Qumiqlar – Shimoliy Kavkazdagi eng koʻp sonli turkiy xalq. Ular islom diniga eʼtiqod qilishadi. Koʻpchiligi shofʼe, faqat bir qismigina hanafiya mazhabida. Qumiq tili turkiy tilning qipchoq lahjasiga mansub.
Qumiqlarning umumiy soni 600 000 atrofida. Qumiqlar yashaydigan joylar to XX asrga qadar Qumiqiston deb atalib kelingan. Ammo, 1929-yilda oʻtkazilgan maʼmuriy-hududiy islohotlar davrida Qumiqiston hududlari yangi tashkil etilayotgan Dogʻiston, Checheniston va Shimoliy Osetiyaga boʻlib berilgan. Ularning katta qismi hozir ham shu yerlarda, ammo bir-biridan ayro uchta respublikada yashashadi. Bundan tashqari, qumiqlar Rossiyaning hamma hududlarida, shuningdek, Turkiya va boshqa oʻlkalarda ham istiqomat qilishadi. Xususan, Oʻzbekistonda ham 2021-yil 1300 nafar qumiqlar yashashi qayd etilgan[1].
Qumiqiston Shimoliy Kavkazning yuragi, qumiqlar esa son jihatidan eng katta etnos hisoblanadi. Qumiq tili oʻrta asrlardan to XX asrning 30-yillariga qadar Kavkazda oʻzaro muloqot tili – lingva franka[2] vazifasini oʻtagan. Bu haqda oʻz davrida Lev Tolstoy ham maʼlumot yozib qoldirgan. L.Tolstoyning yozishicha, Shimoliy Kavkazdagi oltmishdan ziyod turli elatlar oʻshanda qumiq tilida muloqot qilishgan[3]. Darvoqe, Lev Tolstoy qumiq tilini juda yaxshi bilgan va uning Kavkaz bilan bogʻliq asarlaridagi asosiy qahramonlarning aksariyati qumiqlar boʻlishgan.
Qumiq tilini M.Y.Lermontov ham oʻrgangan. Uning “Zamonamiz qahramoni” romanidagi koʻplab qahramonlar qumiqlar. Romanda qahramonlar tilidan qumiqcha soʻzlar koʻp ishlatilgan[4].
Qumiqlarning kelib chiqishi bevosita qipchoq turklari bilan bogʻliq. Inchunin, usmonli turk manbalarida Dogʻiston yerlari ham Tavistan deb atalgan[5]. K.F.Smirnovning tadqiqotlariga ishonilsa, qumiqlar Qumiqistonga VIII–X asrlarda kelgani qayd etilgan[6]. Qumiq etnosining shakllanishi boʻyicha turli versiyalar bor. Misol uchun, nemis sharqshunosi Yulius Klaprot[7] va Herman Vamberi[8] qumiqlarning kelib chiqishini xazar xonligi bilan bogʻlaydi. Buni koʻplab tarixchilar va etnologlar, jumladan birinchi qumiq arxologi G.S.Fyodorov-Guseynov ham keltirib oʻtgan[9]. Darhaqiqat, xazarlar davlati tuzilgandan soʻng aynan Qumiqistonda ularning poytaxti Samandar shahri barpo etilgan va shu yerdan turib mamlakat boshqarilgan[10].
N.A.Baskakov qumiqlar millat sifatida qarayim, qarachay va balqarlar bilan birga qipchoq-oʻgʻuz-bulgʻor urugʻlarining quramasi sifatida shakllanganini taʼkidlab oʻtgan[11].
Bu boradagi eng ishonchli manba sanalgan Mahmud Koshgʻariyning “Devoni lugʻatut-turk” asarida qumiqlar turkiy urug‘ sifatida tilga olingan[12]. Bundan koʻrinadiki, qumiqlar sof turkiy urugʻlarning biri oʻlaroq tarkib topib, keyin millat sifatida shakllangan.
Qumiq soʻzining etimologiyasi borasida ham turli fikrlar yuradi. Albatta, soʻzning oʻzagi “qum” yoki “qu” sof turkiydir. Ammo uni turli nooʻrin fikrlar bilan yoki shaklini bejab tavsiflash gʻayri millat olimlarigagina xos yondashuvdir. Misol uchun, Petr Uslar[13] qumiqlarning kelib chiqishini Qumuq degan joy (toponim) bilan bogʻlaydi. Biroq P.Uslar bilmas ediki, turkiylar oʻz nomlari va taxalluslarini toponimlar bilan atamagan, aksincha, koʻproq etnonimlar toponimga aylantirilgan.
Qumiq soʻzidagi -iq affiks ekani aniq. Demak, bundan koʻrinadiki, qum bu yerda oʻzak sanaladi. Turkiylarda quman, qumandin, qumaq urugʻlari azaldan boʻlgan va bu qumiqlar eng qadimiy xalqlardan biri ekanini koʻrsatadi.
Qumiqlar hududiy jihatdan ikki toifaga – janubiy va shimoliy qumiqlarga boʻlinadi. Shimoliy qumiqlar oʻz manzilgohlarini yurt (Xasavyurt, Babayurt, Adil-Yangi-Yurt, Sultan-Yangi-Yurt va h.k), janubiy qumiqlar esa kent (Bashlikent, Qayakent, Yangikent) topoformanti bilan nomlashadi. Har ikki hududda boshqa topoformantlar ham koʻp uchraydi, ular orasida eng mashhuri auldir: Endirey aul, Qandauraul, Chontaul, Temiraul, Xalimbekaul, Meselemaul, Agʻachaul va h.k.[14].
Shimoliy hududlarda yashovchi qumiqlarning qiyofasi boshqa kavkaz xalqlaridan unchalik farq qilmaydi. Kavkazdagi Qoʻysuv[15] daryosining atrofida yashaydigan aksar xalqlarning koʻrinishida umumiy xususiyatlar mavjudligi antropologlar tomonidan qayd etilgan. Ular yevropoid irqining Kaspiyboʻyi va kavkaz toifasiga mansub baland boʻyli, qotmadan kelgan, soch-u koʻzi qora odamlar boʻlishgan[16]. Janubiy hududlarda yashovchi qumiqlarda esa koʻproq Osiyoga xos xususiyatlar, qisiq va qora koʻz, keng yuz, baquvvat oyoqlar bilan ajralib turadi.
Qumiqlarning anʼanalari va urf-odatlari ham boshqa Kavkaz xalqlarinikiga oʻxshaydi, ammo ular odatlarga koʻpam eʼtibor qaratishmaydi va moʻtadil yondashadilar. Qumiqlar islom diniga eʼtiqod qiladigan xalq sifatida milliy urflarga, xususan Kavkazda keng tus olgan “qonga-qon, jonga-jon” kabi stereotiplardan ancha uzoqlashgan. Bu ularning maqollarida ham aks etgan: Yamanni yaman bulan quvma, qanni qan bulan juvma (Yomonni yomon boʻlib quvma, qonni qon bilan yuvma). Oʻzaro nizolarda yarashish va murosaga moyilligi ustunroq. Ammo ular din uchun, eʼtiqod uchun kurashishga doim tayyor turishgan.
Qumiqlar oʻrta asrlardan buyon oʻtroq hayot kechirishsa-da, asosan chorvachilik bilan shugʻullanib kelishgan. Kavkazning iqlimi moʻtadilligi, oʻt-oʻlanlar va suvning moʻlligi sabab buyvol, qoʻy, ot boqish eng serdaromad ish sanalgan. Kavkaz xalqlari orasida eng koʻp dehqonchilik qiladigan va bozorlarni mahsulot bilan toʻldiradiganlar ham qumiqlardir. Shuningdek, bogʻdorchilik, asalarichilikni ham yaxshi oʻzlashtirishgan.
Qumiqlar gilam toʻqish va boshqa toʻqimachilik mahsulotlarini tayyorlashga ham usta boʻlishgan. XX asrning birinchi yarmida ham har bir qumiq xonadonida oʻrmaklar boʻlgan. Unda kilim, xali, dum, arbabash kabi gilamlar va toʻrva, qop, xurjun, ot va eshaklar uchun yopinchiq – chul (oʻzb. jul) kabi gilam mahsulotlari tayyorlashgan.
1-rasm.
Kigizdan ham kiyiz (gilam), terlik (toʻqim tagiga solinadigan namat), chepkan (chakmon), namazliq (joynamoz), qoʻlqop, piyma etik va boshqa mahsulotlar tayyorlangan.
Qumiq gilamlari orasida oʻzbeklar olacha deb ataydigan gilamlar ham koʻzga tashlanadi[17].
2-rasm.
Olacha gilamlari Oʻzbekistonda asosan qipchoq aholi tomonidan toʻqilgan, foydalanishga qulay boʻlgani uchun uni koʻproq ishlab chiqarishgan. Olacha hovliga toʻshash, qoqish, yuvish uchun ham qulay va yengil boʻlgan. Qumiqlar ham olacha matodan joynamozlar, toʻrva, tuzxalta, choyxalta, oynaxaltalar tayyorlagan. Eng eʼtiborlisi shundaki, har bir kelinning sepida olacha gilami va joynamoz boʻlishi shart sanalgan.
Qumiq gilamlaridagi ornamentlar turkiy asosga ega boʻlsa-da, boshqa xalqlarning bezaklaridan shaklan farq qiladi. Jumladan, ular turkiylarga Oʻgʻuzxondan meros qolgan sakkizyulduzning qirrali shaklini koʻproq qoʻllashgan (3-rasm. 1). Hamma turkiy ornamentlarda keng qoʻllaniladigan muyiznusxa (qoʻchqorshox) ornamentini esa mahorat bilan sakkizburchakka aylantirishgan (3-rasm. 2).
3-rasm.
Qipchoq xalqlariga xos bezaklar qumiqlarning gilamlari bilan birga koʻrpa-toʻshaklari, kiyim-kechaklari, idish tovoqlarida ham koʻzga tashlanadi.
4-rasm.
Qumiq oshxonasi asosan goʻshtli va sutli taomlari bilan mashhur. Ular koʻproq qoʻy etini isteʼmol qilishadi. Mol etini esa kamroq ishlatishadi. Qardosh oʻgʻuz xalqlari, xususan ozarboyjonliklar taʼsirida boʻlsa kerak, ot etini isteʼmol qilishmaydi. Ular otni (oʻlayotgan ot qiynalmasligi uchun) soʻyishgan, ammo terisini shilib olib etini itlarga tashlashgan. Qumiqlar orasida ot etini faqat Suvloq daryosi atrofida noʻgʻoylar bilan baqamti yashaydiganlarigina isteʼmol qilishadi. Qumiqlar goʻshtda oʻndan ziyod shoʻrpa (shoʻrva)lar, shuningdek doʻlma, qizartma et, bozbash kabi taomlar tayyorlashgan. Eng qizigʻi, qumiqlar palov tayyorlashni ham bilishgan va uni xuddi oʻzbeklar kabi osh yoki pilov deb atashgan.
Sutdan qaymoq, yovurt (qatiq yoki yogurt), pishloq, suzma, ayron, sarimoy (saryog‘) tayyorlashgan[18].
Qumuq tili
Qumuq tili turkiy tillarning qipchoq tili guruhiga mansub. Dogʻistonda rus tili bilan bir qatorda 14 ta til davlat tili sanaladi. Ulardan oltitasiga adabiy til maqomi berilgan. Qumiq tili shu tillar orasida eng koʻp kishi soʻzlashadigan til sanaladi. Yuqorida keltirib oʻtganimizdek, XX asrning 30-yillariga qadar Kavkazdagi barcha xalqlar oʻzaro muloqot uchun qumiq tilidan foydalanishgan. Madrasalar, maktablarda qumiq tilida dars berilgan. 30-yillardan keyin rus tili oʻzaro muloqot tiliga aylangan.
Qumuq tilining asosini qipchoq soʻzlari tashkil qiladi. Ammo adabiy til shakllanishida bulgʻor-xazar, oʻgʻuz lahjasining, shuningdek, somiy va forsiy tillarning ham oʻrni katta. XIX asrdan boshlab rus tilidan soʻzlar oʻzlasha boshlagan va hozirgi kunda ham davom etmoqda.
Qumuqlar XX asrning 20-yillariga qadar arab alifbosidan foydalanishgan, 1929-yildan lotin, 1938-yildan kiril alifbosiga oʻtilgan. Hozirgi kiril alfavitidagi tovushlar oʻzbek kiril alifbosidagi bilan deyarli bir xil. Faqat qumiq tilida i (ы) tovushining, oʻzbek tilida yumshoq h qabul qilingani bilangina farqlanadi. O‘, Q, G‘ tovushlari U’, Q, G‘ harf birikmalari bilan ifodalanadi. Yana bir farq ‘ ayirish belgisining “qatti belgi”, yumshatish belgisining “yыmыshaq belgi” deb atalishida koʻrinadi.
Qumiq tilining leksikasi umumoltoy, umumturk qatlamlaridan iborat. Undagi oltoy qatlami oʻzak soʻzlarda va boshqa oltoy tillaridagi soʻzlar bilan parallellarda koʻzga tashlanadi. Misol uchun, umumoltoy plastidagi ovsin (moʻgʻulcha avsan) soʻzi qumiqchada apsan shaklida ishlatiladi.
Umumturk soʻzlaridagi umumiyliklar va farqlar tana aʼzolarining nomlarida koʻrinadi:
|
Qumiqcha |
Oʻzbekcha |
|
avuz |
ogʻiz |
|
arqa |
orqa |
|
aya |
kaft |
|
bavur |
jigar |
|
bel |
bel |
|
boyun |
boʻyin |
|
burun |
burun |
|
gëz |
koʻz |
|
yelin |
emchak |
|
yelke |
yelka |
|
qash |
qosh |
|
qulaq |
quloq |
|
myuyuz |
shox |
|
opke |
oʻpka |
|
tish |
tish |
|
syuek |
suyak |
|
ucha |
dumgʻaza |
|
yurek |
yurak |
|
ashыq |
oshiq |
|
borbay |
boldir |
|
bugʻaq |
boʻqoq |
|
sыyraq |
boldir suyagi |
|
tanglav |
tanglay |
|
manglay |
peshona |
|
chandыr |
pay, chandir |
|
chыray |
yuz |
|
erin |
lab |
|
quymuch |
dumgʻaza |
Qumiq tilining oʻz qatlam soʻzlari boshqa turk tillar leksikasidan fonetik xususiyatlariga koʻra farq qiladi. Inchunin, Qumiqistondagi qaytag‘, ters, boʻynaq, xasavyurt shevalari bir-biridan farqlanadi. Qumiq adabiy tili boʻynaq, xasavyurt shevalari asosida shakllantirilgan.
Qumuqlarning soʻzlarni talaffuz qilishi ham oʻzbeklarning talffuziga yaqin, faqat XX asrdan keyin ular boshqa kavkaz xalqlaridan unlilarni tomoqni qirib va undoshlarni boʻgʻizdan portlatib talaffuz qilishni oʻzlashtirgani uchun ozroq farqlar koʻzga tashlanadi.
Qumiqlar inkor maʼnosida yoʻq soʻzi bilan birga tugul soʻzini ham faol qoʻllashadi: yoq – tyugyul. Tyugul oʻzbek tilida ham qoʻllaniladi, ammo qumiq tilidagidan farqli oʻlaroq “nafaqat” maʼnosida qoʻllaniladi: u mendan moli tugul, jonini ham ayamaydi. Qumiq tilida esa unday emas (olay tyugyul), notoʻgʻri (tyuz tyugyul), nohaq maʼnolarida ham qoʻllaniladi.
Ayrim qumiq shevalarida Qashqadaryo shevalariga xos feʼl oxiridagi r oʻrniga y qoʻllash holati ham koʻzga tashlanadi:
Sabanda biz suraydiq,
Oraqda biz oraydiq,
Buday ungʻa gʻasiret,
Dag‘ida biz qalaydiq.
Tarjimasi:
Omochni biz suraydik,
Oʻroqni bip oʻraydik,
Hasratki bugʻdoy unning,
Dogʻida biz qolaydik[19].
Til tarkibida qipchoq lahjasining elementlari koʻproq va u “erga tegmoq” jumlasining qoʻllanilishida ham koʻrinadi. Qumiqlar “turmush qurmoq” maʼnosida “uylanmoq” soʻzini ishlatadi: Siz uylengenmiciz (qatin algʻanmisiz)? Men uylengenmen (qatin algʻanman). Erga tekkan maʼnosida esa erdaman, erga bargʻanman jumlasi qoʻllaniladi: Siz erdemisiz (erge bargʻanmыsыz)? Men erdemen (erge bargʻanman). Bunday yondashuv barcha qipchoq tillarida, jumladan oʻzbek tilining qipchoq lahjasida ham saqlangan.
Qumiq tilining asosini qipchoq lahjasi tashkil qilsa-da, XX asrdan keyin leksikada oʻgʻuzcha soʻzlar koʻproq ustunlik qila boshlagan. Chunki adabiy tilni shakllantirishda j lovchi shevalar emas, balki oʻgʻuz soʻzlarini koʻproq oʻzlashtirgan oʻtroq ellarning shevalarga eʼtibor qaratilgan. Ammo, baribir qipchoq lahjasiga xos soʻzlar ham saqlangan. Xususan, koʻplab soʻzlarda v (u) tovushi oʻz holatida saqlangani, yaʼni g‘ ga aylanmagan: tav, oʻtav, avul, avruv (ogʻriq, kasal), avuz (ogʻiz), avur (ogʻir) va h.k. Shuningdek, t tovushi ham d ga aylanmagan. Til, tomir, temir, tav, tash, tagʻa (doyi emas), tayanch, til, tish, toʻlqin, toʻrt va boshqa shu kabi soʻzlar qipchoqcha talaffuz qilinadi. Qumiq tilida hozirgi turkiy leksikada qoʻllaniladigan oʻzlashma soʻzlarning unutilgan oʻz qatlam variantlari ham uchraydi. Misol uchun, aksariyat islomni qabul qilgan turkiylarda arabchadan taʼziya soʻzi oʻzalashgan, ammo uning turkiy varianti muomaladan tushib qolgan. Qumiqlarda uning “qayg‘ыlыq” varianti saqlangan.
Adabiy til oʻgʻuz lahjasiga yaqin boʻlsa-da, ayrim soʻzlar j lovchi formada qolgan: jiyin (yigʻilish), jiyim (toʻplam), juvqan (yuvilgan), barajaqsan (borasan), koʻrajaqsan (koʻrasan). Oʻgʻuzcha ogʻlan oʻrniga ulan qoʻllaniladi. Eng qizigʻi, qumiq tilida bog‘ soʻzining bav varianti saqlangan boʻlib, aksar qipchoq tillarida, jumladan oʻzbek tilining qipchoq lahjasida ham boq varianti qoʻllaniladi: tov ustida boq bor.
Qumiq tilida oʻgʻuz elementi koʻproq, ammo soʻzlar onadoʻli turkchasidan farq qiladi va qaysidir jihatlari bilan chigʻatoy tiliga yaqinroq. Misol uchun oʻgʻuzcha ol oʻrniga boʻl ishlatiladi. Bu oʻzaro muloqotda koʻproq koʻzga tashlanadi:
Tang yaxshi boʻlsun!
Gech yaxshi bolsun!
Salomlashishda va hol soʻrashda turkiy qoliplar saqlangan:
Xosh geldigiz!
Esen-amanmisiz?
Ishler nechikdir?
Savluq nechikdir?
Qutlayman sizin!
Tilning chigʻatoy turkchasiga yaqinligi soʻfiy adabiyotida qoʻllaniladigan -dir affiksining ishatilishidan ham bilinadi: Bu kim? – Bu kimdir?; Bu ne? – Bu nedir?;
XV asrda ijod qilgan Ummu Kamolning ijodida sufiy nazmiyatining stilistikasi ham koʻzga tashlanadi:
Gyul achilir, yaz bolur,
Dengizde bir saz bolur,
Gyul achilir, yaz bolur.
Men yarima gyul demen,
Gyulnyu omyuryu az bolur[20].
Tarjimasi:
Gul ochilur, yoz[21] boʻlur,
Dengizda bir soz boʻlar,
Gul ochilsa yoz boʻlar.
Men yorimni gul demam,
Gulning umri oz boʻlar.
Qumuqlar islom diniga eʼtiqod qila boshlagandan soʻng arab tilidan juda koʻp soʻzlar oʻzlashgan. Ammo arabiy soʻzlarning aksariyati buzib talaffuz qilinadi: Muhammad – Magomet yo Mamed, Hamza – Gamzat, Fatima – Patimat, mavlud – mavlet, mahr – magʻari, masjid – majgid, nasab – nesep, nomus – lamus va h.k.
Qumuq tilida hafta kunlari mutlaqo boshqacha. Unda arab, qadimgi yahudiy, turkiy soʻzlar ishtirok etgan:
Itnigyun (dushanba);
Talatgyun (seshanba);
Arbagyun (chorshanba);
Xamisgyun (payshanba);
Jumagyun (juma);
Songugyun (shanba);
Qattigyun (yakshanba).
Qumiqlar haftani juma deb atashadi. Juma kuni ham shunday nomlanadi. Shanbaning soʻngikun deyilishi, “jumadan keyingi” maʼnosini beradi. Yakshanbaning qattыgyun (qattiqkun)deb atalishi esa biroz bahsli. Nega aynan yakshanba bunday nomlanishiga etimologlar aniqroq javob keltirmagan. Itnigyun (dushanba)dagi oʻzak it soʻzidan emas, – bu soʻzning somiy soʻz ekani koʻrinib turibdi. Bu soʻz arabcha يوم الإثنين – yavm al-isneynning qadimgi yahudiycha varianti boʻlishi mumkin. Shunday yondashilsa, talatgyun – arabcha يوم الثُّلَاثاء – yavm as-salasa, arbagyun – يوم الأَرْبعاء – yavm al-arbʼa, xamisgyun – يوم الخَمِيس – yavm al-xamis ekanligi aniq boʻladi.
Fasllar umumturkiy bazada shakllangan: Yay (yoz), Gyuz (kuz), Yazbash (bahor), Qish (qish).
Qumiq tilida tarjimasiz tushunish qiyin boʻlgan soʻzlar ham talaygina:
|
Qumiqcha |
Oʻzbekcha |
|
qayinulan |
qaynogʻa, qayni |
|
agʻachusta |
duradgor |
|
qaravulchu |
soqchi, qoravul, posbon |
|
avlaq |
dala |
|
avlaqchi |
dala xoʻjayini, brigadir |
|
qayiqchi |
matros |
|
abzar |
hovli |
|
abzar qulluqchu |
hovli qorovul, tozalovchi |
|
tunegen |
kechagi kun |
|
tangala |
ertangi kun |
|
savunchu |
sut sogʻuvchi |
|
sanav |
raqam |
|
gyozeldirik |
koʻzoynak |
|
buvma avruv |
astma, koʻksov |
|
kemitiv |
ayiruv |
|
gʻasil |
koʻpaytma |
|
terenlik |
chuqurlik |
|
o’zen |
daryo |
|
baziq |
qalin |
|
tarx |
sana |
|
agʻachliq |
oʻrmon |
|
arishbuday |
arpa |
|
yemish |
meva |
|
byurlyug |
maymunjon |
|
jielek |
qulupnay |
|
qozuqulaq |
shovul |
|
itqichiv |
qoʻziqorin |
|
byur |
gʻuncha |
|
salqim |
bir bosh uzum |
|
tamur yemish |
tugunak (kartoshka yoki boshqa ildizmeva tugunaklari) |
|
burchaq |
loviya |
|
gamish |
buyvol |
|
chaq |
ob-havo |
|
yallav |
jazirama |
|
tunuq |
havo ochiq |
|
tatavul |
ariq |
|
batmaq |
botqoq |
|
dimliq |
havoning namligi |
|
ashuy |
oshxona |
|
uzun shanjal |
skameyka |
|
tish |
qoplama, chexol |
|
ojaq |
ofis, idora |
|
alapa |
oylik |
|
uvaq aqcha |
mayda pul |
|
aqcha-mayasi |
moliya |
|
oyuv |
naqsh |
|
aldiriq |
etak, fartuk |
|
qumach |
mato, gazlama |
|
maxmar |
baxmal |
|
ustyunlyuk |
gʻalaba |
|
jiqi |
skripka, gʻijjak |
|
tileymen |
iltimos |
Jadvalda keltirilgan soʻzlar qumiq tilini oʻrganishni qiyinlashtiradi. Biroq turkiy qolipdagilarini, qozuqulaq shovul ekanini otquloqqa qiyosan tushunib olish mumkin. Zamonlar oʻtishi bilan har qanday til oʻzgarib boradi. Xalq ogʻzaki ijodi, xususan, dostonlar, maqollar, matallar va topishmoqlarda tilning asl qaymogʻi saqlanadi. Qumiqlar “xalq ogʻzaki ijodi” jumlasini ham goʻzal shaklda qoʻllashadi: xalqnы avuz yaratыvchulugʻu.
XX asrga qadar qumiq shoirlarining koʻpchiligi baxshilar boʻlishgan va ularning aksariyati dombra va qoʻbuzni chalib qoʻshiq aytishgan. Qumiqlar dostonni yir, baxshini yirchi yoki yirav deb atashgan. Yirchilar doim hurmatda boʻlishgan, ularning soʻzlari hikmatga tenglashtirilgan. Buni maqollar ham tasdiqlaydi: Temirchini qolu altin, xalq yiravnu syozyu altin. Yirchilar orasida eng mashhuri Yirchi Qazaq boʻlib uning ijodida xalqona ruh, qipchoq dostonlariga xos soddalik koʻzga tashlanadi. Eng asosiysi, bugungi qumuq tili leksikasining shakllanishida ham Yirchi Qazaq asarlarining oʻrni katta. U oʻz ijodida Asqartovni ham tilga oladi va bu qaysidir jihatdan qumiq dostonlarini “Alpomish”ga yaqinlashtiradi.
Atalar syozyunde altin bar[22]
Qumiqlar maqolni “ata soʻz” deb ataydi va ular bolalikdan maqol oʻrganishga, yod olishga intilishgan. Maqollar etnopedogogikaning asosini tashkil qilgan. Tarbiyada koʻproq maqollar va topishmoqlardan foydalanilgan. Maqollarda xalqning birligi, vatanga sodiqlik ulugʻlangan. Birlik oʻz davrida tog‘ xalqlari uchun hayot-mamot vazifasini oʻtagan:
Birlikde – tirilik (Birlikda – tiriklik);
***
Yangur bulan yer yashgʻarar, birlik bulan el yashar (Yomgʻir bilan yer yasharar, birlik bilan el yashar).
