Xatlarning hayotimizga qachon kirib kelganini hech kim aniq aytolmasa kerak. Harqalay, xat va bunga sabab boʻladigan tuygʻu odam bolasining oʻzi kabi qadimiy. Faqat maktublarning bajaradigan vazifasi, ijtimoiy ahamiyatigina davr yoki kishilarning hayotiy talablariga, inson ongiga qarab u yoki bu darajada oʻzgarib turgan. Masalan, bashar hayotining dastlabki davrlarida u har xil belgi-shakllar koʻrinishida tabiat oldidagi kechinmalarni ifodalaydi. Keyinroq maʼlumot tashishga oʻtadi – qabila vakillari uning yordamida bir-birini xavfdan ogohlantirib, axborot almashadi. Keyinchalik katta-katta davlatlar, saltanatlar oʻrtasida diplomatik qurolga aylanib, mamlakatlar taqdirini hal etadi. Undan keyinroq sanʼat va madaniyat xodimlarining fikr almashish vositasi boʻlib xizmat qiladi – maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy masalalarni hal etishda oʻziga xos rol bajaradi. Undan ham keyinroq esa oʻzi bir sanʼatga aylanadi...

Toʻgʻri, yuqorida xatlarning bosib oʻtgan yoʻli haddan oshiq katta odimlar bilan sanab oʻtildi. Shu tufayli uning kechmishiga oid juda koʻp bosqichlar qolib ketdi. Chunki xatning turli ashyolardan foydalanib joʻnatiladigan turi, hatto yozuv paydo boʻlishidan oldin ham boʻlgani haqida faktlar bor. Masalan, qadimgi Maya qabilalari chilvirga tugun tugish orqali bir-biriga xabar yoʻllagan. Bunda tugunlar soni va qanday tugilganiga qarab, maʼlum soʻzlarni ifodalagan.

Herodotning “Tarix” kitobida ham ashyolar yordamida yoʻllangan xat haqida qiziq maʼlumotga koʻz tushadi. Unga koʻra skiflar ona zaminiga bostirib kirgan fors shohi Doroga qush, sichqon, baqa va beshta kamon oʻqi joʻnatadi. Doroning vaziri Gobriyun hukmdoriga joʻnatilgan buyumlar maʼnosini shunday tushuntiradi: “Skiflar bizga qush kabi koʻkka uchsangiz ham, sichqonday yerni kovlab kirsangiz ham, baqaday botqoqqa qochsangiz ham oʻtkir paykonlarimizdan omonlik yoʻq demoqchi”.

Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonida fors hukmdori Doroning oʻzi soliq toʻlashni istamagan Iskandarga chavgon, yogʻoch toʻp va bir xalta kunjut yuborganini oʻqiymiz. Shunga oʻxshash detal oʻzbek ertaklaridan birida ham bor. Oʻsha ertakda shahzoda malikaga uylanish uchun sovchi joʻnatadi. Malika shahzodaga avval biror hunarni egallasin degan talab qoʻyadi. Soʻng shahzoda gilam toʻqishni oʻrganadi. Bir kuni u qaroqchilar qoʻliga tushib, zindonda turib toʻqigan gilamiga oʻzini qanday topish mumkinligi haqidagi xabarni tilsimlaydi. Toʻgʻri, bu paytlarga kelib yozuv allaqachon kashf etilgan boʻlishi mumkin. Biroq qadimda odamlarning bir-biriga narsa-buyum joʻnatgani va qabul qiluvchining bundan maʼlum fikrni tushunishining oʻzi maktubning yozuv paydo boʻlishidan avval ham boʻlganini bildirmaydimi?

