Turkiy xalqlarning qadriyatlar tizimida nikoh shunchaki ikki insonning birlashish ahdi emas. Nikoh – oilalar, urugʻlar, millatlar, kezi kelganda mamlakatlar birligining ahdi sifatida qadrlangan. Shuning uchun, nikoh bilan bogʻliq marosimlarga alohida, jiddiy eʼtibor qaratilgan. Oʻz vaqtida oila qurish jamoatchilik tomonidan ragʻbatlantirilgan, nikoh qurmaganlarga ishonchsizlik yoki shubha nazari bilan qaralgan. Biz hozir oʻzbek tilida qoʻllaydigan nikoh(نِكَاح) soʻzi turkiy tillarga arab tilidan oʻzlashgan boʻlib, lugʻaviy va istilohiy (sharʼiy va huquqiy) jihatdan bir necha maʼnolarni anglatadi.

Arab tilida bu soʻzning birlamchi lugʻaviy maʼnosi «qovushmoq», «birlashmoq»dir. Istilohiy maʼnosida esa ahd(bitim) va halol qilish nazarda tutiladi. Ahd, erkak va ayolning oʻzaro roziligi bilan oila qurishini tasdiqlovchi bitim, halollik esa shu bitim tufayli ikki tomonning bir-biri bilan birga yashashi va yaqinlik qilishiga sharʼan izn beradi. Islom olamida «nikoh» soʻzi asosan «nikoh aqdi» (oila qurish shartnomasi) maʼnosida qoʻllaniladi.

Nikoh birinchidan farz, ikkinchidan Odam(a.s)dan tortib, Muhammad(s.a.v)gacha oʻtgan barcha rasullarning sunnati hisoblanadi. Shuning uchun, barcha monoteistik dinlarda, xususan yahudiylik va nasroniylikda ham istilohan nikohga bir xil munosabat shaklangan. Inchunun, bu haqda Imom Termiziy quyidagi hadisni rivoyat qilgan: Nabiy (s.a.v) “Toʻrt narsa Rasullarning sunnatlaridan: “Hayo, xushbuy sepmoqlik, misvok va nikoh” dedilar .

Hozirgi kunda yahudiylik, nasroniylik va islomni qabul qilgan turkiy xalqlarda nikoh marosimlari  milliy  urf-odatlar va diniy aqiydaviy tartiblarning simbiozidan tarkib topgan. Tangrichilik dinini saqlab qolgan oltoy, xakas, tuva, yakut xalqlarida turkiy nikoh elementlari koʻproq saqlangan.

Turkiy tilda nikoh maʼnosida «uylanish» (evlilik), “qudalash” soʻzlari qoʻllanilgan. Ahd maʼnosida “qiyuv” soʻzi ishlatilgan. Qiyuv qadimgi turkiy «qыy» oʻzagidan yasalgan boʻlib, kesmoq, oʻrab(qurshab)olmoq, qoplama, qirgʻoq, biron narsani qizgʻanmay berish(koʻzi qiyib berishi), qirqmoq, sindirmoq, toʻgʻrash, ushatish hamda nikoh tuzish, bitim tuzish maʼnolarini anglatadi . Qыyning “nikoh tuzish”, “bitim tuzish” maʼnosi deyarli barcha turkiy tillarda saqlanib qolgan. Turk turkchada va gagauzchada «nikâh kıymak», ozarboyjonchada «nikah kəsmək», turkmanchada “nika kыymak”,  qozoqcha, qirgʻizcha, qirimtatarchada «neke qiyu», qorachoy-balqar va qumiq tilida «nike qiymaq» shaklida qoʻllaniladi. “Nikoh qiyuv” oʻzbek, uygʻur, tatar va boshqird tillarining lugʻatiga kirmagan. Uning oʻrniga “nikoh oʻqitish” qoʻllaniladi. Ammo, har toʻrtala tilning shevalarida qiyuv saqlangan. Umuman olib qaralsa, nikoh(arabcha) ahd boʻlib, u oʻqilmaydi, nikohda xutba oʻqiladi. Xutba esa sunnat amaldir. Nikohda quda taraflar, kelin va kuyov ahdlashadi. Shu ahdlashuv «qiyuv» deyilgan. Tuva tilida nikoh maʼnosida badыlgʻa soʻzi saqlangan. Badilgʻa nikoh, qasam, sadoqat, tasdiqlash maʼnolarini anglatadi .

Turkiy xalqlarda nikohga oʻta jiddiy qaralgan. Shuning uchun, ungacha oldindan tayyorgarlik koʻrilgan. Tayyorgarlik sovchilik va kelishuvni oʻz ichiga olgan. Sovchilik uch bosqichda amalga oshirilgan. Avval kuyov(tomon) qizni tanlagan, ikkinchi bosqichda ayol sovchilar borib  vaziyatni oʻrgangan, uchinchi bosqichda erkak sovchilar borib toʻy, qalin masalalarini kelishib, bitim tuzishgan. Uchinchi bosqichda ikki oila, ikki urug‘ ahdni amalga oshirgan va bu qasam darajasida qabul qilingan. Ahd kuyov tomondan keltirilgan “nonni sindirish”, roʻmollar, kiyimlik matolarni qiyish orqali amalga oshirilgan.

Turkiylarda nonni oʻrtaga qoʻyib ont  ichish eng kuchli qasam sanalgan. Odamlar nonni oʻrtaga qoʻyib qasam ichishdan qoʻrqishgan.  Shuning uchun, nikoh ahdi “non sindirish” bilan mustahkamlangan. Nonni koʻpincha uzoq umr koʻrgan, bir marta nikohlangan, koʻp bolali odam sindirgan. Turkiylarning moziydan kelayotgan bu irimiga hozirgacha qatʼiy amal qilinadi. Non sindirilgach, qiyilgan va boʻlaklari “kiyit”lik deb ataladigan roʻmolchalarga solib guvohlarga tuguncha qilib tarqatilgan. Shu tariqa nikoh ahdi ikki tomonga ham havila(maʼlum) qilingan.

“Non sindirish” iborasi qozoq, qirgʻiz, uygʻur, qoraqalpoq tillarida formal farqlarni hisobga olmasa bir xil,  turkmanchada  “çörek döwmek” yoki  «sөz kesmek», ozarboyjonchada «çörək kəsmək», turkchada «ekmek bozmak», boshqirdchada «ikmәk һыndыrыu», tatarchada «ikmәk sыndыru», choʻqintirilgan tatarlarda «ipi sыndыru», chuvashchada «ҫӑkӑr xuҫni» (ҫӑkӑr – non, xuҫni – sindirish), xakaschada «xayas sыndыrarы» shaklida istifoda etiladi. Yakutlar XX asrga qadar non isteʼmol qilishmagan, shuning uchun ularda ayni ibora yoʻq. Ammo, keyinchalik “non sindirish”ni oʻzlashtirishgan.

Xakaslar nikoh ahdi maʼnosida “pas tudar” iborasini qoʻllanadi. Bu soʻz oʻzbekchada “boshini tutish” degani, boʻlib “biror ishning boshini tutish”, “otning boshini tutish”, “oilaning boshini tutish” maʼnolarida oʻzbeklar orasida ham saqlangan. Barcha turkiy xalqlarda “belgi” degan tushuncha ham bor. Bu nikohga qadar, agar kuyov boshqa yurtda boʻlsa yoki uylanishga imkoniyati boʻlmasa, boʻlajak qudalarning kichik ahdi boʻlgan. Kuyov tomon kelining boshiga roʻmol oʻrab, shu belgi bilan boshqalarning sovchisini qaytargan.

Oltoylarda non sindirish marosimi saqlanmagan. Ammo, undanda qadimroq “qayin daraxti” orqali nikohlanish saqlangan. Oltoylarda oqqayin nikoh timsoli hisoblanadi va toʻylarda oqqayin ishtirokida oʻtkaziladigan marosimlar juda koʻp uchraydi. A.V. Anoxinning taʼkidlashicha ham: “Kaiң va qain – nikoh maʼnosini bildiradi va ushbu atamalar  qayin daraxti ishtirokida oʻtkaziladigan toʻy marosimlarda qoʻllaniladi. Shundan kelib chiqib nikoh orqali qarindoshlik “qayin”, deb ataladi”. Nikohdan keyin orttirilgan yaqinlarning nomlanishida asosan “qayn” oʻzagidan yasalgan soʻzlar qoʻllaniladi.

Oltoyda nikohlangan ayolning sochi ikkita qilib oʻrilgan. Kelin hali qizlik uyida ekanida, sochini ikkiga boʻlib, kuyov tomondan bir ayol oʻng oʻramini, kelin tomondan bir ayol chap oʻramini oʻrgan. Bu kelinning chapdan oʻnggga yaʼni kuyovnikiga oʻtganini bildirgan. Bu marosim soch oʻrish (chach yoryori) atalgan va soch oʻrilguncha oʻlanlar aytib turilgan. Kelinning sochini har doim koʻp bolali onalar oʻrgan. Farzandsiz, beva  yoki ikki marta turmush qurgan ayollar bu yerga yaqinlashmagan. 

Ozarboyjonlarda non sindirish marosimi bor, ammo u ikkinchi planda turadi. Birinchi planda «şirinçay» marosimi boʻlib, agar ikki tomon bir bitimga kelsa, rozilik maʼnosida shirin choy ichiladi. “Arshin mololon” filmidagi “bir kalla qand, uch soʻm pul, bitta mulla” iborasida aynan shu marosim nazarda tutilgan. Ikki tomon qalin va toʻy masalalarini kelishib olgach, keksalar «Allah mübarək eləsin!» degan jumlani aytib, choyni ichishi bilan ahd tasdiqlangan. Non sindirish (çörək kəsmək) marosimi esa toʻy kuni kelin kirib kelganda oʻtkazilib, non kelinning boshiga qoʻyib sindiriladi. Ozarboyjonlar nikoh maʼnosida “kebin” soʻzini, nikoh qiyish maʼnosida esa “kəbin kəsmək”  iborasini ham qoʻllashadi.

Sovchilik

Sovchi oʻzbek, turkman, qirim-tatar, qumiq, qorachoy-balqar tillarida sovchi,  tatar tili yauvchi, boshqirdchada yauvhi, qirgʻizchada jauuchi, gagauz, tatar, ozarbayjon tillarida elchi, xakas, oltoy tillarida quda deyiladi.

Sovchilik odatda kuyov tomonidan amalga oshirilgan. Ammo, kelin tomon ham sovchi qoʻyishi mumkin boʻlgan. Kelin tomon sovchi qoʻyishi koʻproq xonlar, beklar va boshqa oqsuyaklarda uchraydi. Xonlar oʻzlarining qizlari uchun kuyov tanlash marosimi oʻtkazishi folklor asarlaridan maʼlum. Bunday tanlovlarni beklar ham oʻtkazishgan. Ayrim holatlarda qizlar ham kuyov tanlashgan. Ular oʻzlari yoqtirgan yigitlarga xabarni roʻmolcha joʻnatib bildirishgan yoki oʻzining roziligini maʼlum qilgan. “Qarachaylilar qadriyatlarida  jauliq  deb ataladigan yengil roʻmolcha juda mashhur. Men dastavval jauliq – qoʻlni artadigan moysochiq boʻlsa kerak, deb oʻylagandim. Keyin oʻrganib koʻrsam, ajoyib tarixi bor ekan. Bu roʻmolni faqat balogʻatga yetgan qizlar toʻqir va qaysi yigitni sevsa, oʻshanga atar ekan. Keyin unga oshiq yigitlar oʻzaro yovlashib qolsa, roʻmolchani olgan yigit kuyov boʻlar va shu bilan nomzodlar orasidan yovlik koʻtarilar ekan. Jauliqning kattaroq oʻlchamdagisi ham boʻlib, uni koʻpincha yoshi katta ayollar yopinib yuradi” .

Erta unashtiruv: belquda, beshikkerti, “quloq tishlash”

Turkiylarda erta unashtiruvning qadimiy va eng qiziqarli shakli “belquda”dir. Unga koʻra odamlar hali tugʻilmagan, belidagi bolalarini unashtirishgan. Bunga folklorda misollar koʻp. Tohir va Zuhraning, Alpomish va Barchinning unashtirilishi aynan  “belquda” odati bilan bogʻliq.

Turkiy xalqlarda erta nikohning yana bir qadimiy koʻrinishi – beshikkerti odati ham keng tarqalgan. Beshikkerti bolalar tugʻilgandan keyin amalga oshirilgan. Uning yana bir nomi “quloq tishlash” boʻlib, unushtirishda oʻgʻil bolaga qizning qulogʻi tishlatilgan. Shu tariqa, oʻzaro inoq boʻlgan oilalar hali ulgʻaymagan bolalarini  unashtirib qoʻyishgan. Bu odat asosan ikki oila oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlash yoki qarindoshlik rishtalarini bogʻlash maqsadida qilingan. Bunday unashtiruvlar 12 yoshgacha davom etgan, ammo oʻgʻil bolaga ham qizga ham shu yoshgacha hech qanday maʼsuliyat yuklamagan. Ammo, juda koʻp xolatlarda, ota-onalarning munosabatlari buzilishi yoki bolalarning bir-birini yoqtirmasligi sabab bunday unashtiruvlar nikohgacha yetib bormagan.

Ekzogam nikoh

Qadimda turkiy xalqlarda ekzogam (oʻz urugʻidan tashqaridagi) nikohga qatʼiy amal qilingan. Turkiylar  koʻp asrlar davomida ekzogam nikohdan anʼanaviy meʼyor sifatida foydalanib, oila-nikoh munosabatlarini tartibga solishgan va naslning tozaligini saqlab kelishgan. Ekzogam nikoh sabab qon almashinib, nasl bilan bogʻliq kasalliklarga barham berilgan. Ijtimoiy jihatdan, boshqa urugʻlar bilan qon-qarindoshlik aloqalari tiklangan, ijtimoiy va iqtisodiy aloqalar mustahkamlangan. Bunday ittifoqchilik tinchlikni saqlash va oʻzaro harbiy koʻmak berishda ham strategik ahamiyatga ega boʻlgan.

Turkiylar endogamiyaga(yaqin qarindoshlar nikohiga) yoʻl qoʻymaslik uchun yetti avlodini bilishi talab etilgan. Bu esa ijtimoiy birlikni saqlashda muhim rol oʻynagan. Shu oʻrinda bir fikrni oʻrtoqlashib ketgan maʼqul. “Alpomish” dostonining oʻzbek versiyasida endogam nikoh kuzatiladi. Undagi asosiy qahramonlar qoʻngʻirot urugʻidan, Alpomish Boyboʻrining oʻgʻli va Barchinoy uning ukasi Boysarining qizi boʻladi. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, oʻzbek Alpomishi dostonning islomdan keyingi varianti hisoblanadi. Shunday ekan, bu Alpomishda ekzogamiya boʻlmaganiga dalil boʻlolmaydi. Boshqa ikki islomiy variant, qozoq va qoraqalpoq versiyalarida ekzogamiya saqlangan. Qozoq versiyasida Alpomish qoʻngʻirot, Barchin shekti urugʻidan, qoraqalpoq versiyasida Boyboʻri qoʻngʻirotning “oyindi”, Boysari “erbilek” urugʻidan boʻladi.

