Turkiston hududi seysmik jihatdan faol zonalardan biri hisoblanadi. Tarixiy manbalar ushbu hududda turli davrlarda kuchli va oʻrta darajadagi zilzilalar tez-tez sodir boʻlganini koʻrsatadi. Jumladan, Axsikentda 1620-yilda, Buxoroda esa 1821 – 1822-yillarda yirik zilzilalar sodir boʻlgan.
1902-yil 3-dekabrda yuz bergan va tarixiy manbalarda “Andijon fojiasi” deb nom olgan zilzila mintaqa tarixidagi eng yirik seysmik ofatlardan biri sifatida qayd etiladi. Mazkur hodisa davomida uch marotaba kuchli yer silkinishi kuzatilgan boʻlib, har bir silkinish shahar va uning atrof hududlariga keskin taʼsir koʻrsatgan. Birinchi silkinishning kuchi 8 – 9 ball darajasida baholangan. Ikkinchi silkinish undan ham kuchli boʻlib, 9 balldan yuqori deb taxmin qilinadi. Oradan taxminan yarim soat oʻtib sodir boʻlgan uchinchi silkinish ham 8 – 9 ball atrofida boʻlib, natijada Andijon shahri deyarli toʻliq vayronaga aylangan. Qayta silkinishlar bir necha oy davom etgan. Dastlabki ikki kun davomida esa yer silkinishlari deyarli uzluksiz kuzatilgan. Vaqt oʻtishi bilan ularning kuchi asta-sekin kamayib borgan.
Ushbu seysmik hodisa natijasida 4500 dan ortiq inson halok boʻlgan, shuningdek, katta miqdordagi moddiy zarar qayd etilgan. Oʻsha davr hisob-kitoblariga koʻra, zarar hajmi taxminan 12 million oltin rublni tashkil etgan. Zamonaviy iqtisodiy baholashlarga koʻra, ushbu miqdor 2026-yil qiymatida qariyb 7 trillion soʻmga teng ekvivalent sifatida talqin qilinadi. Mazkur tarixiy zilzilalar Turkiston hududining yuqori seysmik xavfga ega ekanini koʻrsatadi.
Shuningdek, 1946-yil 3-noyabrda sodir boʻlgan Chotqol zilzilasi Oʻzbekiston SSR hududining katta qismini qamrab olgan. Zilzila Toshkent shahrida 7 ballga, ayrim tumanlarda esa 8 ballgacha yetgan. Natijada sinchli uylar jiddiy shikastlangan, 8 ballik zonalarda esa xom gʻishtdan qurilgan binolarning katta qismi toʻliq qulab tushgan. Ushbu hodisa ham mintaqaning yuqori seysmik faolligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Umuman olganda, tarixiy manbalar Toshkent shahrining ham bir necha xavfli zilzilalarga guvoh boʻlganini koʻrsatadi. 1966-yildagi zilziladan oldin shaharda turli kuchlanishdagi qariyb 700 ta seysmik silkinish qayd etilgan. 1966-yil 26-aprel tonggi soat 05:22 da Toshkent shahri oʻz tarixidagi eng kuchli zilzilani boshdan kechirdi. Zilzila oʻchogʻi shahar hududi ostida, taxminan 5–10 km chuqurlikda joylashgan boʻlib, uning kuchi 8 ballgacha yetgan. Eski shahardagi Qashqar mahallasi va Labzak eng kuchli zarar koʻrgan hududlar sifatida qayd etiladi. Ushbu zilzila tektonik kelib chiqishga ega boʻlib, Yer poʻstidagi tog‘ jinslarining siljishi, yorilishi hamda ayrim qatlamlarning keskin koʻtarilishi yoki choʻkishi natijasida yuzaga kelgan.
