Savollarga pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy YOʻLDOSH javob berdi.
– Ustoz, avvalo maʼnaviyat tushunchasiga loʻnda izoh bersangiz...
– Qisqa qilib aytganda, maʼnaviyat odamda ezgu odamiylik sifatlari borligini koʻrsatuvchi tushuncha. Maʼnaviyatga ega odam oʻziga munosib koʻrgan narsani birovga ham munosib koʻradigan, oʻziga munosib koʻrmaganni oʻzgaga ham loyiq koʻrmaydigan xislatlarga ega boʻladi. Shunday sifatlarga ega odamlari koʻproq boʻlgan jamiyatda odamlar bir-biriga madadkor boʻlsa, maʼnaviyatli kimsalar kamchilik jamiyatlarda odamlar bir-biriga yov boʻladi.
– Siz tumanda yoki davlatning boshqa biror idorasida maʼnaviyat targʻibotchisi lavozimida ishlasangiz qanday uslubni yoʻlga qoʻygan boʻlardingiz? Umuman, maʼnaviyat vakilini qanday tasavvur qilasiz?
– Afsuski, men biror tashkilotdagi maʼnaviyat targʻibotchisining funksional vazifasi nimalardan iborat boʻlishi kerakligini aniq bilmayman. Lekin oʻzbekning bir oydini sifatida oʻzimni qay darajadadir maʼnaviyatchi deb bilaman. Negaki, Ollohning marhamati bilan odam boʻlib yaratilgan har bir kishi odamga munosib yashashga urinishi kerak deb hisoblayman. Shundan kelib chiqadigan boʻlsak, maʼnaviyat targʻibotchisi birinchi navbatda oʻzining vazifasi koʻlamidagi odamlarni yaxshi bilib olishga urinishi, ularni odamda insoniylik sifatlarini shakllantirishga xizmat qiladigan badiiy asarlarga yaqinlashtirishga harakat qilishi kerak. Shuningdek, odamiyligi, axloqiy qiyofasi, amaliy tutumlari bilan oʻzgalarga namuna boʻladigan shaxslar bilan uchrashuvlar tashkil qilib, ochiq suhbatlar uyushtirish maqsadga muvofiq boʻlardi.
Maʼnaviyat vakili oʻziga oʻxshagan boʻlishi kerak. Yaʼni, odamlarga ezgu insoniy sifatlar yigʻindisi boʻlmish maʼnaviyat toʻgʻrisida soʻzlashga har jihatdan haqli boʻlishi zarur.
– “Xalqimizning juda boy maʼnaviy merosi bor”. Bu gapni doim ishlatamiz. Bu chin gap aslida. Ammo bu meros asli nimalardan iborat, uni bugun qanday istifoda etayapmiz? Bu jarayondan qoniqasizmi?
– Oʻzbek millatining boy maʼnaviy merosga egaligi chin. Bu meros birinchi navbatda xalqimizning yaxshilik va yomonlik borasidagi tasavvurlari, toʻxtamlari va turmush tarzida namoyon boʻladi. Ilmda xalq pedagogikasi degan tushuncha bor. Bu pedagogikaning muallifi nomaʼlum, talablari ham qogʻozga yozib qoʻyilmagan. Lekin unga amal qilish millat ahli uchun majburiy. Yoshi kattalarni hurmat qilish, ayollarga koʻmak berish, atrofdagilarga malol keladigan tutumlardan tiyilish, koʻpchilikdan ajralib qolmaslikka urinish singari jihatlar aynan xalq pedagogikasi talablari natijasida paydo boʻladigan ezgu maʼnaviy sifatlardir.
Oʻzbekning necha asrlik ogʻzaki va yozma adabiyotida ham koʻplab ana shunday ezgu maʼnaviy sifatlar aks ettirilgan. Birgina “Alpomish” dostonidagi or, “Farhod va Shirin”dagi insonsevarlik va joʻmardlik, “Boburnoma”dagi mardonalik va jasorat, “Oʻtkan kunlar”dagi baland ichki madaniyat, “Sen yetim emassan”dagi mehribonlik, “Oʻzbekiston” va “Oʻzbegim”dagi gʻurur va iftixor singari yuksak tuygʻular milliy merosimizning koʻlami darajasini bildiradi. Bunday boyliklarimizning sanogʻiga yetib boʻlmaydi.
Gap bu son-u sanoqsiz boylikdan bugun qanday foydalanayotganimiz borasida ketganda esa, afsuski, maqtanolmaymiz. Milliy qadriyatlarga parvosizlik va loqaydlik, oʻtkinchi begona qadriyatlarga koʻr-koʻrona ergashish ommaviy tus oldi. Oʻtmishdagi asl milliy-maʼnaviy meros ustiga qurilmagan axloqiy qarashlar omonat boʻladi. Omonat maʼnaviyat egalarining esa tafakkuri ham, tuygʻulari ham qoliplar ichida va taqlidga moyil boʻladi. Tutumlari taqlidga qurilgan qoʻgʻam (jamiyat)dan kashfiyotchi qulovuzlar chiqmaydi.
Bizda maʼnaviyat borasidagi ishlar bir necha oʻn yilliklar davomida tadbir oʻtkazish bilan almashtirib kelinganga oʻxshardi. Chinakam maʼnaviy muloqotlar yoʻlga qoʻyilishi kerak. Shu boisdan bu kechimdan qoniqdim deyolmayman.
– Xalqimiz sizni avvalo katta olim, zukko, el dardini oʻziniki deb bilgan ziyoli deb biladi. Adabiyotshunos olimning bitganlari, aytganlari esa barcha uchun, jumladan, maʼnaviyat xodimi uchun ham zaxira, quvvat manbai. Demak, olim ham birinchi oʻrindagi maʼnaviyatchi ekan-da...
– Men oʻzimni maʼlum maʼnoda maʼnaviyatchi deb bilishimga suhbatimiz boshida toʻxtaldim shekilli. Ilm shunday narsaki, uni qidirib topgan odamlar uchun bor, izlamaganlar uchun esa yoʻq. Demoqchimanki, biror oydinning aytganlari va yozganlariga qiziqib, oʻzlashtirib, amal qilganlar uchun bir darajada foyda bordir. Ammo yozganlaringni oʻqimaydigan, aytganlaringni eshitmaydigan yoki eshitib amal qilmaydiganlar uchun bunday oydinning qarashlari yoʻq hisobi.
Shunga qaramay, millatning har bir oydini bitganlari, aytganlari va tutumlari bilan oʻzini maʼnaviyatchi hisoblashi shart. Chunki unga millatning ilgʻor vakili sifatida qaraladi. Oydin shaxs dunyo ayvonida faqat oʻzi yoki oilasining emas, balki butun etnosning vakili sanaladi.
– Milliy gʻurur tushunchasini bugun ayrimlar kibr bilan adashtirayotganga oʻxshaydi. Inson uchun oʻzidan, oʻzligidan gʻururlanish aslida fazilat emasmi?
– Aytganingizdek, oʻzini, oʻzligini tanish va undan gʻururlanish – juda fazilat boʻlmasa ham barchada boʻlishi kerak boʻlgan sifatdir. Bizning millat ahlida aynan shu sifat kamayib borayotgani achinarli va xatarli. Buning achinarli jihati: milliy gʻururi yoʻq kimsa oʻzini hurmatga loyiq boʻlmagan odam, millatini esa ikkinchi darajali etnos hisoblaydi. Xatarli tomoni: bugungi globallashuv sharoitida oʻzga etnoslarda millat toʻgʻrisida notoʻgʻri va salbiy tasavvur uygʻotadi.
