Yaqinda Turkiston shahri va atrofidagi muqaddas qadamjolarda boʻlib qaytdim. Sayramdagi Ibrohim ota, Qorasoch ona va Abdulazizbob maqbaralari, Toshkent – Turkiston yoʻlidagi Oʻtror, Arslonbob, Turkistondagi Xoʻja Ahmad Yassaviy majmuasi. Bularning hammasi bobolarimizdan qolgan meros, uni oʻrganish, saqlash davr zimmamizga yuklagan maʼsuliyat, omonatdir. Bu borada Qozogʻiston va boshqa turkiy davlatlar, jumladan Oʻzbekiston ham qator xayrli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Soʻnggi oʻn yilda Turkiston shahrining tarixiy qismi, xususan, UNESCOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Xoʻja Ahmad Yassaviy majmuasi tubdan obodonlashtirildi. Shaharda zamonaviy maʼmuriy binolar, Xalqaro aeroport, “Karvonsaroy” yirik turistik majmuasi va yangi mehmonxonalar qad rostladi. Bularning barchasi milliy qadriyatlarimizga, jumladan, Xoʻja Ahmad Yassaviy merosiga koʻrsatilgan yuksak ehtirom namunasidir. Shu oʻrinda, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Turkistonda muhtasham jome masjidining bunyod etilgani ham benihoyat oʻrinli qadam boʻldi. Zero, Yassaviy merosi umumturkiy qadriyat boʻlib, bu ezgu ishlarda oʻzbek elining ham munosib hissasi borligi tabiiydir. Chingiz Aytmatovning: “Oʻzbek madaniyati – Sharqdagi soʻzimiz-u yuzimizdir”, degan soʻzlari bejiz aytilmagan. Qolaversa, xalqimiz qadimdan moddiy va maʼnaviy merosni oliy qadriyat oʻlaroq eʼzozlab kelgan. Xususan, ajdodlardan qolgan maqbaralar, obidalar, qadamjolar bilan birga ularning boy ilmiy-badiiy asarlari va xotirasi ham hamisha eʼzozda boʻlgan.

Yevropa adabiyotlarida turkiy xalqlarni varvar, vahshiy va madaniyat dushmani sifatida koʻrsatishga urinishlar boʻlgan bir davrda, bobolarimiz bunyodkorlik ishlari bilan band edi. Tarix bu kabi gʻarazli iddaolarni keskin inkor etadi. Ajdodlarimizdan meros qolgan obidalar va keyingi avlodlarning ularga koʻrsatayotgan hurmati oʻsha yevropalik “allomalarning” qarashlari puch ekanini isbotlaydi. Biz bu borada Chingiz ogʻa aytganidek, Samarqand, Buxoro va Xiva misolida dunyoga oʻz soʻzimiz va yuzimizni koʻrsatib boʻlganmiz.

Turkiston ham Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Termiz va Qoʻqon singari koʻhna kentlar qatorida ulugʻvor meʼmoriy obidalari bilan tariximizning salmogʻini namoyish eta oladigan turk javharlaridan biridir. Bu muqaddas zaminda butun turk olamining tarixi, merosi va ruhiy quvvati mujassam boʻlib, u asrlar davomida turkiy xalqlarning maʼnaviy markazi sifatida “Hazrati Turkiston” unvoni bilan ulugʻlanib kelgan. Qadimiy Yassi tuprogʻida qad rostlagan bu maskan umumturkiy birlikning ramzi hamda ildizi bir xalqlarning tarixiy xotira manbaidir.

Ushbu zamin tarixi Qang davridan boshlab turkiylar hukmronligi ostida boʻlgani ilmiy jihatdan isbotlangan boʻlsa-da, asl ildizlar Oʻgʻuzxon davriga borib taqaladi. Turkiy xalqlarning shajara kitoblari, xususan, Rashiduddinning “Jome ut-tavorix”, Abulgʻozi Bahodirxonning “Shajarai tarokima” hamda “Shajarai turk” asarlarida Oʻgʻuzxon butun Turkiston va atrof hududlarni birlashtirgan ilk buyuk turk hukmdori sifatida tasvirlanadi. Rasmiy tarix Turkistonning turkiy davlatchilik tizimini Qang (Qangli) va Xun davrlaridan boshlab xronologik hujjatlar bilan asoslasa, milliy xotira va tarixiy rivoyatlar bu oʻlkaning haqiqiy egalari qadim zamonlarda yashagan Oʻgʻuzxon va uning avlodlari ekanini uqtiradi. Yaʼni Qang davlati tarixda mavjud boʻlgan qadimiy turkiy qatlamning izchil davomidir. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Oʻgʻuz davlatining poytaxti Yangikent Turkistondan atigi 500 kilometr uzoqlikda joylashgan boʻlib, oʻsha davrda Turkiston Xitoy bilan kechgan harbiy toʻqnashuvlarda eng asosiy strategik qarorgohlardan biri boʻlgan[1]. Turkistonga yaqin Iqon qishlogʻida istiqomat qiluvchi oʻgʻuzlar oʻsha qadimiy davrlardan buyon shu muqaddas zaminda qoʻnim topgan va bevosita shu hududda yashab kelmoqda.

