Toshkentda uchta tuman hokimi boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Gazeta poytaxt hokimligi matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, kadrlar oʻzgarishi quyidagi tumanlarni qamrab oldi:
-
Chilonzor tumani — Saidqahhor Xolxoʻjayev;
-
Yashnobod tumani — Baxtiyor Rahmonqulov;
-
Yangihayot tumani — Hayot Inogʻomov.
Tumanlarning yangi rahbarlari tayinlangani haqida hozircha maʼlumot berilmagan.
Saidqahhor Xolxoʻjayev 2022 yil avgustidan buyon — toʻrt yildan ortiq vaqt davomida Chilonzor tumaniga rahbarlik qilib kelayotgan edi. Dastlab u tuman hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. Bunga qadar Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlagan, undan oldin esa Markaziy bank raisining oʻrinbosari boʻlgan.
Baxtiyor Rahmonqulov 2020 yil 26 avgustda Yashnobod tumani hokimi etib tayinlangan va bu lavozimda olti yildan ortiq ishlagan. Tayinlovga qadar u Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari — poytaxt Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish bosh boshqarmasi boshligʻi boʻlib ishlagan.
Hayot Inogʻomov Yangihayot tumani tashkil etilganidan buyon unga rahbarlik qilib kelgan. U 2020 yil 16 noyabrda tuman hokimi etib tasdiqlangan va bu lavozimda qariyb olti yil ishlagan. Bunga qadar Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari — kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlagan.