Jonimning jonida yuksalgan bayroq,
Yuragim yonida yuksalgan bayroq,
Oʻpsam yelkam uzra qanotlar paydo,
Mehrim- ummonimda yuksalgan bayroq.
Oʻzbekiston bayrogʻi, Oʻzbekiston bayrogʻi.
Haqli haqqoyiqlar oʻparlar seni,
Oʻpishga loyiqlar oʻparlar seni.
Yerda malikalar oʻparlar seni,
Koʻkda maloyiklar oʻparlar seni.
Oʻzbekiston bayrogʻi, Oʻzbekiston bayrogʻi.
Sarbadorlar shonida yuksalgan bayroq,
Jadidlar armonida yuksalgan bayroq.
Tirik koʻmilganlar kutgan bayrogʻim,
Alvasti koʻpriklardan oʻtgan bayrogʻim.
Oʻzbekiston bayrogʻi, Oʻzbekiston bayrogʻi.
BMT peshtogʻida yuksalgan bayroq,
Oʻzbekiston bogʻida yuksalgan bayroq.
Koʻzlar chaqmogʻida yuksalgan bayroq,
Mehr ardogʻida yuksalgan bayroq.
Oʻzbekiston bayrogʻi, Oʻzbekiston bayrogʻi.
Oʻpsam onam hidi keladi sendan,
Nonu dalam hidi keladi sendan.
Vijdon chaqirigʻi keladi sendan,
Zafar hayqirigʻi keladi sendan.
Oʻzbekiston bayrogʻi, Oʻzbekiston bayrogʻi.
Ey ramzi saltanat, ey ramzi qudrat,
Ey ramzi sadoqat, ey ramzi davlat,
Seni koʻzga surtsam koʻzimga quvvat,
Magʻrur hilpiragin abadul abad,
Oʻzbekiston bayrogʻi, Oʻzbekiston bayrogʻi.
Zulfiya Moʻminova
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi