Toshkent shahrida oʻtkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ijodiy va ilmiy ziyolilarining XV forumi madaniyat va sanʼat, fan-taʼlim, adabiyot sohalari va yoshlar masalalari boʻyicha tajriba almashish, istiqboldagi oʻzaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlarini belgilash uchun qulay fursat yaratdi.

Anjumanning xorijlik ishtirokchilari Toshkent forumi har tomonlama samarali kechganini eʼtirof etdilar. Oyina.uz quyida ularning  fikrlarini taqdim etmoqda.

Poʻlat BULBUL OʻGʻLI, MDH Gumanitar hamkorlik boʻyicha davlatlararo fondi boshqaruvi raisi, Gumanitar hamkorlik kengashida Ozarbayjon Respublikasi vakili, Ozarbayjon Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va muxtor elchisi:

– Toshkent bizni bagʻrikenglik, gʻamxoʻrlik va alohida eʼtibor bilan qarshi oldi. Aytish kerak, tadbirlar juda yuqori saviyada tashkil etilgan. Shu bois Forum oʻtkazilishiga shaxsan qiziqish bildirgani uchun mamlakatingiz rahbariga va tashkilotchilarga oʻz minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.

Toshkentga koʻp bor kelganman. Xalqaro turkiy madaniyat tashkilotida ishladim, keyinchalik madaniyat vaziri boʻldim. Bu vaqtlarda ham Oʻzbekiston, Toshkent bilan ijodiy hamkorligimiz davom etdi. Soʻnggi yillarda, ayniqsa, xalqlarimiz madaniy aloqalarida jonlanish, faollik kuzatilmoqda.

Otam sobiq ittifoq xalq artisti boʻlgan. U koʻp qirrali sanʼatkor edi. Bir qancha xalqlar qoʻshiqlarini ijro etgan, mugʻomlar kuylagan, opera janrida barakali ijod qilgan. Oʻtgan asrning 40–50-yillarida mashhur ijodkor Uzeyr Gajibekovning “Goʻroʻgʻli” operasi yaratildi. Mazkur asar otam uchun maxsus yozilgan boʻlib, undagi bosh rolni aynan otam ijro qilgan.

Nima uchun buni eslayapman? Gap shundaki, ushbu opera Oʻzbekistonda, Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri)da sahnaga qoʻyilgan. Otam shu sabab Toshkentda oylab yashagan. Oʻsha davrda biz u bilan kunora, shaharlararo telefon stansiyasida soatlab navbat kutib, suhbatlashardik. Telegramma orqali xabarlashardik. Bilasiz, u paytlarda bundan boshqa aloqa vositalari yoʻq edi.

Toshkentdagi ijodiy safari xususida otam bizga koʻp gapirib berardi. Bu yerda taniqli opera dargʻalari bilan birgalikda ijod qilgani, ular bilan hayotining soʻngiga qadar qadrdon boʻlgani haqida faxrlanib soʻzlardi.

Men betakror sanʼatkor Botir Zokirovning “Arab tangosi”ni juda ham yoqtirganman. Keyinchalik biz bu ulug‘ ijodkor bilan yaqindan tanishdik, doʻstlashdik. Oʻzim ham sanʼatkor boʻldim, Botir Zokirov bilan televideniyeda koʻplab dasturlar, koʻrsatuvlarni birgalikda olib bordim. Qisqasi, qadrdon boʻlib ketdik. Bu rishta uning vafotidan keyin toʻxtab qolgani yoʻq – men Farrux Zokirov bilan doʻstlashdim, ijodiy hamkorlik qildim. Bugungi kungacha munosabatlarimiz davom etmoqda.

1986-yilda Oʻzbekistondagi teatrda “Qoʻshiqlarimga ishon” musiqali asarim qoʻyildi. Taqdimotda qatnashdim. Oʻzbek sanʼatkorlari ijrosini koʻrib, rosti, toʻlqinlanib ketdim. Bilasizmi, bu – juda yoqimli tuygʻu. Men yozgan qoʻshiqlarni oʻzbek estradasining koʻplab ijodkorlari kuylagan.

Men navbatdagi tashrifim mobaynida koʻplab yangiliklardan boxabar boʻldim, katta taassurot oldim. Misol uchun, Oʻzbekistonda yoshlar masalasiga davlat siyosati darajasida ahamiyat qaratilib, uzluksiz taʼlim-tarbiya tizimining barcha bosqichlarini uygʻun va mutanosib rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar eʼtirofga loyiq.

“Gumanitar hamkorlik: oʻttiz yillik tajriba va rivojlanish istiqbollari” mavzuiga bagʻishlangan anjuman doirasida turli mavzular boʻyicha samarali munozaralar olib borildi. Zero, bugungi davr hamjihatlik va oʻzaro manfaatli sheriklikni yanada kengaytirishni taqozo qilmoqda.

Soʻzimning oxirida qardosh oʻzbek xalqiga cheksiz mehrim va ehtiromimni izhor etaman. Ezgu va xayrli ishlarni amalga oshishida insonlarning oʻzaro muloqot qilishi fikr almashishi juda muhim deb hisoblayman. Mazkur Forum va Anjuman ham shunisi bilan ahamiyatli.Toshkent ana shunday nufuzli tadbirning 15-soniga mezbonlik qildi va bu voqelik uzoq vaqt xotiramizda saqlanadi.

Anatoliy IKSANOV, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Gumanitar hamkorlik boʻyicha davlatlararo fondi ijrochi direktori:

– Shubhasiz, Oʻzbekiston juda mehmondoʻst, bagʻrikeng, qaynoq va ajoyib insonlar yashaydigan mamlakat. Biz uchun Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ijodiy va ilmiy ziyolilarining XV forumi aynan Toshkentda tashkil etilgani muhim ahamiyatga ega.

Anʼanaviy forum faoliyatida pandemiya sabab uzilish kuzatilgandi. Shu sababli u barcha uchun uzoq kutilgan voqea boʻldi. Men samimiy mehmondoʻstlik, iliq munosabat va yuqori darajada tashkil etilgan tadbir uchun juda xursandman va mamnunman.

Barchamizga maʼlum, Oʻzbekiston oʻzining boy tarixi, qadimiy madaniy merosi, yuksak arxitektura namunalari, mumtoz adabiyotiga ega. Shu sababli ham mamlakatingiz ishtirokisiz gumanitar madaniy aloqalar haqida fikr yuritish mumkin emas. Biz yurtingiz, ayniqsa, soʻnggi yillarda MDH gumanitar hamkorlik loyihalarida juda faol ishtirok etayotganini koʻryapmiz va bu quvonarli.

Yana bir jihatni aytishim kerakki, MDH davlatlari madaniy poytaxti loyihasi biz uchun oʻta muhim. Bunga aynan poytaxt boʻlmagan shaharlarni tanlab olmoqchimiz. Albatta, ular goʻzal madaniy tarixga va bir vaqtning oʻzida zamonaviy turmush tarziga ega boʻlishi lozim. Forum doirasida ushbu masalalarni ham turli yoʻnalishdagi mutaxassislar bilan koʻrib chiqdik. Nomzod shaharlar orasida Samarqand ham bor.

Chingiz ESENGUL OʻGʻLI, Qirgʻiziston Respublikasi Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri oʻrinbosari:

– Bugungi XV forum negizida koʻplab ilmiy amaliy konferensiyalar oʻrin olgan. Toshkenda MDH davlatlar hamdoʻstligi xalqlaring bagʻrikenglik yigʻini hamdir. Oʻrta Osiyoda Oʻzbekistonning tarixiy va madaniy davlat sifatida tan olingan. Buxoro, Samarqand, Toshkent shahri madaniyati negizida buyuk bir tarix yotadi. Bugungi forumni tashkil etgan Madaniyat vazirligiga minnatdorchilik bildiraman.

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ijodiy va ilmiy ziyolilarining XV forumida ishtirok etish jarayonida Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda barcha sohada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ham ega boʻldik.

Yurtingizda alohida Yoshlar kuni belgilangani, bu sana har yili katta tantana sifatida nishonlanib, turli sohalarda yuksak natija va yutuqlarga erishayotgan shijoatli oʻgʻil-qizlar ragʻbatlantirib borilayotgani mazkur sohada oʻziga xos tizim yaratilganidan darak beradi.

Toshkent shahri mezbonlik qilgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi XV ijodiy va ilmiy ziyolilari forumida yoshlar hamkorligi masalasi munozara maydonidagi yoʻnalishlardan biri sifatida belgilangani ham bejiz emas. Biz bu borada qator fikr-mulohazalar, tajribalar bilan tanishish imkoniga ega boʻldik. Oʻz navbatida, mamlakatimizdagi yangiliklar haqida ham maʼlumot berdik.

Shubhasiz, mazkur forum yosh avlod kelajagini taʼminlash yoʻlida rejalashtirilgan ijtimoiy loyiha va dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, mintaqadagi intellektual salohiyatli yigit-qizlarni qoʻllab-quvvatlashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Mirgant SHABAZOV, Tojikiston milliy fanlar akademiyasi akademigi:

– Bu kelajakdagi rivojlanish uchun yaxshi bir turtki, ham ijodkorlar, sanʼatkorlar va ziyolilar oʻrtasida, ham davlatlar oʻrtasida muloqot uchun qulay platforma hisoblanadi.

Ijodkor va ziyolilarning XV forumida MDHning deyarli barcha davlatlari ishtirok etdi. Bunda biz oʻzaro iliq, doʻstona munosabatni his qildik. Buning uchun, albatta, oʻzbek qardoshlarimizga minnatdorlik bildiraman.

Joriy yilgi forumga Toshkent mezbonlik qildi. Kelgusi yilda u yana boshqa shaharlarda boʻlib oʻtadi. Shu tariqa davlatlar va xalqlar oʻrtasida munosabatlar mustahkamlanadi. Ushbu nufuzli anjumanni fan, sanʼat, madaniyat taraqqiyoti uchun muhim qadam, imkoniyat, deb atagan boʻlardim.

Resul AMANGELDIYEV, Turkmaniston davlat konservatoriyasi rektori:

– Turkmaniston uchun Oʻzbekiston yaqin qoʻshni, doʻst mamlakat hisoblanadi. Barcha jabhada oʻzbek-turkman munosabatlari samarali yoʻlga qoʻyilgan. Ayniqsa, bu sanʼat, adabiyot sohasida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Binobarin, bizning tarixiy ildizlarimiz bir. Bu esa oʻzaro doʻstona hamkorlik uchun zamin boʻlib xizmat qiladi.

Yaqinda Turkmanistonning Ashxobod shahrida “Toshkent” bogʻi barpo etildi va uning ochilishida ikki mamlakat Prezidentlari qatnashdi. Ushbu maskan poytaxtimizning diqqatga sazovor manzillaridan biriga aylandi.

Tashrifimiz davomida Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida boʻldik. Mazkur oliy taʼlim muassasasida iqtidorli talabalarga mahoratli ustozlar dars berishayotir. Bizning ustozlarimiz ham konservatoriyada saboq olishgan, ilmiy tadqiqotlarni himoya qilishgan. Bu, albatta, uzoq yillar davom etayotgan doʻstona munosabatlarimiz samarasi. Biz umid qilamiz va ishonamizki, bunday aloqalar yanada rivojlanadi.

Men, albatta, bunday yuqori darajadagi forum tashkil etilgani va samimiy, iliq munosabat uchun tadbir tashkilotchilari, Oʻzbekiston Respublikasi rahbariyati, Madaniyat vazirligi masʼullariga oʻz minnatdorligimni bildiraman.

Leyla EFENDIYEVA, Boku jazz festivali direktori:

– Munozaralar juda qizgʻin. Oʻzim uchun yangiliklarni kashf qildim. Muhokama qilinayotgan mavzularni barchasi muhim.

Biz Ozarbayjonning Boku shahrida anaʼnaviy jaz festivalini oʻtkazamiz. Panel yigʻilishlarida ana shu festival haqida ishtirokchilarga maʼlumot berdim va barcha mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi davlatlar vakillarini unda ishtirok etishga taklif qildim. Har bir mamlakatda oʻziga xos loyihalar dasturlar bor. Bildirilgan barcha takliflar eʼtirofga loyiq.

Oʻzbekiston Respublikasi

Madaniyat vazirligi

Axborot va matbuot xizmati

xodimlari tomonidan yozib olindi.