Turon atamasi mumtoz fors va turk adabiyoti orqali bizga yaxshi maʼlum. Mintaqa tarixi bilan bogʻliq badiiy va ilmiy matnlarda u ayni manbalarga asoslangan holda, baʼzan ilmiy atama sifatida, baʼzan istorizm yoki tarixiy-mifologik ramz oʻlaroq ishlatiladi. Oxirgi yillarda esa bu toponimga real joʻgʻrofiy yoki siyosiy mazmun berish takliflari ham ilgari surilmoqda. Bu takliflardan turlicha maqsadlar koʻzlangan: kimdir Turonni birlashtiruvchi asotir deb bilsa, kimdir, aksincha, ajratuvchi deb hisoblamoqda; baʼzan esa Turon tarixiy meros uchun kurash va madaniy apropriatsiya obyektiga aylanmoqda.
Ushbu maqola doirasida Turon bilan bogʻliq uch asosiy masala koʻrib chiqiladi:
- Turon bugun makoniy, ilmiy va madaniy-ramziy kategoriya sifatida qanday kontekstlarda qoʻllanmoqda;
- bu oʻzaro raqobatlashuvchi talqinlar qanday mumtoz tarixiy va mifologik anʼanalarga borib taqaladi;
- bu anʼanalar Turonning tarixiy referentini qay darajada aks ettiradi?
Yaʼni maqola kompozitsiyasi tezislarni teskari xronologiya boʻyicha joylashtiradi. Bundan maqsad – Turon tushunchasining bugungi talqinlarini koʻrib chiqib, yakunda bu talqinlarning tarixiyligini imtihondan oʻtkazishdir.
Turon: ilmiy diskurs
Ilm-fan, madaniyat, siyosat va boshqa sohalar boʻyicha yangiliklarni kuzatadigan, oʻqib boradigan inson borki, Turon soʻziga tez-tez koʻzi tushadi. Bu tushuncha unga tanish tuyuladi, zamirida qanday maʼno yotganini anglaganday boʻladi. Lekin bu atamani qoʻllaydigan har bir muallif unga oʻziga xos maʼno bagʻishlashiga, Turon joʻgʻrofiyasini oʻzicha belgilashiga, bunda maʼlum anʼanaga tayanishiga hamma ham eʼtibor qaratmaydi.
Ilmiy diskursdan boshlasak – Turonni ilmiy istilohga aylantirishga urinishlar koʻp boʻlgan (Atwood 2011, 62; Bosworth 1990, 169–172). Masalan, nemis tilshunosi Maks Myuller XIX asr oʻrtalarida turon tillarini ajratib koʻrsatishni taklif qilgan. Bu juda keng makrooilaga ural, oltoy, dravid, tay-kaday, tibet-birma, malay kabi til oilalari kiritilgan (Müller 1854, 8–14, 142–155, 187–213). Keyinchalik bu tillar chuqurroq oʻrganilib, tasniflar aniqlashtirildi, turon tillari konsepsiyasi esa unutildi.
XXI asr tilshunosligida bu atamani torroq maʼnoda qayta isteʼmolga kiritish harakatlari boʻldi. Rossiyalik onomast Aleksandr Shaposhnikov qator ishlarida sharqiy eroniy tillarni turon tillari deb atab keldi (Shaposhnikov 2005, 117; Shaposhnikov 2007, 255–322). Undan mustaqil ravishda oʻzbek tarixchisi Azimxoʻja Otaxoʻjayev ham xuddi shu atamani biroz kengroq maʼnoda qoʻllashni taklif qildi (Отахўжаев 2024, 2–3). Ulardan boshqa olimlarning ishlarida sharqiy eroniy tillar mazkur nom bilan yuritilmayotganiga qaraganda, ularning bu takliflari ilm-fanda eʼtirof topmagan koʻrinadi.
Turon tushunchasini XX asrda jismoniy antropologiya atamasi sifatida isteʼmolga kiritish harakati ham boʻldi. Markaziy Osiyoda tarqalgan, mongoloid va yevropeoid katta irqlarining aralashmasidan shakllangan deb hisoblanuvchi oraliq kichik irq turon irqi (turanid) deb ataldi (Lipták 1965, 170). Bugungi jismoniy antropologiya tipologik yondashuvdan voz kechib, populyatsion yondashuvga oʻtgani munosabati bilan bu atama aniq tavsifini topmay turib dolzarbligini yoʻqotdi (Relethford 2009, 16–22).
Lekin baʼzi sohalarda Turon atama oʻlaroq oʻrnashib ketdi va bugungi kunga qadar qoʻllanmoqda. Aytaylik, Turon aslida hech qachon oʻzgarmas joʻgʻrofiyaga ega boʻlmagan esa-da, Markaziy Osiyoning shimoli-gʻarbiy va markaziy qismi Turon tekisligi deb yuritiladi (Lioubimtseva et al. 2005, 287); Sharqiy Anatoliyadan Shinjongacha boʻlgan hududda tarqalgan, bugungi kunda yoʻq boʻlib ketgan yoʻlbars turi Turon yoʻlbarsi deb nomlangan (Chestin et al. 2017, 42–43; Shakula & Shakula 2023, 103).
Turon: siyosiy diskurs va madaniy raqobat
Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati haqidagi matnlarda Turon soʻzi keng qoʻllanadi. Oxirgi yillarda bu tushuncha madaniy diskursdan siyosiyga ham oʻtdi. Siyosatshunoslar, alohida siyosatchilar va jamoat arboblari ham unga siyosiy, madaniy, tarixiy kategoriya sifatida keng murojaat qiladi. Lekin kontekstga qarasak, Turon turli matnlarda turlicha talqin qilinishini koʻrishimiz mumkin. Uning joʻgʻrofiy chegaralari ham har xil koʻrsatiladi. Asosiy talqinlarga toʻxtalib oʻtsak:
Turon – Amudaryoning shimoliy sohilidan boshlanadigan hudud, yaʼni Movarounnahrning sinonimi. Bu maʼnoda soʻz, ayniqsa, eronlik va tojikistonlik olimlarning ishlarida koʻp uchraydi (Atwood 2011, 62; Hakimi Parsa 2025, 145–146);
Turon – Markaziy Osiyoning sinonimi, yaʼni bugungi besh respublikani qamrab oladigan keng hudud; ayniqsa, siyosiy tadqiqotlarda, siyosiy tadbirlarda bunday talqinga koʻp murojaat qilinadi (Azizov 2017, 126–128).
Baʼzan Markaziy Osiyo, Turon, Turkiston tushunchalari toʻliq sinonimlar oʻlaroq bir xil hududni ifodalaydigan nomlar sifatida qoʻllanadi. Bu qaysidir maʼnoda Oʻzbekiston va Qozogʻistonda rasmiy darajada uchraydigan talqin deb atasa boʻladi. Jumladan, OʻzR FA Tarix instituti direktori Azamat Ziyo OʻzAga bergan intervyusida “To ungacha boʻlgan ming yillar ichra aynan mana shu, bugun biz Markaziy Osiyo deb ataydigan hudud Turon, Turkiston atamalari bilan mashhur boʻlgan” deb taʼkidlagan edi (Ziyo 2023); 2025-yilda oʻzbek va qozoq tarixchilarining shu institutda tashkil qilingan qoʻshma yigʻilishiga bagʻishlangan matbuot xabarnomasida ham shunga yaqin “Markaziy Osiyo – Turon, Turkistonning birligi” formulasi ishlatilgan edi (Usmonova 2025);
Turon – turkiy xalqlar yashovchi hudud; aslida bunday qarash turkiy olamda XIX asr oxirlaridan boshlangan uygʻonish harakatidan beri kuzatiladi: yosh turklar, jadidlar va boshqa guruhlarning matnlarida turkiy xalqlar oʻlkasi Turon deb atalishiga misollar koʻp (Tokluoğlu 2012, 106–110; Levent 2016, 121–125); turkchilik ideologi Ziyo Goʻkalpning ishlariga murojaat qilsak, u turkchilikni Turkiya birligi gʻoyasi, turonchilikni esa turkiy xalqlar birligi gʻoyasi deb tushunadi (Gökalp 1923, 20–25; Tokluoğlu 2012, 129–130);
bugungi turkchilarda bu tushunchalarning mazmuni biroz oʻzgargan: turkchilik deganda barcha turkiy xalqlar birligi, turonchilik deganda turkiy xalqlarning qardosh hisoblanuvchi xalqlar, jumladan, mojarlar bilan birligi tushuniladi (Tokluoğlu 2012, 108).
Bunday talqinlar siyosiy diskursda ham birlashtiruvchi, ham ixtilof keltirib chiqaruvchi xususiyatga ega. Birlashtiruvchi narrativlar Turonni turkiy oʻzlikdan ajratib, Markaziy Osiyoni qamrab olishga daʼvo qiladi (Azizov 2017, 126–128). Turonni Markaziy Osiyoning sinonimi deb biladigan ayrim faollar Turkiston oʻrniga Turon nomini kengroq qoʻllashni koʻp bora taklif qilgan – ularning fikricha, bu atama mintaqadagi turkiy xalqlardan tashqari, tojiklarni ham qamrab oladi va bu jihatdan Turkiston atamasidan koʻra kengroq maʼnoga ega.
Ajratuvchi narrativlar avvalo turkiy va eroniy xalqlarning ziyolilari oʻrtasida kuzatiladi: turkiy davlatlar ziyolilari Turonni turkiy xalqlar tarixi bilan bogʻlashi tojikistonlik va eronlik ziyolilarning javob reaksiyasini keltirib chiqaradi – ular Turon atamasi eroniy mifologiyadan olinganini, turkiy xalqlarga aloqasi yoʻqligini, turonliklar deganda koʻchmanchi sharqiy eroniy xalqlar tushunilganini isbotlashga harakat qiladi (Abdurahmon 2025, 159–163). Hatto Xalqaro tojikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti “Turonnoma” nomli ilmiy jurnal chop etib boradi (IRITS n.d.) – bu aynan “turkiy” Turonga “eroniy” Turonni qarshi qoʻyish, “meros talashish” harakatidir. Yaʼni har bir tomon Turonni ramz oʻlaroq qabul qilib, uni oʻz milliy madaniy va tarixiy kapitali sifatida apropriatsiya qilishga urinadi.
Turon: tarixiy va madaniy anʼanalar
Yuqorida sanab oʻtilgan qoʻllanimlardan har biri tarixda kuzatilgan muayyan anʼanalarga tayanadi. Barchasining birlamchi asosi, albatta, “Shohnoma”dir. Aynan shu epik asarda Eron va Turon oʻrtasidagi ziddiyat va oʻzaro kurash tasvirlanadi, Turonning chegaralari koʻrsatib oʻtiladi (Yarshater 1984, 570–576; Shahbazi 2004, 200–202). “Shohnoma”, oʻz navbatida, Sosoniylar Eronining kechki anʼanasidan qolgan xotiraga (masalan, u zamonda mashhur boʻlgan, ammo bizgacha yetib kelmagan “Xvadoy-nomag”ga) asoslanadi (Daryaee 1995, 129–141; Yarshater 2004, 299–307). Yaʼni Eron va Turon qarshiligi, uning joʻgʻrofiyasi maʼlum maʼnoda islomgacha boʻlgan davrda, V–VII asrlarda shakllangan, deyishga asos bor.
“Shohnoma” XIX asr Yevropa sharqshunosligiga ham taʼsir oʻtkazgan: u zamonlarda endi-endi oʻz ildizlarini oʻrganib borayotgan yevropalik olimlar va ziyolilar hind eposi va Avestadagi oriylarga qiziqish bildirib, bu nomni barcha hind-yevropa xalqlariga nisbatan qoʻllashga moyil edi (Leerssen 2026, 149–155). Hind-yevropa oilasiga kirmaydigan tillarni turon tillari deb atashga urinish, xalqlarning irqiy qiyofasini esa turanid deb tasniflash mana shu anʼanaga borib taqaladi (Müller 1854, 8–14; Lipták 1965, 169–183). Bunda yevropalik ziyolilar “Shohnoma” anʼanasidan ilhomlangani, shubhasiz (Leerssen 2026, 149–155).
Keyinchalik Markaziy Osiyo shimolida va Yevrosiyo dashtlarida qadimda istiqomat qilgan skiflar va ularga qarindosh boshqa koʻchmanchi qabilalar sharqiy eroniy tillarda gapirgani maʼlum boʻlgach (Skjærvø 2006, 348–349), Turon tushunchasini ularga bogʻlashga harakatlar amalga oshirildi: Shaposhnikov va Otaxoʻjayevning turon tillari konsepsiyalari (Shaposhnikov 2005, 117; Otaxoʻjayev 2024, 2–3), tojikistonlik ziyolilarning Turonni turkiylashtirishga qarshi saʼy-harakatlari shu anʼanaga asoslanadi (Abdurahmon 2025, 159–163).
Lekin Sosoniylar davridan boshlab Turon tushunchasi turkiy xalqlar bilan bogʻlab kelingan. Buning sababi – Eronning sharqdagi dushmanlari dastlab eftaliylar, soʻng Turk xoqonligi edi. Turonliklarni turklar bilan tenglashtirish VI asrdagi turk-eron aloqalaridan keyin shakllanib, VII asr boshlariga kelib anʼanada mustahkamlangan boʻlishi mumkin (Yarshater 1984, 570–576). Sosoniylar Eron va Turon ziddiyati haqidagi eski rivoyatlarni oʻz davriga ekstrapolyatsiya qilib, Turonni turklarga nisbat bergani taxmin qilinadi (Yarshater 1984, 570–576; Daryaee 1995, 129–141). Qizigʻi, turklar bu madaniy kategoriyani tezda oʻzlashtirgan: Turon degan kishi nomi islomgacha boʻlgan turk-run manbalarida uchraydi (Bakır 2023, 89). Islom davriga kelib turk manbalarining oʻzi ham (Mahmud Koshgʻariy, Yusuf Xos Hojib kabi) turkiy xalqlar yashaydigan oʻlkalarni Turon deb atay boshlaydi, eroniy eposni turk folklori bilan bogʻlaydi, Turon shohi Afrosiyobni turkiy xoqonlarning ajdodi deb biladi va h.k. (Yarshater 1984, 570–576; Babayar 2018, 26–29). Bu anʼana bugungi kunda Turonni aynan turkiy xalqlar bilan bogʻlashga, yaʼni Turonni turkiy xalqlar tarixining bir qismi sifatida koʻrishga asos boʻlib xizmat qiladi.
Turonni Amudaryoning shimolidagi yerlar bilan bogʻlash ham “Shohnoma” orqali kechki Sosoniy anʼanasiga borib taqaladi: keyingi eroniy epik-tarixiy anʼanada Eron va Turon oʻrtasidagi chegara Amudaryo orqali oʻtadi (Yarshater 2004, 299–307; Bosworth 1990, 169–172). Eronshahr va Turk xoqonligining chegarasi eng qizgʻin kurash pallasida aynan shu daryo orqali oʻtgan. Keyinchalik turk sulolalari bu madaniy anʼanani siyosiy kontekstda ham qoʻllagan. Jumladan, Temur oʻz davlatini Turon deb atagani maʼlum: 1391-yildagi Qarasaqpay bitigida u oʻzini “Turon sultoni Temurbek” deb nomlaydi (Poppe 1940, 185–187). Uning anʼanasini Buxoro xonligi ham davom ettirgan: Buxoro tarixnavislari mamlakatning nomlaridan biri sifatida Turonni keng qoʻllagan (Atwood 2011, 62; Hakimi Parsa 2025, 145–146). Turon toponimi XIX asr Yevropa xaritalarida ham taxminan shu hududda, Turkistonning tarkibida qayd etiladi (Berghaus 1835).
1843-yilda Germaniyada tuzilgan Eron va Turon xaritasi. Manba
Turon Avestodan “Shohnoma”gacha
Yuqoridagi tavsif koʻrsatib turganidek, Turonni turli joʻgʻrofiy chegaralarda, turli madaniy kontekstlarda qoʻllash anʼanalari, avvalo, “Shohnoma” orqali kechki Sosoniylarga borib taqaladi (Eron va Turon haqidagi zamonaviy bilimlarga qoʻshilgan holda, tabiiyki). Lekin Turon tarixining undan ham eskiroq qatlami bor – u eroniy tillardagi eng qadimgi matnlar majmuasi boʻlmish Avestoda uchraydi. Lekin “Shohnoma”ning nufuzi shu qadar kattaki, u Avestodagi realiyalarni soyada qoldiradi. Turonga murojaat qiluvchi mualliflar “Shohnoma” Turoni va Avesta Turoni oʻrtasidagi yaqqol farqlarga eʼtibor qaratmaydi, “Shohnoma” anʼanasini bemalol Avesta davriga ekstrapolyatsiya qiladi. Buning natijasida nafaqat Markaziy Osiyo (oʻzbek, tojik, qozoq) tarixchiliklarida, balki jahon sharqshunosligida, eronshunosligida hamda boshqa yondosh sohalarda bir fikr juda keng tarqalgan. Uni quyidagicha ifodalash mumkin:
Qadimda, Avesta zamonlarida (yaʼni taxminan 3 ming yil muqaddam) eroniy xalqlar ikki guruhga boʻlingan: Amudaryodan janubda yashovchi oʻtroq, zardushtiylik dinini qabul qilgan eroniy xalqlar, Amudaryodan shimolda yashovchi koʻchmanchi, zardushtiylik dinini qabul qilmagan eroniy xalqlar (skiflar va ularga yaqin qabilalar). Avestada birinchi guruh oriylar (eronliklar), ikkinchi guruh esa turlar (turonliklar) deb ataladi.
Koʻplab tajribali va nufuzli olimlar bunday qarashni bemalol, aksioma misol takrorlab keladi; bu qarash konferensiyalarda aytiladi, maqolalarda bayon etiladi. Hatto YuNESKO chop etgan koʻp tomli “History of Central Asian Sivilizations” nomli fundamental ishda ham shu yondashuv aynan takrorlangan (Abetekov & Yusupov 1994, 24–25). Quyida jahon fanida oʻrnashib ketgan bu qarash yanglish ekanini isbotlab berishga harakat qilaman.
Avvalo, Eron va Turon qarama-qarshiligining bizga tanish boʻlgan yaxlit epik-joʻgʻrofiy modeli asosan Sosoniylar davrida shakllanganini, Avestoda esa bu shaklda aks etmaganini taʼkidlab oʻtish kerak. Eron epik anʼanasiga koʻra, Faridunning uch farzandi boʻlgan: Salm, Tur va Eraj. Erajga markaziy yerlar berilgan va u eronliklarga boshlanma bergan; Salmga gʻarbiy yerlar berilgan, u rumliklarga (vizantiyaliklarga) boshlanma bergan; Turga sharqiy yerlar berilgan, u turonliklar va chinlarga boshlanma bergan. Eraj Faridunning sevimli oʻgʻli boʻlgan; Salm va Tur hasad qilib, Erajni oʻldirgan. Faridun buning uchun ularni qargʻagan. Shu bilan Eronning Turon va Rumga qarshi kurashi boshlangan, Erajning avlodi Manuchehr pirovardida bobokalonining qasosini olgan (Shahbazi 2004, 200–202; Yarshater 2004, 299–307).
Bu rivoyatning kechki shakli Sosoniylar davri siyosiy joʻgʻrofiyasi bilan juda yaxshi uygʻunlashadi: VI–VII asrlarda sharqda Turk xoqonligi, gʻarbda esa Vizantiya Eronshahrning asosiy raqiblari edi (Yarshater 1984, 570–576). Sosoniylar davrida Avesto orqali yetib kelgan eski mifologik material oʻz davrining siyosiy joʻgʻrofiyasiga mos ravishda qayta ishlangan, deb taxmin qilish mumkin (Daryaee 1995, 129–141). Bu syujetning ayrim unsurlari Avestoning bizgacha yetib kelmagan qismlaridan boʻlmish “Chihrdod-nask”ning “Denkard”da saqlangan mazmun bayonida ham aks etgan (MacKenzie 1991, 560–561; Shahbazi 2004, 200–202), Sosoniylar davriga kelib esa bu material genealogik va siyosiy jihatdan qayta ishlangan va tizimlashtirilgan.
Avestoda uchta emas, beshta xalq tilga olinadi: airya-, tūirya-, sairima-, sāini- va dāhi. Bu guruhlarning birortasi yalpi dushman yoki qargʻalgan xalq deb taʼriflanmaydi; aksincha, “Farvardin-yasht”da airya-, tūirya-, sairima-, sāinu- va dāhi guruhlaridan chiqqan ashavanlarning (solih erkak va ayollarning) fravashilari (ruhlari) ulugʻlanadi (Gnoli 1993, 227–229). Taxminlarga koʻra, bu besh xalq qoʻshni boʻlgan, zardushtiylik targʻiboti dastlab barchasini qamrab olishga daʼvo qilgan, lekin turli siyosiy ixtiloflar asnosida ayrimlari oʻrtasida raqobat va dushmanlik kelib chiqqan, zardushtiylik esa koʻproq oriylar orasida keng tarqalib, anʼana ularning atrofiga qurila boshlangan.
Bu besh guruhdan faqat bittasi – airya- qaysi tilda gapirganini nisbatan ishonchli taxmin qilish mumkin. Avesto jamiyati va markaziy qahramonlari boʻlmish oriylar katta ehtimol bilan eroniy tilda soʻzlashgan boʻlsa kerak. Qolgan xalqlar boʻyicha turli taxminlarni ilgari surish mumkin: 1) oriylarga qardosh eroniy xalqlar; 2) eroniylarga qardosh, lekin avlod qoldirmagan boshqa hind-eron tillarida gapirgan xalqlar; 3) eroniylargacha bu hududda yashagan nomaʼlum tilli xalqlar. Lekin bu taxminlardan hech birini isbotlab berib boʻlmaydi.
Endi Eraj, Tur va Salm asotiriga qaytsak. Avesto davrida Vizantiya mavjud boʻlmagani oʻz-oʻzidan tushunarli. Lekin bu muqaddas kitobning saqlanib qolgan qismlarida turlar yashagan hudud Amudaryodan shimolda joylashganiga ham hech qanday ishora yoʻq (Gnoli 1987, 44–47). Buni, odatda, olimlar retrospeksiya orqali chiqarishga harakat qiladi: oʻtroq eroniylar janubroqda, koʻchmanchi eroniylar shimolroqda yashagan, demak, oʻsha shimoldagi koʻchmanchilar dushman turlar boʻlgan. Yaʼni “Shohnoma”dagi kechki model asossiz ravishda Avesto davriga koʻchiriladi.
Qizigʻi shundaki, Avestoda:
- birinchidan, Eron va Turon oʻrtasida jiddiy ontologik dushmanlik yoʻq: u yerda turlar qoʻshni xalqlardan biri, ularning orasidan juda koʻp ashavan yetishib chiqqan; zardushtiylikning eng mashhur solihlaridan biri Friyan Yoyshta ham turlardandir (Gnoli 1993, 227–229). Dushmanlik asosan oriy shohlarining (Vishtaspa) tur shohlari (Franhrasyan, yaʼni Afrosiyob) bilan qarama-qarshiligida aks etadi, epik hikoyalarda turlarga qarshi kurash tilga olinadi. Keyinchalik bu azaliy dushmanlik motiviga aylangan boʻlishi mumkin, biroq oriylarning boshqa dushmanlari, masalan, hyaona xalqi vakili Arejataspa tilga olinadi;
- ikkinchidan, oriylarning oʻzi ham oʻtroq dehqon jamiyat sifatida gavdalanmaydi: asosiy boylik sifatida qoʻy-mol suruvlari va yaylovlar tilga olinadi, jamiyat pastoral va oʻta jangovar qilib tasvirlanadi (Boyce 1987, 62–65). Dehqonchilikka targʻib juda kech – Avestoning kechki qismlarida boshlanadi (Boyce 1987, 65–66). Eski qatlam boʻlmish Gatlarda esa oriylar oʻtroq, turlar koʻchmanchi deb qarama-qarshi qoʻyilmaydi (Boyce 1987, 62–65; Gnoli 1993, 227–229). Oʻzi ilk Avesto zamonlarida keyingi davr skif dunyosiga xos klassik otliq koʻchmanchilik hali shakllanib ulgurmagan edi (Boyce 1987, 64–65). Yana bir jihat, arxeologiya va genetika maʼlumotlariga koʻra, Avestoni yaratgan janubdagi eroniy xalqlarning oʻzi ham shimoldan migratsiya qilib, Markaziy Osiyoning janubiy hududlariga joylashib borgan edi (Kuzʼmina 2007,XIII-XIV; Narasimhan et al. 2019, 5–6).
Bir soʻz bilan aytganda, Avestoning eng qadimgi qatlamlarini janubdagi oʻtroq eroniylar va shimoldagi koʻchmanchi eroniylar oʻrtasidagi tayyor binar sxema orqali talqin qilish uchun matnning oʻzi yetarli asos bermaydi. Ular orasida til, madaniyat, xoʻjalik yuritish turi boʻyicha jiddiy tafovut shakllanmagandi, ular hali bunday guruhlarga ajralib ulgurmagan ham edi.
