Ijtimoiy tarmoqlarda shu yil 12-may kuni Samarqand viloyati Pastdargʻom tumanidan oqib oʻtuvchi kanaldan 17 yoshli qizning jasadi topilgani haqida mudhish xabar tarqaldi. Marhuma – tumandagi 45-maktabda oʻqigan Sevinch ismli qiz boʻlib, onasi Xadicha Hayitovaning aytishicha, bir kun oldin – 11-mayda sahar vaqti yoʻqolib qolgan. Buvisi bilan bir xonada tunab kelgan Sevinchning uyda yoʻqligini bilgach, oila aʼzolari uni qishloq boʻylab izlashgan, qoʻl telefoni va oyoq kiyimi anhor boʻyidan topilgan... Boshqa tafsilotlar biri-biridan achchiq, alamli, fojiali: 12 mayga oʻtar kechasi, tungi 3:20 larda O. ismli shaxs koʻchada yigitlar qizni quvlab yurganini koʻrgan, ularni toʻxtatmoqchi boʻlgan, lekin “Qiz uyiga emas, ammasinikiga bormoqchi, oʻsha joyga kuzatib qoʻyamiz” deyishganidan soʻng oʻz yoʻliga ketgan... Ertasiga qizning jasadi kanaldan topilganidan keyin O.ning guvohligida Sevinchni tunda taʼqib etgan yigitlar aniqlangach, ulardan biri tunda maktab qorovulxonasida (qorovul ayol kishi boʻlib, bolasi kasalligi bois ishga chiqmagan) qizni zoʻrlaganiga oʻttizdan ortiq odam oldida iqror boʻlgan. Voqea joyidan jinoyatga daxldor ashyolar topilgan-u, ammo qorovulxona bir kun ichida taʼmirlanib, hamma narsa yoʻqotib yuborilgan...

Keyingi paytlarda “Odobni beodobdan oʻrgan” degan maqolga rioya qilish ezgu niyat egalari kutganidek natija beryaptimi-yoʻqmi – bilmadim-u, ammo “Qovun qovunni koʻrib rang olibdi” matalining hayotiy isbotlariga koʻproq duch kelayotgandekmiz. Biroq ushbu satrlarning qoralanishiga sabab bu mavzu emas. Yuqoridagi voqea tufayli koʻz oʻngimdan oʻzim keyingi uch-toʻrt yil ichida tanishgan, taqdirlari qalbimni tirnab ketgan oʻsmir va balogʻat yoshidagi qizlarning qiyofalari oʻta boshladi.

Qoraqalpogʻistonlik Oygul (barcha qizlarning ismlarini oʻzgartirib yozyapman) men tanishgan paytimda hali balogʻatga yetmagandi, ajoyib qoʻshiqlar aytardi, sheʼrlar yozardi, ayniqsa, ona haqida. Sud hukmi bilan Qoʻqon maxsus qizlar kasb-hunar kollejiga yuborilgan ekan. Sababi – oʻz uyidan chiqib ketgan va bu voqeagacha... Ota-onasi Oygulni befarzand togʻasiga chaqaloqligidayoq hujjat asosida qiz qilib berishgan. Kennoyisi uni avvaliga juda yaxshi koʻrgan, mehribonlik qilgan, biroq Allohning marhamati bilan oʻzi ham bolali boʻlgach, asrandi qizga munosabati keskin oʻzgargan: omborxonaga qamab qoʻyib, ovqatdan qisgan, kaltaklagan. Tilla taqinchoqlarini singlisiga berib yuborib, Oygulni bu shaqir-shuqurlarning oʻgʻrisi deb jar solgach, qizga hamma ola qarashni boshlagan. Hatto taqinchoqlar topilganidan keyin ham nohaqlik uchun biror kas uzr soʻramagan. Oygulning oʻz tuqqan onasi barcha voqea-hodisalardan xabardor boʻla turib, “Biz qizimizni ukamga berganmiz. Ular nima desa – shu!” degan. Jigarbandini biror marta himoya qilish tugul, hatto rahmi ham kelmagan. Oqibatda Oygul uydan chiqib ketgan...

Balogʻatga yetmagan namanganlik Ozoda nomdor sport jamoasi aʼzosi boʻlgan. Onasi ogʻir kasallikka chalingan, otasi topganini ichkilikka sarflaydigan bu qiz oilaning yagona boquvchisiga aylangan, qoʻni-qoʻshnilarning tomorqasida xuddi mardikor kabi ishlab, baholi qudrat pul topgan. Shunday vaziyatda... parvarishga muhtoj, kasalmand ayolning eri, meni kechirasiz-u, aytishga majburman, oʻz pushti kamaridan boʻlgan qiziga begona erkak kabi tegajogʻlik qilishgacha borgan. Oqibatda Ozoda oʻz uyidan ketib bobosinikida, oʻqituvchisinikida yotib yurgan, nomaqbul tanish-bilishlar orttirgan, shaʼni toptalgan...