Qalin

Turkiy xalqlarda qalin nikohning muhim sharti hisoblangan va hozirgacha saqlanib keladi. Qalin soʻzi turkiy tillarda qarin, qaling, qalim, xalin(xakas), xalim(yakut), xulun(chuvash) shaklida, oʻzbek tilining qipchoq lahjasida «qolыn» qoʻllaniladi. Koʻpchilik tilshunoslar bu soʻzning maʼnosini yoʻgʻon  deb tariflashgan. E. Sevortyan lugʻatida qalinning yoʻgʻon, evaz kabi maʼnolari keltirilgan. Ammo, ayni lugʻatda Sevortyan G. Vamberining variantini ham keltiradi. Unga koʻra qalin qal(qolmoq) oʻzagidan yasalgan boʻlib, nimanidir evaziga qodirmoq maʼnosini anglatadi . Demak, qalin soʻzi kelinning oʻrniga berilgan evaz, haq maʼnosini anglatgan.

Shu oʻrinda qalin va mahrning farqlarini aytib oʻtish oʻrinli boʻladi. Qalin va mahr tushunchalari istilohan bir-biriga oʻxshash boʻlsa-da, tavsifiy mazmunda juda katta farqlari bor. Qalin qadimiy odat boʻlib, uni qizning ota-onasiga yoki boquvchisiga uni tarbiyalagani, sarflagan vaqti va mablagʻlari oʻrniga "kompensatsiya" sifatida berishgan. Qalin qizning  ota-onasi yoki boquvchisi tomonidan tasarruf qilingan. Ota-ona uning hammasini yoki maʼlum qismini qizning sepiga ishlatishi yoki oila ehtiyojlari uchun sarflab yuborishi mumkin boʻlgan. Qalin koʻpincha chorva mollari yoki pul bilan belgilangan. Qiymat qizning nasabi, goʻzalligi, odobi va hunariga qarab belgilangan. Beva ayollarga qalin kam berilgan.

Mahr islomda nikohning shartlaridan biri boʻlib, uni faqat nikohlangan ayolning oʻzi tasarruf qila olgan. Istasa eriga yoki ota-onasiga bergan, istasa bolalariga bergan. Unga aralashishga yoʻl qoʻyilmagan. Shu tariqa islom dinida yangi turmush qurgan ayolning ijtimoiy va iqtisodiy holati mustahkamlangan. Mahr jonliq koʻrinishida boʻlishi shart emas, koʻpincha koʻchmas yoki yoʻqolib ketmaydigan, kezi kelganda oson sotish mumkin boʻlgan mulkdan berilgan. Mahrning qiymati kuyovning qurbi va kelinning talabiga qarab belgilangan. Kam miqdori oʻn dirham, ayrim manbalarda bir temir uzukka ham nikohlangan.

Qadimgi turkiy xalqlarda nikoh shaxsiy munosabatlardan koʻra koʻproq ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy ahamiyatga ega boʻlgan. Hatto erta nikohlarni ham strategik tanlov sifatida baholasa boʻladi. Chunki, hali tugʻilmagan yoki endi tugʻilgan bolani unashtirish nasl davomiyligini taʼminlashdan koʻra oilalar, urugʻlar kezi kelganda mamlakatlar oʻrtasidagi ittifoqni mustahkamlashga xizmat qilgan.

Ekzogamiya qoidasi feomenal hodisa boʻlib, avvalo millat sogʻlomligini, qolaversa, urugʻlarning orasidagi hamjihatlikni taʼminlashda muhim oʻrin tutgan. Turkiylar islomni qabul qilgandan keyin endogam(qarindoshlar oʻrtasida) nikoh paydo boʻlgan. Ammo, davrlar oʻtishi bilan ekzogamiyaning ustunligi isbotini topa boshladi. Chunki, endogam oilalarda nogironlar tugʻilish foizi yuqori boʻlgani uchun juda koʻplab ijtimoiy muammolar yuzaga kelmoqda. Ekzogam oilalarda bunday muammolar kam uchraydi.

Anvar BOʻRONOV