Turkiston VI–VIII asrlarda, Turk xoqonligi davrida Shavgʻar (Shovagar) nomi bilan mashhur boʻlgan[2]. Qadimgi Yassi (Turkiston) shahri koʻchmanchi dasht va oʻtroq dehqonchilik madaniyati tutashgan strategik mudofaa qalʼasi hamda xoqonlikning shimoli-gʻarbiy chegarasidagi muhim maʼmuriy tayanch nuqtasi vazifasini oʻtagan. Buyuk Ipak yoʻli tarmoqlarida joylashgan bu maskan chorvachilik mahsulotlari bilan mahalliy hunarmandchilik buyumlari faol ayirboshlanadigan gavjum iqtisodiy markaz hisoblangan. Ashina urugʻi va boshqa turkiy qabilalarning oʻrnashishi natijasida hududda turkiy til va madaniyat toʻliq ustuvorlikka erishgan. Shaharda mahalliy sugʻdiylarning shaharsozlik anʼanalari turkiy xalqlarning harbiy madaniyati bilan uygʻunlashib, XI–XII asrlarga kelib bu maskan “Yassi” nomini olgan hamda Xoʻja Ahmad Yassaviy faoliyati tufayli yirik maʼnaviy markazga aylangan[3].

Turkiston tarixini Hazrat Xoʻja Ahmad Yassaviy davrigacha va undan keyingi bosqichlarga ajratish oʻlkaning tarixiy-maʼnaviy taqdirini anglashda tub burilish nuqtasi hisoblanadi. Yassaviygacha boʻlgan ilk oʻrta asrlarda shahar Buyuk Ipak yoʻlidagi harbiy-strategik qalʼa, iqtisodiy rivojlangan hamda musulmon dunyosi bilan hali islomni qabul qilmagan koʻchmanchi turk qabilalari baqamti yashaydigan koʻpmadaniyatli markaz boʻlgan. XII asrda Xoʻja Ahmad Yassaviyning ushbu maskanga kelib oʻrnashishi va yassaviylik tariqatiga asos solishi bilan shahar “Yassi” nomini oldi va oʻlkada haqiqiy maʼnaviy-madaniy inqilob yuz berdi. U islom qadriyatlarini turkiy tilda, sodda va goʻzal hikmatlar orqali bayon qilib, dashtdagi millionlab koʻchmanchi aholining dinni oʻz ixtiyori bilan qabul qilishiga va shahar atrofida jipslashishiga zamin yaratdi.

Yassaviydan keyingi davrda esa shahar butun turk-islom olamining muqaddas ziyoratgohiga aylandi: Amir Temur tomonidan u zot qabri ustiga muhtasham maqbaraning bunyod etilishi, keyinchalik Qozoq xonligining poytaxtiga aylanib, xonlar va botirlar dafn etilgan milliy panteonga aylanishi uning maqomini yanada yuksaltirdi. Shu tariqa, ilgari oddiy chegara qalʼasi boʻlgan shahar Yassaviy shaxsiyati va merosi tufayli butun bir oʻlkaga oʻz nomini berib, “Turkiston” – turk dunyosining umumiy maʼnaviy yuragi va siyosiy markazi sifatida tarixga kirdi.

Temuriylar Yassi (hozirgi Turkiston) shahrini muvaffaqiyatli egallab, uni uzoq vaqt oʻz saltanati tarkibida saqlab turishgan. Amir Temur 1370-yillarda bu strategik hududni Movarounnahrga uzil-kesil birlashtirgan boʻlsa, uning toʻla egaligiga ramz sifatida 1397-yilda shaxsan oʻz farmoni bilan muhtasham Xoʻja Ahmad Yassaviy maqbarasini qad koʻtartirgan. Mirzo Ulugʻbek davrida ham koʻchmanchilar hujumidan muvaffaqiyatli mudofaa qilingan bu shahar saltanatning shimoliy chegarasidagi ishonchli harbiy qalʼa hamda Amir Temurning Xitoy yurishi oldidan asosiy harbiy tayanch bazasi vazifasini oʻtagan.

Amir Temurning islom va turkiy yodgorliklarga boʻlgan ehtiromi uning davlatchilik siyosati, maʼnaviy eʼtiqodi va milliy oʻzlikni anglash gʻoyalari bilan uzviy bogʻliq edi. U saltanatida nafaqat siyosiy qudratni mustahkamladi, balki islom ulamolarini ulugʻlash va turkiy madaniyatni yuksaltirish orqali ulkan meros qoldirdi. Sohibqiron islom shariatiga tayanib, oʻz piri Mir Said Baraka hamda Xoʻja Ahmad Yassaviy, Arslonbob, Zangiota kabi ulug‘ avliyolarning qadamjolarini obod qilgan. Amir Temurning 1389–1405-yillarda Turkistonda Xoʻja Ahmad Yassaviyga muazzam maqbara qurdirishi ortida chuqur diniy, maʼnaviy va siyosiy omillar mujassam edi:

Birinchidan, Sohibqiron turkiy dunyoda “Turkiston mulkining shayxi” deb ulugʻlangan buyuk soʻfiylik piri merosiga cheksiz eʼtiqod koʻrsatib, uning xotirasini abadiylashtirishni oʻz maʼnaviy burchi deb bilgan.

Ikkinchidan, Oltin Oʻrda xoni Toʻxtamish ustidan qozonilgan gʻalabadan soʻng, Dashti Qipchoq hududlarida oʻz siyosiy mavqeini mustahkamlashni hamda mahalliy turkiy xalqlar orasida beqiyos obroʻga ega boʻlgan Yassaviy shaxsi orqali aholini oʻz saltanati atrofida maʼnaviy birlashtirishni maqsad qilgan.

Uchinchidan, islom dinini turkiy tilda yoyib, milliy oʻzlikni yuksaltirgan siymoga bagʻishlangan va loyihasida Temurning oʻzi shaxsan ishtirok etgan ushbu ulugʻvor yodgorlik nafaqat muqaddas ziyoratgoh, balki Markaziy Osiyo meʼmorchiligining betakror durdonasi hamda turkiy dunyoning eng yirik madaniy-siyosiy markaziga aylangan.

El orasida maqbara qurilishi bilan bogʻliq koʻplab rivoyatlar yuradi. Aytishlaricha, Amir Temur dastlab Turkistonda Xoʻja Ahmad Yassaviy ustiga muhtasham maqbara qurishni boshlaydi. Biroq qurilish ishlari sira yurishmaydi: kunduzi tiklangan devorlar tunda kuchli boʻron yoki sirli ravishda qulab tushaveradi. Shundan soʻng Temurning tushiga Xoʻja Ahmad Yassaviy kirib, unga shunday deydi: “Avval mening ustozim va pirim Arslonbobning qabri ustiga maqbara tikla, keyin menikiga oʻt”. Shu ilohiy ishoradan soʻng Sohibqiron zudlik bilan Oʻtror yaqiniga borib, Arslonbob ota maqbarasini qurishni buyuradi.

Zangi ota maqbarasi (1380–1390-yillari).

Xuddi shunday rivoyatlardan biri Zangiota maqbarasi bilan ham bogʻliqdir. Unga koʻra, Amir Temur Xoʻja Ahmad Yassaviyga maqbara qurishni boshlaganida, ishlar orqaga ketaveradi. Kunduzi tiklangan devorlar kechasi sirli ravishda qulab tushaveradi. Shunda Sohibqironning tushiga Ahmad Yassaviy kirib: “Ey Temur, mening ustimga maqbara qurishga shoshilma. Avval mening sevimli shogirdim – Oyxoʻja (Zangiota) ustiga maqbara tikla. Shundagina mening maqbaram devorlari qad rostlaydi”, deydi.

Bu ikki rivoyat haqiqatga qanchalik yaqin? Aynan shu savol biz – turkiylar uchun hech qachon birinchi darajali boʻlmagan. Chunki qalb qoʻrimizda ustozga boʻlgan ehtirom har doim bosh rolni oʻynagan. Bu holatda esa Yassaviy hazratlari tomonidan nafaqat ustozga, balki shogirdga ham yuksak hurmat koʻrsatilayotgani koʻzga tashlanadiki, bunday goʻzal odob va izzat zanjiri boshqa biror xalq tarixida kam uchraydi.

Sohibqiron tomonidan maqbara uchun maxsus quyilib taqdim etilgan mashhur Tayqozon alohida eʼtirofga sazovordir. Bu muazzam qozon nafaqat yuksak metallurgiya sanʼatining betakror durdonasi, balki bir vaqtning oʻzida minglab ziyoratchilarga taom tarqatilgani bilan qardosh xalqlarning bagʻrikengligi, rizq-roʻzi va birdamligi ramzi ham hisoblangan.

Amir Temurdan keyingi davrlarda ham bu muqaddas zaminga boʻlgan yuksak ehtirom hech qachon sustlashmagan. Oradan qariyb bir asr oʻtib, taxminan 1485–1490-yillarda bu yerda Mirzo Ulugʻbekning qizi, Abulxayrxonning rafiqasi – Robiya Sulton begim maqbarasi qad rostlaydi. Robiya Sulton begim Koʻchkunchixon va Suyunjxoʻjaxonlarning volidasi edi. Shu boisdan ushbu obida Temuriylar madaniyati bilan Shayboniylar tarixi tutashgan nuqtani koʻrsatuvchi nihoyatda muhim tarixiy yodgorlik sanaladi[4].

Turkiston zamini asrlar davomida umummilliy panteon vazifasini oʻtagan. Xoʻja Ahmad Yassaviy majmuasi atrofida Joʻlbarsxon, Abdullaxon, Qozibek biy, Esimxon, Ablayxon, Suyunchixon, Keldi Muhammad Sulton, Qoʻqirasxon, Avliyoxon, Ilyosxon kabi oʻnlab taniqli hukmdorlar va botirlar dafn etilgan. Bu esa mazkur shahar ikki qardosh xalq uchun naqadar muqaddas va mushtarak markaz boʻlganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Tarixning achchiq haqiqatlari koʻp. Shulardan biri oʻzbek xoni Abulxayrxon davri bilan bogʻliqdir. Aslida, dastlab qozoq va oʻzbek bir xalq – yagona ulus edi. Bu ulusning parchalanib ketishiga eng asosiy omillardan biri Turkistondagi muqaddas merosning bosqinchilar tomonidan toptalishi boʻldi. 1457-yilda Abulxayrxonning oyrat (qalmiq) hukmdori Oʻz-Temur toychadan magʻlubiyatga uchrashi oqibatida Turkiston, Sigʻnoq va Toshkent kabi muhim shaharlar boy berildi. Bu magʻlubiyat mahalliy aholi uchun ogʻir fojialarga sabab boʻldi: musulmon olamining eng tabarruk qadamjolari joylashgan bu hududlar koʻchmanchi oyratlar tomonidan tahqirlandi, jumladan, Yassaviy maqbarasi ham jiddiy zarar koʻrdi.

Bu holat Abulxayrxonning mamlakatdagi siyosiy obroʻsi va nufuziga qattiq putur yetkazdi. Tarixchi Mirzo Haydar Dugʻlot oʻzining “Tarixi Rashidiy” asarida bu jarayonlarni quyidagicha bayon etadi:

“Abulxayrxon Joʻchi sultonlariga koʻp tazyiq va zulm oʻtkazdi. Natijada Jonibekxon va Kereyxon undan arazlab, Moʻgʻulistonga yoʻl oldilar. Isonbugʻaxon ularni mamnuniyat bilan qabul qilib, Moʻgʻulistonning gʻarbiy chekkasidagi Chu va Qoziboshi mavzelarini inʼom etdi. Ular u yerda tinch-totuv yashayotgan bir paytda, Abulxayrxon vafot etdi va Oʻzbek ulusida parokandalik va katta tartibsizliklar boshlandi. Aholining katta qismi Kereyxon va Jonibekxon huzuriga koʻchib oʻtdi, natijada ularning atrofiga toʻplanganlar soni ikki yuz ming kishiga yetdi. Shu tariqa, ular “oʻzbek-qozoqlar” nomi bilan atala boshladilar”[5]. Qozoq xalqi orasida bugungi kungacha saqlanib qolgan “Өzbegim – oʻz agʻam” maqoli aynan ana shu tarixiy davr va mushtarak ildizlardan merosdir.

Arslonbob maqbarasi (1376–1390-yillar).

1468-yilda Abulxayrxon vafot etgach, uning oʻrniga Shoh Budog‘ sulton (ayrim manbalarda Yodgorxon), keyin esa Shayx Haydar taxtga oʻtiradi. Shayx Haydarning noqobil siyosati va zaifligi sababli Oʻzbek ulusi oʻz mavqei hamda hududlarini yoʻqota boshlaydi. Fursatdan foydalangan Jonibek va Kerey sultonlar 1470–1471-yillarda Shayboniylar (Shiboniylar) ulusiga qaytib, hokimiyatni qoʻlga kiritadilar va Dashti Qipchoqda Qozoq xonligi uzil-kesil qaror topadi[6]. Ushbu xonlik tez orada sobiq Chigʻatoy ulusining (Yettisuv va unga tutash) hududlarini ham oʻz tarkibiga birlashtiradi. Shu tariqa, “qozoq” atamasi ijtimoiy qatlam (erkin, hur yuruvchilar) maʼnosidan chiqib, mustaqil bir xalqning etnonimiga aylanadi[7].

Keyingi asrlarda Shayboniylar va Ashtarxoniylar sulolasiga mansub Movarounnahr (oʻzbek) hukmdorlari ham Xoʻja Ahmad Yassaviyning muqaddas qadamjosini obod etishga munosib hissa qoʻshishgan. Jumladan, Ubaydullaxon Ahmad Yassaviy asos solgan diniy-tasavvufiy sheʼriyat – hikmatnavislik anʼanasini yuksak qadrlab, oʻzini u zotning izdoshi deb bilgan. Shoir sifatida u oʻz ijodidagi 220 dan ortiq hikmatlarida (jami 1786 bayt) Yassaviy uslubini juda yuksak mahorat bilan davom ettirgan[8]. XVI asr oxirida Buxoro hukmdori Abdullaxon II (1583–1598) tomonidan maqbara peshtoqi taʼmirlanib, tiklangan[9].

XVII asr oxiri va XVIII asrning birinchi yarmida Jungʻor xonligining Qozoq xonligi siyosiy va maʼnaviy markazi – muqaddas Yassi shahriga qilgan hujumlari Markaziy Osiyo tarixidagi eng fojiali sahifalardan biridir. 1681–1684-yillardagi ilk qamallardan soʻng, qalmiqlar 1718-yilda shaharni egallab, tinch aholini qirgʻin qildilar. 1723–1725-yillardagi dahshatli “Aqtaban shұbirindi” (“Tavakkal qochqinlik”) yurishi davrida esa oʻqotar qurol va artilleriya koʻmagida Yassi, Toshkent va Sayramni bosib olib, Xoʻja Ahmad Yassaviy maqbarasini talon-toroj etdilar. Mahalliy xonliklarning tarqoqligi va dushmanning harbiy ustunligi tufayli amalga oshirilgan bu istilo Buyuk ipak yoʻli savdosi va mintaqa iqtisodiga ogʻir zarba berdi.

Biroq mazkur fojia mahalliy xalqlarni birlashishga undadi. Bu keyinchalik Abulxayrxon boshchiligidagi birlashgan qoʻshinlarning Bulanti (1728) va Anraqay (1729) janglarida jungʻorlarni tor-mor etishi hamda muqaddas yerlarni ozod qilishiga zamin yaratdi. Jungʻor istilosiga qarshi koʻtarilgan ozodlik harakatida nafaqat qozoq juzlari, balki oʻzbek bekliklarining harbiy kuchlari ham faol ishtirok etdi. Bulanti va Anraqay janglaridagi gʻalaba, aslida, Dashti Qipchoq va Movarounnahr turkiy xalqlarining umumiy dushmanga qarshi bir tanu bir jon boʻlib kurashganining amaliy isboti edi. Xalq ogʻzaki ijodidagi “Alpomish” dostonida aks etgan qalmoqlar bilan kurash mohiyatida ham aynan shunday tarixiy voqeliklar yotadi.

XIX asrga kelib esa (1815–1864-yillarda Turkiston Qoʻqon xonligi tarkibida boʻlgan davrda) Qoʻqon hukmdorlari tomonidan maqbara majmuasi atrofi baland gʻisht devor bilan oʻralib, mustahkam mudofaa qalʼasiga aylantirildi[10].

XX asrda Sovet hukumati oʻrnatilgach, maqbara yopib qoʻyildi. Majmuaga ziyoratchilarning kelishi qattiq nazoratga olinib, taqiqlandi. Yassaviy taʼlimoti va tariqati “diniy-reaksion oqim” sifatida baholanib, uning merosini ommalashtirish ham cheklandi. Majmuaning diniy vazifasini yoʻqqa chiqarish maqsadida bino respublika ahamiyatiga molik tarix va meʼmorchilik muzeyiga aylantirildi. Aynan shu qaror tufayli meʼmoriy obida butunlay vayron etilishdan saqlanib qoldi.