Sohibqiron yotar ustoz poyida,

Jomiyni pir tutgan Navoiy hazrat.

Ustoz buyuk degan buyuk qoida

Bu qaytar dunyoda azaliy hikmat.

Qahramon shoirimiz Erkin Vohidovning ushbu misralarini oʻqiganda beixtiyor xayolga choʻmasiz. Ustoz... Bu soʻzni eshitganda qalblar joʻshib, koʻngillar birdan yorishib ketadi. Yorug‘ xotiralar jonlanadi. Chunki ular butun borligʻini, kuch-gʻayrati, aql-zakovati, qalb qoʻrini, bor mehrini shogirdlariga baxshida eta oladilar va bundan munosib eʼtibor ham topadilar.

Sahih manbalarda keltirilishicha, muhaddislar sultoni Imom Buxoriy (rahimahulloh) bir muddat Makkai mukarramada dars bergan. Bir ziyoratchi ul zotga Buxoroi sharifdagi ustozlaridan salom va maktub keltiradi. Shunda Imom Buxoriy ziyoratchining ustozlar yurtidan kelganini bilib, uni quchoq ochib qarshilaydi va cheksiz ehtirom koʻrsatib mehmon qiladi. Undan salom xabarini eshitganida Buxoroi sharif tomonga yuzlanib, salomga alik olib, tabarruk maktubni ikki qoʻllab qabul qilib, ehtirom bilan tanishib chiqqan.

Amir Temur vafotidan keyin jasadini ustozi Said Barakaning poyiga dafn etishni vasiyat qiladi. Mirzo Ulugʻbek yoshlik chogʻlarida, garchi shahzodalarga xos odat boʻlmasa-da, ustozi Qozizoda Rumiy hazratlarining toʻni etagini oʻpgan ekan. Mirzo Bobur Samarqandga lashkar tortib kelganida Xoʻja Ahror valiy hazratlarining behuda qon toʻkmaslik xususidagi oʻgitlariga amal qilib, jang qilmay iziga qaytgani aytiladi.

Aflotunga shogird edi Arastu,

Ul shogirdga shogird boʻldi Iskandar.

Bu oltin silsila davomi mangu,

Oʻzi ustoz boʻlar ustoz koʻrganlar.

XV asrning ikkinchi yarmida Xurosonda Alisher Navoiy atrofida toʻplangan alloma, shoir va donishmandlar orasida mashhur boʻlgan va hazratning sheʼrlarini oʻqigan qomusiy bilim sohibi Husayn Voiz Koshifiyning “Futuvvatnomai sultoniy” kitobida “Ustoz nimaiki aytsa, shogird uni jon dili bilan eshitishi, chin koʻngil bilan qabul qilishi, olgan bilim va malakasini amalda ado etishi kerak”, deyiladi. Imomi aʼzam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning “Ustozim Hammodning hurmati uchun uning uyi tomonga oyogʻimni uzatmaganman. Holbuki, uning uyi bilan mening uyim orasida yettita koʻcha bor edi. Hammod vafot etgandan soʻng qachon namoz oʻqisam har safar albatta ota-onamga qoʻshib, unga ham Allohdan magʻfirat soʻraganman”, degan xitobi ustozlik maqomi yuksakligining dalilidir. Shunday dalillardan yana biri: Paygʻambarimizning suyukli kuyovi hazrati Ali (r.a) “Menga alif oʻrgatgan kishining quliman, xohlasa, umrbod kishanband qilib ishlatsin, istasa, ozod qilsin”, degan.

Bormi murabbiydan baxtliroq inson,

Shogirdlari qilsa yuksakka parvoz.

Boshimizga tojsiz, bor boʻling omon,

Tabarruklar ichra tabarruk ustoz!

Ustozlar koʻtargan mashʼala dunyomizni doim yoritib tursin. Ular umrini tikkan kasbi yoʻlidagi mashaqqatlari eʼtibor va ehtiromga munosib. Insoniyat baxtiga ustozlar doim bor boʻlsin!

Xoliyor SAFAROV