Oʻzbekistonning SSSR tarkibidagi davri, shubhasiz, milliy tariximizning qora sahifalarga juda boy davridir. Kommunizm bayrogʻi ostidagi 74 yil vayronkorlik (Qoʻqon qirgʻini, Buxorodagi “kichik qiyomat”), qatagʻonlar, ochlik, urush va turgʻunlik bilan esda qoldi. Ammo ushbu qora kunlarda ham kelajakka umid bergan oq shuʼlalar oʻzini koʻrsatib turgan: Oʻzbekiston SSRʼning baʼzi siyosiy arboblari qiyin sharoitlarda ham mamlakatda qandaydir iliqlik muhiti yaratishga uringandi.

1955-yilning dekabrida SSSR rahbari Nikita Xrushchyov Hindiston safaridan qaytishda Toshkentda toʻxtaydi. Birinchi kotib va boshqa yuqori martabali mehmonlar sharafiga Oʻzbekistonda katta miting uyushtiriladi. Uch yuz mingga yaqin oʻzbekistonlik qatnashgan mitingda respublikaning bir qancha rahbarlari soʻzga chiqadi. Navbat Xrushchyovga yetib keladi.

– “Salom qadrdon tojiklarim! Biz sizga Hindiston, Afgʻoniston va Birma xalqlaridan samimiy salom keltirdik”, deya gap boshlaydi SSSR rahbari. Hamma unga hayron qaraydi.

Xrushchyov esa nutqini davom ettirib, kutilmaganda shunday deydi:

– Siz tojiklar, barakalla, yaxshi ishlayapsizlar. Paxtadan yuqori hosil olmoqdasiz. Qoʻshningiz – oʻzbeklarning ishi esa pachava. Eng avvalosi shuki, ularning rahbarlari orasida aksilmexanizatorlar bor…”.

Butun maydon dong qotib qoladi. Yigʻilgan aholi ham, rasmiylar ham sovet davlati yetakchisi gapiga qanday munosabat bildirishni bilmaydi. Shunda Xrushchyovga bir oʻzbek amaldori yaqinlashadi va unga “Nikita Sergeyevich, qarshingizda – toshkentliklar. Butun Oʻzbekiston aholisi sizni diqqat bilan tinglamoqda” deya pichirlaydi. Xrushchyov darhol xatosini toʻgʻrilaydi.

Xrushchyovga qayerdaligini eslatgan inson – oʻsha paytda Oʻzbekiston SSR Vazirlar Kengashi raisi (Bosh vaziri) boʻlgan Nuriddin Muhiddinov edi.

Toshkent koʻchalarida oʻtgan kunlar

Toshkent shahri yaqinidagi Allon qishlogʻida yashovchi oʻzbek oilasida 1917-yil chaqaloq dunyoga keladi. Oddiy dehqon-kosib oilasida tugʻilgan bu bolaga Nuriddin deb ism qoʻyishadi. Nuriddinning otasi Shomuhitdin, paygʻambarning nevarasi, Hasan ibn Alining avlodlaridan hisoblangan. Shu bois bola yoshlikdan oʻzbek va rus tillari bilan birga arab tilini ham chuqur oʻrgangan. Va bu til unga kelajakda juda asqatgan.

1932-yil yosh Nuriddin maktab komsomoliga qoʻshiladi va tez orada paxta terimiga joʻnab, u yerda siyosiy agitatorlik bilan shugʻullanadi. Muhiddinovning kommunistik gʻoya va tuzum haqidagi joʻshqin targʻibot nutqlari eʼtiborsiz qolmaydi.

Toshkent koʻchalari 1917-yillar

Nuriddin Muhiddinov oʻzining “Kremlda oʻtgan yillarim” kitobida yoshligida ikki zabardast oʻzbek jadidi – Abdulla Avloniy va Abdulla Qodiriy bilan uchrashganini yozadi. Muhiddinov bu uchrashuvlar uning keyingi hayotida muhim rol oʻynaganini taʼkidlaydi.

Maktabni tamomlagan Muhiddinov siyosiy faolligi va rus tilini yaxshi bilishi ortidan Moskvaga oʻqishga yuboriladi. Uning ittifoq markaziga tashrifi 1938-yilgi Stalin qatagʻonlari davriga toʻgʻri keladi. Muhiddinov va boshqa talabalarga “xalq xoinlari” ustidan oʻtkazilayotgan sud majlislaridan biriga kirishga ruxsat beriladi. Nuriddin ushbu sud zalida “xalq dushmani” deb ayblanayotgan Oʻzbekiston yetakchilari Fayzulla Xoʻjayev va Akmal Ikromovni koʻradi. Toshkentga qaytgach esa Abdulla Qodiriy ham shu ayblov bilan qatagʻon qilinganini eshitadi.

Urushda oʻtgan oylar

Moskvadan kelgandan soʻng Muhiddinov Buxoro viloyati partiya tizimida ishlashga joʻnatiladi. Bu orada uning toʻyi ham boʻlib oʻtadi. Buxoroda biroz ishlagandan keyin urush boshlanadi va Muhiddinov frontga yoʻl oladi.

Avvaliga u Kiyevda siyosiy xodimlar tayyorlovchi maxsus kursda oʻqiydi. Keyinroq uni 19-maxsus pontonchi-koʻprikchi polk (bu turdagi otryadlar qoʻshinlar va harbiy texnikalarni suv toʻsiqlaridan tezlikda olib oʻtish uchun daryolarda ponton hamda vaqtinchalik koʻpriklar qurgan) safiga siyosiy xodim sifatida yuborishadi.

Nuriddin Muhiddinov frontda

Muhiddinov ushbu polk tarkibida Ukraina gʻarbidagi janglarda qatnashadi va barcha sovet qoʻshinlari kabi ortga chekinadi. 19-maxsus polk Stalingrad jangida ham qatnashadi. Ushbu qonli jang davomida Nuriddin bir necha marta jarohat oladi, ayniqsa, uning oyogʻi jiddiy shikastlanadi. Shifokorlar Muhiddinovga bir oyogʻini kesib tashlashni maslahat beradi, biroq yosh zobit buni rad qiladi. Operatsiyadan keyin, 1942-yil Muhiddinov Tbilisiga, u yerdan esa Tomskdagi Harbiy bilim yurtiga joʻnatiladi.

Sibirdagi taʼlimdan soʻng Muhiddinov yana frontga qaytadi. U endi radiorazvedka qoʻshinlarida xizmat qila boshlaydi. Lekin bu safar Muhiddinovning harbiy qismi front chizigʻidan ancha uzoqda, xavfsiz hududda joylashgandi.

Nuriddin Muhiddinov gʻalabadan keyin ham 1946-yilgacha armiyada qoladi. Urush davridagi qahramonliklari uchun unga “Stalingrad mudofaasi uchun”, “1941-1945 yillardagi Ulug‘ Vatan urushida Germaniya ustidan qozonilgan gʻalaba uchun” medallari hamda 2-darajali “Ulug‘ Vatan urushi” ordeni beriladi.

Siyosiy oʻsish

Urushdan jangchi shon-shuhrati bilan qaytgan, siyosiy bilimga ega Muhiddinov tez orada respublika yuqori doiralariga jalb qilinadi. U 1946-yilda Oʻzbekiston SSR Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasiga (KP MQ), siyosiy maʼruzachi sifatida ishga olinadi. Respublikadagi eng kuchli tashkilotda ishlash Nuriddinov obroʻsiga katta taʼsir oʻtkazadi.

Chapdan oʻngga: OʻzSSR rahbari Amin Niyozov, Nuriddin Muhiddinov va SSSR Bosh vaziri Aleksey Kosigin

Oradan ikki yil oʻtgach, Nuriddinov Namangan viloyati Kompartiya MQʼning Birinchi kotibi (hozirgi hokim vazifasiga toʻgʻri keladi) etib tayinlanadi. Bu Muhiddinov uchun jiddiy siyosiy oʻsish edi. U Namangandagi hokimlik davrida oʻzini yaxshi koʻrsatadi, viloyatda yirik qurilish ishlari amalga oshiradi. Natijada 1950-yil Muhiddinov ittifoqning oliy mukofoti – Lenin ordeni bilan mukofotlanadi. Shunday keyin, yaʼni ittifoq markazi eʼtirofidan soʻng Muhiddinovning siyosiy zinapoyalardan koʻtarilishi yanada tezlashadi.

Namangan hokimligidagi ikki yildan soʻng, Muhiddinov birvarakayiga uch yirik lavozimiga tayinlanadi. U Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti raisi, Markaziy qoʻmitaning Ideologiya boʻyicha kotibi va Toshkent viloyati Kompartiya MQ Birinchi kotibi (hokimi) etib tayinlanadi. Bu hodisa Oʻzbekiston siyosiy hayotida Muhiddinov oʻrni keskin ortganini koʻrsatadi. Bunga “eski elita” – Birinchi kotib Usmon Yusupov, Bosh vazir Abdujabbor Abdurahmonov va boshqalar yoppasiga ishdan olinishi sabab boʻlgandi.

1950-1951- yillarda Muhiddinov va respublikaning yangi rahbariyati muhim yutuqlarga erishadi. Xususan, respublika ustidan Moskvaning bevosita nazoratini amalga oshiruvchi institut – KP Markaziy qoʻmitasining Oʻzbekiston boʻyicha vakili apparati tugatiladi. Bu Oʻzbekiston SSRda mahalliy boshqaruv organlarining roli va taʼsirini tiklaydi.

Shuningdek, maxsus idoralarning “millatchilik” aybi boʻyicha ish yuritishi toʻxtatiladi. Milliy ziyolilarni himoya qilishga urinishlar amalga oshiriladi.

1951-yil Nuriddin Muhiddinov yangi lavozimga oʻtadi. U Oʻzbekiston SSR Vazirlar kengashi raisi, yaʼni Bosh vazir etib tayinlanadi. Respublika darajasidagi mansabga oʻtgan Muhiddinov yana zavodlar qurish sohasiga eʼtibor qaratishda davom etadi.

1953-yilda Stalin vafot etgach, SSSRda hokimiyat qisqa vaqt Ichki ishlar vaziri Lavrentiy Beriya qoʻliga oʻtadi. Beriya oʻz hokimiyatini mustahkamlash uchun ittifoq boʻylab maxsus buyruqlar yuboradi. Ulardan biriga koʻra, respublikalardagi barcha rahbar kadrlar milliy-hududiy kelib chiqishga koʻra yangilanishi kerak edi. Yaʼni, har bir respublika rahbariyatini shu respublikada yashovchi millat tashkil qilishi belgilangandi.

Oʻzbekiston SSRda bu qarorga Bosh vazir Muhiddinov qarshi chiqadi. U bunday qadam milliy ziddiyatlarga sabab boʻlishi, boshqa respublikalarda ishlayotgan oʻzbeklar huquqiga daxl qilishini taʼkidlaydi. Beriyaning shaxsan oʻzi qoʻngʻiroq qilishi ham natija bermagach, 1953-yil may oyida Oʻzbekiston MQ Byurosi yigʻilishida Muhiddinov Bosh vazir lavozimidan boʻshatiladi. U Bosh vazir oʻrinbosari va Tashqi ishlar vaziri etib tayinlanadi.

Biroq koʻp oʻtmay Beriyaning oʻzi ham ishdan olinib, sud qilinadi va otib tashlanadi. U tufayli lavozimi pasaytirilgan Muhiddinov darhol “oqlanadi” va Bosh vazirlikka qaytariladi.

Tez orada SSSRning yangi rahbari Nikita Xrushchyov va Oʻzbekistonning oʻsha paytdagi yetakchisi, KP MQ Birinchi kotibi Amin Niyozov oʻrtasida kelishmovchilik yuz beradi. Gap shundaki, Niyozov Stalinga sodiq kadrlardan biri edi va Xrushchyovning Stalinga qarshi harakatlarini qoʻllamasdi.

1955-yil dekabrda Hindistondan qaytayotgan Xrushchyov Toshkentga tashrif buyuradi. Uning tashrifidan koʻp oʻtmay, Amin Niyozov lavozimidan ozod etiladi va Nuriddin Muhiddinov Oʻzbekiston Kompartiyasi MQning Birinchi kotibi etib tayinlanadi.

Oʻzbekiston SSRda “iliqlik shamoli”

Nuriddin Muhiddinovning Oʻzbekistonga rahbarlik davri SSSRdagi “iliqlik davri”ga toʻgʻri keldi. Xrushchyovning Stalin shaxsiga sigʻinishni qoralashidan boshlangan “iliqlik” mamlakatdagi total diktatura va nazorat ipi biroz boʻsh qoʻyilishi bilan xarakterlanadi.

Chunonchi, 1956-yil Toshkentda Oʻzbekiston ziyolilarining I qurultoyi boʻlib oʻtadi. Muhitdinov unda soʻzga chiqib, SSSRda birinchi marta Stalin davrida qatagʻon qilinganlarning ommaviy reabilitatsiya qilinishini ochiq eʼlon qiladi.

Nuriddin Muhiddinov Kongo yetakchisi Patris Lumumba bilan

Shu yilning oʻzida 40 mingdan ortiq oʻzbekistonlik qatagʻon qurbonlari nomi oqlanadi.

Muhitdinov, shuningdek, Amin Niyozov davrida repressiyaga uchrab, surgun qilingan yozuvchi va shoirlarni ham ortga qaytaradi. Ularga milliy tarixni tiklash, shu paytgacha gapirilmagan mavzular – ruslarning XIX asrda Markaziy Osiyoni egallashidagi mustamlakachilik xarakterini ochish vazifasi topshiriladi.

Nuriddin Muhitdinov homiyligi ostida Toshkentda SSSR Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti ochiladi. Andijonda esa tibbiyot oliygohi tashkil qilinadi.

Muhiddinov shuningdek, Stalin davrida majburan Markaziy Osiyoga koʻchirilgan xalqlarni oʻz vataniga qaytarish, ularga qoʻyilgan cheklovlarni bekor qilish masalasini ham koʻtaradi. 1957-yildanoq Kavkaz xalqlarini vataniga qaytarish boshlanadi.

Toshkentda 1956-yil noyabrda ilk televizion markaz ishga tushiriladi va birinchi marta aholiga teleefir uzatiladi.

Muhitdinovning milliy ruhdagi harakatlari markazga va markazning Oʻzbekistondagi vakillariga, tabiiyki, yoqmaydi. Xrushchyov tomonidan “istiqbolli kadr” deya atalgan Muhitdinov 1957-yilda KPSS Markaziy qoʻmitasi Prezidiumi aʼzosi va KPSS MQ kotibi etib saylanadi hamda Moskvaga chaqiriladi. Shu orqali u respublikadan uzoqlashtiriladi.

“Kremlda oʻtgan yillar”

Muhitdinov SSSRdagi eng qudratli tashkilot – KPSS Prezidiumi aʼzosi sifatida 4 yil (1957-1961 yillar) ishlaydi. Biroq bu yerda u Xrushchyovga yaqin kishilar bilan kelishmovchiliklarga boradi.

Muhiddinov kadrlar siyosati borasida Xrushchyovning eng yaqin odami – Frol Kozlov bilan ziddiyatga boradi. Ayniqsa, Kozlovning Tojikiston SSRda amalga oshirgan kadrlar sohasidagi “tozalash”ini qoralaydi.

Muhiddinov shuningdek, SSSRning bosh ideologi Mixail Suslovning ittifoq tarkibidagi barcha xalqlarni rus tili va madaniyatiga oʻtkazish hamda shu orqali yagona sovet millatini yaratish gʻoyasini ham yoqlamaydi. Oqibatda u va Suslov aloqalari darz ketadi.