“Uzunquloq gaplarga koʻra”, “odamlar orasida uzunquloq gaplar yuribdi”. Qanday qilib gap uzunquloq boʻlishi mumkin? Deylik, biron hayvonga nisbatan “uzunquloq” desa tushunarli, lekin gapning uzunquloq boʻlishi gʻalati.
Gap shundaki, bu yerda “uzun” – hozir tilimizdagi oʻlchovni bildiruvchi “uzun” emas. Qadimgi turkiyda unga shakldosh yana bir “uzun” soʻzi boʻlib – “gʻiybat” maʼnosini bergan. “Gʻiybatchi” esa – “uzunchi” deyilgan. “Qutadgʻu bilig”dan oʻqiymiz:
“Uzunchi kishike qatilma yira
Uzunchi tilinde kuyer ot ker-e”.
Maʼnosi: “Gʻiybatchi kishiga yaqinlashma, yiroqlash, Gʻiybatchi tilida oʻt yonadi, koʻr”.
“Uzundin qopar ul ajun bulgʻaqi
Uzunchi bashin kes ey ersig aqi”.
Maʼnosi: “Dunyoning boʻlgʻanchiq fisq-u fasodlari gʻiybatdan chiqadi, Gʻiybatchining boshini kes, ey mard saxiy” (QB. T. 1971. 632-b.).
Demak, “uzun gap” – bu “uzundan-uzun choʻzilgan” emas, balki “gʻiybat gap” ekan. Gʻiybat esa – kimningdir orqasidan gapirish, shu maʼnoda, bu soʻz, bizningcha, “orqa, ket” maʼnosidagi qadimgi “uzu” soʻzidan yasalgan boʻlishi mumkin. Mahmud Koshgʻariy “Devon”da “uzu”ni shunday izohlaydi: “uzu – orqa, ket. Men anin uzu keldim – men uning orqasidan keldim”. Yaʼni, “uzun” soʻzi mazkur “uzu”ga qadimgi vosita kelishigi qoʻshimchasi “-in” qoʻshib yasalgan boʻlishi mumkin (Misol: qadimgi turkiy soʻz “terk” – “tez” maʼnosini bildiradi. “terk+in” esa – “tezlik bilan”: “terkin kel” – “tezlik bilan kel”. Shu kabi: “uzu+in” – “uzun” – “orqasidan” (gapirish) boʻlishi mumkin. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerakki, “gʻiybat” maʼnosidagi qadimgi turkiy soʻz “uzun”ning arab tilidagi “quloq” maʼnosidagi: “uzn” (أُذْنٌ) (muannasi: “uzun” أُذُنٌ)ga mutlaqo aloqasi yoʻq).
Bizningcha, “uzunquloq”ning “qulog‘”i ham eshitish organi – “quloq” maʼnosida emas. Gap shundaki, “quloq” ham baʼzi turkiy lahjalarda koʻchma maʼnoda: “mish-mish, ovoza, gap soʻz, gʻiybat” maʼnolarini bildiradi.
Shunday qilib, “uzunquloq gaplar” iborasini “gʻiybat, mish-mish, ogʻizdan-ogʻizga oʻtgan gaplar” deb tushunish mumkin.
Abduvohid HAYIT