Men dunyoga kelib nima qildim?..
Bu savolni odam oʻziga qachon berishi kerak? Hayotining qay pallasida: oʻsmirlikdami, oʻrta yosh yoki keksalikdami? Keksalikda kech boʻlmaydimi?
Koʻpchilik bu savoldan muddao nima oʻzi deyishi mumkin. Yana bir toifa bu savoldan ne naf, peshonaga yozilgani boʻladi-da, deydi taqdiri azal hukmiga ishora etib. Ha, biz darhol maqsadga oʻtmoqni istaymiz. Aslida, sarlavhaga chiqarilgan soʻroq “Men dunyoga nima uchun keldim?” degan savoldan bir oz joʻnroq. Zotan dunyoga kelishimiz bizning ixtiyorimizdan xorijda.
Kuzatishlarimga tayanib aytsam: shu vaqtgacha bu savolga birdaniga, qatʼiy ishonch bilan javob bergan odamni uchratmadim. Savol yangrashi bilan eshitguvchi hushyor tortadi, bir oz tin oladi, oʻyga choʻmadi, orada oʻngʻaysiz sukunat paydo boʻladi. Nazarimda, bir lahzada javob berguvchining koʻz oldidan butun hayoti oʻtadi. Goʻyoki u dunyoda beriladigan savoldek...
Taraddud boisi ne? Nahot oʻz hayotimizga daxldor savolga javob qaytarmoqqa qiynalsak?! Shartta-shartta javob berish shunchalar mushkulmi?
Achchiq haqiqat shuki, biz oʻzgalarning hayotini “toʻgʻrilash”ga intilamiz, atrofimizdagilarning umr yoʻliga “tahrir”lar kiritamiz, donolarcha maslahat beramiz, yoʻl-yoʻriq koʻrsatamiz. Oʻzimizga kelganda esa, nimagadir depsinib qolamiz, taraddudga tushamiz. Holbuki, bir mardumning hayoti boshqasiga dasturulamal boʻlolmasligi kundek ravshan.
“Dunyoni oʻzgartirishni istasang, avvalo oʻzingni oʻzgartir”, degan edi buyuk qalb egasi, hind davlat arbobi Mahatma Gandi. Nazarimda, boyagi savolga javobning mushkulligi – dunyo biz oʻylagandan, kitoblarda oʻqigandan, filmlarda koʻrgandan koʻra murakkabligida! Dunyo boshqa, oʻy-xayol, maqsad-moʻljallarimiz boshqa, ularning yoʻli doim ham kesishmaydi. Istagimiz borligʻimiz ila nomutanosib, qutblar oʻzga-oʻzga.
Qadim zamonlardan buyon dunyo ikki qutbga boʻlingan: ezgulik va yovuzlik. Qay tomonda boʻlish inson tafakkuri, aql-idrokining ogʻish nuqtalariga bogʻliq. Teran falsafiy, nazariy yondashuv bu. Taʼkidlaganimizdek, hayot boshqacharoq, ilkimizga doim ham tanlov erki tutqazilmaydi.
Insonning taxayyuli sarkash, uni turli tomonlarga itqitadi. Binobarin, hayotda hamma yiqilganlar ham turmoqqa kuch topa olmaydi va barini taqdir hukmiga yoʻyib qoʻyaqoladi. Dangaliga koʻchsak, koʻpchiligimiz bu yorug‘ dunyoda nima qilayotganimizni anglamaymiz, bilmaymiz.
Kamina uchun savolning javobi oddiy: atrofdagilarga (tabiat, odamlar) beeʼtibor, loqayd boʻlmaslik, oʻzaro koʻmakka intilish, har daqiqa mehnat, ijod-la band boʻlish, sabr-qanoatning etagidan tutish, mudom ishonch va eʼtiqodga suyanish. Inson bu dunyoga kelib qiladigan kori xayr shu. Harqalay, men shunday deb bilaman. Istaganingcha yasha, illo oʻzgaga yomonlik ravo koʻrma – aqidam shu. Mashhur qo‘shiq satrlarini yodga olsak: “Bu dunyoga kelib ne qilding desa, // Odamga odamlik qilib qoʻydik biz...” Yana bilmadim, har kimning oʻz dunyosi bor. “Yaxshilik qorin toʻydirmaydi” degan moddiyuncha qarash tarafdorlari butun umr ezgulik qilib yashash mumkinligiga ishonmaydi.
Bugun dunyo oʻzgarmoqda. Katta avlod xotirasidagi dunyo biznikidan afzalroq tuyuladi. Olam yomonlashmoqdami yoki odamzod?! Azaliy savdo: hamma yaxshi, dunyo yomon! Hozirda kurrai arzda manfaatparastlik, “sizdan ugina, bizdan bugina” tarzidagi yondashuv ustunlik qilmoqda. Aslida-ku, doim ham shunday, bu xil munosabat faqat har bir davrda turlicha namoyon boʻladi. Shunday davrda yaxshilikdan soʻz ochish ayrimlarga gʻalat hodisa boʻlib koʻrinadi. Sizni eng kamida hayotda omadi kelmagan faylasufga chiqarishadi.
“Aslida nimaga ishonish kerakligini hech kim bilmaydi”, degan edi yapon adibi Kotaro Isaka. Bu fikrda jon bordek, biroq inonchsiz yashashning ham iloji yoʻq-da! Boshqa tomondan esa, Den Braun taʼbiri bilan aytganda, “Qancha kutsak ham, baribir birov kelib bizga qahva damlab bermaydi”.
Aqllilik balosi
Ruslarda “безумие разума” degan ibora bor. Buni oʻzbekchaga “aqllilik balosi” deb oʻgirsa boʻladi. Nazarimda, bu nuqtada axloq va ilm ziddiyati mavjud. Hayotda koʻp uchratganimizdek, aqlli, ilmli odam doim ham yuksak axloq sohibi boʻlavermaydi. Balki shuning uchun ham xalq “Olim boʻlma, odam boʻl” deydi. Albatta, gap bu yerda “yuksak maʼnaviyatli shaxs” yoki “yetuk inson” toʻgʻrisida ketmayapti. Bu xususda koʻp va xoʻb yozilgan. Shunga qaramay, bu mavzu hanuz oʻz dolzarbligini yoʻqotmadi. Bizningcha, doimiy ravishda yetuklikka daʼvo qilish pirovardida ilohiylik iddaosini keltirib chiqaradi. Oddiyroq boʻlgan maʼqul.
Soʻnggi vaqtlarda jamiyatda bashang kiyingan, qoʻsh diplomli, lekin odob-axloqdan yiroq mizantroplar (sodda qilib aytganda, odamlarga past nazar bilan qaraydigan, axloqiy meʼyor va qadriyatlarni tan olmaydigan toifa) guruhi shakllanayotir. Ular oʻzini oʻta kibor tutadi, ommadan qochishga intiladi, odamlar bilan muloqotdan xavfsiraydi, shaxsiy manfaat yoʻlida hech narsadan qaytmaydi. Bundaylar uchun vijdon, inson shaʼni va qadr-qimmati anchayin kitobiy tushunchalar, xolos.
Ne tongki, jamiyatda axloqli insonlarga oʻgay qarash kuzatilmoqda. Yanada achinarlisi, aksar zamondoshlarimizda mizantroplarga havasmandlik, ularni ideal deb bilish, umuman, hashamdor hayotga harislik ommalashmoqda. Taassufki, biz yashayotgan dunyoda alifni kaltak deyolmasdan ham, axloqsizlikni targʻib qilib ham mashhurlik va toʻkin-sochin hayotga erishish mumkin boʻlib qoldi. Nazarimda, bu hol aksar zamondoshlarimizni chalgʻitayotir. Jamiyatda bilimli, ziyoli va xushaxloq insonlarga nisbatan bepisandlikning paydo boʻlishi ham shundan. Oʻzim guvoh boʻlgan voqea: bozorda bir xaridor sotuvchi bilan zoʻr berib savdolashayotgan edi. “Bor baraka” choʻzilib ketganidan taʼbi tirriq boʻlgan sotuvchi “Namuncha savdolashmasangiz, oʻqituvchimisiz?!” dedi piching va kesatiq ohangida. Bir seskandim, ichimda nimadir uzilgandek boʻldi. Attangki, biz juda koʻp narsani boy berdik, yoʻqotishlardan hali ham saboq chiqargimiz yoʻq. Muallimlar, ziyolilar latifa qahramoniga aylanayotganiga jimgina rozi boʻlishimizni nima deb oqlash mumkin?..
Oliy maʼlumotli kiborlar haqidagi mulohazani davom ettirsak, yana talay savollar tugʻiladi. Xoʻsh, bizga nima kerak: diplommi yoki axloq? Ikkisi bir birini toʻldirishi kerak emasmi? Taʼlim va tarbiya orasidagi rishta uzildimi; uzviylik, izchillik yoʻqoldimi? Nega hanuz “fozil odamlar shahri”ga ehtiyojmandmiz? Oʻzi qachongacha biz uchun tarbiya “yo hayot, yo mamot masalasi” boʻlib qoladi?
Savollar bisyor, ammo qalbga qanoat va qanot baxsh etguvchi javoblar qani?!
Goʻyo dunyoda tobora “tafakkur quyoshi botib borayotgandek”, “chinakam insoniy hayotni arzon kiyim-kechak sotiladigan bozorda deb tasavvur qiladigan, maʼrifat ahli ustidan kulib, ularni telba, ovsar, esi past deb ataydigan” (Nitshe taʼbiri) olomon davri kelayotgandek...
Alhol, bugun odamzod chuqur tushkunlikda, chorasiz ahvolda. Ogʻirimizni yengil qilmogʻi lozim boʻlgan fan-texnika rivoji aks taʼsir qildi, insonning qaramligini keskin kuchaytirdi.
“Sapien Labs” tashkiloti ekspertlari dunyo aholisining ruhiy holati boʻyicha 2023-yili oʻtkazgan tadqiqot natijalariga koʻra, 30 foiz respondent kuchli stressni boshdan kechirayotganini qayd etgan. Sotsiologik soʻrovlarga asoslangan tadqiqot 71 ta mamlakatdagi 500 ming respondentni qamragan (https://mentalstateoftheworld.report/).
Natijalarni baholashda ruhiy salomatlik koeffitsiyenti (MHQ – Mental health quotient) qoʻllangan boʻlib, u quyidagi olti asosiy mezonni oʻz ichiga oladi: 1) inson dunyoqarashi va kayfiyati; 2) ijtimoiy oʻz-oʻzini baholash; 3) intilish va harakatga undovchi omillarning mavjudligi; 4) aql, tafakkur va jismoniy salomatlik uygʻunligi; 5) bilish / anglash koʻnikmalari; 6) moslashuvchanlik va bardoshlilik.
Tushkunlik va stress 35 yoshgacha boʻlgan aholi vakillarida koʻproq kuzatilayotgani aniqlangan. Mutaxassislar bunga smartfonlardan kichik yoshdan va meʼyordan ziyod foydalanish, fast-fud va yarim tayyor mahsulotlarga ruju qoʻyish hamda oila instituti rolining pasayishini sabab qilib koʻrsatgan.
Dunyo boʻyicha ruhiy salomatlik koeffitsiyenti oʻrtacha 65 deb baholangan. Demak, ruhiy holat “nazorat ostida”. Oʻzbekistonda esa mazkur koʻrsatkich 48 ga teng. Bu mamlakatimizda tushkunlik alomatlari mavjudligidan dalolat beradi. Oʻzbekistonga oid koʻrsatkichlar quyidagi koʻrinishda: 1) inson dunyoqarashi va kayfiyati – 48; 2) ijtimoiy oʻz-oʻzini baholash – 47; 3) intilish va harakatga undovchi omillarning mavjudligi – 73;
4) aql, tafakkur va jismoniy salomatlik uygʻunligi – 58; 5) bilish / anglash koʻnikmalari – 65; 6) moslashuvchanlik va bardoshlilik – 74.
Odamzod mudom tabiat bagʻriga, kenglik, erkinlikka intiladi, dunyolarni quchgisi keladi. Tabiiyki, ruhiyat erkinligi fikr erkinligiga doyalik qiladi. Atoqli rus adibi Fyodor Dostoyevskiy yozganidek, “Tang-u tor joyda hatto fikrlar ham torayadi”. Bizningcha, shu bois ham aksar jamiyatlardagi odamlar asabiy, tajovuzkor, johillikka moyil, hashamatga oʻch. Nahot dunyo aqlli odamlarga toʻyingan-u, Nitshening telbasiga muhtoj boʻlsa?!
Suqrot zamonidan meros jumboq
Yoshlar mavzusi donishmand Suqrot zamonidan buyon muhokama va munozaralar markazida. Darhaqiqat, bu mavzu barcha makon va zamonlar uchun dolzarb boʻlib qolaveradi.
Bugungi kun yoshlari nima istaydi? Qaysi buloqdan suv ichyapti ular? Oʻy-xayol, qiziqish, dunyoqarashi nimaga asoslangan? Ehtiyoj va manfaatlari-chi?
Shu sira savollarga javob topsak, boya muhokama qilganimiz “dunyoda nima qilganimiz-u qilishimiz kerakligi” oydinlashadi, kelgusi avlod oldidagi majburiyatimiz ham birmuncha yengillashadi. Yoshlar xususida balandparvoz chaqiriq, shior va daʼvatlar bilan chiqish mumkin, lekin ikki oʻsmirga toʻgʻri yoʻl koʻrsata olmasak, bundan ne naf!
Avvalo, aytish kerakki, chamanzordagi turfa gullar singari yoshlarning har biri betakror va oʻziga xosdir. Shu bois ularni yaxlit, yagona “qolip” asosida tarbiyalash, “komil inson”ga aylantirishga urinishdan tiyilish kerak. Yoshlarni shaxs sifatida tarbiyalashda kattalar ibrat, namuna boʻlishi lozim. Tahlil va kuzatishlar shuni koʻrsatadiki, aksar hollarda yoshlar salaflarining xatti-harakatini takrorlaydi. Boshqacha aytganda, har bir davr yoshlari oldingi davr yoshlarining “mahsuli” hisoblanadi.
Jamiyatdagi oʻzgarish va evrilishlar dastavval yosh avlodga oʻz taʼsirini oʻtkazadi. Tahlil qila olish salohiyati sust boʻlgani bois yoshlar oʻzgarishlarni boricha qabul qiladi. Pirovardida katta va yosh avlod vakillari oʻrtasida tushunmovchiliklar yuzaga keladi. Bizningcha, bu holatga kattalarning muayyan oʻzgarishlarni yoshlarga tushunarli tarzda yetkazib bera olmasligi, koʻpincha kenja avlodning hayotiy ehtiyoj va manfaatlari rad etilishi sabab boʻladi. Oxir-oqibat yoshlar yangilanish, oʻzgarishlarni kattalar istagandek oʻzlashtirolmaydi.
Katta avlod yoshlarni doim oʻz yoʻrigʻida yurgʻizishga urinadi. Oʻzimiz erisholmagan marralarni farzandlarimiz, nevaralarimiz zabt etishini xohlaymiz. Aslida, bu xayrli niyatda yomonlik yoʻq, biroq koʻpincha orzu-istak ketidan chopib, bolaning qiziqish, uquv, salohiyat va intilishlarini hisobga olmaymiz. Alhol, avval-boshda kattalar izmi bilan biron sohani tanlab, 35–40 yoshida oʻzi xohlagan kasbga oʻtib ketganlar talaygina. Ehtimol, yoshlarni bir muddat oʻz holiga qoʻyish kerakdir?..
Katta avlodga xos xususiyatlardan yana biri bu – yosh avlodning oʻziga nisbatan dangasa ekanini bot-bot taʼkidlash va mudom oʻzi bilan solishtirish, muqoyasa etishdir. Mutaxassislarning fikricha, bu oʻrinda asosiy muammo katta avlod vakillarining zamon va makon oʻzgarishlarini hisobga olmasligi yoki qabul qilmasligida (Куда пропал конфликт отцов и детей // https://www.vedomosti.ru/opinion/articles/2018/09/25/782022).
Zamonaviy yoshlarga kelsak, kenja avlodda hamma narsaga tez va birdaniga erishish hissi kuchli. Buning ildizini zamonaviy axborot texnologiyalarining shiddat bilan rivojlanayotgani, tengdoshlar oʻrtasidagi kuchli raqobatdan qidirish kerak. Demak, bu intilishni salbiy holat deb baholash unchalik ham toʻgʻri emas. Ayrim mutaxassislar buni hatto “yutuq strategiya”si deb ham baholaydi (Yusupov A. Youth is a strategic resource of Uzbek society // www.eureporter.co/world/uzbekistan/2021/10/11).
Sirasini aytganda, bugungi kun yoshlariga qoʻyiladigan talablar mutlaqo yangi. Shiddatkor davr yoshlardan tezqadam oʻzgarishlarga moslashish, muntazam bilim, malaka oshirishni taqozo etmoqda.
Yangi davr evrilishlari yoshlarni hayrat-u hayajonga solgan bugungi kunda “boy berilgan avlod” (lost generation) mavzusi yana kun tartibiga qaytgandek. (Asli Amerika adabiyotiga daxldor bu istiloh bolaligi Birinchi jahon urushi yillariga toʻgʻri kelgan avlodga nisbatan qoʻllangan.) Zamonaviy dunyoda bu atama barcha sohalarning izchil raqamlashtirilishi taʼsirida yosh avlodning – katta avlod anʼanaviy tarzda muhim deb bilgan adabiyot, ilm-fan, mehnat kabilarni ustuvor hisoblamasligi bilan izohlanadi. Bu, oʻz navbatida, otalar va bolalar ziddiyati (sotsiologik fenomen), avlodlar toʻqnashuvi kabi adabiyot va ilm-fanning bir necha asrlik mavzulari tegrasida yangi bahs-munozaralarni tugʻdirmoqda. Aksar mutaxassislar buni tabiiy jarayon deb hisoblaydi. Sotsiolog olim Komil Kalonovning yozishicha, “Avlodlar oʻrtasidagi vorisiylik yoki ixtiloflarning vujudga kelishi, birinchi navbatda, davriy holat bilan bogʻliq boʻlib, koʻpincha u avlodlarning oʻzaro toʻqnashuvi chogʻida sodir boʻladi. Istihola qilgan holda, avlodlar oʻrtasida yuzaga keladigan toʻqnashuvlarni inkor etsak, biz jamiyatdagi dolzarb sotsial muammolarning biridan koʻz yumgan boʻlamiz” (Kalanov K. Avlodlar almashinuvining sotsial muammolari: “yoʻqotilgan avlod” toʻgʻrisidagi bahs-munozaralar haqida // “Oʻzbekistonda xorijiy tillar” ilmiy-metodik elektron jurnali. №2 (21), 2018).
Xalqaro mehnat tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, dunyoda 2 milliardga yaqin odam turli toʻqnashuvlar va zoʻravonlik boʻlayotgan, beqarorlik hukm surayotgan mintaqalarda yashaydi. Ularning uchdan bir qismidan ziyodi 15–24 yoshlilardir. BMT Bosh kotibi esa dunyoda har toʻrtinchi oʻsmir zoʻravonlik yoki qurolli nizolardan jabr koʻrayotganini maʼlum qilgan. Bu raqamlar yoshlar masalasi nechogʻli dolzarb tus olayotganini tasdiqlaydi. Tezkor dunyoda “shoshgan avlod” oʻsib voyaga yetmoqda...
Kun koʻrish emas, yashash kerak
Xoʻsh, biz qachon boy boʻlamiz? Bu oʻrinda boylik deganda farovon va baxtli turmush nazarda tutilmoqda. Zotan, inson mol-dunyoga ega boʻlaturib, baxtsiz va aksincha, katta boyliksiz ham oʻzini saodatmand his etishi mumkin. Biroq bugun shunday qusurli odatlar paydo boʻldiki, insonni tashvishli oʻylarga toldiradi.
Hozirda sayyoramiz boʻylab 783 million kishi doimiy ravishda och – bu dunyo aholisining qariyb 10 foiziga teng. Shunday sharoitda Yer yuzidagi isteʼmolga yaroqli oziq-ovqat mahsulotlarining 17 foizi chiqindixonaga uloqtirilmoqda (Food Waste Index Report 2024 // www.unep.org/resources/publication).
BMTning Atrof-muhitni muhofaza qilish dasturi (UNEP) hisobotiga koʻra, kurrai zaminda yashayotgan har bir odam yiliga oʻrtacha 79 kilogramm yaroqsiz boʻlib qolgan oziq-ovqat mahsulotlarini chiqindixonaga tashlaydi. 2022-yilda chiqitga chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarining umumiy hajmi 1 milliard 50 ming tonnani tashkil etgan. Bu kuniga millionlab porsiya ovqatning bahridan oʻtiladi degani. Davlatlar kesimida tahlil etilsa, AQShda yiliga kishiboshiga oʻrtacha 115 kg, Yevropada 65 kg, Rossiyada esa 56 kg oziq-ovqat mahsuloti chiqindiga tashlanadi.
Oziq-ovqatning 60 foizi yakka tartibdagi isteʼmolchilar va uy xoʻjaliklari tomonidan isrof qilinishi aniqlangan. Qolgan 28 foizi umumiy ovqatlanish muassasalari hissasiga toʻgʻri kelsa, 12 foizi esa talab yoʻqligi tufayli doʻkon peshtaxtalarida qolib ketgan va muddati oʻtgan mahsulotlardir.
Masalaning qiziq tomoni shundaki, oziq-ovqat mahsulotlarining “ortib qolishi” nafaqat badavlat mamlakatlar, balki rivojlanayotgan davlatlarda ham kuzatilayotir. Mutaxassislarning fikricha, bu ayniqsa, issiq iqlimli mamlakatlarda koʻproq kuzatilmoqda. Tabiiyki, bunday sharoitda mahsulotlarni saqlab turish bir oz mushkul va yangi mahsulotlarga talab katta.
Oziq-ovqat chiqindilari hajmining ortib borishi atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazayotgani urgʻulanadi. Jumladan, atmosferaga chiqarilayotgan yillik parnik gazlarining 8–10 foizi chiriyotgan oziq-ovqat mahsulotlariga tegishli. Xoh ishoning, xoh ishonmang, oziq-ovqat mahsulotlarining chiqindixonaga tashlanishidan jahon iqtisodiyoti taxminan 1 trillion dollar zarar koʻrmoqda.
Oʻzbekistonda ham kambagʻallikka qarshi kurashish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilayotganini eʼtirof etish lozim. Buning natijasi oʻlaroq qisqa muddatda kambagʻallik darajasi pasaygani kuzatildi. 2021-yili ushbu koʻrsatkich 17 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2023-yil yakunida 11 foizga tushgan (Узбекистан на пути к искоренению бедности: выводы международных сопоставлений // blogs.worldbank.org).
Masalaning nozik jihatiga eʼtibor qaratmoqchimiz. Aholi orasida faqirona turmush tarziga rozi boʻlganlar ham uchraydi. Ular hayotini ijobiy tomonga oʻzgartirishdan hadiksiraydi, goʻyo borini ham yoʻqotib qoʻyishdan qoʻrqadi. “Qora qozon qaynab turibdi”, “Och qornim – tinch qulogʻim” kabi iboralar ularga xos. Achinarlisi, bir necha avlod shu taxlit voyaga yetmoqda... Bunday fikrlash kambagʻallikdan qashshoqlik sari yetaklashi hech gap emas. Zero, kambagʻallik bizning xatti-harakatlarimiz, avvalo, tafakkurimizning inʼikosidir. Demak, kambagʻallik yakuniy hukm ham emas.
Boshqa tarafdan esa, nonni hamisha eʼzozlab koʻziga surtgan xalqimiz orasida ham isrofgarlik illati paydo boʻldi. Maʼlumotlarga koʻra, birgina Toshkent shahrida har kuni 3 tonna non chiqindixonaga tashlanar ekan. Mamlakat miqyosida ushbu raqamni tasavvur qilishning oʻzi dahshat! Shu oʻrinda atoqli muharrir Mahmud Saʼdiyning “Kun koʻrish emas, yashash kerak” degan fikri yodga keladi.
Bearmon gapirilgan yana bir mavzu bu – oʻzbekona toʻy, aza va boshqa marosimlar. Nazarimda, xalqni “kambagʻallikka eltuvchi yoʻl”lardan biri – toʻy. Paradoksal holat: bir tomondan, turmush mushtini doʻlaytiryapti, yashash qiyinlashyapti; boshqa tomondan, odamlar toʻylarda yangicha odatlar oʻylab topish borasida musobaqa qilayotgandek. Pandemiya davrida toʻylarni ixchamlashtirish, jumladan, sarf-xarajatlarni qisqartirish, 500 emas, 200–250 kishini taklif qilish, ortiqcha dabdabaga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha qaror qabul qilindi. Natija nima boʻldi dersiz. “Orzu-havasli” oilalar “Uyat boʻladi, xalqning oshini yeganmiz” deya ziyofatni ikki qismga boʻlib, kunlab toʻy qildi. Achinarlisi, bir oz muddatdan soʻng toʻy uchun olingan qarzlarni toʻlash uchun hali chillasi chiqmagan kuyov yana xorijga ishlagani ketadi...
Umr shunday oʻtmoqda: toʻydan toʻygacha, qarzdan qarzgacha.
Soʻzimiz boshida muhokama qilganimiz “Men dunyoga kelib nima qildim?” degan savolga javob bermoqning qiyinligi sabablaridan biri ham shu odat, shu illatda.
Darvoqe, keyingi yillarda oʻziga toʻq boqimandalar guruhi ham paydo boʻlmoqdaki, ular kambagʻallarga atalgan ragʻbatlarni ham oʻziniki qilib olishga intilmoqda. Nazarimizda, har ikkala toifada tafakkur noqisligi, kemtikligi manaman deb turibdi. Birinchisida u qoʻrquv, hadik ortiga yashiringan boʻlsa, ikkinchisida nafs qutqusiga botgan.
Vaholanki, Yer yuzida kambagʻal oilada voyaga yetsa-da, ulkan natijalarga erishgan, oʻzini oʻzi kashf etgan, iqtidor va salohiyatini roʻyobga chiqara olgan minglab insonlar bor. Bunga tarixda ham misollar bisyor. Demak, kambagʻallikdan qutulish yoʻlidagi harakatlar, eng avvalo, tafakkurni oʻzgartirishdan boshlanmogʻi darkor.
Abror YUSUPOV
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 3-son.
“Idrokning ogʻish nuqtasi” maqolasi