Toshkent metropolitenida xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlari 10 ming AQSH dollari miqdoridagi pulni topib oldi. Bu haqda IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti maʼlum qildi.
Qayd qilinishicha, bu pul Sergelidagi mashina bozoridan avtomobil xarid qilish maqsadida kelgan Qozogʻiston fuqarosiga tegishli boʻlgan. U pullari tushib qolganini bozorga yetib borganida bilib qolgan. Oʻtkazilgan zarur tekshiruv va aniqlash ishlaridan soʻng, pul mablagʻlari qonuniy egasiga qaytarib berildi.
“Metro xodimlariga, ichki ishlar xodimlariga rahmat. Pulni topib, meni Face IDʼdan qidirishibdi. Men u pulni yoʻqotganimni mashina bozorida bildim. Halol ekan, qaytib keldi”, dedi pullarning egasi.