Zilzila shahar markazi va eski turar-joy hududlariga katta zarar yetkazdi. Minglab binolar – maktablar, kasalxonalar, sanoat korxonalari va boshqa infratuzilma obyektlari vayron boʻldi. Umumiy hisobda taxminan 2 million kvadrat metr turar-joy maydoni zarar koʻrdi. Shuningdek, 10 mingga yaqin bino, 700 ga yaqin savdo va umumiy ovqatlanish obyekti, 26 ta kommunal korxona, 180 ga yaqin taʼlim muassasasi, 36 ta madaniy-maishiy bino, 185 ta tibbiyot muassasasi va 245 ta sanoat korxonasi jiddiy talafot koʻrdi. Natijada 78 ming oila (taxminan 300 ming kishi) boshpanasiz qolgan. Zilzila shaharning markaziy tumanlariga, xususan Kirov tumaniga eng katta zarar yetkazgan hududlardan biri boʻlgan. Bu yerda 7 394 ta turar-joy binosi va 300 dan ortiq ijtimoiy obyektlar vayron boʻlgan.
Zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida zudlik bilan favqulodda chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Boshpanasiz qolgan aholini joylashtirish, sanoat va savdo korxonalarini qayta tiklash, jamoat va xususiy mulkni himoya qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilgan. Shahar hududida 15 mingdan ortiq chodir va vaqtinchalik yashash vagonlari oʻrnatilib, aholiga tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida 14 ta koʻchma dorixona, 29 ta tibbiy xizmat markazlari tashkil etilgan.
1966-yil oxiriga kelib, qariyb 300 ming nafar Toshkent aholisi uy-joy bilan taʼminlandi. Poytaxtda jami 3,2 million kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi, shundan 1,18 million kvadrat metri qardosh respublikalar quruvchilari va harbiy qurilish boʻlinmalari tomonidan tiklangan. Aynan shu ogʻir sinov sharoitida aholining birdamligi, hamjihatligi va insoniy fazilatlari yaqqol namoyon boʻldi. Boshqa respublikalar singari Ozarboyjon xalqi ham Toshkentni qayta tiklash jarayoniga sezilarli hissa qoʻshdi. Ularning begʻaraz yordami va qurilishdagi faol ishtiroki tufayli Toshkent qisqa muddatda qayta tiklandi.
Jumladan, Ozarboyjondan yuzlab malakali quruvchilar, meʼmorlar va muhandislar Toshkentga kelib, uzoq muddat davomida zilzila oqibatlarini bartaraf etish va tiklash ishlari, ayniqsa, koʻp qavatli turar-joy binolarini qurish jarayonida muhim oʻrin egalladilar.
Ozarboyjon quruvchilari tomonidan barpo etilgan turar-joy binolari. Surat: N. Medvedov
Boku qurilish poyezdi boshligʻi M. Peresado oʻz xotiralarida ozarboyjonlik quruvchilarning Toshkentni qayta tiklash ishlariga safarbar etilishi jarayonini quyidagicha izohlaydi:
“Ozarboyjondagi ‘Glavbakstroy Bosh boshqarmasida Toshkentni qayta tiklash ishiga kimlar boradi?” degan savol qoʻyilganda, biz ixtiyoriy ravishda ushbu vazifani zimmamizga oldik. 60 nafar quruvchi Boku qurilish poyezdi tarkibida Toshkentga yuborildi. Toshkent goʻzal shahar edi, ammo kutilmagan tasodif bu yerdagi hayot oqimini oʻzgartirdi. Dastlabki bosqichda ishlar murakkab kechdi, Chilonzor massivida keng maydonlar tayyorlanib, qurilish uchun zarur infratuzilma shakllantirildi. Zilzila oqibatida yuzaga kelgan uy-joy tanqisligi sababli qurilish ishlarini qisqa muddatlarda amalga oshirish zarur edi. Shu maqsadda 35 ming kvadrat metr uy-joy qurish majburiyati olindi.
