Oʻtmishda bobolarimiz homiyligida xorijiy yurtlarda qurilgan tarixiy binolar xalqimiz nomining boshqa mamlakatlarda keng yoyilishiga xizmat qilgan. Xususan, turkistonliklar tashkil etgan takkalar “oʻzbek”, “buxorolik” “andijonlik”, “qoʻqonlik” kabi soʻzlar bilan birga atalib, hozir ham xalqimizning saxovatini namoyish etib kelmoqda.
Kimning sarmoyasi hisobidan qurilganiga koʻra, ularni ikki guruhga ajratish mumkin: 1) turkistonlik shayxlar, sarmoyadorlar, hukmdorlar bunyod etgan takkalar – ular oʻzbek takkalarining asosiy qismini tashkil etadi; 2) turk sultonlari va sarmoyadorlari hisobidan turkistonlik shayxlar uchun qurilgan takkalar – ularning soni koʻp emas.
Takkalar “zoviya”, “xonaqoh”, “musofirxona”, “hojixona”, “dargoh”, “ostona”, “langar” deb ham atalgan. Ular, aslida, oʻrta asrlarda islomni, tasavvuf shayxlari taʼlimotini targʻib qiluvchi markaz sifatida qurilgan. Turkistonliklarning xorijda takka bunyod ettirishi naqshbandiylikning oʻzga yurtlarda keng yoyilishi bilan ham bogʻliq. Mazkur tariqat XV asrdayoq Eron, Afgʻoniston, Misr, Hijoz, Shimoliy Kavkaz, Turkiyada tarqala boshladi. XVI–XVII asrlarda esa Falastin, Iroq, Iordaniya, Hindiston, Indoneziya, Malayziya, Seylonga qadar yoyildi.
Yirik takkalar maqbara, chillaxona, hujralar, darveshxona, salomlashuv xonasi, haram, ombor, oshxona, qafas (muborak kechalarda ayollar jamlanadigan joy), maktab, qoʻlyozmaxona, matrabdan (samo’ vaqtida ilohiy qoʻshiq aytuvchilar oʻtiradigan joy) iborat boʻlgan. Salomxona shayxning joyi, haram esa uning yashash uyi sanaladi. Iqtisodiy jihatdan mustaqil boʻlgan dargohlarning taʼminoti uchun hukmdorlar va shayxlar vaqf mulki ajratgan. Madrasalarda jamiyatning yuqori toifasi tahsil koʻrgan boʻlsa, takkalar barcha toifadagilar uchun taʼlim-tarbiya oʻchogʻi sanalgan (Usmon Turar. Tasavvuf tarixi. Toshkent, “Istiqlol”, 1999. 99-bet). Takka, xonaqohning boshligʻi murshid, shayx, pir, ustoz deb yuritilgan, unga tobelar esa murid yoki shogird sanalgan.
Ilm olish, haj qilish, savdo ishi, elchilik maqsadlarida safarga chiqqan turkistonliklar xorijda doim qoʻnoqxonalarga ehtiyoj sezgan. Shunga koʻra turkistonlik shayxlar, hukmdorlar, sarmoyadorlar Makka, Madina, Jidda, Bagʻdod, Damashq, Qohira, Basra, Bursa, Adana, Izmir, Koʻnya, Istanbul, Odessa kabi yirik shaharlarda oʻz vatandoshlari uchun musofirxonalar qurdirgan. Ziyoratchilar tekin yotoq joy, oziq-ovqat va boshqa zarur buyumlar bilan taʼminlangan.
Bagʻdod shahridagi oʻzbek takkasi tarkibida masjid ham bor edi. U 1824-yili usmoniylarning Bagʻdoddagi voliysi Davud posho tomonidan qayta taʼmirlangan. Shu sababli baʼzi manbalarda bu majmua “Davud posho Oʻzbeklar takyasi” nomi bilan ham tilga olinadi (Alkan Mustafa. Osmanli Devletiʼnde Özbek Tekkeleri // Yitik Hafızanın Peşinde Buhara Konuşmaları. Pruva. Ankara. 2019. S. 279). Takka va masjid binosi saqlanib qolgan boʻlib, u “Jome’ ul-Bagʻdod” nomi bilan mashhur. Bagʻdoddagi oʻzbeklar takkasi XX asrning 50-yillarida ham oʻzbek muhojirlarga xizmat qilgan.
Usmoniylar davlati shaharlarida koʻplab oʻzbek takkalari qurilgan. XVII asrda poytaxt Istanbulda 500 dan ortiq takka mavjud boʻlgan esa, XIX asrda faqat naqshbandiylik tariqati nomi bilan bogʻliq 52 ta (ayrim manbalarda 65) takka faoliyat yuritgan. XIX asr oxiri ‒ XX asr boshida bu shaharda 8 ta takka qolgan edi (Usmon Turar. Tasavvuf tarixi. 108-bet).
Uskudar mavzesidagi Sultontepa, shuningdek, Susuzbog‘, Ayyub, Oqsaroy va Kadirga, Sulton Ahmad Binbirdirek mahallasidagi Shahid Mehmet pasha tepaligidagi takkalar eng mashhurlari sanalgan. Hozirda Sultontepa, Buxoro, Ayyub takkalari binolari saqlanib qolgan.
Istanbuldagi barcha takkalarni Turkiston shayxlari boshqargan. Ular oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, turkman, tojik, qoraqalpoq musofirlari, haj ziyoratchilari uchun qoʻnoq vazifasini ham bajargan.
Uskudar mavzesidagi Oʻzbeklar takkasiga sulton Mustafo III (1757‒1774) tomonidan 1757-yilda asos solingan. Qoʻsh qavatli majmua 20 ta hujra, masjid, hovuz, tahoratxona, oshxona, bog‘, xoʻjalik inshootlari va kichik qabristonni oʻz ichiga oladi. Bu yerda 50 nafardan ziyod turkistonlik muhojir dafn etilgan. Buxoro ozodligi uchun kurashgan istiqlolchi Usmon Xoʻja oʻgʻli (1878‒1968) ham shu yerda mangu qoʻnim topgan. Mazkur takka 1919‒1922-yillarda Turkiyaning Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Yunonistonga qarshi olib borgan urushida qurol-yarog‘ ombori, turk askarlari yashirinadigan punkt vazifasini oʻtagan.
1925-yili Turkiya Respublikasi hukumati Istanbuldagi barcha takkalar faoliyatini rasman taqiqlagan. Ammo mustaqillik uchun kurashdagi roli sabab bu takka yopilmagan (Hayitov Sh., Rahmonov K., Ahmadov O. Buxoro va buxoriylarning jahoniy shuhrati. Toshkent, “Navroʻz”, 2020. 35-bet). 1971-yili Najmiddin afandining vafotidan keyin takka qarovsiz qolgan. 1983‒1994-yillarda shayxning Amerikada yashovchi avlodlari tomonidan takka taʼmirlangan. Uning binosi hozir muzey va madaniyat markazi sifatida xizmat qilib kelmoqda.
Istanbulda 1692-1693-yili bunyod etilgan, Sulton Ahmad jome masjididan 200 metr masofada joylashgan Buxoro takkasi ham mavjud. 2008-yildan bu takka binosidan Dizayn markazi sifatida foydalanilmoqda. Ayyub mavzesidagi oʻzbeklar takkasi esa 1743-yili Lalizode Abdulboqiy Efendi tomonidan qurilgan. U 1925-yilgacha faoliyat yuritgan. Binoning asosiy qismi yoʻq boʻlib ketgan, faqat boshlangʻich maktab, arkali darvoza va Lalizode Abdulboqiy Efendining qabri saqlangan.
Shuningdek, hozirgi “Oʻzbek otel” oʻrnida ilgari oʻzbeklar takkasi boʻlgan. Unga 1923-yili Istanbulga muhojir sifatiga kelgan Usmon Xoʻja oʻgʻli asos solgan (Rajabov Q., Hayitov Sh. Usmon Xoʻja. Toshkent, 2011. 27-bet). Istanbulning Oqsaroy mavzesida hozirgi kunda Turkiston muhojirining oʻgʻli Zoyirxoʻjaga tegishli “Oʻzbek otel” mehmonxonasi ham faoliyat yuritadi.
Turkiyaning Adana shahrida esa “Oʻzbakiy”, “Naqshbandiy takkasi”, “Shayx Muslihiddin takkasi” deb nomlangan dargoh faoliyat yuritgan. Bu takka Buxoro aholisi joʻnatgan mablag‘ hisobidan Shayx Ali tomonidan 1900-yili barpo etilgan.
Bu davrda Bursa shahrida ham 40 dan ortiq takka boʻlgani maʼlum. Jumladan, “Buxoro takkasi”, “Ashur Afandi takkasi”, “Oʻzbeklar takkasi” nomlari bilan mashhur takka XVI asrdan XX asrning birinchi choragigacha faoliyat yuritgan.
XX asr boshlarida Arabistonning Makka, Madina, Jidda, Toif, Riyoz shaharlarida turkistonliklar qurdirgan 70 dan ortiq takka xizmat koʻrsatgan. Hozirda Isroil davlatiga qarashli Yofa (Jafa, Yaffa) qadimiy port shahrida ham XX asr oʻrtalarida Hoji Baqo Buxoriy nomi bilan bogʻliq ikkita oʻzbek takkasi faoliyat yuritgan (qarang: Behbudiy M. Tanlangan asarlar. Tuzatilgan va toʻldirilgan 2-nashri. Toshkent, “Maʼnaviyat”, 1999. 136-bet). Quddus shahri ziyoratiga borgan turkistonliklar qoʻnim topadigan asosiy manzil “Buxoriylar takkasi” yoki “Naqshbandiylar xonaqohi” deb atalgan. U shaharning Antoniya minorasi yaqinida Chilla koʻchasida joylashgan boʻlib, Soʻfiy Usmon Ogʻa ibn Abdulmuʼin (Soʻfiy Usmon yoki Usmon Buxoriy) tomonidan 1616-yili bunyod etilgan. Takka bugungi kungacha buxorolik shayxlar avlodlari tomonidan idora etib kelinmoqda (Thierry Zarcone. Sufi Pilgrims from Central Asia and India in Jerusalem. Kyoto. 2009. P. 46).
XIX asrda Jidda shahrida Buxoro amirlari, oʻzbek boylari qurdirgan 4 ta takka faoliyat yuritgan. XIX asr va XX asr boshlarida xorijga chiqib ketgan oʻzbeklarning avlodlari ota-bobolarining anʼanalarini bugungi kunda ham davom ettirmoqda. XX asrning 40-yillarida Jiddada ham ayrim oʻzbek takkalari faoliyat yuritgan. 1972-yili sobiq SSSRdan hajga borgan 15 nafar ziyoratchi Jidda shahridagi Qahhor Qoʻqondiyga tegishli mehmonxonaga joylashgan (OʻMA. F-2456, r-1, 527-yigʻma jild. 35-bet). Hozirgi kunda Jidda shahrida asli oʻzbek Abdurahmon Xoʻqandiyga tegishli 10 qavatdan iborat yirik mehmonxona mavjud. Shuningdek, Abdullajon Andijoniyning ham Jidda va Toif shaharlarida yirik mehmonxonalari bor.
XIX asrda Makkada Markaziy Osiyo boylari qurdirgan 8 ta takka faoliyat yuritgan. Buxoroning soʻnggi amiri Said Olimxon (1880‒1944) ham oʻz mablagʻiga Makka shahri yaqinidagi tepalikda 4 qavatli takka qurdirgan. U amirning oʻgʻli Moʻminxon Olimiy tasarrufida faoliyat yuritgan (Hayitov Sh., Aytmatova Z. Markaziy Osiyo musulmonlarining muborak haj safari: tarix va bugun. Buxoro, 2022. 12-bet). XX asrning 40-yillarida Makka shahrining oʻzida oʻzbeklarga tegishli 60 ta takka saqlangan. 1962-yili SSSRdan haj ziyoratiga borgan musulmonlar Makkaning Jiyat mavzesidagi 4 qavatli oʻzbek takkasiga joylashgan. Ehtimol, ayni shu takka Said Olimxon tomonidan qurilgandir.
XX asr boshida chustlik Sayid Mahmudxon toʻra hajga borib, Madinada ziyoratchi turkistonliklar yordamida hamda oʻz mablagʻi hisobidan Chustiylar takkasini qurdiradi. XX asrning 40-yillarida ham Madinada 20 dan ortiq oʻzbek takkasi mavjud edi. Ularning ayrimlarini oʻz egalari boshqargan, baʼzilarini esa qonuniy yoki noqonuniy tarzda mahalliy arablar olib qoʻygan. Yana ayrimlari esa qarovsiz qolgan. Madina va Toif shaharlarida hozir ham Andijon takkalari faoliyat yuritadi.
Guldona TANIYEVA,
Nizomiy nomidagi OʻMPU professori,
tarix fanlari doktori
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 4-son.
“Takka, ziyorat, hojixona” maqolasi