Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti tomonidan “Umummilliy taraqqiyotning ijtimoiy-maʼnaviy masalalari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.

Konferensiyada olimlar va taniqli ekspertlar, yosh tadqiqotchilar, oliy taʼlim muassasalarining maʼnaviy-maʼrifiy va yoshlar bilan ishlash masalalari boʻyicha masʼullari, OAV vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.

Bugungi globallashuv va shiddatli axborot xurujlari davrida milliy oʻzlikni saqlab qolish va jamiyatda barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhitni taʼminlash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Dunyoda mafkuraviy kurashlar keskinlashayotgan bir sharoitda, yoshlar ongini yot gʻoyalardan himoya qilish, oila va mahalla institutini mustahkamlash hamda milliy qadriyatlarni zamonaviy rivojlanish tamoyillari bilan uygʻunlashtirish – davlat va jamiyat oldidagi strategik vazifadir.

Mazkur anjuman aynan mana shunday dolzarb tahdidlarga qarshi ilmiy asoslangan maʼnaviy qalqon yaratish va umummilliy yuksalishning yangi konseptual yondashuvlarini ishlab chiqishga qaratilgani bilan gʻoyat qadrlidir.

Ushbu anjuman yurtimizda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada takomillashtirish, milliy qadriyatlar va zamonaviy rivojlanish tamoyillarini uygʻunlashtirishda ilmiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun muhim platforma boʻlib xizmat qiladi.

Konferensiya muhokamalar, savol-javoblarga boy tarzda oʻtdi.

Farhod Tolipov, siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD), dotsent:

– Akademik erkinlik masalasi nafaqat xalqaro darajada, xorijiy universitetlar uchun, balki Oʻzbekiston uchun ham dolzarb sanaladi. 30 yillik ish tajribamdan kelib chiqqan holda aytaman, yurtimizda taʼlim sohasida inqilobiy oʻsish kuzatilmoqda. Oliy taʼlim muassasalarini son jihatidan koʻpayib borayotgani quvonarli. Ammo haqli savol tugʻiladi, oliy taʼlimdagi sifat masalasi qanday va akademik erkinlik masalasi qay darajada?

Kezi kelganda taniqli siyosiy arbob, amerikalik olim oʻz intervyularida quydagi iborani koʻp bor qoʻllaydi: “Butun dunyoda siyosiy uyg‘onish kuzatilyapti. XXI asr – texnika asri deb sanalarkan hattoki eng qoloq davlatlar-u, elatlar, qabilalarda ham siyosiy uygʻonish sodir boʻlyapti. Dunyoda voqealardan ular ham boxabar. Demak maʼlumot almashish sodir boʻlayotgan ekan, yaxshiroq hayot tarziga ega davlatlarni kuzata turib oʻzining mamlakati va hukumatiga talablari koʻpayadi. Mana, haqiqiy dunyo bor ekan, degan xabardorlik sodir boʻladi”.

Siyosiy uygʻonish davrida yoshlarda, talabalarda har qanday cheklovlar foyda emas, ziyon keltirishi mumkin. Chunki ular maʼlumotlarni, bilimlarni, kerak boʻlsa tafakkuri va fikrlash uslublarini universitetsiz ham, domlalarsiz ham topishi mumkinligi isbotlanmoqda. Ana shunday sharoitda ular siyosiy uygʻongan ekan, cheklash emas, siyosiy uygʻonish jarayononi boyitgan holda toʻgʻri yoʻnaltirish muhim vazifaga aylanyapti.

Akademik erkinlik juda murakkab tushuncha. Bu erkinlik muammosini oʻrganganim sari universitetlardagi umumiy infrastrukturaviy holat, mavzu tanlash, ChatGPT, sunʼiy intellekt kabi mexanizmlar turli muammolarni kelib chiqarayotgani yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Saidkomil Muhammad Karim, tadqiqotchi:

– Bugun biz bir qolipda yashayapmiz. Yaʼni bizga millatning qanday boʻlishini bundan ikki-uch asr avval gʻarb institutlari, gʻarb madaniyati, gʻarb sivilizatsiyasi tomonidan chizib berilgan qolip asosida biz millatni qurishga harakat qilyapmiz. Bunda turli toʻsiqlar, haqli savollarga duchor boʻlyapmiz. Bu qanday millat? Maʼrifatparvarlik davri, XVII-XVIII asrlarda Yevropada etnik millat tushunchasi paydo boʻldi. Yevropa etnik millat masalasini 200 yillik boʻxronlar, urushlar va boshqa boshqa koʻchishlar natijasida oʻz masalasini xal qilib oldi.

Biz oʻzimizning asl manbalarga qaraydigan boʻlsak, Forobiyning “Fozil odamlar shahri” konsepsiyasida, Boburning qarashlarida bugungi kunda millat konsepsiyasidan olishimiz mumkin boʻlgan juda koʻp foydali maʼlumotlar bor.

Forobiy nazdida millat bir gʻoya atrofida birlashgan ilm, madaniyati qanday boʻlishidan qatʼiy nazar bir gʻoya atrofida, bir maqsad sari birlashgan har qanday jamiyat, millatni koʻradi. Biz bugun buni “oʻzbekistonlik” degan tushunchada ko‘rishimiz mumkin.

Fоrobiy millatga taʼrif berganda “Millat – uning bosh rahnomosi tomonidan belgilab berilgan maqsadlar, gʻoyalar, mafkuralar va faoliyatlar harakatlaridan iboratdir, yaʼni biror bir gʻoya atrofida birlashgan va u gʻoya atrofida bir xil harakatlarni amalga oshiradigan va uning asoschisi bo‘lgan har qanday jamiyat”ni millat deb ataydi.

Biz o‘zbek degan millatni shakllantiradigan bo‘lsak individual qadriyatlar emas, balki birinchi navbatda oʻzbekka xos boʻlgan qadriyatlarni, taʼlimdan boshlab madaniyatgacha hamma sohani bir xil yondashuv bilan targʻib etishimiz va ijtimoiy masʼuliyat hissini oshirishimiz kerak.

Dilfuza MAHKAMOVA,

Oyina.uz