1865-yilda Vengriya Fanlar akademiyasining “Tilshunoslik xabarlari” jurnalida taniqli tilshunos olim Yozef Budensning “Xiva tatarchasi” nomli maqolasi eʼlon qilinadi. Maqola oʻzbek tilining Xiva shevasini yoritishga qaratilgan boʻlib, muallif maqolaning avvalida “Xivadagi oʻzbek tilidan namuna sifatida turk-tatar tillarini oʻrganishga qiziquvchilar uchun” yozilganini qayd etadi.
Y.Budens ushbu ishida “tatarcha” terminini qoʻllab, umumiy turk tilini nazarda tutadi. Aytish joizki, mazkur tadqiqotni amalga oshirish jarayonida Budens biror marta Xorazmda boʻlmagan va xalq ichida yurib, matnlar yozib olmagan, shunga koʻra, ishni umumiy maʼlumot beruvchi axborot sifatida talqin etish mumkin. Olim shevaga oid materiallarni bayon qilishda unga yaqin oʻrtogʻi A.Vamberi Yevropaga oʻzi bilan olib kelgan shogirdi Mulla Isʼhoqning xizmati katta ekanligini alohida taʼkidlaydi. Manba va materiallarni uning ogʻzidan yozib olganligini hamda Mulla Isʼhoq tomonidan qilingan tarjimalardan foydalanganini qayd etadi.
Shu oʻrinda, Mulla Isʼhoq haqida ikki ogʻiz soʻz. G.Vamberining Markaziy Osiyoga sayohat qilgani, Xiva, Buxoro, Samarqand kabi yirik shaharlarda boʻlgani ilm ahliga maʼlum. U 1893-yil noyabr oyida safarni yakunlab, Oʻrta Osiyodan qaytarkan, oʻzi bilan birga Xiva madrasalarida tahsil koʻrgan Mulla Isʼhoqni ham olib ketadi. Muqaddas Makka-yu Madinani ziyorat qilishga chiqqan Mulla Isʼhoq yoʻl davomida safar Arabistonga emas, Mojaristonga, Yevropaga yoʻnaltirganini bilib oladi va sherigi hamda ustozi G.Vamberi bilan Istanbul orqali Vengriyaga yetib boradi. Shundan eʼtiboran, Mulla Isʼhoqning keyingi hayoti umrining oxirigacha Vengriya, Yevropa bilan bogʻliq holda kechdi.
Mulla Isʼhoq tez orada venger tilini, yevropacha yashash tarzini oʻrganib, Vengriya Fanlar akademiyasida ishlay boshlaydi. Mumtoz sharq tillari – arab, fors, oʻzbek tillarini yaxshi bilgan Mulla Isʼhoq akademiyada tarjimalar qilish bilan shugʻullangan, shuningdek, sharq tillaridan ham dars bergan. Oʻzi bilganlarini bayon qilib, sharqshunos olimlarning tadqiqot ishlarida koʻmaklashgan, asosiy “manba” vazifasini bajargan.
Vengriyaga kelgan Vamberi shogirdi Mulla Isʼhoqni eng yaqin oʻrtogʻi, oltoyshunos olim Yozef Budensga topshirib, oʻzi Londonga yoʻl oladi. Osiyolik mehmon madrasa mudarrisiga yevropalik olim Vamberi kelguniga qadar koʻz-quloq boʻlib turadi. Shu asnoda mazkur maqola ham tayyorlanadi. Mulla Isʼhoqning Mojaristondagi hayoti va ilmiy faoliyati dunyo olimlari nigohida boʻlib, hozirgacha qizgʻin oʻrganib kelinmoqda. Xususan, Yevropadagi oʻzbek olimining hayoti va faoliyati toʻgʻrisida Melek Choʻlak (turk), Benedek Pere (venger), Umid Bekmuhammadov (oʻzbek) tadqiqotlari shular jumlasidan.
“Xiva tatarchasi” maqolasi qariyb 62 sahifadan tashkil topgan boʻlib, oʻzbek tiliga oid matnlar va unga muallif tomonidan berilgan lingvistik maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan. Maqolaga asos boʻlgan oʻzbek tili (Xiva shevasi)dagi matnlar – xalq ogʻzaki ijodi namunalari, maqol, topishmoq, ertak, hikoyatlar va mojar hamda usmonli turkchasidan oʻzbekchaga qilingan tarjimalardan iborat.
Qizigʻi, XIX asr venger hamjamiyati tomonidan yaxshi kutib olingan mazkur maqoladagi maqollarning qiymati hozirgacha yoʻqolgani yoʻq. Maqollar muallif tomonidan 3 qismga ajratilgan oʻzbekcha matnlarning birinchisi – “Maqol va topishmoqlar” (Naql, ojun hikâjet) qismiga kiritilgan boʻlib, jami 43 ta maqolni oʻz ichiga oladi. Olim maqollarni lotin yozuviga asoslangan transkripsiyada va uning tagidan venger tilidagi tarjimasi bilan beradi.