Ayni balogʻat yoshidagi toshkentlik Fazilatning yuzini koʻzyoshlari yuvib aytgan gaplari toshni ham eritardi, balki. Rossiyaga ketib, boshqa erga tegib olgan onasi yiliga bor-yoʻgʻi 100 dollar pul yuborgan. Turmushi buzilgan opasi bilan qolgan Fazilat jiyanlariga kechasi-yu kunduzi enaga-qarovchi boʻlgan. Lekin “Tekinxoʻr, men seni nima uchun boqishim kerak?” degan dashnomlar ostida yashagan. Keyin oʻsha atrofdagi yemakxonaga idish yuvuvchi boʻlib ishga kirgan, kollejdagi oʻqishi ham oʻlda-joʻlda ahvolga tushgan, jiyanlariga ham qarolmay qolgan. Shunda opasi kollejga borib, oʻz singlisi haqida “Bu yomon qiz. Kechalari kafelarda yuradi”, deb gap tarqatgan. Taʼlim dargohida guruh rahbarining yordamchisi, tadbirlarning faol tashkilotchisi boʻlib kelgan Fazilat bilan biror oʻqituvchi xolis gaplashib ham koʻrmagan, opasining diydiyosidan soʻng ustozlari va guruhdoshlarining munosabati salbiy tomonga keskin oʻzgargan. Axiyri kafelarda tuni bilan ishlab, hatto yotib qoladigan boʻlgan...

Bunday misollar, afsuski, oz emas. Kecha-yu kunduz bozorga bogʻlanib olgan er-u xotin oʻsmir qizini xolasinikiga tashlab qoʻygan, xolaning oʻgʻli qizni muntazam xoʻrlagan, badnom qilgan. U ich dardi ichida oʻz uyiga qaytib kelsa, onasi urib-soʻkib yana olib borgan... Yana bir taqdir. Oʻgay otasidan muntazam qochib yurib, nomusini asragan qizdan hammadan koʻproq oʻz onasi norozi boʻlgan. Oxiri jurʼat qilib, bor gapni toʻkib-solganida “Sen yolgʻon aytyapsan”, deb haydab yuborgan. Bir muddat oʻtib, oʻzi jigargoʻshasini izlab topgan, uzr soʻragan...

Maxsus kasb-hunar kollejida suhbatlashganim – tugʻilishidan nimjon-u nuqsonli boʻlgan, ammo maktab kutubxonasidagi barcha kitoblarni oʻqib chiqqan nozig-u rangpar qiz bir tola nur kabi koʻz oʻngimda qolgan: sinfdoshlari uni tashqi qiyofasiga qarab doim kamsitgan, davralariga qoʻshmagan, ota-ona-yu oʻqituvchilar ham bu jarlikni yoʻqotish choralarini koʻrmagan. Oqibatda qiz oʻz ixtiyori bilan maxsus kollejga yuborishlarini soʻragan.

Qalbida ayollik, ayniqsa, onalik tuygʻulari tirik boʻlganlar uchun bu kabi gaplarni oʻqish, eshitish oson emas. Juvonmarg taqdirlar aksariyat kishilarning dilini ogʻritadi, yuraklarini titratadi. Shu bois ham mavzuni aylanib oʻtgan paytlarimiz koʻp boʻladi. Lekin qachongacha?..

Ushbu maqola avvalida keltirilgan voqea haqida yozarkan, jurnalist daliliy ashyolar yoʻq qilinganiga urgʻu beradi. Kimdir esa tungi quvla-quvla guvohi boʻlgan O. ismli odamdan norozi boʻladi: “Qizni nima uchun oʻsha yigitlarga tashlab ketdi?” Mening tomogʻimga bir savol tigʻdek qadaladi: “Yoshgina qiz tunda indamasdan uyidan chiqib ketishga qanday jurʼat etdi? Bundan bexabar qolgani ota-onani oqlaydimi? Qizning oʻlimiga sabab boʻlgan oʻzboshimchalik, oila aʼzolari-yu onasidan yashirin ish tutishi oʻsha kechadan boshlanmagandir, axir?!” Shu oʻrinda barcha onalarga murojaat qilmoqchiman. Balki, ashyolar tiklanar, jinoyatchilar oʻz qilmishiga yarasha jazo olar... lekin bu bilan ona qalbi taskin topadimi, tinchlanadimi, iztirob-alamlardan qutuladimi? Yoʻq! Yo‘-oʻq!!!

