Xorazm viloyatida toʻy, tantana va marosimlarni tartibga solish boʻyicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi,  viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi, “Nuroniy” jamgʻarmasi  viloyat boʻlimi Xorazm teleradiokanali bilan birgalikda dabdabali toʻylar hamda boshqa oilaviy marosimlarni ixchamlashtirishga qaratilgan yigʻilish oʻtkazdi. 

Unda toʻy va oilaviy tadbirlarni dabdaba va isrofgarchiliksiz oʻtkazishga qaratilgan davra suhbatlari va mavzu doirasida turli tadbirlarni hamda raqamli targʻibot ishlarini amalga oshirish lozimligi taʼkidlab oʻtildi.

—Aslida toʻy va boshqa oilaviy marosimlar inson hayotidagi eng quvonchli daqiqalardan biri boʻlib, uning asosiy mazmuni oilaviy baxt, ikki yoshning yangi hayotga qadam qoʻyishini nishonlashdir, —deydi  Jurnalistlar uyushmasi viloyat boʻlimi raisi, “Xorazm” teleradiokanali direktori Oʻtkir Matqurbonov. — Janoza va marhumni xotirlash marosimlari esa xalqimizda azaldan insoniylik, mehr-shafqat va hamdardlik ramzi sifatida oʻtkazib kelingan.  

Ammo hoh qaygʻuli hoh quvonchli marosimlar boʻlsin, ularning ezgu maʼnosiga soya solayotgan salbiy holatlar ham yoʻq emas. Shuhratparastlik, oʻzini koʻz-koʻz qilish, boshqalarning ijtimoiy ahvolini inobatga olmaslik, isrofgarchilik, xalqimizning urf-odatlari va anʼanalarini mensimaslik kabi illatlar koʻzga tashlanmoqda.

"Maromiylik" chora-tadbirlari ijrosi boʻyicha targʻibot tadbirlari endilikda viloyatdagi barcha tuman va shaharlarda davom etadi.