Turkiston hududi seysmik jihatdan faol zonalardan biri hisoblanadi. Tarixiy manbalar ushbu hududda turli davrlarda kuchli va oʻrta darajadagi zilzilalar tez-tez sodir boʻlganini koʻrsatadi. Jumladan, Axsikentda 1620-yilda, Buxoroda esa 1821 – 1822-yillarda yirik zilzilalar sodir boʻlgan.
1902-yil 3-dekabrda yuz bergan va tarixiy manbalarda “Andijon fojiasi” deb nom olgan zilzila mintaqa tarixidagi eng yirik seysmik ofatlardan biri sifatida qayd etiladi. Mazkur hodisa davomida uch marotaba kuchli yer silkinishi kuzatilgan boʻlib, har bir silkinish shahar va uning atrof hududlariga keskin taʼsir koʻrsatgan. Birinchi silkinishning kuchi 8 – 9 ball darajasida baholangan. Ikkinchi silkinish undan ham kuchli boʻlib, 9 balldan yuqori deb taxmin qilinadi. Oradan taxminan yarim soat oʻtib sodir boʻlgan uchinchi silkinish ham 8 – 9 ball atrofida boʻlib, natijada Andijon shahri deyarli toʻliq vayronaga aylangan. Qayta silkinishlar bir necha oy davom etgan. Dastlabki ikki kun davomida esa yer silkinishlari deyarli uzluksiz kuzatilgan. Vaqt oʻtishi bilan ularning kuchi asta-sekin kamayib borgan.
Ushbu seysmik hodisa natijasida 4500 dan ortiq inson halok boʻlgan, shuningdek, katta miqdordagi moddiy zarar qayd etilgan. Oʻsha davr hisob-kitoblariga koʻra, zarar hajmi taxminan 12 million oltin rublni tashkil etgan. Zamonaviy iqtisodiy baholashlarga koʻra, ushbu miqdor 2026-yil qiymatida qariyb 7 trillion soʻmga teng ekvivalent sifatida talqin qilinadi. Mazkur tarixiy zilzilalar Turkiston hududining yuqori seysmik xavfga ega ekanini koʻrsatadi.
Shuningdek, 1946-yil 3-noyabrda sodir boʻlgan Chotqol zilzilasi Oʻzbekiston SSR hududining katta qismini qamrab olgan. Zilzila Toshkent shahrida 7 ballga, ayrim tumanlarda esa 8 ballgacha yetgan. Natijada sinchli uylar jiddiy shikastlangan, 8 ballik zonalarda esa xom gʻishtdan qurilgan binolarning katta qismi toʻliq qulab tushgan. Ushbu hodisa ham mintaqaning yuqori seysmik faolligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Umuman olganda, tarixiy manbalar Toshkent shahrining ham bir necha xavfli zilzilalarga guvoh boʻlganini koʻrsatadi. 1966-yildagi zilziladan oldin shaharda turli kuchlanishdagi qariyb 700 ta seysmik silkinish qayd etilgan. 1966-yil 26-aprel tonggi soat 05:22 da Toshkent shahri oʻz tarixidagi eng kuchli zilzilani boshdan kechirdi. Zilzila oʻchogʻi shahar hududi ostida, taxminan 5–10 km chuqurlikda joylashgan boʻlib, uning kuchi 8 ballgacha yetgan. Eski shahardagi Qashqar mahallasi va Labzak eng kuchli zarar koʻrgan hududlar sifatida qayd etiladi. Ushbu zilzila tektonik kelib chiqishga ega boʻlib, Yer poʻstidagi tog‘ jinslarining siljishi, yorilishi hamda ayrim qatlamlarning keskin koʻtarilishi yoki choʻkishi natijasida yuzaga kelgan.
Zilzila shahar markazi va eski turar-joy hududlariga katta zarar yetkazdi. Minglab binolar – maktablar, kasalxonalar, sanoat korxonalari va boshqa infratuzilma obyektlari vayron boʻldi. Umumiy hisobda taxminan 2 million kvadrat metr turar-joy maydoni zarar koʻrdi. Shuningdek, 10 mingga yaqin bino, 700 ga yaqin savdo va umumiy ovqatlanish obyekti, 26 ta kommunal korxona, 180 ga yaqin taʼlim muassasasi, 36 ta madaniy-maishiy bino, 185 ta tibbiyot muassasasi va 245 ta sanoat korxonasi jiddiy talafot koʻrdi. Natijada 78 ming oila (taxminan 300 ming kishi) boshpanasiz qolgan. Zilzila shaharning markaziy tumanlariga, xususan Kirov tumaniga eng katta zarar yetkazgan hududlardan biri boʻlgan. Bu yerda 7 394 ta turar-joy binosi va 300 dan ortiq ijtimoiy obyektlar vayron boʻlgan.
Zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida zudlik bilan favqulodda chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Boshpanasiz qolgan aholini joylashtirish, sanoat va savdo korxonalarini qayta tiklash, jamoat va xususiy mulkni himoya qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilgan. Shahar hududida 15 mingdan ortiq chodir va vaqtinchalik yashash vagonlari oʻrnatilib, aholiga tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida 14 ta koʻchma dorixona, 29 ta tibbiy xizmat markazlari tashkil etilgan.
1966-yil oxiriga kelib, qariyb 300 ming nafar Toshkent aholisi uy-joy bilan taʼminlandi. Poytaxtda jami 3,2 million kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi, shundan 1,18 million kvadrat metri qardosh respublikalar quruvchilari va harbiy qurilish boʻlinmalari tomonidan tiklangan. Aynan shu ogʻir sinov sharoitida aholining birdamligi, hamjihatligi va insoniy fazilatlari yaqqol namoyon boʻldi. Boshqa respublikalar singari Ozarboyjon xalqi ham Toshkentni qayta tiklash jarayoniga sezilarli hissa qoʻshdi. Ularning begʻaraz yordami va qurilishdagi faol ishtiroki tufayli Toshkent qisqa muddatda qayta tiklandi.
Jumladan, Ozarboyjondan yuzlab malakali quruvchilar, meʼmorlar va muhandislar Toshkentga kelib, uzoq muddat davomida zilzila oqibatlarini bartaraf etish va tiklash ishlari, ayniqsa, koʻp qavatli turar-joy binolarini qurish jarayonida muhim oʻrin egalladilar.