Rassom bir asarini bir oy, bir yil yoki undan koʻproq vaqtda chizadi. Bir inson ortidan yaxshi nom qoldirmoqchi boʻlsa oʻz qiyofasini yaratish uchun umr boʻyi harakat qiladi. Chekilmish zaxmat yaratilayotgan narsaning qiymatiga yarasha boʻladi. Millat, yurt qiyofasini yaratish, dog‘ tushirmay oʻz holida saqlash esa ibtidodan intihoga qadar millat farzandlarining masʼuliyati.
Ashxobod saylgohida tekin muzqaymoq ortidan kelib chiqqan mashmasha millatni uygʻotishi, mulohazaga chorlashi, qaygʻuga solishi kerak. Or-nomus degan meros oldida joni koʻziga koʻrinmagan ajdodlarning avlodlari qachon bu qiyofadagi millatga aylandi? Millat madaniyatini koʻtarish uchun nima qilish kerak? Oyina.uz shu mavzu atrofida ziyolilar va ijtimoiy faollardan munosabat oldi.
Alisher NAZAR, jurnalist:
Uyat yoʻqolib qolgan
Insonning ichi iymon bilan, ilm bilan nurlanmas ekan, u hech qachon toʻgʻri yashay olmaydi. Insonni insoniylik chegarasida ushlab turadigan kuch ilm va iymondir! Busiz insonning hayotida muvozanat yoʻqoladi! Muvozanati buzilgan odamdan esa har narsani kutish mumkin. Agar butun boshli jamiyatda bu muvozanat buzilsa-chi, bu endi juda xatarli. Afsuski, biz bugun buzilgan bir muvozanat ichida yashayapmiz. Odamlarimizda iymon bilan bogʻliq tuygʻu – uyalish hissi yoʻqolib bormoqda. Albatta, buning maʼnaviy, ijtimoiy sabablari bor.
Birinchidan, odamlarimiz ommatan dindan, ilmdan uzoqlashib qoldi. Halol-harom masalasi kun tartibidan tushdi. Nima boʻlsa ham qoʻlga kiritsam boʻldi, degan tushuncha onggiga oʻrnashib qoldi. Iymon shuning uchun kerakki, u doim insonni tergab turadi:
– Uyalmaysanmi, birovning narsasini tekin olishga? – deydi. – Balki sendan haqliroq odamlar bordir?
Insonni ichidan nazorat qilib turadigan bunday “qoʻriqchi” yoʻqolib qolsa, nafs bilan yakama-yakka qolgan inson baribir magʻlub boʻladi.
Ikkinchidan, davlatning oʻzi odamlar orasida boqimandalik kayfiyatini shakllantirib qoʻydi. Bitta hayotiy misol keltiraman. Ijtimoiy tarmoqlarda bir video tarqaldi. Yoshi elliklarni qoralagan bir ayol toʻshakda oʻtiribdi. Qarshisida mahalliy hokimiyat vakillaridan uch-toʻrt kishi qoʻl qovushtirib turibdi.
– Men kasalman, erim hech qayerda ishlamaydi, beshta bolamni qanday boqaman? – deydi ayol vajohat bilan.
– Mahallada “temir daftar”da turasiz, hokimiyat 2-3 marta yordam puli ajratdi, imtiyozli kredit beramiz deyapmiz, yana nima qilishimiz kerak? – deydi hokimiyat vakili. – Voyaga yetgan farzandlaringiz bor ekan, ish oʻrinlariga taklif qildik, nega borishmadi?
– Hokimiyat ajratgan 2-3 million soʻm nima boʻladi? Qizimga taklif qilingan ish uzoq joyda, qatnab ishlay olmaydi...
Soʻnggi paytlarda bunaqa voqealarga tez-tez duch keladigan boʻlib qoldik. Eng yomoni, bu hol soʻz erkinligi, oʻz haq-huquqlarini talab qilish, adolat uchun kurash, deb taʼriflanadigan boʻldi. Aslida esa bu xalqimizning maʼnaviy ahvoli qay darajaga kelib qolganidan darak beradi. Hatto nochor odamning ham hadeb nolishi, imkon qadar davlatdan foydalanishga urinishi, faqat imtiyoz olish payida boʻlishi, yaxshilik alomati emas. Vaholanki, tuppa-tuzuk odamlar mahallalarda joriy etilgan “temir daftar”ga kirib olishni omad sanay boshladi. Gʻurur va hamiyat oʻldi! Odamlarda “kerak boʻlsa davlat meni boqadi”, degan tushuncha oʻrnashib olgandek... Oʻz navbatida hukumat “temir daftar”larning joriy qilinishi aholini ijtimoiy himoya qilish yoʻlidagi eng muhim qadam, deb hisobot bera boshladi. Vaholanki, odamlarni “temir daftar”ga kiritish emas, “temir daftar”dan chiqarish muhimroq emasmi? Chunki hammani “temir daftar”ga kiritib boqib boʻlmaydi.
Xulosa shuki, biz faqat qaysidir parkda tekin “marojniy” olaman, deb ur-yiqit qilayotgan olomonni koʻryapmiz, xolos. Hayotga tikilibroq qarasangiz, shon-shuhrat, mansab-martaba uchun oʻzini ne ko‘ylarga solayotgan, xalqning koʻziga baqirayib turib yolgʻon aytayotgan “ziyolinamo”larimizning tekin “marojniy” talashayotgan olomondan nima farqi bor? Farqi yoʻq! Ularni birlashtirib turgan xususiyat esa bitta: uyat yoʻq! U yoʻqolib qolgan!
Hilola NAZIROVA, “Yangi Oʻzbekiston” universiteti Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektori:
Tekin kitobga ham shunday talatoʻp boʻlarmidi?
Albatta bu noxush holat. Har bir tadbir rejalashtirilishdan oldin uni qayerda oʻtadi, odamlar sigʻimi qancha va qaysi oqimda kelib, qaysi oqimda ketadi degan savol turishi kerak edi. Avvalombor, har tadbirning boshida turgan tashkilotchi bu narsani oʻziga belgilab olishi lozim ediki, hozir endi “yaxshilik qilaman deb yomonlik qilindi” degan iddao aytiladi.
Bolalar bilan vaqtini oʻtkazyotgan ota-onalar farzandining xavfsizligi uchun asosiy maʼsul odam hisoblanadi. Xalqimizning bolajonligi bunday paytda bizga faqatgina pand beradi, yaʼni yaxshi niyatda bolasini koʻchaga aylantirishga olib borgan ota-ona taxminiy holatni koʻrgan boʻlishi kerak. Umumiy holatda navbat kutish odobimizning sustligini taʼkidlash lozim, bu borada ota-onalar bolalari uchun oʻrnak boʻlishi shart.
Xalqning madaniyati avvalombor har ota va har ona orqali shakllanadi, to oʻzimiz millat kelajagi – yoshlarga oʻrnak boʻlmas ekanmiz, boshqalar oʻrnak boʻladi. Tekin kitobga ham shunday talatoʻp boʻlarmidi, degan savolni oʻrtaga tashlash ham kerak. Biz farzandlarimizning oʻqimishli va oʻqishi uchun ham tekin kitobga talatoʻp boʻlib yigʻilarmidik, shunday holat boʻlarmidi?
Barno SULTONOVA, jurnalist: