Turkiyalik taniqli rep ijrochisi Lvbel C5 (haqiqiy ismi Sulaymon Burak Bodur) xonanda Asya Alizade bilan birgalikda kuylagan “Kahpe” taronasi matni sababli Istanbulda qoʻlga olindi.
Qayd qilinishicha, qoʻlga olingan xonandaga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini qoʻllash soʻralgan, biroq sud ushbu iltimosnomani rad etdi.
Prokuraturada koʻrsatma bergan ijrochi oʻziga qoʻyilgan ayblovlarni tan olmadi. U fuqarolardan tushgan eʼtirozlardan soʻng qoʻshiqni barcha raqamli platformalardan oʻchirib tashlaganini bildirdi.
Taʼkidlanishicha, qoʻshiq matnida zoʻravonlik unsurlari aks etgan. “Men qoʻshiq matnlarini tasavvurimga tayanib yozaman. Bu soʻzlardan hech qanday gʻarazli maqsad koʻzlanmagan. Hech qanday zoʻravonlik holati yoʻq, bular shunchaki xayoliy misralar edi”, dedi ijrochi tergov jarayonida.
Shuningdek, Bodur qoʻshiqdagi eʼtirozlarga sabab boʻlgan boshqa misralar u bilan duet kuylagan Asya Alizadega tegishli ekanini bildirgan.
Prokuratura xonandani “jinoyat sodir etishga ochiqdan-ochiq daʼvat qilish” moddasi boʻyicha hibsga olishni soʻragan edi. Sud esa ijrochining nazoratda turishi haqida qaror chiqardi. Unga koʻra, ayblanuvchining mamlakatdan chiqishi taqiqlandi, haftaning dushanba va chorshanba kunlari huquq-tartibot organlarida roʻyxatdan oʻtish majburiyati yuklandi. Shuningdek, turk adabiyoti boʻyicha taʼlim olish majburiyati belgilandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda turk adabiyoti boʻyicha taʼlim olish sharti qoʻyilgani koʻplab muhokamalarga sabab boʻlmoqda.