Suyirlitepa va Tunkat topilmalari bundan qariyb oʻn besh asr avval Ohangaron vodiysida konchilik, hunarmandchilik, bozor va savdo yoʻllarini bir-biriga bogʻlagan murakkab iqtisodiy tizim mavjud boʻlganini koʻrsatadi. Toshkent yaqinida joylashgan ushbu hudud gavjumligi va taraqqiy topganligi jihatdan qoʻshni shaharlardan qolishmagan.
Tog‘ va daryo oraligʻidagi vodiy
Ohangaron vodiysi qadimda Choch, arab manbalarida esa Shosh-Iloq tarixiy-madaniy oʻlkasining muhim qismi boʻlgan. Vodiyni shimoldan Chotqol, janubdan Qurama togʻlari oʻrab turadi. Bu togʻlar faqat tabiiy chegara emas edi. Ularning bagʻrida oltin, kumush, qoʻrgʻoshin, mis va temir kabi boyliklar mavjud boʻlib, aynan shu resurslar vodiy shaharlari iqtisodiy qiyofasini belgilagan.
Dastlabki shaharlar daryoning quyi oqimidagi tekisliklarda paydo boʻlgan. Qanqa miloddan avvalgi IV-III asrlardayoq yirik markazga aylangan. Togʻoldi hududlaridagi shaharlar esa keyinroq, ayniqsa V-VIII asrlarda jadal shakllanadi. Bu tasodifiy jarayon emasdi: tog‘-konchilik kengaygani sari konlarga, eritish joylariga va savdo yoʻllariga yaqin yangi markazlarga ehtiyoj tugʻilgandi.
Tunkatdagi №1 metallurgiya pechining rejasi va qazishma jarayonidagi koʻrinishi. 1 – gorn; 2 – metall boyitish qoʻrasi; 3 – havo puflash quvuri; 4 – erigan metall oqib tushish joyi; 5 – shlak olish joyi
VII asrda Ohangaron orqali oʻtgan xitoylik sayyoh Syuan Szyan Iloqdagi badavlat mulkdorlar mustahkam qasrlarda yashagani, oʻz harbiy kuchlariga ega boʻlgani va Turk xoqoniga boʻysunganini yozadi. Bunday siyosiy qudratning iqtisodiy tayanchi, avvalo, maʼdan konlari va ularni nazorat qilish imkoniyati edi. Demak, tog‘-konchilik oddiy hunar emas, hokimiyat manbalaridan biri ham boʻlgan.
Konchilik rivojlanishi bilan shaharlar qiyofasi ham oʻzgargan
Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, IV-V asrlarga kelib, Ohangaron vodiysida maʼdan eritish qoʻralari (pechlar) va ishlab chiqarish maskanlari koʻpaygan. VI-VIII asrlarga kelib esa metallurgiyaga ixtisoslashgan ustaxonalar, hatto alohida hunarmandlar mahallalari shakllangan. Tunkat, Qulota, Koʻkrel, Toshbuloq, Qoʻyliqtepa hamda Kandirsoy va Ermasoy atroflaridan topilgan izlar ishlab chiqarishning keng hududni qamrab olganini koʻrsatadi.
Konning oʻzi shahar yaratmaydi. Rudani qazib olish, saralash, tashish, eritish, tayyor mahsulotga aylantirish va sotish uchun turli kasb egalari kerak boʻladi. Konchi, koʻmir tayyorlovchi, erituvchi, temirchi, kulol, aravakash, savdogar va qoʻriqchi bir iqtisodiy zanjirda faoliyat yuritadi. Ularning oilalari uchun uy-joy, suv, oziq-ovqat va bozor zarur. Shu tariqa ishlab chiqarish maskani asta-sekin murakkab shaharga aylanib borgan.
Tunkat bu jarayonning eng yorqin namunalaridan biridir. Tadqiqotlar shaharda metallurgiya bilan bogʻliq yirik ishlab chiqarish tizimi mavjud boʻlganini koʻrsatadi. Koʻchbuloq oltini va Lashkarak kumushi Tunkat iqtisodiyotida muhim oʻrin tutgan. Shahar xarobalaridan oʻroq, ketmon, omoch uchi, pichoq, ot anjomlari, kamar qismlari va boshqa metall buyumlarning topilishi ishlab chiqarish kundalik hayot ehtiyojlariga xizmat qilganini koʻrsatadi.
2023-yil Tunkatning shimoliy qismida olib borilgan qazishmalarda mis tangalar, mis taqinchoqlar, kiyim bezaklari va temirdan yasalgan kapgir aniqlandi. Bunday topilmalar shaharni faqat ruda eritiladigan joy sifatida emas, odamlar yashagan, savdo qilgan va turli hunarlar bilan shugʻullangan markaz sifatida tasavvur qilish imkonini beradi.
Suyirlitepa: chegara, hunarmandchilik va savdo shahri
Ohangaron vodiysining togʻoldi qismidagi Suyirlitepa boshqa vazifani bajargan. U Fargʻona vodiysidan Toshkent vohasiga oʻtuvchi yoʻldagi muhim markazlardan biri edi. Geografik joylashuv shaharni savdo yoʻlini kuzatish, yoʻlovchi va karvonlar harakatini nazorat qilish imkoniga ega chegara shahriga aylantirgan.
Suyirlitepadan topilgan ashyolar shahar hayoti bir yoqlama boʻlmaganini koʻrsatadi. Bu yerdan kulolchilik mahsulotlari, temir, mis, bronza va latundan tayyorlangan buyumlar, shisha idishlar, qurol-yarog‘ qismlari hamda turli davrlarga oid tangalar topilgan. Kulolchilikdagi shakl va bezaklarning oʻzgarishi esa mahalliy anʼanalar bilan boshqa hududlardan kirib kelgan taʼsirlar birlashganini koʻrsatadi.