Arab xalqida shunday aforizm bor: Ohu qochib qutulolmasa, sherga yemish boʻladi. Sher quvlab yetolmasa, ochlik qurboni boʻladi. Tirikchilik gʻamida hayotini tavakkal qilib, yaylovga kelgan ohu va soʻnggi madorini oyoqlariga yigʻib, yemish qidirgan sherning bu xatti-harakati tabiat qonuniga koʻra “yashash uchun kurash” iborasi bilan izohlanadi.

Ammo yegani noni, ichgani suvi, kiygani kiyimi boʻla turib, urush otlig‘ ajdarhoning boshini qoʻzgʻaydigan insonlarning bu saʼy-harakatlarini qanday izohlash mumkin?!

Buyuk Britaniya Bosh vaziri boʻlgan Uinston Cherchill “urush ayrimlarning manfaati uchun butunlay begunoh odamlarning oʻlishi”dan boshqa narsa emas degan edi. Urushni nari borsa bir necha subyektlardan iborat siyosiy guruhlar boshlaydi, jabrini esa oddiy xalq koʻradi.

“Urush” degani bu vayronkorlik, zaharli tutunlarga toʻla osmon, toʻs-toʻpolon, vahshiylik, necha yuz minglab insonlarning oʻlimi demakdir.

Insoniyatga hech qachon roʻshnolik keltirmagan boʻlsa-da, dunyo tarixida qonli toʻqnashuvlar juda koʻp boʻlgan, ming afsuski, ular hozir ham davom etmoqda.

Dunyo tarixi shu kunga qadar guvoh boʻlgan jahon urushlarining har ikkalasi ham bemisl vahshiyliklar bilan borliqni larzaga keltirgan.

Jumladan, 4 yil, yaʼni 1914–1918 yillarda davom etgan Birinchi jahon urushiga Sarayevo voqeasi, yaʼni oʻn sakkiz yoshli serbiyalik millatchi, talaba Gavrilo Prinsip tomonidan Avstriya-Vengriya imperiyasi taxti vorisi Frans Ferdinand va uning rafiqasi Sofiya Xotek oʻldirilgani sabab boʻlgan. Biroq quyidagi raqamlar ushbu urush bir nechta gegemon manfaatlar toʻqnashuvi bilan davom etishi natijasida insoniyat tarixidagi eng mudhish voqealar sababchisi boʻlganini koʻrish mumkin.

Chunonchi, urushda qatnashgan 38 ta dunyo mamlakatining jami 1,5 mlrd. dan ortiq aholisidan 74 mln. ga yaqini urushga safarbar etilgan. Shundan 10 mln kishi qurbon boʻlgan, 20 mln kishi esa turli tan jarohatlari olib, yaralangan. Aholining katta qismi kasallik va ochlik qurboni boʻlgan. Birinchi jahon urushining asosiy ishtirokchilari boʻlgan davlatlar oʻz milliy boyliklarining uchdan bir qismini yoʻqotgan. Mazkur urush tufayli Rossiya imperiyasi, Avstriya-Vengriya imperiyasi, Usmoniylar imperiyasi va Germaniya imperiyasi yakun topgan.

Koʻlami bir necha oʻnlab davlatlar hisobiga kengaygan Birinchi jahon urushidan soʻng bamisoli Yerning koʻksi ilma-teshik boʻlib ketgani, daryolar oʻzanidan chiqayozgani, tuproqlar qonga qorishgani, osmon kimyoviy zaharlarga toʻlgani, tabiiy ofatlar kuchayib, turli kasalliklar avj olgani, iqtisodiy tanqislik surʼatlari oʻsib, ocharchilik, qahatchilik insoniy qadriyatlarni yemira boshlagani ham shubhasiz.

Bu qadar mudhish holatni insoniyat oʻz qoʻli bilan yaratgani, sovuq qurollar, manfur niyatlar, manfaatlar toʻqnashuvining salbiy oqibatlari, afsuslar boʻlsinkim, insoniyatga saboq boʻlmadi.

Oradan qariyib 20 yil oʻtib, koʻplab tarixchilar tomonidan insoniyatga qarshi urush deb baholangan Ikkinchi jahon urushi boshlandi. Mazkur urush ham dastlab kommunistik va fashist rejimlar oʻrtasidagi yaqinlik va tafovutlar sabab yuzaga kelgandek koʻrinsa-da, dunyoning 60 dan ziyod mamlakatlari miqyosida juda keng quloch yozdi va millionlab odamlarning yostigʻini quritdi.

Eʼtiboringizni birgina mamlakatimiz misolidagi raqamlarga qaratmoqchiman: ushbu urushga safarbar qilingan 263 000 dan ziyod askar halok boʻlgan, 132 670 kishi bedarak yoʻqolgan, 60 452 nafari urushdan nogiron boʻlib qaytgan. Bundan tashqari 10 minglab oʻzbekistonlik jangchilar asirga tushgan. Bu – frontga safarbar qilingan yurtdoshlarimizning har uch nafaridan biri uyiga qaytmaganini bildiradi.

Urush 1945-yili garchi rasman tugagan deb eʼlon qilingan boʻlsa-da, mamlakatlar oʻrtasidagi sovuq munosabatlar urushi davom etdi. Otishma hamda qon toʻkishlarsiz, “tinchlik uchun kurash” gʻoyasi bilan yashash mamlakatlarni holdan toydirdi.

Ziyolilar, oddiy xalq vakillari tinchlik uchun chaqiriqlarga imzo toʻplash bilan mashgʻul boʻlgan boʻlsa, sanoat soʻnggi modeldagi harbiy qurollar: jangovar samolyotlar, tanklar, raketalar ishlab chiqarishdan bir zum boʻlsa ham toʻxtamadi.

Qorni toʻyib ovqat yemagan, kiyim-kechak yetishmasligiga koʻnikkan xalq dunyoning hali u, hali bu nuqtasiga tashlanayotgan atom bombasi tahdidi bilan yashab, turli mamlakatlarning “poʻpisa”lari bilan hisoblashishiga toʻgʻri keldi.

Xalq ongiga “qimmatchilik boʻlsa ham, qahatchilik boʻlmasin” degan gap singib ketgan. 80-yillarda esa dunyodagi barcha atom qurollari birdaniga portlasa, Yer kurrasi oʻz oʻqidan chiqib ketishi mumkin(!) degan bashoratning taʼsir doirasi ancha keng edi.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda goʻdaklarning mungli ovozlarini eshitib, iltijoli nigohlarida tiriklik nishonalari tugab borayotganini, bir kechada oʻnlab, yuzlab qabrlar qad koʻtarayotganini kuzatar ekanmiz, ikki yoki uchta mamlakat oʻrtasidagi toʻqnashuvlar yuzlab zamondoshlarimizning taqdiriga mudhish yakun yasayotganidan kuyunamiz. Tinchlikning ulug‘ neʼmat ekanini yana bir karra his etamiz.

Bugun oʻzgalarning osoyishta hayotiga osongina soya solishni “mahorat” deb biladigan, qorni toʻyib ovqat yeyishni orzu qilgan xalqlarni oylab, yillab boqish mumkin boʻlgan millardlab mablagʻlarni “urush” keltirib chiqaradigan loyihalar yaratishga sarflayotganlarni ne deyish mumkin?

Birinchi va Ikkinchi jahon urushi natijalari shuni koʻrsatadiki, urushda gʻoliblar boʻlmaydi, urush qurbonlar maydonidir. Bir yil davom etgan urushning soyasi oʻzidan keyingi bir necha davrlarga qorongʻilik solishi tarixdan bizga maʼlum.

Birgina misol: Ikkinchi jahon urushi davrida Oʻzbekiston mudofaaning moddiy ehtiyojini taʼminlashda bor kuchini ayamay sarflagan. Chunonchi, urush yillarida aholi tomonidan mudofaa jamgʻarmasiga 649,9 mln. soʻm naqd pul, 4 mlrd. 226 mln. soʻm zayom puli, 52,9 kilo oltin va kumush yigʻildi.

Armiya uchun mehnatkash ajdodlarimiz kun-tun ishlab, millionlab gimnastyorka, paxtali kombinzion, etik va qoʻnjli botinka yuborgani, Yengil sanoat vazirligi korxonalari tomonidan frontga millionlab metr gazlama, tonnalab gʻalla, kartoshka va sabzavot, poliz mahsulotlari, quruq va hoʻl mevalar joʻnatishgani arxiv hujjatlarida va tarixiy manbalarda keltirilgan.

Oʻzbekistonda urush yillarida 280 ta yangi korxona barpo etilgan. Respublikaning sanoat potensiali 1945-yilga kelib 1940-yildagiga nisbatan deyarli 2 barobar koʻpaygan.

Jumladan, neft qazib olish 4 barobar, metall ishlash tarmoqlari mahsulotlari 4,8 barobar, mashinasozlik mahsulotlari 13,4 barobar, koʻmir qazib chiqarish 30 barobardan ziyod, poʻlat va prokat eritish 2 barobar, elektr energiyasi ishlab chiqarish 2,42 marta ortgan.

Biroq Oʻzbekistonning ikki karra ziyod potensiali urush yillarida front uchun samolyot, aviamotor, aviabomba, minomyot, minalarni yoʻq qiluvchi qurol, harbiy-kimyoviy apparatura, mina, snaryad, granata, dala radiostansiyalari uchun radiolampa, parashyut, harbiy-sanitariya va hammom, kir yuvish poyezdi, koʻchma oshxona va koʻpgina harbiy anjomlar yetkazib berishga sarflangan.

Bundan tashqari, koʻngilli vatandoshlarimiz oʻz xonadonlaridan ot, qoʻy, echki kabi qoramol, issiq kiyim, quruq meva, un, bugʻdoy, yorma, guruch, naqd pul koʻrinishidagi yordamlarini ham tinmay frontga yuborib turishgan, turli mamlakatlardan koʻchirib keltirilgan oʻn minglab kishilarga boshpana berib, gʻamxoʻrlik koʻrsatishgan, harbiy gospitallarni otaliqqa olishgan.

Zero, buncha katta potensial bilan ishlagan zavod va fabrikalarning kuchi iqtisodiyotimizni, bozorlarimizni rivojlantirishga, xalqimizning hayotini farovonlashtirishga qaratilganida, buncha katta kuch va mablag‘ bilan yuzlab maktablar, kutubxonalar qurilganida urushdan keyingi oʻn yilliklar ocharchilik, qahatchilikda oʻtmagan boʻlar edi. Ota-bobolarimizning, momolarimizning hayoti birmuncha goʻzal kechardi. Va nihoyat, bu kabi manfur urushlar yuz bermaganida, dunyo mamlakatlarining kuch-qudrati ilm-fanni, madaniyatni, sanʼatni taraqqiy ettirishga qaratilganida, bugunga kelib dunyoning boshiga koʻplab global muammolar tushmagan boʻlar edi.

Urush oqibatida minglab bolalar yetim qolishgan. 200 ming yetim bolaning oʻzbek oilalari bagʻriga kelib qoʻshilishi urush otlig‘ harakatning beshafqatligi timsolidir. 14 nafar bolani oʻz tarbiyalariga olgan Shomahmud Shomahmudovlar oilasi sharafiga ishlangan “Sen yetim emassan” filmidagi urush manzaralari koʻplab xalqlarning chekkan azob-uqubatlarini aks ettirgani shubhasiz.

Urush davrida tashkil etilgan “Ishchi bataloni”da 155 ming yurtdoshimiz xizmat qilib, til bilmaslik, qahraton sovuqda yupun kiyim va ogʻir yashash sharoitidagi ochlik oqibatida kasallikdan nobud boʻlgani ham tarixiy manbalarda keltirilgan.

Ikkinchi jahon urushi barcha xalqlarga ulkan kulfatlar keltirdi. Millionlab ayol beva va bolalar yetim boʻlib qolishdi. Ota-onalar farzand dogʻida qaygʻu-alam bilan bu dunyodan koʻz yumdilar. Xalqlar shu darajada qashshoqlashdiki, yuqorida tilga olganimiz – sher va ohu kabi “yashash uchun kurash” boshlandi.

“Umri xolani peshin namoziga chiqarishdi. Qabristondan chiqib kelishayotganida Shoikrom odamlarning oʻzaro gapini eshitib qoldi.

– Urush tamom boʻpti, eshitdingizmi?”