Qumiqlar xoinni va qoʻrqoqni yoqtirishmagan, ularni xotinchalish maʼnosiga yaqin “qizbay” deb atashgan. Qizbaylar doim laʼanatlangan:
Elin satgʻan qizbayni maychirag‘i yanmasin (Elini sotgan xoinning moychirogʻi yonmas);
Batirlar bir oʻler, qizbaylar ming oʻlyur (Botirlar bir, qoʻrqoqlar ming oʻlar);
Qumiqlar mehnatdan qochmaydigan, kezi kelganda mehnatni ulugʻlaydigan xalq ekani ham maqollarda koʻrinadi:
Adamni adam etgen ishdir (Odamni odam qilgan ishdir);
***
Yaz bolsun, qish bolsun, aldingda ish bolsun (Yoz boʻlsin, qish boʻlsin, oldingda ish boʻlsin);
***
Yaz ishlegen qish tishler (Yozda ishlagan qishda tishlar).
Maqollarda mehnat ulugʻlanib, dangasalik esa qoralangan:
Yaz yirlagʻan qish yilar (Yozda qoʻshiq aytgan qishda yigʻlar);
***
Mangalay terlemey mal bolmas (Peshona terlamay boy boʻlmas).
Shu bilan birga, qumiqlarni boshqa turkiylarga yaqinlashtiradigan eng yaxshi manba ularning maqollari sanaladi. Bu maqollar hamma turkiylarga tanish tuyuladi:
Bash sav busa, byork tabulur (Bosh sog‘ boʻlsa, doʻppi topilar).
***
Bashgʻa balag‘ tilden gelir (Boshga balo tildan kelar).
***
Bashgʻa yerde soltan bolgʻandan ese, tuvgʻan yeringde ultan bol (Boshqa yerda sulton boʻlguncha oʻz yeringda qul boʻl).
***
Byoryu gyunagʻdan terisin berip qutulur (Boʻri gunohidan terisini berib qutular).
***
Byoryu de, itler de yarashsa, qotanda qoylar qalmas (Boʻri bilan itlar kelishsa qoʻtonda qoʻylar qolmas).
***
Betingni satma, malingni sat (Vijdoningni sotma, molingni sot).
***
Yaz gyunyu – togʻuz tyurlyu (Bahorning kuni – toʻqqiz turli).
***
Mishiq saqlamagʻan chichqan saqlar (Mushuk saqlamagan sichqon saqlar).
***
Molla bilgenin oxur, qargʻa gyorgenin choqur (Mulla bilganin oʻqir, qargʻa koʻrganin choʻqir).
***
Myuyuz saldiraman dep, eshek qulag‘in gesgen dey (Shox qoʻydiraman deb eshak qulogʻini kesgan ekan).
***
Namussuz gishi aqchagʻa atasin satar (Nomussiz odam pulga otasini sotadi).
***
Oy tyubyunde altin bar, oylay barsang, tabarsan (Oʻy tubida oltin bor, oʻylayversang toparsan).
***
Oylamay syoyleygen avrumay oler (Oʻylamay soʻzlagan ogʻrimay oʻlar).
***
Ortaq ashagʻan samursaqni iyisi chiqmas (Birgalashib yeyilsa sarimsoqning hidi chiqmas).
***
Ot agʻachdan toymas (Oʻt oʻtinga toʻymas).
***
Ogyuz olse – et, arba sinsa – agʻach (Hoʻkiz oʻlsa – goʻsht, arava sinsa – yogʻoch).
***
Oksyuznyu gyunyu de, gechesi de qarangi (Yetimning kuni ham tuni ham qorongʻu).
***
Olgen adam uyanmas, betsiz adam uyalmas (Oʻlgan odam uygʻonmas, betsiz odam uyalmas).
***
Olmey turup adamni yaxshilig‘i bilinmes.
***
Paqirliqni bashi – erincheklik (Faqirlikning boshi – erinchoqlik).
***
Pilavdan qaytgʻan qashiq sinsin (Palovdan qaytgan qoshiq sinsin).
***
Savluq syuyseng, taza tur (Sogʻliq istasang uyingni toza tut).
***
Sangirav eshitgenin, soqur gyorgenin qoymas (Kar eshitganini koʻr koʻrganini qoʻymas).
***
Sen – biy, men – biy, atgʻa bichen kim salar? (Sen – bek, men – bek, otga pichanni kim soladi?)
***
Suv – gichchiniki, siy – ullunuki (Suv kichikniki, hurmat kattaniki).
***
Syuymey bergen suv suvsabin basiltmas (Istamay bergan suv chanqoqni bostirmas).
***
Syuyunchlyu syoznyu sangirav da eshiter (Yaxshi xabarni kar ham eshitar).
***
Tav tavgʻa yoluqmay, adam adamgʻa yolugʻa (Tog‘ tog‘ bilan uchrashmas, odam odam bilan uchrashar).
***
Tavgʻa tash atma!
***
Tavuqlani tyusyu bashgʻa busa da, quymag‘ini tativu bir.
***
Taʼlli syozden til qurumay (Totli soʻzga til chuchimaydi).
***
Tilevchyunyu qabini tyubyu yoq (Tilanchining qopining tubi yoʻq).
***
Tishsiz avuz – tashsiz tirmen (Tishsiz ohiz – toshsiz tegirmon).
***
Urlugʻun ashagʻan ach qalir (Urugʻlik donini yegan och qolar).
***
Uyasinda chichqan da arslandir (Uyasida sichqon ham arslondir).
***
Ulker batdi – yer qatdi (Hulkar botdi – yer qotdi).
***
Cholpan tuvdu - tang qatdi (Choʻlpon tugʻdi – tong qotdi).
***
Xoshgeldi de qonaqliqni yartisi (Xush keldingiz deyish mehmondoʻstlikning yarmi).
***
Chaqirgʻan yerden qalma – chaqirmagʻan yerge barma.
***
Chepken tikmek – cheberlik (Chakmon tikish – chevarlik).
***
Chiq qurugʻuncha chalg‘i chal, yangur yavgʻuncha bichen jiy (Shabnam koʻtarilguncha cholgʻi sol, yomgʻir yoqquncha pichan yig‘).
***
Egizleni nasibi de egiz (Egiz bolalarning nasibasi ham egiz).
***
Eki at tebishir, arada eshek oler (Ikki ot tepishar, oʻrtada eshak oʻlar).
***
Ekmegim taza busa, yolda olturup asharman (Nonim halol boʻlsa, koʻchada oʻtirib yeyman).
***
El ayibi elliy yildan juvulmas (chayilmas) (Elning aybi ellik yilda yuvilmas (chayilmas).
***
Eri bar qiz elge siyli (Eri bor qizning elda hurmati bor).
***
Eri biyni - qatini biyche (Eri bek boʻlsa – xotini beka).
***
Erinchek tyush bolgʻuncha yuxlar, tyushden song esner (Erinchoq tush boʻlguncha uxlar, tushdan soʻng esanar).
***
Yuz baltagʻa bir qayraq
***
Yalangʻach tonavchudan qorqmas (Yalongʻoch talvchidan qoʻrqmas)[23].
Xulosa oʻrnida
VII asrda arablar Kaspiy boʻylarini bosib olganda ham bu yer aholisining koʻpi qumiqlar boʻlgani qayd etilgan. Abulhasan al-Maʼsudiy[24] oʻz bitiklarida X asrda Kavkazda Qumiqiston degan joy boʻlganini keltirib oʻtgan va bu Abu Hamid al-Gʻarnatiyning asarlarida ham oʻz isbotini topgan[25]. Qumiqiston geografik jihatdan toʻrtga – janubiy, markazi, Suvloqorti va Ters Qumiqistonga boʻlinadi. Ushbu toʻrtta geografik hudaddagi tarixiy-ijtimoiy-siyosiy jarayonlar har doim ham bir xil kechmagan. Shuning uchun qumiqlarning etnik qiyofasi, urf-odatlari ham bir xil emas. Xuddi oʻzbeklar kabi ayrimlari yevropaliklarga, ayrimlari esa osiyoliklarga oʻxshaydi. Din, mazhab, qadriyatlar borasida ham etnik turfa xillik koʻzga tashlanadi.
Mashhur yozuvchi, etnolog, turkolog, qumiq elining oʻgʻloni Murad Adji butun ijodiy salohiyatini oʻz elining tarixini, oʻzining kelib chiqishini oʻrganishga bagʻishlaydi va bu ishini “oʻzlikni kashf etish” deb ataydi. Murad Adji qumiqlarning negizi qipchoq, dini islom ekanini, milliy shakllanishi xazarlar davri bilan bogʻliqligini qayd etgan. “Mening ajdodlarim qipchoq, bu ularning tarixi, deydi u, men esa bundan faxrlanaman”[26]. Qumiqlar azaldan oʻzlarini “Oltin Oʻrda bolalari”[27] deb atab kelishi ham ularning asli qipchoq ekanini anglatadi.
Qumiqlarda etnik guruhlar ham saqlangan. Faqat ular urug‘ oʻrniga tuxum soʻzini ishlatishadi. Biroq qumiqlar boshqa qipchoq xalqlari kabi qadimiy shakllangan urugʻchilik asoslariga ega emas. Koʻpincha ota urugʻiga nisbatan tuxumlarga ajratiladi va ularning boshi koʻpi bilan ikki asrlik tarixni qamrab oladi, xolos. Ota urugʻdan erkaklarni agʻa, ona urugʻlarni dayi, taay deb chaqirishadi. Xolavachcha esa boshqa qipchoqlardan farqli, boʻla emas, tayzeogʻlu deb nomlangan. Bundan koʻrinadiki, qavm-qarindoshlikni ifodalovchi soʻzlar jiddiy oʻzgarishga uchragan.
Qumiq tilini turkologlar qaraim, qarachayli, balqar, qirimchaq hamda mamluk qipchoq, arman qipchoq tillari bilan qoʻshib poloves-qipchoq guruhiga kiritishgan. Ammo bu qanchalik toʻgʻri, hali yana vaqt koʻrsatadi. Soʻnggi yillardagi tadqiqotlarda qumiq tilini qarachayli, balqar, mamluk qipchoq, arman qipchoq tillari bilan qoʻshib qipchoq tillarini alohida kavkaz guruhiga ajratish ham koʻzga tashlanmoqda[28]. Bugungi oʻgʻuz tiliga chigʻatoy adabiy tili va oʻgʻuz dialektidan juda koʻplab soʻzlar oʻzlashgan. Biroq folklor tili bundan mustasno...