Gʻururli odam kibrli boʻlmaydi. Chunki u oʻzgalarda ham ana shu tuygʻu boʻlishi kerakligini biladi va hisobga oladi. Boshqa etnoslarga past nazar bilan qarash saviyasizlikning belgisidir. Ayni vaqtda har qanday sabab bilan ham oʻziga past nazar bilan qarash qullik psixologiyasiga moyillikdan dalolat.
– Qozoqboy ogʻa, oʻzbekning feʼli, yutugʻi-yu nuqsoni, umuman, milliy mentaliteti yaxlit aks etadigan ilmiy asosga ega asarga ehtiyoj bordek tuyuladi. Siz qanday qaraysiz bu fikrga?
– Juda toʻgʻri qarash. Millatning asl ruhiy qiyofasiga xos xususiyatlar ilmiy jihatdan tadqiq etilishi kerak. Afsuski, bizda hali milliy ruhiyat ilmi shakllangani yoʻq. Bizdagi ruhshunoslikka doir ilmiy qarashlar boshqa etnoslarga tegishli belgilar haqidagi ilmiy yondashuvlarning tarjimasi xolos. Chinakam oʻzbek ruhiyati hali chuqur tadqiq etilgani yoʻq. Oʻzbek ruhiyatiga xos qirralar oʻlmas badiiy asarlardagina aks etgan, xolos. Milliy psixologiya milliy qiyofaning fanniy izohi degani. Unda millat kishisining tutumlari ruhiyat jihatidan teran va ishonarli izohlanishi kerak boʻladi. Oʻzbekning ilmi ham, ulus vakillari ham shunday ilmiy tadqiqotga juda mushtoq.
– Bugun xalqni, yoshlarimizni ortidan ergashtiradigan yoʻlchi yulduzlar – kumirlar, ilgʻor mutafakkirlar yoʻqolib borayapti degan gaplarga tez-tez duch kelayapmiz. Bu zamonning talabi-ehtiyojimi yoki tutumlar oʻzgardimi?
– Bugungi ijtimoiy holatni mukammal izohlash juda qiyin deb oʻylayman. Negaki, butun dunyoda boʻlganidek, bizning millat ahlida ham shaxslashish jarayoni kechmoqda. Yaʼni, bugungi odam koʻpchilik tomonidan qabul qilingan yoki jamiyat oʻrnatgan talablarga amal qilib yashashdan koʻra oʻziga maʼqul koʻringan yondashuvlarga muvofiq hayot kechirishni istaydi. Shu bois oldingiday kimgadir ergashib umr kechirishga urinmaydi.
Ayni vaqtda jamiyat ahli ichida asl ezgu maʼnaviy qadriyat tashuvchilariga emas, balki arzon shov-shuvga mahliyo boʻladigan, shu xil shov-shuvlar uygʻotuvchi kimsalarga ergashishga moyil, moʻljali yanglish kimsalar ham anchagina. Oldinlari aqlli, mehnatkash, jiddiy, bilimli shaxsiyatlarga ergashishga urinilardi. Endilikda qanday yoʻl bilan boʻlsin boylikkami, mashhurlikkami erishganlarga koʻr-koʻrona ergashish kengroq yoyilgan. Bu sanʼatkor va yozuvchi-shoirlarning birga oʻtkaziladigan uchrashuvlarida yaqqol koʻzga tashlanadi. Koʻpchilik isteʼdodli shoir-u yozuvchilarga eʼtibor berilmagani holda, biror serialdagi ishtiroki yoxud biror qoʻshigʻi bilan tanilgan sanʼatkorga intilgan odamlar juda koʻp boʻladi. Shunga qaraganda, millat ahlining maʼnaviy qadriyatlarida muayyan oʻzgarishlar sodir boʻlgan va boʻlayapti deyish ham mumkin. Lekin, qanday boʻlmasin, ilm-maʼrifatning etagini mahkam tutish zarurat ekanligini anglashimiz kerak.
Shodmonqul SALOM yozib oldi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 1-son.
“Gʻurur kibr emas...” suhbati