Qoraqalpogʻistonda “Maʼnaviyat festivali”ning ikkinchi kunida nimalar boʻldi?

Festivalning navbatdagi kuni “Maʼnaviyat kubogi”dan boshlandi. Ijodiy jamoa Qoraoʻzak tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabda boʻlib oʻtgan sport musobaqalarida qatnashdi.

Istiqbolli sportchilar shaxmat, stol tennisi, futbol va boshqa sport turlari boʻyicha bellashdi. Ijodiy guruh vakillari oʻquvchilarning kelajakdagi muvaffaqiyatli faoliyatiga tilakdosh boʻldi.

Maktab masʼullari oʻquvchilarning darslardan tashqari foydali vaqt oʻtkazishi uchun moʻljallangan xonalar, xususan, oʻzbek va qoraqalpoq tilidagi adabiyotlar jamlanmasi boʻlgan sinf va kibersport uchun kompyuterlar bilan jihozlangan sinf xonalari bilan tanishtirdi. Maʼlumot berishlaricha, bu xonalarda dasturchilar va kibersportsmenlarini yetishtirish koʻzda tutilgan.

Ushbu maktab Qoraqalpogʻiston hududida soʻnggi 7 yillikda qurilgan taʼlim maskanlaridan biri boʻlib, undagi zamonaviy interʼyer, jihozlar va boshqa imkoniyatlar mehmonlarning ham eʼtiborini tortmay qolmadi. Bahodir Mirmaqsudov Kibersport va dasturchilik uchun moʻljallangan sinf xonasi bilan tanisharkan, ajoyib taklif bildirdi: Tariximiz, milliyligimiz, kerak boʻlsa, matematika bilan ham bogʻliq savollar chiqib, toʻgʻri topganlarga oʻsib boruvchi pul mukofoti, oxirgi bosqichda esa avtomobil sovrini beradigan dastur [oʻyin] boʻlsa, yoshlar bunga qiziqib ham oʻqib, izlanadi. Kerak boʻlsa, ota-onasi, yaqinlari bilan kitob varaqlay boshlaydi. Shu tariqa zarur maʼlumotlarni oʻzlashtirib boraveradi. Oʻzbekiston uchun shunday dastur yaratilishi – bugungi kunda oʻyin shinavandasi boʻlgan bolalarning ilmiy salohiyatini ham oshirishda foydali boʻladi, deydi aktyor.

“Inson qadri” loyihasida esa bir necha oʻquvchiga oʻquv-qurollari jamlanmasidan iborat sovgʻalar topshirildi. Ushbu loyihadan aholi orasida insoniylik, mehr-oqibat va hamjihatlik kabi ezgu gʻoyalarni keng targʻib qilish, shu orqali sogʻlom maʼnaviy muhitni shakllantirish koʻzda tutilgan.

Navbatdagi manzil – Oʻzbekiston qahramoni Gʻayratdin Xojaniyozovning xonadoni boʻldi. “Maʼnaviyat festivali”ning Qoraqalpogʻiston respublikasidagi ijodiy jamoasini xonadon egalari va mahalliy yoshlar koʻtarinki kayfiyatda kutib oldi.

Iliq xotiralarga boy uchrashuvda Gʻayratdin Xojaniyozovning mamlakat rivojiga qoʻshgan hissasi alohida eʼtirof etildi. Sanʼat vakillari va ijodkorlardan iborat ijodiy jamoa suhbatdan soʻng yoshlarga oʻz tilaklarini bildirib, marhumning yaqinlariga maxsus sovgʻalarini topshirdi.

Bugungi kunda marhumning bolaligi oʻtgan xonadon joylayshgan koʻcha Gʻayratdin Xojaniyozov nomi bilan ataladi.

Mamlakat aholisining kayfiyatini koʻtarish, jamiyatda maʼnaviy muhitni yaxshilash, yosh avlodni bilimga chorlash va har bir fuqaroda yurt taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirishni maqsad qilgan “Maʼnaviyat festivali”ning ikkinchi kuni shunday oʻtdi. Kechki vaqtda uyushtirilgan gala-konsert qoraqalpoq aholisiga chinakam bayram kayfiyatini hadya etdi.

Mashrab yurtidagi ezgu ishlar davom etadi

Yurtga Boborahim Mashrab kabi daholarni bergan Namangan ahli azaldan sanʼatning, adabiyotning, maʼrifatning shaydosi. Shuning uchun ham bugun namanganliklarning koʻzlarida har doimgidan ham oʻzgacha ishtiyoq, quvonch bor. “Maʼnaviyat festivali” sabab bugun ular sevgan, kutgan shoir-yozuvchilar, xonanda, sanʼatkorlar bilan yuzma-yuz suhbatlashib, jonli ijroda qoʻshiqlar tinglashdi.

Festivalning ikkinchi kunida “Kosonsoy”, “Toʻraqoʻrgʻon” va “Uychi” tumanlarida oʻnlab loyihalar oʻtkazildi. 

Uychi tumanida “Maʼnaviyat festivali” koʻtarinki ruhda boshlandi. Tumanning “Hurriyat” hamda “Gulzor” mahallalarida “Uch avlod uchrashuvi” loyihasi boʻlib oʻtdi. Unda oʻz sohasida yuqori natijaga erishgan faxriylar oʻzlarining hayoti va mehnat faoliyati davomida toʻplagan boy tajribasi haqida yoshlarga soʻzlab berishdi. Loyiha davomida avlodlar oʻrtasida shaxmat musobaqasi va milliy liboslar koʻrgazmasi oʻtkazildi, maʼrifat targʻibotchilari tomonidan sheʼrlar, kuy-qoʻshiqlar ijro etildi.

Shuningdek, tumanda “Maʼrifatli oila”, “Maʼrifat soati”, “Inson qadri” loyihalari ham oʻtkazilib, xonadonlarga tashrif buyurildi, sovgʻalar ulashildi, tuman aholisiga koʻtarinki kayfiyat tuhfa etildi.

“Butun umr oʻqituvchilik qildim, kasbimga umrimni bagʻishladim. Bundan afsuslanmayman, chunki bugun taʼlim bergan oʻquvchilarim yurtimizga naf beruvchi insonlarga aylanishdi. Yurtimizda inson qadri oshib borayotgani meni xursand qiladi”, deydi 40 yil maktabda oʻqituvchilik qilgan Dedexon ota Niyazev.

Kosonsoy tumanida esa festival “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari va tuman sanatoriyasidagi nuroniylar uchrashuvidan boshlandi. “Sohil” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida esa bolalar ishtirokida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi. “Inson qadri” loyihasi doirasida tumandagi “Alisher Navoiy” mahallasida yashovchi kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olindi.