Qumiqlarning soni 600 000 ekani haqidagi maʼlumot aniq fakt emas. Chunki Rossiya Kavkaz urushlari, Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari davrida oʻn minglab qumiq oilalari Turkiya, Arabiston, Markaziy Osiyo va Sibirga koʻchib ketgani yoki qatagʻon qilingani haqida maʼlumotlar saqlanganki, bu bizga ularning soni yanada koʻproq ekanini taxmin qilish imkonini beradi. Umuman olganda, qumiqlar moziyda boshqa millatlardan mental xususiyatlariga koʻra farq qiladigan, oʻz madaniyatini shakllantira olgan oʻziga xos millat, turkiy qavmning bir boʻlagidir.
Anvar BOʻRONOV
[2] Lingva franka (ital. lingua franca “franklar tili”) – kishilar oʻrtasidagi muloqot uchun tizimli ravishda ishlatiladigan (oʻz ona tilidan boshqa) til yoki dialekt. Arablar va turklar bu tilni “Lisan al-ifrang” deb atashgan.
[3] Толстой Л.Н. Словарь горских слов к повести “Хаджи-Мурат”. Полн.собр.соч. – М: 1950.
[4] Мугумова А. Л. К проблеме ориентального лексического влияния на язык русской художественной литературы 20–30-х годов XIX в.: На материале произведений М. Ю. Лермонтова. // диссертация.
[5] Mehmet Gunes. Evliya Celebi ve Hasim Efendiʼnin Cerkezistan notlari. Istanbul. 1971. 174 s.
[6] Смирнов К. Ф. Археологические исследованияв Дагестане в 1948–1950 гг. // Кратк. сообщ. ИМК XIV, 1952,с. 95-96
[7] «Путешествие по Кавказу и Грузии, предпринятое в 1807 и 1808 годах по поручению Императорской академии наук Санкт-Петербурга, содержащее полное описание Кавказских стран и ее жителей. Юлиуса Клапрота». Том 2. Галле и Берлин, 1814 г.
[8] Вамбери Г. «Тюркоязычные народы», Лейпциг, 1885).
[9] Г.С.Фёдоров-Гусейнов. История происхождения кумыков. – Махачкала: Дагестанское книжное издательство, 1996. – С. 18.
[10] Аласов Имамаддин Фарман Оглы. Исторические традиции российско-азербайджанских отношений и их влияние на судьбы двух государств // Евразийский Союз Ученых. – 2018. – Вып. 8-7 (53). – С. 9–14.
[11] Н. А. Баскаков. Введение в изучение тюркских языков. Высш. школа,, 1969 – С.255
[12] Koshgʻariy M. Devonu lugʻotit-turk. III jild. – Toshkent: Fan, 1967. – 351-b.
[13] Услар П.К. Этнография Кавказа. Языкознание. 4. Лакский язык. Тифлис, 1890, с. 2
[14] С.Ш.Гаджиева. Материальная культура кумыков XIX – XX вв. – Махачкала: Дагестанское книжное издательство Министерства культуры ДАССР. 1960 – С. 27-28.
[15] Қўйсув(қумиқча Къой сув – “қўй сув ичадиган дарё”) дарёсининг Сувлоқ номи ҳам бор.
[16] В. П. Алексеев. География человеческих рас // Избранное в 5 т. Т. 2. Антропогеография. – М.: «Наука», 2007. – С. 188.
[17] https://history.wikireading.ru/24873
[18] С.Ш.Гаджиева. Материальная культура кумыков XIX-XX вв. – Махачкала: Дагестанское книжное издательство Министерства культуры ДАССР. 1960. – С. 27-28.
[19] Qashqadaryo shevasida tarjima qilindi. Maʼnosi: Yerni biz haydar edik, oʻroqni biz oʻrardik, lekin bugʻdoy un kelsa, doim quruq qolardik.
[20] Асрулар сезе гелген асил сёз. Къумукъ адабиятны антологиясы – Махачкала: ГАУ “Дагестанское книжное издательство”, 2013. 592 с.
[21] Qumiq tilida yoz – bu bahor.
[22] Барча мақоллар Н.Э. Гаджиахмедовнинг “Кумыкско-русский словарь пословиц и поговорок” номли китобидан олинди.
[23] Гаджиахмедов Н.Э. Кумыкско-русский словарь пословиц и поговорок. – Махачкала: 2015. – 350 с.
[24] Микульский Д. В. Арабский Геродот / Отв. редактор Л. Ю. Сергиенко. – М.: Алетейа, 1998. – 229 с.
[25] Большаков О. Г. Путешествие Абу Хамида ал-Гарнати в Восточную и Центральную Европу (1131–1153 гг.) / О.Г.Большаков, А. Л. Монгайт. – М.: Главная редакция восточной литературы издательства «Наука», 1971. – 134 с.
[26] Аджиев М. Кумык из рода Половецкого, или Открытие самого себя. Вокруг света. № 2, 1991; Мурад Аджи, Европа, тюрки, Великая Степь. М.: АСТ , 2007 г.
Источник: https://historylib.org/historybooks/Murad-Adzhi-_Evropa--tyurki--Velikaya-Step/
[27] Чтение в Императорском обществе истории, древности российских при московском университете. 1861. Москва. Книга четвёртая. С. – 115
[28] Сравнительно-историческая грамматика тюркских языков. Региональные реконструкции/Отв. ред. Э. Р. Тенишев. – М. Наука. 2002. – 767 с. стр. 732, 736-737.