Shoira Oydinniso mutolaa qiladi.

Tushkunlik chohidan – umid zinasiga

Jaloliddin Rumiy. Maʼnaviy masnaviy. Odil Ikrom tarjimasi. Toshkent, “Oydin” nashriyoti, 2022.

Men umrimni ikki qismga ajrataman: “Maʼnaviy masnaviy”ni oʻqigunga qadar va uni oʻqigandan keyingi hayotim. Chunki bu asar qalban yangi bir insonni yaratdi. Yangiki, ilgari moddiyat toʻrlari ichra tipirchilagan ruh mutolaadan soʻng asliy olamini topgandek boʻldi.

“Masnaviy” botinimdagi buyuk bir yolgʻizlikning, tushkunlikning mohiyatini ochib, qalbimni muntazam oʻrtagan mumtoz sogʻinchning ismini topib berdi. Nima uchun bu moddiy dunyo meni toʻliq qoniqtirmaydi? Nega ichim oʻz-oʻzidan huvillab, nimanidir qoʻmsayveraman? Ruhim nega hamisha yuksaklikka, cheksizlikka talpinadi? Muhtasham asar shularning barini tushuntirdi. Ruhning vataniy sogʻinchi, nayning oʻz qamishzorini qoʻmsab nola-figʻon qilishi ekan bu! Ilk baytlarida qulogʻimga chalingan nay navosi shunchaki kuy emas, ingrayotgan oʻzligim ekaniga iymon keltirdim:

Tingla, bul nay ne shikoyat aylagay,

Ayriliqlardin hikoyat aylagay.

Men ham oʻsha nay kabi qamishzorimdan – ruhoniy manbadan uzilgan gʻarib musofir ekanimni his etdim. Ilgari faqat rang va shakllarni koʻrgan koʻzlarim endi maʼno va mohiyatni izlay boshladi.

Kuylamogʻi uchun nayning ichi boʻsh boʻlishi kerak. Qursogʻi toʻla boʻlganlardan ham ilohiy navo taralmaydi. Men endi dunyo chiqindilari – nafs, kibr, oʻtkinchi tashvishlardan ozod, Haq nafasi bemalol oqib oʻtadigan “nay” boʻlmakka bel bogʻladim.

“Masnaviy” xira tortgan qalbim koʻzlariga koʻzoynak boʻlib taqildi. Zulmatda filni paypaslab, uni ustun yoki yelpigʻich deb taxmin etgan kimsalarnikiga monand tor tasavvurimni kengaytirib, botinimdagi koʻrlikni davoladi. Mavlono qoʻlimga ishq shamini tutqazgachgina borliqni va Yaratganni anglash uchun paypaslash emas, nur kerakligini angladim. Ilgari hayotni faqat barmoqlarim bilan tuygan, uning cheksiz mohiyatini faqat hissiyot ila oʻlchagan ekanman. Bu nur endigina ochilgan koʻzlarimga Xoliqi Olam menda yashirgan buyuk sirlarni – vafoni va ilohiy qudratni shoyon koʻrsatdi. Oʻsha sham boʻlmaganida, men hamon hayotning birgina “oyogʻi”ni ushlab, uning butun borligʻi haqida yanglish xulosalar chiqarib yurgan boʻlar edim.

Dunyo tashvishlari, ayriliq ogʻriqlari, ruhiy charchoqlar ezgan mahalda “Masnaviy” hoziq tabib kabi yordamga keldi. Mavlono aytganidek, “Ishq barcha xastaliklarimizning tabibidir”. Bu kitobni oʻqish – tushkunlik chohidan umid pillapoyalari orqali yuqoriga koʻtarilmoqdir. Undan men nafrat oʻrniga mehr, kibr oʻrniga tavoze topdim. U, taʼbir joiz boʻlsa, meni ishq ila qayta yaratdi: Shod boʻl, ey ishqi xushsavdoyimiz, // Barcha illatga tabib Maʼvoyimiz. “Masnaviy” shunchaki loydan yasalgan jasad emasligim, balki Yaratganning nafasidan ruh ato etilgan, koinot sirlari yashirilgan muazzam olam ekanimni anglatdi. Oʻzim bir tomchi suvman-u, ammo qalbimga ummon jo ekanini his ettirdi. Men oro berib yuradigan jism – ruhim kiyib yurgan anchayin libos ekani, kun kelib tuproqqa doʻnishi, loy ichida oʻzini bandi sezguvchi ruhim esa boqiylikka talpinishini tushuntirdi.