“Oʻnta boʻlsa, oʻrni boshqa…” deydi azaldan oʻzbek farzandlar haqida. Hayot katta-kichik topish va yoʻqotishlardan iborat. Boy berilgan juda-juda koʻp moddiy va maʼnaviy neʼmatlarning oʻrnini toʻldirsa va yoki unutsa boʻlar, faqat... Otam rahmatlining bir gapini hayotiy vaqealar koʻp yodga soladi: “Bolalarning ota-onadan keyin qolmogʻi – azaliy meros. Lekin bolasini tuproqqa topshirgan ota-onaning bu dunyoda surati yuradi, xolos”. Demoqchimanki, onalar, jo-on onajonlar, farzandlarimizni, ayniqsa, tabiatan jism-u ruhoniyati nozik qilib yaratilgan qizlarimizni noxushliklar, koʻrguliklar, kutilmagan baxtsizliklardan oʻzimiz asraylik.

“Argʻamchiga qil quvvat”, deydilar. Tang ahvolda qolgan insonning agar bittagina chin ishonchli odami, chin sirdoshi, chin anglaguvchisi boʻlsa, unga qalbini ochadi, unga suyanadi (jaholat va sabrsizlikka taslim boʻlmasa, albatta). Bundan bir necha yil oldin Fargʻona viloyati tumanlaridan birida oʻsmir qiz oʻzini osib qoʻydi. Onasi dugonalari bilan oʻtkazadigan gap-gashtagi uchun muzlatkichga tansiq neʼmatlar gʻamlab qoʻygan ekan. Qiz koʻngli ketib, nimadir olib yegani uchun rosa gap eshitadi. Onasi bir tarsaki ham urgan ekan... Oʻz joniga qasd qilishni aslo oqlamaymiz. Koʻpchilik bitta mevani farzandidan ustun qoʻygan ayolni qoralaydi, muhokama qiladi. Aslida, bu kabi fojialarning ildizi – onalar bilan qizlar oʻrtasidagi koʻrinmas jarlikda yotibdi, shunday emasmi? Agar shu jarlik boʻlmasa edi, inson tansiq mevalarni avvalo bolasiga ilinmasmidi? Agar shu jarlik boʻlmasa edi, “Ayajon, mevani sizdan soʻramay olganim uchun uzr. Endi bunday qilmayman”, deb kechirim soʻrash oʻz joniga qasd qilishdan ming karra oson boʻlmasmidi?!

Ona uchun ikki dunyo oʻrtasida turib yetishgan neʼmati – farzandidan suyukliroq, azizroq, bebaho-yu yaqinroq inson boʻlishi mumkinmi? Gapdoshlar, bozordoshlar, telegramdagi guruhdoshlar, sen qanday qilib boʻlmasin, eʼtiborini qozonmoqchi boʻlgan falonchilar... erta bir kuningga yaraydimi? Atrofimizga nazar solib mushohada yuritsak, oʻz oilasi, qavm-u qarindoshi orasida qadri baland boʻlgan, hurmat qozongan insonlar jamiyatda ham shunday eʼtibor topadilar.

Mezonning buzilishi oqibatlari – yuqorida tilga olganimiz, bir qatigina ochilsa-da, yurakni gʻijimlaydigan dardlar. Aziz onajonlar, “Bolam oʻqiyapti, ishlayapti. Falon joyga ketdi. Falonchi bilan yuribdi. Falonchi qarindoshnikida” kabi xayollar bilan gʻaflatda qolmaylik. Hali hayot tajribasiga ega boʻlmagan, ishonuvchan, qiziquvchan, baʼzan shoshqalog‘-u baʼzan oʻzbilarmon dilbandimizning har qadami, nima ishlar bilan mashgʻulligi, tunda emas, kuppa-kunduz kuni ham qayerda va kimlar bilan ekani, xayolini-yu telefonini nimalar band etganidan boxabarlik qalbimizning doimiy ehtiyojiga aylansin. Guldek zurriyotlarimizning jism-u ruhini, ongu shuurini omonlikda saqlash bilan oʻzimizni, jamiyatni jonda ketguvchi armon-u ogʻriqlardan asraylik.

Muhtarama ULUGʻOVA,

Respublikada xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi