamonaviy oʻzbek qissalariga ham xosdir. Adabiyotda “abadiy obraz” oʻlaroq yashab kelayotgan arxetiplar zamonaviy oʻzbek qissalarida “paranormal epizodlar”ni yuzaga chiqaruvchi muhim komponent vazifasini bajargan.
Shoyim Boʻtayevning “Shamol oʻyini” qissasida “paranormal epizodlar” qamgʻoq (oʻrama, girdob) ichidagi gʻayritabiiy hodisalar, quyun, yonar suv, jin-shaytonlar, ilon-qiz, it-odam koʻrinishida va jinlarning inson qiyofasidagi talqinlari: Berkinboy, Yoshi Uzoq, Baraka obrazlari hamda ularning razolatga toʻla amallarida namoyon boʻladi. Jumladan, qishloq kampirlari marosimi sanalgan “Momo uloq”, “koʻch-koʻch” amallari, iymon-u eʼtiqodida sustkashlik borlarning fol koʻrish holatlari ham paranormallikka yaqqol misol. Xususan, “Qamgʻoqdan bir qarichcha yuqoridan quyun naq shiftga tegib, charx urardi. Uning ostki qismida odam boʻlib odamga, it boʻlib itga oʻxshamagan allaqanday jonivorlar muallaq holatda bir-birlarini ezgʻilab yanchib yotishardi. Bu maxluqlar quyun yer sahnidan supurilib kelgan suprindilar, burdi-balolar orasidan bitday bijgʻib chiqishar, bir-birlarini chavaqlashar, oʻzlarining uyat ishlariga shu qadar mashgʻul edilarki, aqalli sal boshini koʻtarib atrofi javonibga qarab qoʻyishni xayollariga keltirishmasdi”. [3;54-bet] Shoyim Boʻtayev paranormal epizodlar orqali badiiy adabiyotda azaliy mavzu boʻlgan ezgulik va yovuzlik oʻrtasidagi kurashni gʻayritabiiy hodisalar fonida tasvirlaydi. Bu epizodlar xalq inonchlari bilan bogʻliq boʻlib, inson va jamiyat tanazzulining oʻziga xos ramziy ifodasini aks ettiradi.
Sobir Oʻnar “Chambilbelning oydalasi” qissasida paranormallikni ruhiy-kechinmaviy kontekstda tasvirlaydi. Ehtimol, klinik oʻlim voqeasi qisman reallikka yaqin boʻlishi mumkin. Ammo muallif bu voqeaga koʻproq emotsional yondashadi va “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” dostoni voqealaridan ilhomlanib, jismni tark etgan ruhni badiiy boʻyoqlarda aks ettiradi. Asar qahramoni tilidan aytilgan “...bu sergap dunyodan ogʻir zil-zambil oyogʻimni uzib olgan, erkin, shamolday yengil bir narsa, balki ruh edim, tez kechgan voqealar, kuzatish, his-oʻylar jarayonida “Men endi ruh boʻlsam kerak”, [4;53-bet] kabi fikrlar bu holatni yaqqol tasdiqlaydi.
Ilmiy manbalarda vafot etgan insonning ruhi ortida qolganlarni kuzatishi haqida aniq faktlar yoʻq. Ammo paygʻambar alayhissalom hadislarida inson ruhi, barzah (Islom eʼtiqodiga koʻra, inson vafot etganidan boshlab, to Qiyomat kuni (qayta tirilish)gacha boʻlgan oraliq hayotdir – S.S) olami, tanani tark etgan ruhning bu dunyo ishlaridan xabardor qilib turilishi xususida aytiladi. Qurʼoni karimda ham basharga ruh haqida juda kam bilim berilgani haqida marhamat qilinadi: “Va sendan ruh haqida soʻrarlar. Sen: “Ruh Robbimning ishidir. Sizga juda oz ilm berilgandir”, deb ayt” (Isro, 85).
Sobir Oʻnar paranormal epizodlar vositasida hayotni metafizik darajada tahlil qiladi; oʻquvchini faqat syujet emas, ichki ruhoniy sayohatga yetaklaydi; zamonaviy oʻzbek adabiyotida kam uchraydigan “qayta tirilish” voqeasini folklor motivlari bilan uygʻun tarzda tasvirlaydi. Umuman olganda, Sobir Oʻnar asarlarida xalq ogʻzaki ijodidan olingan motivlar va paranormal epizodlar yozuvchi badiiy niyatini aks ettirishda faol komponent sifatida ishtirok etadi. Xususan, “Chambilbelning oydalasi” qissasidagi klinik oʻlim tasviri va ruhning boshqa dunyodagi sayohati orqali inson oʻz hayotini bor boʻyicha taftish qilishiga, bir lahzada umrning oʻtkinchi matohdek yelga sovurilishiga, dunyoning naqadar tor va naqadar keng ekanligiga ishora qiladi.
Shodiqul Hamroning “Qora kun”, “Qaqnus qanotidagi umr” va “Muhabbat maktublari” qissalarida asarlarning umumiy konsepsiyasini ifodalashda va badiiy niyati, estetik idealini aks ettirishda paranormal epizodlardan unumli foydalanilgan. Jumladan, “Qora kun”da umuminsoniy muammolar: inson fitratidagi salbiy illatlar, tubanlik botqogʻiga botgan va Olloh buyurgan amallardan yiroq boʻlgan insoniyatning maʼnaviy tanazzulini ramziy maʼnoda ifodalaydi. “Qaqnus qanotidagi umr”da toptalgan azaliy qadriyatlarning ogʻir asoratlari yosh goʻdakning bezovta ruhiyati negizida tasvirlangan. “Muhabbat maktublari”da jismidan ajralib chiqqan ruhning oʻzga olamdan bu dunyoga nigoh tashlashi orqali muhabbatning shahvoniy mayllardan ustun turuvchi yuksak tuygʻu ekanligini badiiy talqin etishda muhim vosita boʻlib xizmat qiladi.
XX asrning 90-yillariga kelib paranormal hodisalarga keng rakursda va yangicha talqinda yondashildi. Xususan, Nazar Eshonqulning “Tun panjaralari” va “Qora kitob” qissalarida paranormal holatlar modernizm unsurlari bilan sintezlashdi. Qissalarning umumiy konsepsiyasi inson va jamiyat muammosi, absurd va yolgʻizlik qaʼridagi obrazlar, iymon-eʼtiqodidan adashgan insoniyat taqdiri va uning tavba-tazarrusi qora va quyuq boʻyoqlarda, xususan, shayton va iblis, qoraxayol va ruh motivlari paranormal epizodlar sifatida namoyon boʻldi.
Nazar Eshonqulning “Qora kitob”ida paranormal epizodlar qahramonning qoraxayol qutqusiga tushib qolishi va choʻqqisoqolning gʻayritabiiy harakatlarida namoyon boʻladi. Xususan, qahramon oʻzining holatini quyidagicha taʼriflaydi. “Uxlab yotar ekanman, nazarimda, kimdir ichimdan chiqib kelganga oʻxshadi; u qop-qora kiyinib olgandi, uxlab yotgan meni xuddi libosday yechib tashladida, turib, narigi xonaga kirib ketdi – uygʻonganimda xona yorishib qolgan, kitob ochiq va sirli holatda yotardi. Meni qora xayol chulgʻab olgandi”. [5;526-bet]
Qoraxayol badiiy asarlarda qahramonning ruhiy va botiniy holatini aks ettirishda birlamchi vositalardan va insonning ongosti hislariga ham bogʻliq hodisa sanaladi. Oʻzbek adabiyotida qoraxayol bilan bogʻliq oʻrinlarga koʻp marotaba murojaat qilingan. Jumladan, Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanida bosh qahramon Otabekni qoraxayol chulgʻab olgani, Shoyim Boʻtayevning “Bir kunlik mehmon” va “Yulduzlarga eltar yoʻl” qissalarida qoraxayolning asar qahramonlariga salbiy taʼsir koʻrsatgani, Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romanida ham qahramonni qoraxayol bosishi haqida gap boradi. Rus adabiyotining nodir namunasi boʻlgan M.Bulgakovning “Usta va Margarita” romanida Usta Volandni qoraxayol mahsuli deb hisoblaydi va muallif tomonidan “qoraxayol – yoʻq narsaning koʻzga koʻrinishi, galyutinatsiya”, [6;370-bet] deya taʼriflanadi.
Xususan, Shoyim Boʻtayevning “Yulduzlarga eltar yoʻl” qissasi sof realistik asar boʻlib, undagi qoraxayol obrazi mifologik jihatdan yovuz kuchlarni ifodalagan. Asar qahramoni Ismat pochtachi Ikkinchi jahon urushining insoniyatga keltirgan ayanchli oqibatlaridan biri – qoraxat tashishdek “ogʻir yuk”ni yelkasiga oladi. Aynan pochtachining qoraxayol girdobida qolishi urushning minglab kilometrdagi insonlar hayotiga salbiy taʼsiri va muallif gumanistik qarashlarining ramziy ifodasi edi. Asarda qoraxayol real voqelik fonida tasvirlanadi va oʻz davrining ijtimoiy-siyosiy holatini, urushning ogʻir asoratlarini va yovuzlik prinsipini oʻzida aks ettiradi. Zero, adabiyotshunos Uzoq Joʻraqulov taʼkidlaganidek, “Realistik ijodkor uchun ezgulikka xizmat qilish, yuksak umuminsoniy ideallarni kuylash, inson va borliq garmoniyasi sifatida voqe boʻladi. Shu bois realistik asarda tasvir etilgan xaotik kuchlar (qalloblar, qotillar, oʻgʻrilar, munofiqlar, xoinlar, jinlar, shaytonlar, vahshiylar) kabi (jumladan, qoraxayol ham – S.S.) gumanistik talqinga xizmat qiladi”. [7;163-bet]
Nazar Eshonqulning “Qora kitob” qissasida esa qoraxayol gʻayritabiiy voqelik fonida va insoniyatning oʻz-oʻzi bilan kurashida, iymon-eʼtiqod sustlashgan joyda shaytoniy kuchlarning ustuvor ekanligida koʻrinadi, shu bilan bir qatorda, modernistik asar xususiyatlariga xos boʻlgan badiiy vosita sifatida faol qoʻllaniladi. Umuman olganda, paranormal epizodlar realistik asarlarda gumanistik gʻoyalarni, modernistik asarlarda esa shaytoniy kuchlarni targʻib etishining metaforiklashuvi kuzatiladi.
Isajon Sultonning “Onaizorim” va “Munojot” qissalarida “paranormal epizodlar” bola obrazining chuqur xayolot va tush mahsuli, ong osti bolalik qoʻrquvlarining samarasi, ruhiy-psixologik xavotirning mahsuli sifatida tajassum topadi. Raʼno va Gʻarib obrazida bolalarcha begʻubor va sof xayollar taʼsirida paydo boʻlgan xafvsiz va ziyon yetkazmaydigan yaratiqlar, sirli hodisotlarning yangicha talqini aks etadi.
Paranormal holatlar Gʻarib tabiatidagi gʻayrioddiylik bilan uygʻun va bir-biriga chambarchas bogʻliq holatda tasvirlanadi. U “…koʻzim uyquga ketay-ketay deganda koʻrina boshlaydi shunaqa sharpalar. Tush bilan hushning orasidan qalqib chiqishadi… Oʻsha odam tepamda uzoq oʻtiradi, [8;95-bet] deydi. Bu tasvirlar Gʻarib obrazidagi illyuzion va galyutsinatsion holatlar bilan bogʻliq. U oʻzining botiniy olamida yolgʻiz, ruhan oʻzga olamda sayr etadi; onasining taʼbiri bilan aytganda, jismonan hayot kechirishga noqobil. Ammo Gʻarib oddiy insonlar koʻra olmaydigan, ilgʻamaydigan narsalarni, hodisotlarni anglay oladi, tafakkur dunyosi keng, qalbi sheʼriyatga va sanʼatga oshufta. Gʻarib ilohiy va ruhoniy quvvatga ega, ichki intiutiv bilim bilan his etish qobilyati bor, “tush va hush” orasidagi olamdagi obrazligiga muallif asarning koʻp oʻrinlarida ishora qiladi. Xususan, “Tush va oʻng oraligʻida qandaydir oppoq kiyingan kimsalarning kelishi va ularning insonga oʻxshamasligi, tasavvurida maysalarning gapirishi hamda goʻyo jonsizday tuyulgan narsalarning ham aslida jonli ekanligi kabi voqealarning bejiz emasligini u aniq-tiniq bilib turardi”, [I.Sulton. Munojot.] kabi tasvirlar yuqoridagi fikrimizni dalillaydi.
Maʼlumki, paranormal hodisalar biz yashayotgan oʻlchamdan tashqarida, yaʼni vaqt va makonning nomaʼlum qatlamlarida sodir boʻladi. Muallif taʼbiri bilan aytganda bular – shuur bilan anglanadigan va aql bilan tasdiqlanadigan narsalar emas edi – ular faqat his qilinar edi. [I.Sulton. Munojot.] Qissada vafotidan soʻng insonning ruhi bir tanadan ikkinchi tanaga yoki hayvonot va nabotot olamida qayta tirilishi haqidagi nazariya – reinkarnatsiya Gʻarib misolida ilgari suriladi. Asarda keltirilgan oʻzining bir vaqtlar daraxt boʻlgani va butaga aylangan zohid haqidagi tasvirlari fikrimizni tasdiqlaydi. Bunday estetik nuqtayi nazar jahon adabiyotiga xos boʻlib, soʻnggi yillarda oʻzbek adabiyotida oʻzgacha talqinda boʻy koʻrsata boshladi. Bu haqida adabiyotshunos Uzoq Joʻraqulov shunday deydi: “Gʻarb maʼnaviyatini, xususan, adabiyotini yemirib, bugungi ruhiy inqiroz chohiga tashlagan ikki madaniy-falsafiy faktor bor. Ularning biri, hind va xitoyning buddaviy eʼtiqodi asosida turuvchi reinkarnatsiya – ruhning bir jonzotdan ikkinchisiga koʻchishi haqidagi taʼlimot boʻlib, qachonlardir unga ergashgan beqaror Gʻarb sinov uchun yaralmish insonning tozarish imkoniyatlari cheksizligiga soddalarcha ishonib qoldi va koʻp xatolarni xato bilmay qoʻydi”.[1;270-bet]
Reinkarnatsiya paranormal hodisaning bir koʻrinishidir. Ruhning bir tanadan boshqa tanaga oʻtishi nazariyasi ilmiy adabiyotlarda “reinkarnatsiya”, arab tilida esa “tanosuh” atamasi bilan yuritiladi. Mazkur asossiz nazariya, asosan eʼtiqodiy qarashlari buzilgan boshqa din vakillarida uchraydi. Islom dinida esa bu kabi nazariyalar qatʼiyan rad etiladi. Gʻarib obrazi haqida adabiyotshunos Bahodir Karimov quyidagicha fikr bildiradi: “Bir narsa aniqki, qissa qahramoni ruhiy-gʻaybiy olamga oshno etilib, dunyo falsafasidagi, xususan, hind va yunonlardagi inson ruhining oʻlgandan keyin boshqa narsaga koʻchish haqidagi “tanosuh” eʼtiqodiga bogʻlab qoʻyiladi”[2;20-bet]. Diniy ahkomlarimizga koʻra, bunday gʻayri eʼtiqodiy qarashlar, yaʼni oʻlgan odamning ruhi yana shu dunyoga hayvon yoki oʻsimlik boʻlib kelishi botil amal hisoblanadi. Zero, inson vafot etgandan keyin ruh tanasini tark etadi va bundan keyingi hayoti ruhning koʻchishi tarzida davom etishi maʼrifiy va ilmiy haqiqatlarga ziddir. Muallifning reinkarnatsiya nazariyasiga oid qarashlari tanqidiy mulohazalarga yoʻl ochadi.
Jahon va oʻzbek adabiyoti namunalarini kuzatish natijalaridan maʼlum boʻldiki, “paranormal epizodlar” badiiy asar tarkibiga tasodifan kirib qolmagan. Kirishning uchta muhim asosi bor: birinchisi diniy, mifologik, folklor manbalari asosida; ikkinchisi ijtimoiy-psixologik holat, hodisa va vaziyatlar taʼsirida; uchinchisi botiniy, individual holatlar natijasida. Jadidlar davrida paranormal epizodlar badiiy adabiyotda nisbatan kamroq aks etgan. Bu oʻsha davr ijtimoiy-siyosiy muhiti bilan bogʻliq jarayon. Sovet davri qissachiligida ayni hodisaga tanqidiy-nigilistik munosabat boʻlgani bois paranormal epizodlarning yaqqol namunalari uchramaydi. Mustaqillik davriga kelib qissachilik oʻzining asl oʻzanlariga qaytdi, barcha taʼqiqlangan syujet, motiv va epizodlar qatorida paranormal epizodlarning ham xilma-xil badiiy talqinlari maydonga keldi. Biz buni yuqorida zikr qilingan qissalar asosida ilmiy asoslashga harakat qildik.
Sanobar SAYDAZIMOVA,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori,
Samarqand davlat chet tillar instituti oʻqituvchisi
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati
1. Joʻraqulov U. Nazariy poetika masalalari: Muallif.Janr.Xronotop. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2015.
2. Karimov B. Ruhiyat alifbosi. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2015.
3. Boʻtayev Sh. Shamol oʻyini. – Toshkent: Yozuvchi nashriyoti, 1995.
4. Oʻnar S. Tanlangan asarlar. – Toshkent: Sahhof, 2024.
5. Eshonqul N. Saylanma II. – Toshkent: Akademnashr, 2022. – B. 526.
6. Bulgakov M. Usta va Margarita. – Toshkent: Kamalak-press, 2019. – B. 370.
7. Joʻraqulov U. Hududsiz jilva. – Toshkent: Fan, 2006. – B. 163.
8. Sulton I. Boqiy darbadar. – Toshkent: Oʻzbekiston, 2011.
9. Shayx Muhammad Yusuf Muhammad Sodiq. Tafsiri Hilol. 6-juz. – Toshkent: Hilol-nashr, 2008.