Taniqli yozuvchi Oʻtkir Hoshimovning “Urushning soʻnggi qurboni” hikoyasi aynan ushbu jumlalar bilan tugaydi. Hikoya qahramoni – tirikchilik manbayi boʻlgan yagona sigiri oʻgʻirlab ketilgan, bola-chaqasiga non topib berolmaganidan har kuni ogʻrinib, zamondan noliydigan Shoikrom qulupnayzorni oʻgʻridan qoʻriqlash uchun elektr tokiga ulagan simiga onasi Umri buvi tushib, qazo qiladi.

Kichkinagina hikoyadagi ulkan haqiqatlar, yaʼni urush girdobidagi davr mashaqqatlari, qiyinchiliklari kishini uzoq oʻylantirib qoʻyadi. Hikoya garchi Umri buvini “urushning soʻnggi qurboni” deya eʼtirof etgan boʻlsa-da, urushdan keyingi qahatchilik davri qurbonlar sonining yanada ortishiga sabab boʻlganini anglash mumkin.

Poytaxtimizdagi Xotira maydonida barpo etilgan 35 jildli Xotira kitobini koʻzdan kechirsangiz, har bir ism-sharif roʻparasida mushtipar onalarning achchiq koʻz yoshlarini, otalarning mungli nigohlarini, yostigʻining yarmi boʻshab qolgan kelinlarning armonlarini, yetim qolgan bolalarning faryodini eshitganday boʻlasiz.

Front ortidagi mashaqqatli mehnatlari orqali jang qilib, bir metr matoni oʻzidan ayab, frontga joʻnatib, tutning pishigʻiga yetib olishni orzu qila-qila yashash uchun kurashib, ocharchilik, qahatchilik qurbonlari boʻlgan ajdodlarimizning ismlari bitilgan hayot kitobi ham temir kitobdan kam emasligini qaysi birimiz inkor eta olamiz!

Ikkinchi jahon urushi asoratlari boʻyicha shu kungacha ilmiy tadqiqotlar, arxeologik qazilmalar olib borayotgan qator guruhlar tomonidan aniqlanayotgan yangi-yangi maʼlumotlar urush haqidagi maʼlumotlarga oydinlik kiritishga, yirik raqamlarni oʻzgartirishga, urush tarafdorlari boʻlgan mamlakatlarning asl niyatlarini aniqlashga xizmat qilishi bilan birga oʻtgan davr manzarasini yanada mudhishlantirib, urushga chorlovchi gʻoyalar ortidan ergashishdan tiyilishga ham chorlashi shubhasiz.

Yer yuzi insoniyat baxtli boʻlib yashashi uchun yaratilganligini, bir qarich yerda ham inson goʻzal orzular qilib, oʻz mehnati bilan baxtli boʻla olishi mumkinligini his etmagan inson har qancha moddiy boyligi boʻlmasin, baxtiyor boʻlolmaydi. Chin inson oʻzgalar qonini toʻkish evaziga tuzilgan yirik davlatlarda emas, hamma baxtli yashaydigan davlatlardan birida yashashni afzal biladi. Chin inson boshiga musibat yetgan insonlarga yordam qoʻlini choʻzishni oʻz burchi deb his etadi. Chin inson oʻz manfaatini xalq manfaatidan ustun qoʻymaydi.

Biz ikki ulkan urush manzaralari atrofida fikr yuritdik. Biroq taxt va vorislik talashuvlari, baʼzan birgina malikaning makri bilan qilingan necha-necha qatliomlar ham insonga qaratilgan urushdir. Urush tomonlar kuchi va hududlar koʻlami bilan emas, begunoh toʻkilgan qonlar bilan sifatlanadi.

Oʻzbek xalqi tarixda ham, bugun ham jahon hamjamiyati tomonidan bagʻrikengligi bilan ahamiyat kasb etib kelgan. Xalqimizning ushbu sifati mamlakatimiz Bosh qomusida ham qonun bilan asoslangan. Zero, koʻp millatli mamlakatlarda bagʻrikenglik – tinchlik, taraqqiyot garovidir. Odamlar oʻrtasida nizolar kelib chiqishining oldini olishda, xalqlar oʻrtasida sogʻlom maʼnaviy muhitni barqarorlashtirishda tolerantlik muhim rol oʻynaydi.

Koʻplab urushlarning kelib chiqishiga bevosita millatchilik sabab boʻlayotgan bugungi kunda Oʻzbekistonda 16 ta konfessiya asosida 130 dan ortiq millatlar oʻrtasida doʻstlik, bagʻrikenglik muhiti shakllangani dunyo xalqlari tomonidan alohida eʼtirof etilayotgani bejiz emas, albatta. Xalqimizga xos bagʻrikenglik fazilati ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi davrida yaqqol namoyon boʻlganligiga tarixning oʻzi guvohdir.

XXI asr – axborot asri. Urushni keltirib chiqaradigan sabablar ham “ommalashtirilayotgandek” goʻyo. “Hayot ressurslarining tanqisligi”, “dunyo aholisi sonining meʼyordan ortib borayotgani”, “Yer yuziga sigʻmay qolishlik” kabi global mavzular goʻyoki urushlarni yoqlaydigandek. Ammo ushbu “global sabablar” ostida ham allakimlarning manfaatlari yotganini unutmasligimiz, har qanday urushga hech bir sabab asos boʻla olmasligini anglashimiz lozim. Zero, birgina begunoh inson qonini toʻkishga qaratilgan har qanday harakat manfur urushning parchasi demakdir.

Hazrat Navoiyning “Hamsa”siga kiritilgan dostonlardan birida bu dunyo inson guli uchun yaraldi, uning gullashiga ishoning va u gullaydi degan falsafiy qarash aks etadi. Zotan, insonni qurbon qilish, orzu va istaklarini yakson qilish, nafasini zahar bilan boʻgʻishga qaratilgan har qanday urushning dunyoga munosib emasligi ayni haqiqat-ku!

Yoshi 70–80 dan oshib, bu dunyoning hoy-u havasligini, bu dunyo imtihon ekanligini his etib, hayotining qolgan qismini yaxshi amallar qilish taraddudiga tushib qolgan har bir moʻysafid yozilmagan kitob emasmi?!

Biz tinchlik tarafdorimiz demoqda muhtaram Prezidentimiz. Qaysi elda zilzila, suv toshqini yoki yongʻin oqibatida talafot koʻrgan insonlar boʻlsa, mamlakatimizdan darhol yordam fondi yoʻlga otlanadi, koʻngil soʻraladi. Hamyurtlarimiz borib, jabrdiyda ellarning yonida turib berishadi. Barcha ellarga faqat va faqat tinchlik istaydigan, “Qoʻshning tinch-sen tinch” aqidasiga amal qiladigan, millati, dini, irqidan qatʼi nazar, dunyo maydonida baxtli yashashga haqli deb biladigan, oʻzga ellarda urushdan jabr chekayotgan norasida goʻdakning koʻzidan bir tomchi yosh toʻkilsa, u bilan birga qoʻshilib yigʻlaydigan, yuragi ogʻriydigan bagʻrikeng xalqimizning Yurtboshisi ham chin inson sifatlari bilan dunyo tinchligi tarafdori ekanligi, qaysi bir elning podshosi oddiy xalqning roziligi, qon toʻkilishiga qarshiligi bilan hisoblashmay, oʻz manfaatlarini ustun qoʻyayotgan bir davrda, xalqimiz bilan bir yoqadan bosh chiqarib, urushga qarshi turayotganligining oʻzi bizning baxtli xalq ekanligimizdan dalolatdir.

Shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi davr ochiq kurashlar maydoniga aylanib bormoqda. Tahdidlarga boy zamonda “xalq manfaati uchun” niqobi ostida oʻz istak-xohishlari yoʻlida tubanlik bilan “zoʻr”lardan “zoʻr” boʻlishga urinayotganlarning “urush” otlig‘ sovuq nom bilan kurashga otlangani, “Uchinchi jahon urushi” iborasini ilgari surishlari faqat bir narsa, yaʼni yana begunoh insonlarning qurbon boʻlishlari bilan taʼbirlanadi, xolos. Yuqorida zikr etganimizdek, urushda gʻoliblar boʻlmaydi...

Furqat JOʻRAQULOV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

rahbarining birinchi oʻrinbosari,

siyosiy fanlari doktori, professor