Har baytida ham dunyoviy, ham ilohiy maʼno mujassam boʻlmish “Masnaviy” meni botinimdagi Firʼavn bilan tanishtirdi. Eng katta dushman tashqarida emas, ichimda ekanini shipshidi. Uning hikoyatu hikmatlarini shamshir etib, Muso (a.s.) yanglig‘ oʻshal Firʼavnga qarshi kurashmakka jazm etdim. Chin ozodlikka erishmoqning eng maqbul yoʻlini topdim. Hazrat Ali va dushman haqidagi hikoyat butun dunyoqarashimni ostin-ustun qilib yubordi. Qirq kecha-kunduz eʼtiqod uchun jang qilgan Ali (r.a.) gʻanimni yiqitib, boʻyniga qilich tiraganida, magʻlub kimsa uning yuziga tupuradi. Shu lahza insoniy nafs gʻazabga minishi, qasos oʻtida yonishi tabiiy edi. Biroq Hazrat Ali kutilmaganda qilichini tushirib dediki: “Men shu lahzagacha Olloh uchun jang qilayotgan edim, yuzimga tupurganingdan soʻng ichimda senga nisbatan shaxsiy adovat uygʻondi. Agar seni hozir oʻldirsam, eʼtiqodim uchun emas, nafsim va xusumatim uchun oʻldirgan boʻlaman”. Bu – ixlosning eng yuksak choʻqqisidir.


Bugungi dunyoda qilichlar yoʻq, ammo tillar qilichga, soʻzlar zaharga aylangan. Mavlono “soʻz jangi”da ham Hazrat Ali kabi nafsimizni yengib, adovatni muhabbatga aylantirmoqqa undaydi. Koʻpincha “adolat izlayapman”, “haqiqatni aytyapman” degan niqob ostida shaxsiy adovat, gina-kuduratimizni yuzaga chiqaramiz. Ibrat-u hikmatga yoʻgʻrilgan hikoyat har ishda nigohni qalbga qaratishni, oʻzimizdan “Men buni kim uchun qilyapman?” deb soʻrashni oʻrgatadi. Jonini saqlab qolish orqali dushmanning qalbini zabt etgan Ali (r.a.) magʻlubiyati – aslida maʼnaviy gʻalabadir. Kofirning i
ymonga kelishiga qilichning oʻtkirligi emas, balki ul zotning nafsini jilovlagan ichki qudrat sabab boʻldi. “Masnaviy” bu hikoyat orqali menga agar shaxsiy manfaat yoki nafs aralashsa, har ne kori xayr oʻz qiymatini yoʻqotishidan saboq berdi. Oʻzimdan bot-bot soʻraydigan boʻldim: “Qaysi amalimda shaxsiy manfaat yoʻq? Qaysi soʻzim nafs istagidan xoli?”

Inson tabiatan baxillikka moyil, chunki nafs doimo “Oʻzingga yetmaydi” deb vahima qiladi. Saxovat esa nafsning shu qoʻrquvini, qutqusini yengmoqdir.


“Masnaviy” menga qoʻrquvni yengishni, saxovatli boʻlmoq-chun avvalo moddiyatga
bogʻliqlikdan ozod boʻlishni, mol-dunyo insonning qalbida emas, qoʻlida boʻlishi kerakligini anglatdi.

Koʻzaga dengizni quygan choqda ham,

Boʻlgusi kunlik nasibang unda jam.

Mavlono saxovatni tubsiz ummonga oʻxshatadi. Agar inson oʻzini ilohiy ummonga bogʻlasa, bergani bilan kamayib qolmaydi. Idishdagi suv ishlatilsa tugaydi, ammo idish ariqqa, ariq esa dengizga ulangan boʻlsa, u tuganmasdir. Saxovat – insonning oʻz maʼnaviy bulogʻini ilohiy xazinaga bogʻlashi. Mavlono xoh maʼnaviy, xoh moddiy – boylik ehson qilingani sari koʻpayishining siri mana shunda ekanini anglatdi. Shu asno Koʻnyoda tomosha qilib, bagʻoyat taʼsirlanganimiz – Mavlono izdoshlari ijro etgan samo’ raqsi yodimga tushdi: darveshning bir qoʻli yuksakka – Haqqa, ikkinchisi esa pastga – xalqqa qaratilgan edi. Bu harakat “Ollohdan olamiz va Uni deb xalqqa beramiz, oʻzimizda hech narsani saqlab qolmaymiz” degan maʼnoni anglatadi. “Masnaviy” mening qalbimga olguvchi emas, berguvchi qoʻl boʻlish ishtiyoqini soldi.

Yana, oʻzimga ravo koʻrmagan narsani oʻzgalarga ham ravo koʻrmaslikni uqtirdi. Mavlono oʻgitlari shunchaki kitob javonida turadigan, ehtirom bilan varaqlanadigan matn emas, balki har bir qadamimda, hatto farzandim bilan qiladigan muloqotimda ham yoʻl koʻrsatuvchi rohbonga aylandi. Bir kuni oʻgʻlim “Oyi, telefoningiz eskiribdi, yaqinda ishlamay qoladi, tezroq sotib yuboring” dedi. Buni shunchaki “bozor mantigʻi” deb qabul qilishim mumkin edi, ammo endi kamina “Masnaviy” qayta yaratgan odamman, axir. Oʻgʻlimga bu shunchaki savdo emas, balki vijdon va mohiyat masalasi ekanini Mavlono hikoyati orqali tushuntirdim. Dedimki: “Musoni (a.s.) holi-joniga qoʻymay hayvonlar tilini oʻrgangan oʻsha kimsani esla. U oʻz qilgʻiligʻidan mamnun boʻlib, oʻladigan moli, oti va qulini bozorga chiqarib sotdi. Oʻziga ravo koʻrmagan zavol va oʻlimni boshqaga pullab, foyda koʻrdim, deb quvondi. U mol-davlatiga kelayotgan baloni oʻzganing boʻyniga ilmoqchi boʻlgan edi, oxiri oʻsha balo joniga yopishdi. Buni bilib qolib, dod-faryod koʻtardi. Endi nima qilsin? Bozorga chiqarib oʻzini sotsinmi? Afsuski, kech edi, soʻnggi pushaymonga chora yoʻq edi...” Oʻgʻlim buni eshitib, biroz sukutga toldi. Nigohlarida pushaymonlik emas, anglash nuri yiltiradi: “Oyi, bu ishing xato, deganingizda tushunmasligim mumkin edi, ammo bu hikoyat menga hayotning asl mohiyatini anglatdi” dedi u. Shu lahzada yana bir bor iqror boʻldim: Mavlononing soʻzi – asrlar osha kelayotgan javobsiz savollarning kaliti. U bizga Inson boʻlmoqdan dars oʻtadigan tirik murabbiydir. “Masnaviy” menga “koʻringanim kabi boʻlish”ni oʻrgatdi. Murakkab falsafiy istilohlar bilan emas, yoʻq, har qanday odam tushunadigan oddiy tilda: goh Qurʼoni karimga, goh hadislarga ishora qilib; goh matallar yordamida, hatto goho qoʻpolroq oʻxshatishlar bilan. Ikkiyuzlamachilik avj olgan dunyoda u meni samimiyatga chorladi. Soxtalikdan uzoqlashtirdi. Yuksak ilohiy haqiqatlar oddiy timsollar orqali tushuntirilgan, Mavlonogagina xos boʻlgan jasorat bilan yozilgan asarni oʻqir ekanman, ichimda yangi inson uygʻonayotgani, tilim va dilim birlashayotganini his qilaman.

Aqlni lol qoldirib, qalbni soʻzlatguvchi “Masnaviy”ni oʻqigandan keyingi hayotimda men sukunatning tilini topdim. Ilgari soʻzlarim koʻp-u, maʼnolarim kam edi. Endi “Soʻzni oz ayt, maʼnosini yurakka joyla” degan oʻgitga rioya qilaman. “Masnaviy” meni yuzadagi koʻpiklar bilan olishishdan toʻxtatib, dengizning vazmin va sirli sukunatiga gʻarq qildi. Bu sukunat – tilsizlik emas, balki ruhning Haq bilan toʻyingan lahzasidir. Angladimki, toʻlqinlar va koʻpiklar – faqat shovqin, haqiqiy boylik va sokinlik – ummon tubida ekan.

Ilgari suv ustidagi koʻpikka mahliyo boʻlib vaqt yoʻqotgan boʻlsam, endi dengiz tubidagi durni izlayman. “Masnaviy” tiriltirguvchi nafas boʻldi. Mavlono bergan sham qoʻlimda ekan, hech qachon zulmatda qolmasligimga ishonaman.

Isyon va taskin

Nazar Eshonqul. Saylanma. Toshkent, “Akademnashr”, 2022.

Men bugun fikrsizlik, lanjlik, loqaydlik qamrab olgan vujudim, tobora qotib borayotgan qalbim, koʻpdan buyon yosh koʻrmagan koʻzlarim haqida qaygʻurayotirman. Bu darddan, qalbimdagi odamsizlikdan qutqarguvchi, uygʻotguvchi, yigʻlatguvchi nedir bormi? Ibodatmi, muhabbatmi? Mudroq qalbga bul ikkisi sigʻarmikan – ularni faqat bedor qalblar taniydilar-ku... Yana mutolaadan madad istayman, sevimli adibim Nazar Eshonqulga yuzlanaman.

“Saylanma”ni oʻqir ekanman, unga suyanib oʻzimni oʻnglab olaman. “Urush odamlari”... Eridan qora xat kelgach, bolasini oʻlim ofatidan saqlamoq uchun nomusini sotgan, tanmahrami kutilmaganda tirik qaytgan-u koʻngillardan quvgʻindi boʻlib otib tashlangan Anziratning holiga achinib yigʻlayman. Ham jisman, ham ruhan umrbod majruh boʻlib qolgan, nomusga chiday olmay sevgan yorining ham, oʻzining ham joniga qasd qilib, jasadi boʻrilarga yem boʻlgan Normatga koʻzyosh toʻkaman. Yetim qolgan bolalar, oʻgʻillaridan ayrilgan onalar, beva qolgan kelinlar, hayoti algʻov-dalgʻov boʻlgan urush odamlariga kuyib yonaman. Anglaymanki, boshlangan urush tugamaydi, odamlar yuragida, qismatida umrbod davom etadi! Dafʼatan “Ochilmagan eshik”ka duch kelaman va beixtiyor “Seni sevaman, oʻlim!” deya hayqirgim keladi. Dunyoda sevganining koʻngil eshigini qoqayotgan ayoldan muhtojroq odam boʻlmasa kerak. Xoʻsh, eshik ochilmasa nima boʻladi?

Hikoyani oʻqib, biz insonlar oʻlimga nisbatan nohaqlik qilishimizni his etaman: nima uchun mamotni yomon koʻramiz? Bizni hayotning turfa nayranglari, sinovlaridan qutqargani uchunmi? Ogʻir lahzalarda najot qalqoni boʻlib, borligini eslatib turgani sababmi? Yo bizni Yaratganning diydoriga yetkazguvchi boʻlgani boismi? Nega oʻlimdan qoʻrqamiz va bizni har koʻyga solguvchi hayotni sevaveramiz, uning noz-u ishvalariga aldanaveramiz, uni himoya qilmoq uchun har narsaga tayyormiz?

Ramzlar asosiga qurilgan asarlar gʻamgin qoʻshiq boʻlib qalbimga oqib kiradi. Isyon qilaman, taskin topaman... Odamning yutuq deb qabul qilgan fojialaridan, quvonch deb koʻz-koʻz etgan gʻamlaridan, odamiylik deb tan olingan koʻz ilgʻamas yovuzliklaridan, yana men ifodalab berolmaydigan juda koʻp hasratlardan naql etadi bu qoʻshiqlar. “Zanjirband”da kishanlangan eng ozod odamni koʻraman va ozodlikda yurgan insoniyatning zanjirband ekanini tushunib yetaman. “Ozod qushlar” biz moʻjiza kutib yashaydigan bu hayotning qadriga yetmaganimiz har daqiqasi asl moʻjiza ekanini anglatadi. “Ajr” ham oʻsha istibdod, xudosizlik, shaxsga sigʻinish davridan soʻylaydi. Yo mazmunni anglash, yo anglab yetganimga ishonch hosil qilish ishtiyoqi; yo lirik ohang, goʻzal tashbehlar, yoniq qalb dukuri meni unga tortaveradi. Balandroq kursini egallash uchun begunoh qishloqdoshlarini sotgan, toʻgʻanoq boʻlmasin deb otasini qoyadan itarib yuborgan, koʻzi ojiz qizning nomusiga tegib, ul baxtiqaroning chavaqlanishiga sababchi boʻlgan amaldor...

“Goʻroʻgʻli” – istibdod tuzumi haqida bir soʻz demay turib oʻsha davr zulmlaridan, fojialaridan soʻzlaydigan ijtimoiy yukli asar. Odam oʻlik, hujjatlar tirik. Hujjat gapirayotgan vaqtda odamning gapirishga nima haqi bor? Hujjat seni murda deb aytdi, tirikliging murda emasligingni isbot eta olarmidi? Idorama-idora yugurganingda maʼni bormi? Hujjat adashgan boʻlsa ham, hamisha haqdir. Uning buyrugʻiga boʻysunishga, murdaga aylanishga, oʻz janozangni tomosha qilib, oʻliging ustida oʻtirib yigʻlashga majbursan! “Tun panjaralari” va “Qora kitob” ham vijdonni soʻroqqa tutguvchi, oʻquvchini azoblab, azobdan huzur tuydirguvchi mungli qoʻshiqlardir. Javobsiz savollarim qayta tiriladi, oʻsha – bir vaqtlar meni muttasil qiynagan, qiynoqlari hayotim mazmuniga aylangan, baribir javobi yoʻqligini anglab yetgach, qalbimning pinhon yeriga koʻmib qoʻygan savollarim...

Bir zamon dunyoni oʻzgartirish haqida bosh qotirgan boʻlsam, endi oʻzim haqimda oʻylayman. Oʻzgalarni soʻroqqa tutgan bu koʻzlarim endi botinga oʻgirilib, oʻzimni soʻroqqa tutadi. Yozuvchi qahramonlariga qoʻshilib oʻz mohiyatim haqida oʻylayman. Oʻzimni taftish qilaman, tanqid qilaman. Odatda, badiiy asarni oddiy kitobxon boʻlib oʻqiy olmayman. Nigohim matndagi takrorlarga, gʻalizliklarga, harfiy xatolarga beixtiyor turtinib ketadi. Ammo bu kitobga kelganda muharrirligimni unutaman. U yangicha ifoda ortidan quvib, sunʼiylashib ketgan ayrim moderncha kitoblardan butkul farq qiladi. Ham ohorli, ham zalvarli, ham quyma, ham tabiiy. Shu boismi, yo ruhiy tahlil chuqurligidanmi, ayrim dagʻallig-u takrorlar ham sirli bezakday, har qanday tahrir ularning ziynatini buzib qoʻyadiganday tuyuladi. Chamanzordagi batartib gullarning emas, togʻdagi yovvoyi oʻsimliklarning tabiiy goʻzalligini eslatadi ular.

“Saylanma”ni oʻqir ekanman, bu daryoda goh baliqday suzsam, goh toʻlqinlar bosimi ostida nafasim qaytadi. Ehtimol, shoir, olim, faylasuf, ruhshunoslikni birlashtirgan yozuvchi tafakkuri bilan boʻylashmoqqa quvvatim yetmaganidandir? Ehtimol, adibning oʻziga, qahramonlariga qoʻygan talablari oʻquvchiga ham daxldordek koʻringani uchundir? Ehtimol, turli timsollar ila yolgʻizlikka mahkum inson qismatini yodga solganidandir?.. Shu asno ingliz adibi Jon Raskinning gapi esimga tushadi: “Kitoblarni ikki guruhga ajratish mumkin: kun kitobi va barcha kunlarning kitobi”. Ichdan eʼtirof etaman: oʻqiganim – barcha kunlarning kitobidir.

Sen mening...

Abduvali Qutbiddin. Bor. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2011.

Bugun Sizni kuzatish uchun jamoat yigʻildi. Chorasi yoʻq axir kuzatmaslikning. Qoʻllarida koʻtarib olib bordilar, qizgʻanibgina tuproqqa berdilar va qalblariga joylab, olib qaytdilar...

Paygʻomlar yoʻlladim, uygʻon, hilolim,

Junun oqshomlari ochdi jamolin,

Poyalar uribman domingga sening,

Sen mening,

Sen mening,

Sen mening.

Sen mening! Oʻzimniki qilib olganman bu sheʼrlarni va shoirni. Dugonam Dilrabo bir vaqtlar qayerdandir topib kelgan muqovasiz, titilib ketgan “Xayol kechasi”ni oʻzlashtirib oldim va Sizni oʻzimniki qilib yurdim. Tanib ulgurganim Abdulla Orif, Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, Usmon Azim kabi Siz ham meniki boʻldingiz. Axir, mening qalb qoʻshiqlarim bor edi oʻsha kitobchada.