Dastlab oson boʻlmadi. Chilonzor massividagi keng yalanglikda tuproq surib, yer qazib quriladigan turar-joylarda maydon hozirladik. Uylarni tez qurishimiz kerak edi. Chunki tabiiy ofat tufayli uylari vayron boʻlgan shahar aholisining ehtiyoji shuni talab qilardi. Boshida 35 ming kvadrat metr uy-joy qurish majburiyatini oldik. Qurilish jarayonlari kompleks usulda tashkil etilib, F. Bayramov boshliq montajchilar, A. Medvedov boshliq boʻyoqchilar, I. Yagubov boshliq payvandchilar, A. Arkas boshliq duradgorlar brigadirlarning ishlari diqqatga sazovor. Shuningdek, qurilish jamoasida oʻz ishining ustalari koʻp. Kranchi I. Nodirov, santexnik V. Turegin, elektr payvandchi V. Kozim va E. Ruvenov, ishchilardan K. Guseyn, A. Inqilob, K. Akperov, boʻyoqchi J. Baysova va kutubxonachi V. Krilova shular jumlasidandir. Biz Toshkentda zilzila tufayli xalq boshiga tushgan kulfatni daf etishga qatnashar ekanmiz, doʻstlik tuygʻularini yana bir marta chuqur his etdik”.
Shuningdek, ozarboyjonlik quruvchi I. Nodirov ham oʻz esdaliklarida quyidagilarni yozib qoldirgan: “Toshkentda tarixda misli koʻrilmagan qurilishlar olib borilmoqda. Bu yerda barcha millat vakillarini uchratish mumkin. Biz hozirda 120 toshkentlik oila uchun boshpana qurib berdik. Yana 96 kvadratli turar-joy binosining 4-qavatini quryapmiz. Men bir smenada 45 tonnagacha qurilish materiallarini yuqori qavatlarga uzatib beryapman. 7 soat oʻrniga 9-10 soat ishlayapmiz. Chunki, tili-tilimizga, dili-dilimizga azaliy payvand boʻlgan oʻzbek birodarlarimizning ogʻirini yengil qilib, yaxshilik qilayotganligimiz bizga zavq beradi”.
120 ta Toshkent oilasi uchun uy qurgan Ozarboyjon quruvchilari
Shuningdek, zilzila haqidagi xabarni radiodan eshitgan ozarboyjonlik Guseyn Toshkent aholisi uchun yordam koʻrsatishga intildi. U Ozarbayjon qurilish-montaj poyezdi tarkibidagi Boris Bagirov boshchiligidagi kompleks brigadaning montajchisi sifatida Chilonzor massivining 23-mavzesida qurilgan hamda aholiga topshirilgan 48 va 72 kvartirali turar-joy binolari qurilishida ishtirok etdi. Gruziya, Armaniston, Litva, Latviya, Turkmaniston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston kabi turli respublikalardan kelgan mutaxassislar qatorida Toshkentni qayta tiklash ishlarida ozarboyjonlik Guseyn Kengerlining ham munosib hissasi mavjud boʻldi.
Obodonlashtiruvchilar brigadasi boshligʻi Y. Petrosyan oʻz xotiralarida shunday taʼkidlaydi: “Ona shahrimiz Boku, qarindosh-urug‘ va birodarlarimiz bilan xayrlashib, oʻzbek qardoshlarimiz yurtiga yoʻl olar ekanmiz, maqsadimiz koʻrmagan joyni koʻrib kelish emas, balki mehmondoʻst oʻzbek xalqining tabiiy ofat oqibatida sinovdan oʻtgan hayotini yengillashtirish hamda Toshkentda qurilayotgan uylar atrofini obodonlashtirishdan iborat edi”.
