Teatr sanʼati uzoq tarixga ega. Xususan, Turkistonda XVI–XVIII asrlardayoq xalq teatrlari maydonga kelgan boʻlsa-da, professional teatrning vujudga kelishi XIX asr oxiri – XX asr boshlariga toʻgʻri keladi. Bu o‘lkada vujudga kelgan jadidchilik harakati bilan bogʻliq. Zero, aynan jadidlar mustamlaka zulmi ostida ezilgan, mudroq xalqning ongiga erk va hurriyat gʻoyalarini payvand qilishda maktab, maorif, matbuot va badiiy adabiyot bilan bir qatorda teatrni ham juda muhim omil deb hisoblaganlar. Shuning uchun jadidlar Turkistonda Yevropa andozasidagi teatr sanʼatini yaratishga alohida eʼtibor berdilar.
1914-yil 27-fevralda Toshkentning Yangi shahardagi “Kolizey” tomoshoxonasida Mahmudxoʻja Behbudiyning “Padarkush” pyesasi ilk bora namoyishi oldidan, yana boshqacharoq taʼriflansa, oʻlkada milliy teatr pardasi ilk marta ochilishidan avval sahnaga Munavvar qori Abdurashidxonov chiqib, teatrning “ibratxona” ekani, unga yengil-yelpi qaramaslik, aktyorlar esa “bir tabibi hoziq misoli” ekanliklaridan qisqacha vaʼz soʻylab, butun jamoani buyuk madaniy hodisa bilan tabrik etadi. Binobarin, shu kuni oʻzbek milliy teatriga tamal toshi qoʻyiladi.
Aksariyat jadidlar singari teatr sanʼatini “ulugʻlar maktabi”, “ibratxona” deb bilgan Hoji Muin 1914-yilda Behbudiyning “Padarkush” dramasidan taʼsirlanib Nusratulla Qudratilla bilan birga “Toʻy” nomli 4 pardali pyesasini namoyish qiladi. Bu pyesa tez orada mashhur boʻlib ketgan va oʻsha davr sahnasida eng koʻp qoʻyiladigan dramalardan biriga aylangan.
Xoji Muin Shukrillo oʻgʻli (1883–1942).
Taʼkidlash joizki, jadid teatri repertuariga nazar tashlagan kishi har bir sahna asarida shu davrdagi xalq va jamiyat hayotining favqulodda muhim va dolzarb masalalariga urgʻu qaratilganini koʻradi. Xuddi shunday, “Toʻy” pyesasida ham farzandini oʻqitish, bilimli qilib oʻstirish oʻrniga dabdabali toʻy qilib, oxiri xonavayron boʻlgan boyning achinarli taqdiri sahnaga olib chiqilgan.
Hoji Muinning uyi. Samarqand shahri.
1914-yil 22-dekabr kuni kechasi mashhur “Kolizey”da (hozirda bu bino Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari saroyi boʻlgan) “Toʻy” pyesasi asosida yaratilgan spektakl xalq talabiga binoan ikkinchi marotaba namoyish qilingan.
Teatr kechasining masʼul mudiri “Sadoyi Turukiston” gazetasining noshiri va muharriri Ubaydulla Xoʻjayev, rejissyor Z.Boyazidskiy, suflyor esa Qudratilla Yunusov boʻlgan.
Ushbu tomosho milliy teatr va matbuot rivojiga katta hissa qoʻshgan toshkentlik taraqqiyparvar boy, Munavvar qorining maslakdoshlaridan biri boʻlgan Ubaydulla qori Ergʻoziyevning bevosita homiyligida tashkil etilgan.
Tomosho uchun chiptalar sotishda Abdulhakim Sarimsoqov, Komilbek Norbekov, Hasanxoʻja Honiy, Eshonxoʻja Honiy, mulla Muborak Siddiq Muhammedov, Karimbek Norbekov, Abulqosim Ziyomuhamedov, mulla Isʼhoq Inʼomhoji oʻgʻli, Mahmudxoʻja Muhammadrahimxoʻja oʻgʻli, Muhammadgʻozi Yunusov va Mirhamid Usmonboyevlar jonbozlik koʻrsatganlar.
Mazkur tomoshoning tafsilotlarini oʻz davrining yetuk taraqqiyparvari, mohir jurnalist Abdurauf Muzaffarzoda “Sadoyi Turkiston” gazetasining 1915-yil 2-yanvarda chiqqan 54-sonidagi “Milliy kechamiz” sarlavhali maqolasida bayon qiladi.