Isteʼdodli kinorejissyor Furqat Usmonov hujjatli filmlar ustasi sifatida bir qancha ishlarni amalga oshirdi. Uning jiddiy ishlaridan biri 2021-yilda suratga olingan olti qismli “Inson” hujjatli filmlar turkumidir. Turkumning birinchi qismi suronli Suriyaning sovuqlarida, chang-toʻzonlarida sarson-u sargardon tentiragan oʻzbek onalari-yu qizlarining dard-u dunyosiga bagʻishlanadi. Kartinani “Adashganlar istigʻfori” deb qabul qilsak ham yanglishmaymiz. Filmni koʻryapman-u Abdulla Oripovning “Kuyi shunday boʻlsa, gʻamning oʻziga //Qanday chiday olgan ekan odamzod!” misrasi bot-bot xayoldan oʻtdi.
Film muvaffaqiyati shundaki, muallif qahramonlariga hukm oʻqishdan oʻzini tiyadi. Ularga “moʻmay daromad ilinjida” adashgan osiylar deya malomat toshlarini otmaydi. Aksincha, qismatning qahri qattiq shamollariga yoʻliqqan ojizalar deya hamdard boʻladi, ularni tinglaydi.
Shuning uchun ham mazkur hujjatli film davlatning maxsus buyurtmasi bilan suratga olingan boʻlsa-da, tomoshabin uni tashviqot asari ekanini maʼlum muddat sezmaydi. Chunki rejissyor zargarona ehtiyotkorlik bilan birinchi oʻringa gʻoyani emas, INSONni qoʻyadi. Ayol qalbi orqali voqelikka, urush kechayotgan yurtga nigohni qaratadi.
Ayol qayerda boʻlmasin, kimning yonida turmasin, u doim hayot xamirini qorish bilan ovora. Xamir qorayotgan qoʻllar film leytmotivi boʻlib qayta-qayta takrorlanadi. Uch qahramonning ham badiiy filmga asqotishi mumkin boʻlgan oʻz dostoni, har bir ayolning er zotiga aytar oʻz arzu dodlari bor. Ayol dardi nima? Ayol dardi – jamiyat jarohati. Ayol ovozi – jamiyat ovozi.
Kartinada “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi tarixiy voqea sifatida inson istigʻfori, koʻzyoshlari orqali koʻrsatilgan.
Yuzlab odamlar orasidan qahramonlar toʻgʻri tanlangan. Ularning yuz-koʻz ifodalarida, soʻzida samimiyat qalqib turibdi. Vazminlik bilan ifodalangan ichki tugʻyonlar ispan kinorejissyori Pedro Almadovarning ayol qahramonlarini eslatadi. Har bir omadli erkak ortida kuchli ayol turadi degan koʻnikma bor, chindan shunday boʻlsa, unda baxtsiz, lekin azamat ayol yelkasiga chiqib olgan kim? Bir eryigitning oʻylamay tashlagan qadami ayol zotiga qanchaga tushadi?
Beminnat qaytar qoʻnalgʻamiz – Vatanning qadri ayollar tilidan ortiqcha pafoslarsiz aks etgan. Furqat Usmonov ijodidagi iztirob yorug‘, ruhni katta ishlarga chogʻlaydi, qanotsiz ham uchish mumkin ekaniga ishonch uygʻotadi. Aynan shu kayfiyat mahzunlik bilan nekbinlik qorishib ketgan film musiqasida aks etgan.
“Inson” turkumining ikkinchi qismi shifokorlar matonatiga bagʻishlangan. Hujjatli film qahramonlarining hayotiy hikoyalari, dardchil xotiralari tomoshabinda hissiy kayfiyatni uygʻotadi.
Tibbiyot fidoyilari qiyofasida nafaqat oʻz sohasining ustalarini, balki hayotning quvonch-u gʻamlaridan xoli boʻlmagan oddiy odamlarni koʻra boshlaysiz. Faqat burch tuygʻusining qatʼiyligi ularni ayricha, xos inson ekanini eslatadi. Ularning faoliyati orqali yurtimizda tibbiyot sohasining oldinga qarab qanday odimlayotganidan xabar topamiz.
"Inson" – Davlat tashviqotini magʻzida sir tutgan film. Ijodkorlardagi nozik did, hadni chamalash farosati mazkur film muvaffaqiyatining siridir. F.Usmonov qahramonning yuragi orqali ijtimoiy voqelikka yoʻl oladi. Goʻyo voqelik insondan keyin turuvchi unsurdek taassurot uygʻotadi. Aslida aynan shu manyovr axborot asri odamlariga taʼsir qila oladi.
Iqbol QOʻSHSHAYEVA