Sergeli tumanining Qumariq mahallasidagi 17 ming metr kvadrat maydonda favvorali sunʼiy koʻl qurish boshlandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, bu poytaxtning barcha tumanlarida 12 ta sunʼiy suv havzasini tashkil etish loyihasining bir qismi ekani aytilmoqda.
“Suv havzasi changni kamaytirish, havoni namlantirish va atrof-muhitda yanada qulay mikroiqlimni shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Bu yerda aholi dam olishi, sayr qilishi va sport bilan shugʻullanishi mumkin boʻladi”, deyiladi xabarda.
Koʻl atrofidagi 5 gektar maydonda sayr, yugurish va velosiped yoʻlakchalari, bolalar maydonchalari, oʻrindiqlar va barbekyu zonalari barpo etiladi. Hozirda konstruksiyani armaturalash va mustahkamlash, shuningdek, koʻlni saqlab turuvchi himoya devorni shakllantirish ishlari olib borilmoqda.
Geologiya xulosalari hudud sunʼiy koʻl barpo etish talablariga muvofiq kelishini tasdiqlagan. Noyabrga qadar koʻl atrofida uzunligi qariyb 800 metr boʻlgan devor qurishni yakunlash va boʻlajak koʻl oʻzanidan tuproqni olib chiqish rejalashtirilgan, deya xabar berdi qurilish ishlari rahbari Axtam Hamroyev.
Hokimlik maʼlumotlariga koʻra, hozirga qadar asosiy ishlarning 30 foizdan ortigʻi bajarilgan. Ularni yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilmoqda.
Loyihachi Muhiddin Xoliqovning taʼkidlashicha, hududda kanallar va suv oqimlari boʻlmagani sababli, sunʼiy koʻlni toʻldirish uchun suv yerosti quduqlaridan olinadi. “Suv 30 metr chuqurlikdan tortib olinib, koʻlni toʻldiradi. Avtomatik datchiklar suv sathining pasayishi va koʻtarilishini kuzatib boradi”, dedi u.
Loyihada quyosh panellari, suvni filtrlash va ozonlash tizimlarini oʻrnatish koʻzda tutilgan.