Odam olasi ichida, hayvon olasi tashida.
Adam alasï ičinde, hejvân alasï tïšïnda.
El oʻgʻrisiz boʻlmas, tog‘ boʻrisiz boʻlmas.
Iel oγrïsïz bolmas, tau bö:risiz bolmas.
Qozonga yaqinlashsang, qorasi yuqar, yomonga yaqinlashsang, balosi yuqar.
Qazanγa jantašsañ, qarasï juγar, jamanγa jantašsañ, belâsi juγar.
Ichib toʻymagan yalab toʻymas.
Ičip tojmaγan jalap tojmas.
Onasini koʻr, qizini ol, qorasini koʻr, boʻzini ol.
Inesini kör, qïzïn al; qaresini kör, böjzin al.
Uyimda yoʻqdir goʻjalik, koʻnglim istaydi xoʻjalik.
Öjümde joq-tur göčelik, köñlüm istîdé χoǯalïq.
Beaql doʻstdan, aqlli dushman yaxshi.
Bi-aqïl dosttan aqïllï dušmân jaχšï-dï.
Ochlik neni yedirmas, toʻqlik neni dedirmas.
Ačlïq nini jidirmes, toqluq nini didirmes.
Yigʻlagan bolaga koʻkrak tutilar.
Jïγlamaγan balaγa iemček qajda?
Shoshilgan ishga shayton qoʻshilar.
Qïstanγan iške šejtân qošulur.
Qorani yuvsang oq boʻlmas, yomon har qiz yaxshi boʻlmas.
Qaranï jusañ, aq bolmas, jaman her qïz jaχšï bolmas.
Boʻlar odam oʻn beshida bosh boʻlar, boʻlmas odam qirqqa kirsa, yosh boʻlar.
Bolur adam on bišinde baš bolur, bolmas adam, qírqqa kirse, jaš bolur.
Bol tutgan barmogʻini yalar.
Bal tutqan barmaγïnï jalar.
Yaxshi bilan yursang, yetarsan murodga, yomon bilan yursang, qolarsan uyatga.
Jaχšï minen jürseñ, jitersen müratqa, jaman minen jürseñ, qalarsïn ujatqa.
Koʻp koʻrgan, koʻp bilar.
Köp itken, χôb iter.
Uzoqda boʻlsa ham yoʻl yaxshi, yomon boʻlsa ham qiz yaxshi.
Uzak-ta bolsa hem jol jaχši, jaman bolsa hem qïz jaχši.
Yigit degan shoʻx boʻlsin, shoʻx boʻlmasa yoʻq boʻlsin.
Jigit digen šoq bolsun, šoq bolmasa, joq bolsun.
Yaxshilik qil, suvga ot, baliq bilar, baliq bilmasa, Xoliq bilar.
Jaχšïlïq it, derjaγa tašla: balïq bilir; balïq bilmese, χâlïq bilir.
Tildan kelgan ham qoʻldan kelsa, hamma odam gado boʻlmay, sulton boʻlar.
Tilden kilgen hem qoldan kilse: heme adam gedâ bolmaj, sultan bolur
Chiqmagan jondan umid kesilmas.
Čïqmaγan ǯândïn ümîd kisilmes.
Daʼvogaring podsho boʻlsa, arzingni Alloh eshitsin.
Dauageriñ pâtšâ bolsa, arzïñnï allâ išitsin.
Ot oriqlikda, yigit gʻariblikda yomon koʻrinar.
At arïqlïqta, jigit γarïblïqta jaman körünür.
Sadafsiz dur boʻlmas, tikansiz gul boʻlmas.
Sedepsiz dürr bolmas; tïqansïz gül bolmas.
Ikki qoʻchqorning kallasi bir qozonda qaynamas.
Iki qočqarnïñ kellesi bir qazanda qajnamas.
Yetim bola saqlasang, ogʻzi-burning qon boʻlar,
Yetim uloq saqlasang, ogʻzi-burning yog‘ boʻlar.
Jitim bála saqlasañ, aγzï burnuñ qân iter,
Jitim ulaq saqlasañ, aγzï burnuñ jaγ iter.
Koʻrpangga qarab oyoq uzat.
Körpeñe qarap ajaq uzat.
Nodon bilan bir soat suhbat qilgandan yuz yil zindonda qolgan yaxshi.
Nâdân bilen bir saat söbet itkennen jüz jïl zïndanda qalγan (bolγan) jaχšï
Et yogʻda pishmas, xamir suvda pishmas.
Et jaγda pšmes, χamir sûda pšmes.
Baliq yegan toʻq boʻlar, kuch-quvvati yoʻq boʻlar.
Balïq jigen toq bolur, küč quwati joq bolur.
Elyor ALIMARDANOV,
ToshDOʻTAU tayanch doktoranti