Shunday qilib, Avestoda quyidagicha manzara koʻramiz: beshta qoʻshni xalq mavjud, bu xalqlar orasida oriylar kitobning bosh qahramonlari sifatida gavdalanadi; bu guruhlarning ayrim vakillari dushman, boshqalari esa solih va ijobiy personajlar sifatida namoyon boʻladi, turlar bilan ontologik dushmanlik koʻzga tashlanmaydi. Avestoning qadimgi qatlamlarida oriylar pastoral jamiyat sifatida gavdalanadi, unda chorvachilik va harbiy qadriyatlar muhim oʻrin tutadi, ularning oʻtroq dehqon jamiyati sifatida shimoliy koʻchmanchilar bosqiniga qarshi kurashgani, oʻtroq oriylar va koʻchmanchi turlar oʻrtasidagi chegara Amudaryodan oʻtgani haqida hech qanday maʼlumot yoʻq. Bir soʻz bilan aytganda, “Shohnoma” anʼanasi Avestodagi manzaraga mutlaqo mos kelmaydi va Sosoniylar davridagi siyosiy voqelikni aks ettiradi.
Avesto joʻgʻrofiyasi: “haqiqiy” Turon qayerda edi?
Avesto joʻgʻrofiyasini rekonstruksiya qilishga urinishlar asosan “Videvdat” kitobining shartli ravishda “joʻgʻrofiy doston” deb ataluvchi 1-fragardiga (bobiga) tayanadi. Unda 16 ta mamlakat sanab oʻtiladi (Gnoli 1987, 44–47; Grenet 2005, 29–51). Italyan eronshunosi Gerardo Nyoli, keyinchalik fransuz arxeologi Frans Grene va boshqa olimlar bu roʻyxat va kitobdagi boshqa joʻgʻrofiy maʼlumotlar asosida Avesto olamining ehtimoliy xaritasini tiklashga uringan (Gnoli 1980, 23–57; Grenet 2005, 29–51). Bu rekonstruksiyalar bir-biridan sezilarli farq qiladi. Shunga qaramay, tadqiqotlarda bir qator umumiy tendensiyalar koʻzga tashlanadi:
- Avesto joʻgʻrofiyasi Eron platosining markaziy va gʻarbiy qismlarini qamrab olmaydi; nisbatan ishonchli lokalizatsiya qilinadigan gʻarbiy hududlar asosan Marv–Hirot–Seiston chizigʻidan nariga oʻtmaydi;
- “Videvdat”dagi joʻgʻrofiy roʻyxat Afgʻoniston, Hindukush va unga tutash sharqiy hududlarga katta eʼtibor qaratadi va janubi-sharqda Hapta Hindu – Hind daryolari oʻlkasigacha boradi;
- Avesta epik joʻgʻrofiyasining muhim qismi Afgʻoniston bilan bogʻliq: epik qahramonlar asosan Kobul, Araxoziya va Hindistonga tutash janubi-sharqiy yerlarda harakat qiladi;
- eng muhimi – Avesto umuman shimoliy dasht zonasini bilmaydi.
Nyoli Avesto joʻgʻrofiyasida Hilmand va Seiston hududlariga alohida ahamiyat bergan boʻlsa (Gnoli 1980, 23–57), Grene uning markazini biroz shimolroq va sharqroqqa surib, Afgʻoniston togʻlari, Araxoziya va janubiy Afgʻonistonga koʻproq urgʻu beradi (Grenet 2005, 39–45). Bahslar boʻlsa ham, janubiy lokatsiya shubha uygʻotmaydi.
Hatto Avesto jamiyatining oʻzini qayerga joylashtirish masalasida ham yagona rekonstruksiya mavjud boʻlmagan bir sharoitda oriylarga qoʻshni yoki ular bilan bir qatorda tilga olingan boshqa guruhlarning joʻgʻrofiyasini aniqlash yana-da qiyin. Sairima etnonimi sarmatlar nomi bilan qiyoslanadi (Abaev & Bailey 1985, 803), ammo bu oʻxshashlik tasodifiy ham boʻlishi mumkin. Xuddi shunday, dāhi etnonimi keyingi manbalardagi dahlar bilan etimologik jihatdan yaqin boʻlishi mumkin, biroq ularning aynan bir xalq boʻlgani isbotlangan emas (de Blois 1993, 581). Sāinu xalqining joʻgʻrofiyasi esa umuman noaniqligicha qolmoqda (Bailey 1987, 681–683). Keyingi davrlarga oid etnonimlar va joʻgʻrofiy maʼlumotlarni Avestoga koʻchirish orqali bu xalqlarning ishonchli xaritasini tuzib boʻlmaydi.
Tūirya xalqining joylashuvi ham nomaʼlum. Avestoning oʻzi ularni Amudaryodan shimolga joylashtirmaydi, lekin ularning boshqa bir aniq hududda yashaganini ham koʻrsatmaydi (Gnoli 1987, 44–47; Bailey 1987, 681–683). Shu nuqtada bir qarashda gʻoyat kutilmagan parallelga eʼtibor beraylik.
Avesto joʻgʻrofiy dunyosiga yaqin janubi-sharqiy hududlarda, Bilujistonda tarixan Turon deb atalgan real mintaqa mavjud boʻlgan. U hozirgi Pokistonning Kalat hududi, Bolan dovoni va unga tutash togʻli yerlarda joylashgan (Spooner 1988, 598–599, 615–616; Bosworth 2011). III asrda Shopur I oʻz mulklari orasida Tugrān nomli hududni tilga oladi; tadqiqotchilar uni ana oʻsha Turon bilan taqqoslaydi (Spooner 1988, 615–616). Keyinchalik Turon oʻrta asr islom joʻgʻrofiyasida Makrondan shimoldagi Bilujiston togʻli viloyatining barqaror nomi sifatida uchraydi (Bosworth 2011).
Pokiston Turoni. Manba: The Cambridge History of Iran. Vol. 3, Part 2. Cambridge, 1983.
Albatta, bu maʼlumotlar turlarni aynan Bilujistondagi Turon bilan bogʻlash uchun yetarli emas. Ikki nom oʻrtasida katta xronologik masofa bor; qolaversa, etimologik muammolar ham bor. Shuning uchun Bilujiston Turonini “Avestaning haqiqiy Turoni” deb eʼlon qilish ham Amudaryo ortida “haqiqiy Turon” qidirish kabi shoshma-shosharlik boʻlar edi.
Yana bir diqqatga sazovor parallel hind muqaddas kitoblari – Vedalarda uchraydi. U yerda turvaśa nomli xalq bor. Lekin Vedalarda oriylarning azaliy dushmani sifatida turvasalar emas, dāsa xalqi tilga olinadi; bu nomni Avesto roʻyxatidagi dāhi xalqiga oʻxshatishadi. Yaʼni Markaziy Osiyoda va Hindistonda oriylarda oʻxshash etnonimlar bor, lekin har birida boshqa-boshqa xalqlar dushman sifatida gavdalanadi.
Bu misol yetarli dalil boʻlmasa ham, baʼzi xulosalar qilish imkonini beradi: Avestoda turlarning qayerda yashagani koʻrsatilmagan; III asrda – Amudaryo ortidagi Turon konsepsiyasi shakllanishidan kamida ikki-uch asr muqaddam Turon nomi Avesta joʻgʻrofiy olamiga nisbatan janubi-sharqda real toponim sifatida uchrayapti, yanada qadimiyroq Vedalarda esa oʻxshash etnonim bor. Turonni shimolda joylashtirish uni janubda joylashtirishdan koʻra asosliroqmi? Asosliroq emas, bu shunchaki kechki anʼanaga ortiq darajada ishonish oqibatidir. Aslida tarixiy turlar shimolda, janubda, sharqda yoki Avestoda tilga olingan boshqa guruhlar bilan aralash hududlarda yashagan boʻlishi mumkin. Bizda ularning makonini ishonchli belgilash uchun yetarli maʼlumot yoʻq.
Shu bois “haqiqiy Turon qayerda edi?” degan savolning oʻzi muayyan maʼnoda notoʻgʻri qoʻyilgan. Avestoda keyingi “Shohnoma” anʼanasidagi kabi chegaralari belgilangan Turon mamlakati yoʻq; u yerda tūirya- deb ataluvchi guruh mavjud xolos. Uning yashash hududini Amudaryodan shimoldagi Markaziy Osiyo bilan tenglashtirish ham, Bilujistondagi Turon bilan bogʻlash ham qoʻshimcha rekonstruksiyani talab qiladi. Birinchi talqin tarixshunoslikda ancha keng tarqalgani uni ikkinchisidan ishonchliroq qilmaydi, qolaversa, yuqorida bu keng tarqalgan farazga qarshi koʻplab dalil va mulohaza keltirildi. Mavjud manbalar asosida turlarning “haqiqiy” joʻgʻrofiyasini aniqlash, ehtimol, umuman imkonsizdir.
Shu maʼnoda “Shohnoma”dagi Turon xaritasini Avesto davriga koʻchirish tarixiy faktni tiklash emas, keyingi davrda shakllangan joʻgʻrofiy modelni ancha qadimgi va boshqacha tuzilgan manbaga retrospektiv ravishda tatbiq etish boʻlib qoladi.
Xulosa
Yuqorida bayon etilgan mulohazalarni qisqacha xulosalasak:
Turon soʻzi oʻrta asr manbalarida koʻp uchraydi va koʻpincha uzoq tarix bilan bogʻlanadi. Lekin oʻrta asr manbalarining oʻzidayoq Turon eng qadimgi tarix bilan bogʻliqlikni yoʻqotib, yangicha siyosiy va joʻgʻrofiy maʼno kasb etib boradi. Bu nom siyosiy birlashmalarga, joʻgʻrofiy hududlarga beriladi. Shuningdek, Turonning uzoq oʻtmishi bilan bogʻliq rivoyatlar, epik anʼanalar shakllanadi. Lekin bu anʼana uzoq oʻtmishni toʻliq aks ettirmay, oʻz zamonasiga moslanadi.
XIX–XX asrlarda Turon dastlab yevropalik olimlarning, soʻng turkiy va forsiy tilli jamiyatlar ziyolilarining diqqatini tortadi. Ular yozma manbalar orqali yetib kelgan turli anʼanalardan foydalanib, Turon tushunchasini ilm-fanda, madaniyatda va siyosatda dolzarblashtirishga harakat qiladi. Bugungi kun Markaziy Osiyo davlatlarida ayrimlar Turon mintaqa xalqlarini birlashtiradigan tushuncha deb bilsa, boshqalar, aksincha, uni apropriatsiya qilib, oʻz madaniy merosi sifatida koʻrishga harakat qiladi. Shunday qilib, Turon bir tomondan birlashtiruvchi asotir deb tushunilsa, boshqa tomondan madaniy va tarixiy meros uchun kurashni ham keltirib chiqaradi. Bunda har bir tomon Turon oʻtmishda ishlatilgan kontekstlardan oʻziga qulayini saralab olib, ana oʻshani “tarixiy haqiqat” yoki “boshlangʻich nuqta” hisoblaydi. Aytaylik, turkiy xalqlar ziyolilari Turon soʻzining turkiy xalqlarga bogʻlab ishlatilishini ana shunday nuqta deb hisoblaydi; tojikistonlik va qisman eronlik ziyolilar, aksincha, bu soʻzning eroniy epos bilan bogʻliqligini taʼkidlaydi.
Albatta, oʻtmish narrativlaridan, tarixiy va madaniy tushunchalardan bugungi siyosiy yoki milliy oʻzlikni mustahkamlashda foydalanilishi yangilik emas. Buni mutlaqo salbiy baholab ham boʻlmaydi – har bir xalq oʻz ildizlarini chuqurroq bilishga intiladi. Lekin bu yangi kontekstlarga asos boʻlib xizmat qilayotgan anʼanalardan hech biri mutlaq haqqoniy oʻtmishni aks ettirmasligini unutmaslik kerak. Turon haqidagi narrativlarni boshlab bergan eng eski manba – Avestoga murojaat qilib, u yerdagi turlar Sosoniylar davrida shakllana boshlagan anʼanadan jiddiy farq qilishini koʻrdik. Avesto turlarini na turkiy xalqlarga, na koʻchmanchi sharqiy eroniy xalqlarga bogʻlashga biror jiddiy asos yoʻq. Shunday ekan, Turon konsepsiyasi bugungi kun uchun muhim deb koʻrilar ekan, uning oʻzi ming yillardan buyon mazmunini oʻzgartirib kelganini qabul qilish va uning oʻtmishdagi ayrim talqinlaridan birlashtiruvchi asotir sifatida foydalanish kerak; Turon kimniki, haqiqiy Turon aslida qanaqa boʻlgan, degan bahsli savollarga esa aniq javob yoʻq, shunday ekan, bu masaladagi madaniy meros kurashlari ham samarasizdir.
Eldar ASANOV, PhD
OʻzR FA Antropologiya instituti
Adabiyotlar
1. Abaev, V. I., and H. W. Bailey. “Alans.” Encyclopaedia Iranica. Vol. I, Fasc. 8. 1985. Pp. 801–803.
2. Abetekov, A., and H. Yusupov. “Ancient Iranian Nomads in Western Central Asia.” In History of Civilizations of Central Asia. Vol. II: The Development of Sedentary and Nomadic Civilizations: 700 B.C. to A.D. 250, ed. János Harmatta. Paris: UNESCO Publishing, 1994. Pp. 24–34.
3. al-Ṭabarī. The History of al-Ṭabarī. Vol. V: The Sāsānids, the Byzantines, the Lakhmids, and Yemen. Trans. and annotated by C. E. Bosworth. Albany: State University of New York Press, 1999.
4. Atwood, Christopher P. “Is There Such a Thing as Central/Inner (Eur)Asia and Is Mongolia a Part of It?” In Mapping Mongolia: Situating Mongolia in the World from Geologic Time to the Present, ed. Paula L. W. Sabloff. Philadelphia: University of Pennsylvania Press, 2011. Pp. 60–84. DOI: 10.9783/9781934536315.60.
5. Azamat Ziyo. Tarix haqiqatlari: bizni boshqacha yoʻldan olib ketishga urinishlar boʻlgan [intervyu] // Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi — OʻzA. 2023.
6. Azizov, Ulugbek. “Regional Integration in Central Asia: From Knowing-that to Knowing-how.” Journal of Eurasian Studies. 2017. Vol. 8, no. 2. Pp. 123–135. DOI: 10.1016/j.euras.2017.02.002.
7. Babayar, Gaybullah. “Kutadgu Biligʻte Geçen Türkistan ve Turan Terimleri Üzerine.” Journal of Old Turkic Studies. 2018. Vol. 2, no. 2. Pp. 26–49. DOI: 10.35236/jots.453004.
8. Bakır, Muhammed Mustafa. “Köktürk Harfli Yazıtlarda Görülen Kişi Adları ve Eski Türklerde Adlar Üzerine Bir Bakış.” Türk Dünyası Dil ve Edebiyat Dergisi. 2023. No. 55. Pp. 79–116. DOI: 10.24155/tdk.2023.218.
9. Berghaus, Heinrich K. W. Iran und Turan: Persien, Afghanistan, Biludschistan, Turkestan: eine geographische Skizze. Gotha: Justus Perthes, 1835. Map.
10. Bosworth, C. E. “Central Asia iv. In the Islamic Period up to the Mongols.” Encyclopaedia Iranica. Vol. V, Fasc. 2. 1990. Pp. 169–172.
11. Bosworth, C. E. “Ṭurān.” Encyclopaedia Iranica. Published online 2011; updated 2013.
12. Boyce, Mary. “Avestan People.” Encyclopaedia Iranica. Vol. III, Fasc. 1. 1987. Pp. 62–66.
13. Boyce, Mary. A History of Zoroastrianism. Vol. I: The Early Period. Leiden: Brill, 1975.
14. Chestin, Igor E., Mikhail Yu. Paltsyn, Olga B. Pereladova, Liza V. Iegorova, and James P. Gibbs. “Tiger Re-establishment Potential to Former Caspian Tiger (Panthera tigris virgata) Range in Central Asia.” Biological Conservation. 2017. Vol. 205. Pp. 42–51. DOI: 10.1016/j.biocon.2016.11.014.
15. Christensen, Arthur. Les gestes des rois dans les traditions de lʼIran antique. Paris: Librairie Orientaliste Paul Geuthner, 1936.
16. Christensen, Arthur. Les Kayanides. Copenhagen, 1931.
17. Darmesteter, James. Le Zend-Avesta: Traduction nouvelle avec commentaire historique et philologique. 3 vols. Paris: Ernest Leroux, 1892–1893.
18. Daryaee, Touraj. “National History or Keyanid History? The Nature of Sasanid Zoroastrian Historiography.” Iranian Studies. 1995. Vol. 28, nos. 3–4. Pp. 129–141. DOI: 10.1080/00210869508701832.
19. de Blois, François. “Dahae i. The Name.” Encyclopaedia Iranica. Vol. VI, Fasc. 6. 1993. P. 581.
20. Ferdowsi, Abu al-Qāsem. Šāh-nāma. Ed. Djalal Khaleghi-Motlagh. 8 vols. New York: Bibliotheca Persica, 1987–2008.
21. Geldner, Karl F., ed. Avesta: The Sacred Books of the Parsis. 3 vols. Stuttgart: W. Kohlhammer, 1889–1896.
22. Gershevitch, Ilya. The Avestan Hymn to Mithra. Cambridge: Cambridge University Press, 1959.
23. Gnoli, Gherardo. “Avestan Geography.” Encyclopaedia Iranica. Vol. III, Fasc. 1. 1987. Pp. 44–47.
24. Gnoli, Gherardo. “Conversion i. Of Iranians to the Zoroastrian Faith.” Encyclopaedia Iranica. Vol. VI, Fasc. 3. 1993. Pp. 227–229.
25. Gnoli, Gherardo. The Idea of Iran: An Essay on Its Origin. Serie Orientale Roma 62. Rome: Istituto Italiano per il Medio ed Estremo Oriente, 1989.
26. Gnoli, Gherardo. Zoroasterʼs Time and Homeland: A Study on the Origins of Mazdeism and Related Problems. Naples: Istituto Universitario Orientale, 1980.
27. Gökalp, Ziya. Türkçülüğün Esasları. Ankara: Matbuat ve İstihbarat Matbaası, 1339 [1923].
28. Gökalp, Ziya. Türkleşmek, İslâmlaşmak, Muasırlaşmak. İstanbul: Yeni Mecmua Neşriyatı, 1918.
29. Grenet, Frantz. “An Archaeologistʼs Approach to Avestan Geography.” In Birth of the Persian Empire, ed. Vesta Sarkhosh Curtis and Sarah Stewart. The Idea of Iran, Vol. 1. London–New York: I.B. Tauris, 2005. Pp. 29–51.
30. Hakimi Parsa, Mohammad Amir. “The Imperial Legacy of Nader in Transoxiana (Turan) as Reflected in Early Manghit Chronicles.” Iran: Journal of the British Institute of Persian Studies. 2025. Vol. 63, no. 1. Pp. 145–160. DOI: 10.1080/05786967.2023.2170816.
31. Humbach, Helmut, Josef Elfenbein, and Prods Oktor Skjærvø. The Gāthās of Zarathushtra and the Other Old Avestan Texts. 2 vols. Heidelberg: Carl Winter, 1991.
32. Huyse, Philip. Die dreisprachige Inschrift Šābuhrs I. an der Kaʿba-i Zardušt (ŠKZ). 2 vols. Corpus Inscriptionum Iranicarum, Part III, Vol. I, Texts I. London: School of Oriental and African Studies, 1999.
33. Insler, Stanley. The Gāthās of Zarathustra. Acta Iranica 8. Tehran–Liège–Leiden: E. J. Brill, 1975.
34. Kellens, Jean, and Éric Pirart. Les textes vieil-avestiques. 3 vols. Wiesbaden: Dr. Ludwig Reichert Verlag, 1988–1991.
35. Kowalski, Tadeusz. “Les Turcs dans le Šāh-nāme.” Rocznik Orientalistyczny. Vol. 15. 1949. Pp. 84–99.
36. Kuzʼmina, Elena E. The Origin of the Indo-Iranians. Ed. J. P. Mallory. Leiden: Brill, 2007.
37. Leerssen, Joep. Charismatic Nations: A Cultural History of Nationalism in Europe from 1800 to the Present. Cambridge: Cambridge University Press, 2026. Особенно Chapter 6, “Languages, States, Races,” pp. 133–157. DOI: 10.1017/9781009667142.
38. Levent, Sinan. “Common Asianist Intellectual History in Turkey and Japan: Turanism.” Central Asian Survey. 2016. Vol. 35, no. 1. Pp. 121–135. DOI: 10.1080/02634937.2015.1062601.
39. Lioubimtseva, Elena, Roy Cole, Jonathan M. Adams, and G. Kapustin. “Impacts of Climate and Land-Cover Changes in Arid Lands of Central Asia.” Journal of Arid Environments. 2005. Vol. 62, no. 2. Pp. 285–308. DOI: 10.1016/j.jaridenv.2004.11.005.
40. Lipták, Pál. “On the Taxonomic Method in Palaeoanthropology (Historical Anthropology).” Acta Biologica. 1965. Vol. 11, nos. 1–4. Pp. 169–183.
41. MacKenzie, D. N. “Čihrdād Nask.” Encyclopaedia Iranica. Vol. V, Fasc. 5. 1991. Pp. 560–561.
42. Maḥmūd al-Kāšḡarī. Compendium of the Turkic Dialects (Dīwān Luγāt at-Turk). Ed. and trans. Robert Dankoff with James Kelly. 3 vols. Cambridge, MA, 1982–1985.
43. Müller, F. Max. Letters to Chevalier Bunsen on the Classification of the Turanian Languages. London: A. & G. A. Spottiswoode, 1854.
44. Narasimhan, Vagheesh M., et al. “The Formation of Human Populations in South and Central Asia.” Science. 2019. Vol. 365, no. 6457. eaat7487. DOI: 10.1126/science.aat7487.
45. Relethford, John H. “Race and Global Patterns of Phenotypic Variation.” American Journal of Physical Anthropology. 2009. Vol. 139, no. 1. Pp. 16–22. DOI: 10.1002/ajpa.20900.
46. Shahbazi, A. Shapur. “Iraj.” Encyclopaedia Iranica. Vol. XIII, Fasc. 2. 2004. Pp. 200–202.
47. Skjærvø, Prods Oktor. “Iran vi. Iranian Languages and Scripts (2): Documentation.” Encyclopaedia Iranica. Vol. XIII, Fasc. 4. 2006. Pp. 348–366.
48. Spooner, Brian. “Baluchistan i. Geography, History and Ethnography.” Encyclopaedia Iranica. Vol. III, Fasc. 6. 1988.
49. Tokluoğlu, Ceylan. “Ziya Gökalp: Turancılıktan Türkçülüğe.” Atatürk Araştırma Merkezi Dergisi. 2012. Vol. XXVIII, no. 84. Pp. 104–143.
50. Usmonova, N. Oʻzbek va qozoq tarixchilarining birinchi ilmiy yigʻini // Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi — OʻzA. 2 November 2025.
51. Yarshater, Ehsan. “Afrāsīāb.” Encyclopaedia Iranica. Vol. I, Fasc. 6. 1984. Pp. 570–576.
52. Yarshater, Ehsan. “Iran iii. Traditional History.” Encyclopaedia Iranica. Vol. XIII, Fasc. 3. 2004. Pp. 299–307.
53. Yusuf Has Hâcib. Kutadgu Bilig I: Metin. Ed. Reşid Rahmeti Arat. İstanbul: Millî Eğitim Basımevi, 1947.
54. Yusuf Has Hâcib. Kutadgu Bilig II: Tercüme. Trans. Reşid Rahmeti Arat. Ankara: Türk Tarih Kurumu, 1959.
55. Ізтілеуова, Дана. Сауытбек Абдрахманов: «Қазақстан өзінің жақсы атын қайтарып ала алды» // Turkystan. 20 October 2022.
56. Камол, Хамза. Туран // Институт истории, археологии и этнографии им. А. Дониша Национальной академии наук Таджикистана. Электронный ресурс.
57. Мусабек, Ерсін. Тұтас Тұранның тұғыры // Ortalyq Qazaqstan. 16 November 2021.
58. Мухаммад Абдурахмон. Туран — это не Туркестан: основные гипотезы и теории (опыт историко-политического анализа) // Вестник Таджикского национального университета. Серия социально-экономических и общественных наук. 2025. № 1. С. 159–163.
59. Отахўжаев А. Турон халқларининг қадимги тиллари хусусида мулоҳазалар // ЎзА илм-фан бўлими электрон журнали. 2024. № 6 (56). С. 3–12.
60. Поппе Н. Н. Карасакпайская надпись Тимура // Труды Отдела Востока Государственного Эрмитажа. Т. II. Л., 1940. С. 185–187.
61. Тӯроннома / Туран-наме / Turan-Name: Scientific Research Quarterly. International Research Institute for Tajik Studies. Sweden. ISSN 2003-9247.
62. Шакула Г. В., Шакула Ф. В. Дикие кошки заповедника Аксу-Жабаглы // Природа Внутренней Азии / Nature of Inner Asia. 2023. № 1 (23). С. 98–111. DOI: 10.18101/2542-0623-2023-1-98-111.
63. Шапошников А. К. Древнейшая ономастика Таврического полуострова. 1. Сурожская земля // Вопросы ономастики. 2005. № 2. С. 111–125.
64. Шапошников А. К. Сарматские и туранские языковые реликты Северного Причерноморья // Этимология. 2003–2005 / отв. ред. Ж. Ж. Варбот. М.: Наука, 2007. С. 255–322.