Umuman olganda, 1966-yil 20-iyunda Toshkent shahriga Ozarboyjondan 60 nafar quruvchi yetib kelgan boʻlib, jami 160 nafar ozarbayjonlik mutaxassis shaharni qayta tiklash ishlarida ishtirok etgan. Ular nafaqat ishchi kuchi bilan, balki qurilish materiallari, texnika, oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa zarur resurslarni ham muntazam ravishda yetkazib turgan. Jumladan, 1966-yil dekabr oyida Toshkentga 60 tonna sement, 960 tonna yirik panel, 16 tonna armatura, poydevor uchun 5 ming dona harsang tosh hamda koʻplab temir-beton buyumlari yetkazib berilgan. Boku qurilish obyektlarida 5 ta 7 tonnalik koʻtarma kran, 3 ta “C-100” markali buldozer, 2 ta “E-302” markali ekskavator, 4 ta panel tashuvchi va 7 ta yuk avtomashinasi faoliyat yuritgan. Shuningdek, Boku shahridan yuborilayotgan qurilish materiallari hajmi doimiy ravishda ortib borgan: yanvar oyi uchun 120 tonna sement, 1200 dona yirik panel, 22 tonna armatura, koʻplab poydevor bloklari, shuningdek, isitish, kanalizatsiya va ichimlik suvi tarmoqlari uchun quvurlar buyurtma qilingan.
Ozarboyjonlik payvandchi V. Kozin
Ozarboyjon shoiri Mammad Rahim Toshkent zilzilasi oqibatlarini bartaraf etish va shaharni qayta tiklash jarayonida ishtirok etgan quruvchilarning fidokorona mehnatini badiiy jihatdan ifodalab, oʻzining “Binokorning orzusi” nomli sheʼrini yaratgan. Ushbu sheʼrda zilzila natijasida vayron boʻlgan Toshkentni tiklash jarayonida qatnashgan quruvchilarning mehnati, jasorati aks ettiriladi:
Binokor devor uzra qoʻyar beton toshini,
U chaqirsa “labbay” der yosh-u qari ishchilar.
Kunlar oʻtar yuksalar imorat asta-asta,
Gʻisht ustiga gʻisht terib, aytar baʼzan ashula,
Orzusiga erishib, koʻngli daryodek toshar.
Haftalar oʻtar shunday, yuksalardi imorat,
Tong chogʻida qush kabi usta qoʻnar devorga.
Ishtiyoq bilan ishlar, sarflab hunar – mahorat,
Yetkazmakni istaydi devorni koʻk chinorga.
Chinor balanddir, uning uchiga boqqan zamon
Kishining boshidagi doʻppisi tushar yerga.
Usta binoning ustki qavatiga chiqqan on.
Toʻymay boqadi yangi bino boʻlgan shaharga.
Oylar oʻtar, muhtasham bino qomat koʻtarar,
Endi tenglashib turar ustamiz chinor bilan.
Chinorning butogʻiga qoʻnishadi qushchalar,
Bulut janubga oqar chinorning tepasidan.
Yil oʻtar, u muazzam goʻzal imorat bitar,
Usta zoʻr quvonch bilan suvaydi soʻng gʻishtlarni.
Eng yuqori qavatdan turib tomosha etar
Pastda, chinor shohida sayrab turgan qushlarni.
Toʻymay boqar… mehnatkash bu inson yuragida,
Koʻzlarida chaqnaydi porloq orzu – umidlar
Qurajak binosining soʻnggi qati tagida
Suzib yursin momuqday oppoq-oppoq bulutlar.
Xullas, 1966-yilgi Toshkent zilzilasi nafaqat bir shahar, balki butun xalq uchun ogʻir sinov boʻldi. Ammo bu fojia ortidan namoyon boʻlgan birdamlik, oʻzaro yordam va insoniylik yuksak qadriyat sifatida tarix sahifalaridan oʻrin oldi. Ayniqsa, Ozarboyjon xalqining koʻrsatgan yordami Toshkentning qayta tiklanish jarayonida beqiyos oʻrin tutdi. Ularning fidokorona mehnati tufayli shahar qisqa fursat ichida yangicha qiyofaga ega boʻldi. Bu voqea oʻzaro doʻstlik va birodarlikning naqadar qudratli kuch ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Mirshod SIDDIQOV,
Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)