Internet manbalariga koʻra dunyodagi eng birinchi yozma siyosiy maktub Mesopotamiya davriga tegishli. U miloddan avvalgi XXIV asrda, Lagash hukmdori Enmetena tomonidan uchburchak sopol parchasiga mixxat yozuvi bilan bitilgan. Ushbu xat Lagash va Umma davlatlarining chegara nizolarini tinch yoʻl bilan hal etish haqida boʻlib, inson tarixidagi eng birinchi diplomatik maktub deya baholanadi. Undan ham oldingi maktablar boʻlishi mumkin, lekin bizgacha yetib kelgan eng qadimgi moziy qushi shu. Arxeologik qazishmalar natijasida topilgan mazkur tarixiy bitik bugungi kunda Britaniya muzeyida saqlanayotir. Uni Dublindagi Triniti kollejining tarix va gumanitar fanlar professori Brid Makgrad hamma davrlarning eng muhim maktubi deb eʼtirof etadi. Olimning fikricha, bu xat nafaqat davlatlar oʻrtasidagi diplomatik aloqalarga yoʻl ochgan, balki odamlarni savodli boʻlishga undagani bilan ham eʼtiborga molik. Shuningdek, professor Nasimxon Rahmonovning yozishicha, miloddan avvalgi III asrda Markaziy Osiyoda hukmdorlik qilgan Botir Tangriqutning Xitoy malikasi bilan yozishmalari ham fanga maʼlum. Oʻsha davr turkiy tilida ular “bildirgulik” deb atalganini aytadi olim.

Dunyoning qiyofasini oʻzgartirgan eng muhim maktublardan yana birini fizik olim Albert Eynshtayn yozgan. U natsizmga tish-tirnogʻi bilan qarshiligi sababli Germaniyani tark etgach, Amerika prezidenti Franklin Ruzveltga xat joʻnatadi. Xatda kelajakda atom bombasining yaratilish ehtimoli borligi va Germaniya bu borada ish boshlaganini maʼlum qiladi. Ayni paytda prezident vaziyatni toʻgʻri baholashi uchun bu qurolning qanday ishga tushishi va olamshumul xavfini qisqa izohlaydi.

Nobel mukofoti sohibi, dunyodagi eng yetakchi fiziklardan biri Eynshtaynning prezidentga yozgan maktubi katta qiziqish va muhokamalarga sabab boʻlishi tabiiy edi. Shu tariqa yadroviy qurol gʻoyasi ilm-fan tasavvuridan jamoatchilik ongiga olib oʻtiladi. Germaniya urushda bu quroldan foydalanolmagan, 1943-yilda mamlakatning yadro bazasi yoʻqotilgan, ammo endi uni yaratish mumkinligi va nimalarga qodir ekanini koʻpchilik bilardi. Qarabsizki, bir enlik maktub dunyo tarixida atom davrini boshlab beradi. Nisbiylik nazariyasining muallifi 1947-yili Amerikaning “Newsweek” jurnaliga bergan intervyusida “Hitler atom bombasini yaratishda omadi chopmasligini bilganimda, prezidentga oʻsha mashʼum xatni hech qachon yozmas edim” deb afsus chekkan. Bu xat hozir Franklin Ruzvelt nomidagi prezident muzeyida turibdi.

Xat joʻnatish usullariga kelsak, uni yugurdak yo chopar orqali joʻnatish hammasidan qadimiy. Odamlar xatlarni olis masofalarga dastlab yugurdak orqali piyoda, keyinroq ot yoki tuyadagi chopar bilan yuboradi va bu usullar asrlar davomida takomillashadi. Maʼlumotlarga qaraganda, ilk pochtaxona miloddan oldingi VI asrda ahamoniylar Eronida paydo boʻlgan. Keyinchalik u qadimgi Misr va Xitoy davlatlarida mukammallashtirilgan. XIII asrga kelib, moʻgʻul armiyasi eng uchqur, chapdast choparlarga ega boʻlgani haqida faktlar bor. Ular tuman, viloyat, qoʻshni davlatga oʻtadigan yoʻllarda pochta bekatlariga oʻxshash yom (rabot, bekat) tashkil qilishgan. Bu yomlar bir-biridan 20–25 kilometr uzoqlikda qurilgan va ularni askarlar qoʻriqlagan.

Lekin pochta tashkil qilindi degan tushuncha bir qadar nisbiy boʻlib, sharqda tuyalar necha ming yillar davomida xat tashish bilan shugʻullangani, karvonsaroylar pochtaxona tashkil qilinishidan oldin ham xatni joʻnatish-qabul qilish joyi hisoblanganini unutmaslik zarur.

Pochta tizimi haqida gap ketganda, kaptarlarni eslamay iloj yoʻq. Chunki eski davrning eng tezkor chopari aynan u edi. Kaptarlar orqali xabar yoʻllash usuli bundan uch yarim ming yilcha avval Misrda paydo boʻlgan deyishadi. Oʻz-oʻzidan maʼlumki, kaptarlar faqat bugungi “sms”ga oʻxshash qisqa xabarlar tashigan. Misrliklar undan Nil daryosidagi toshqinlardan oʻz vaqtida boxabar boʻlish va harbiy topshiriqlar olishda foydalangan. Keyinroq bu usul Mesopotamiya va Eronga ham yoyiladi. Ammo yunon va rimliklar patli pochtalionlardan yanada unumli foydalanish yoʻlini topishdi. Ular hatto Olimpiya oʻyinlarining natijalarini ham shu jonivorlar yordamida uzoq shaharlarga yetkazishar edi. XIV asrda Fransiya qiroli Henrix IV kaptarlarning ilk pochtaxonasini tashkil qilgani haqida maʼlumot bor. Ular keyinroq Hindiston va Osiyoning boshqa davlatlarida ham paydo boʻlgan.

Shunisi qiziqki, inson zamonaviy davrlarda ham tezkor pochtachi sifatida kaptarlardan voz kechmadi. 1800-yilda ham Nyu-yorklik jurnalistlar ulardan qisqa xabar tashishda foydalangan. XX asrga kelib, urushlar davrida – boshqa aloqa usullarini qoʻllash imkonsiz bir paytda – u hamon harbiy sohaning yaqin dastyori edi. Hatto Birinchi jahon urushida, yaralanganiga qaramasdan, britan armiyasiga dushman chizigʻi boʻylab muhim xabarni yetkazib kelgan kaptar Cher Ami[1] jasorati uchun medal va harbiy unvon bilan taqdirlanadi.

Xatning asar tusiga kira boshlashi esa Yunon-Rimga borib taqaladi. Yunon faylasufi Platon va Rim notigʻi Sitseron birinchi boʻlib maktub shaklidagi risolalar yozgan. Xristianlarning muqaddas kitobi Injil va Homerning “Iliada” dostonida ham butun-butun maktublar uchraydi. XIV asrlarga kelib, bu sharqda ham ommalashadi. Adabiyotning nomachilik degan alohida yoʻnalishi shakllanadiki, bugungi kunda uni epistolyar janr deb ataymiz. Jaloliddin Rumiyning “Maktubot”, Nosir Xisravning “Noma va risolalar”, Alisher Navoiyning “Munshaot” kabi asarlari noma janrining sharqdagi dastlabki namunalaridir. Ammo uygʻonish davridan keyin Yevropa uni romanchilikning ham alohida yoʻnalishi sifatida adabiyotga olib kirdi.

Internetda romanchilikning bu yoʻnalishi paydo boʻlishi bilan bogʻliq qiziq maʼlumotga duch keldim. Maʼlum boʻlishicha, 1600-yillarda Angliya qiroli Charlz I mamlakat aholisi uchun pochta tizimini joriy qiladi. Lekin bu vaqtda oʻzaro xat yozishish faqat qirollik vakillari va birov-yarim zodagonlarning odati edi. Xat-savodli odamlarning koʻpchiligi maktub yozish koʻnikmasidan bexabar edi. Shunda Londondagi bosmaxonalarga xat yozish qoʻllanmasi yaratish topshirigʻi beriladi. Husnixat ila bitilgan maktublarni yigʻishga kirishib ketgan nashriyot xodimlari kutilmaganda epistolyar janrdagi ilk romanga tartib beradilar. Ularni maktub uslubiyatidagi yolgʻizlik, ayni paytda oʻziga boshqa birovning nigohi bilan qarash kabi original ruhiy manzaralar jalb etgan boʻlsa ajab emas.

Adabiyotshunoslar epistolyar romanning janr talablariga muvofiq ilk namunalari sifatida Gabriel-Jozef Giyerag ismli muallifning toʻqima obraz – rohiba ayol ishqiy xatlaridan iborat “Portugal maktublari” va Afra Ben degan yozuvchining “Dvoryan va singlisining sevgi maktublari” asarlarini aytishadi. Bugungi kun kitobxoni uchun ham maʼlum-mashhur epistolyar romanlarga esa Gyotening “Yosh Verterning iztiroblari”, Dostoyevskiyning “Bechora odamlar” asarlari misol boʻla oladi. Verter ismli yigitning sevgilisiga yozgan xatlaridan iborat birinchi romanda pok, taʼsirchan qalb bilan yashash qanchalik mashaqqatli ekanini anglasangiz, Makar bilan Varvaraning yozishmalaridan tashkil topgan ikkinchi asarda xatlar oʻz davrining ijtimoiy muammolarini, hayot adolatsizliklarini ochib beruvchi vosita boʻlib xizmat qilganini koʻrasiz.

Zamonaviy oʻzbek adabiyotida epistolyar janrdagi birinchi romanni 1998-yilda Abduqahhor Ibrohimov yozgan. Lekin asar ichida bevosita maktublarga murojaat qilish ming yil narisidagi xalq ogʻzaki ijodi namunalaridayoq uchraydi. Shulardan biri “Alpomish” dostonidir. Esingizda boʻlsa, dostonda alplarning qistovida qolgan Barchin Hakimbekka “Olti oychilik yoʻlga keldim, qalmoqning eliga keldim, zoʻr yovning qoʻlida qoldim, olti oyga muhlat oldim, mendan umidi boʻlsa Alpomishi kelsin, boʻlmasa, javobimni bersin” deb xat bitib yuboradi. Shuningdek, xalq ijodiyotining boshqa namunalari, jumladan gap boshida eslab oʻtganimiz singari ertaklarimizda ham xatning xaloskor yoki ilinj sifatida tasvirlanganini koʻramiz.

Biroq xatning xaloskorga aylanishi faqat xalq ijodiyotiga xos emas. Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanida Otabekning hayotini otasidan kelgan xat saqlab qoladi. Umuman, Qodiriy asarida xatlardan juda unumli foydalangan. Romanga jami 16 ta xat kiritilgan boʻlib, ishga, shaxsiy hayotga, davlat boshqaruviga oid bu xatlar qahramonlarning maʼnaviy olamini yoritib, asarda oʻta muhim funksiya bajaradi. Sir emaski, yaqin-yaqinlargacha uyiga xat joʻnatgan askarlar oʻz soʻzini “Ushbu yozgan xatim tez yetib maʼlum va ravshan boʻlsinkim, ul soʻlim falon qishloqdagi...” degan anʼanaviy jumlalar bilan boshlar edi. “Oʻtkan kunlar” romanida ham xatlar boshlanma va yakunga ega. Faqat yozilgan davri madaniyatidan kelib chiqib, ular islomiy koʻrinishda. Qolaversa, boshlanma va yakuniy qismlar qahramonning ruhiy holati bilan umumlashtiriladi. “Duoyi salom bilan”, “Kumush emas, Tuproqbibi yozdim” singari.

Xatlarning qabul qilib oluvchi yoki joʻnatuvchining oʻzini xarajatga tushiradigan turlari ham boʻlgan. “Qorxat” deb nomlangan ular. Birinchi qor yogʻishining xursandchiligini ifodalagan bunday xatlarda joʻnatuvchi oʻz shartini bayon qilgan. Xatni olgan odam qoʻlidagining qorxat ekanini kech tushunib, bergan odamni quvib yetolmasa, oʻsha shartni bajargan. Yetsa, yozilgan vazifani bajarish xat egasining boʻynida qolgan. Shartlar ham yengil boʻlgan: ziyofat uyushtirish, qorni kurash, doʻppi yo belbog‘ olib berish singari. Shundan u qiziqarli oʻyin sifatida zavq uygʻotgan, koʻngillarni yaqinlashtirgan. Biroq xatlarni faqat munosabatlarning mustahkamlanishiga xizmat qilgan, qaynoq kechinmalar, yaxshi gaplar tashigan deyishimiz xato. Kezi kelganda u oʻta sovuq xabarlar ham keltirgan. Kirib borgan uyiga qora kunlarning, aniqrogʻi, oʻlim musibatining daragini ham yetkazgan. Xalq ularni “qora xat” deya atagan.

Shunday qilib, insoniyatning ham shaxsiy, ham ijtimoiy hayotida muhim hodisa sanalgan, qariyb uch ming yildan beri goh u, goh bu koʻrinishda yashab kelayotgan maktublar bugun elektron shaklga ham kirib ulgurdi. Endi uni soniya ichida dunyoning u chetidan bu chekkasiga joʻnatish imkoni bor. Ammo xatlar mazmuni anchayin torayib, hajmi ixchamlashgan. Asosan ish, ijtimoiy soha koʻmakchisiga aylanib, shaxsiy hayotdagi oʻrnini boʻlak zamonaviy vositalarga boʻshatib bermoqda. Davr shiddatiga xos qisqa va loʻnda “sms”lar xatlarning hozir eng ommalashgan ana shunday turlaridan biri. Ular bugungi kun odamini ham hissiy, ham jismoniy urinishlardan yaxshigina ozod qilgan, qogʻoz maktublarga qaraganda, xarajatni ancha kamaytgan...

Maktublar inson hayotida paydo boʻlganidan boshlab oʻzida maʼnaviy olamimizni, hayot tarzimizni, ong darajamizni ifodalab keladi. Ularning bosib oʻtgan yoʻliga qarab insoniyatning bugunga dovur nimalarga erishib, nimalarni yoʻqotganini anglash mumkin. Shuning uchun ham xatning yana qaytib bir vaqtlar kaptar tashiganga oʻxshash qisqa xabarlarga aylanishi va ular oʻzida faqat maʼlumot tashiyotgani bizni sergaklikka chorlashi lozim. Demak, inson oʻzining ruhiy qismiga oid allanarsani boy berdi. Nimagadir ishonmay, nimanidir axtarmay qoʻydi. Bu dunyo adabiyotining eng koʻp eʼtirof etilgan asarlaridagi – “Yolgʻizlikning yuz yili”, “Qiyomat” kabi – sivilizatsiya oldidagi xavotirni, tasavvuf ahlining ruhni oʻstirish bilan bogʻliq qarashlarini yodimga soladi. Axir odamzotni gʻorlardan bilak kuchi emas, aynan ongi yetaklab chiqqandi. Shu ong, shu idrok unga avvalroq tabiatning, keyinroq avlodlarning oldidagi masʼullikni birma-bir anglatgandi.

Aristotelning dono bir iborasi bor. U mantiqning toʻgʻri ishlash texnikasini tushuntirar ekan, “Hamma odamlar oʻlimli boʻlsa va Zayd odam boʻlsa, demak Zayd ham oʻlimlidir” deb yozadi. Olimning nazariyasi boʻyicha fikr yuritadigan boʻlsak, toki odam bolasini gʻordan aynan ong, idrok yetaklab chiqqan ekan, uning orqaga qaytishi bizni tagʻin gʻorlar sari yetaklaydi. Toʻgʻri, u qadimgi inson yashagan, yaʼni tog‘ bagʻrini oʻyib yasaladigan sovuq gʻor boʻlmasligi mumkin. Ammo qorni uchun yashayotgan, imkon qadar koʻproq yegulik zaxiralarini yigʻayotgan, munosabatlarni manfaat ustiga qurib, hamma narsani oʻziniki, oʻziniki va faqat oʻziniki qilishga urinayotgan odamlarning Yer sayyorasidagi yashash tarzi oʻsha ibtidoiy hayotdan mutlaqo farq qilmay qoladi...

Bayram ALI

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 1-son.

“Sopol qushlar va “sms”lar” maqolasi



[1] Aziz doʻst (ing.)