“El-yurt umidi” jamgʻarmasi hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamkorligida bugungi kunda xorijda tahsil olayotgan va ayni damda taʼtil sababli yurtimizdan boʻlib turgan stipendiatlar uchun maxsus oʻquv-seminar tashkil etildi.
Shu yilning 11–13-iyul kunlari boʻlib oʻtgan anjumanning maqsadi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlari bilan doimiy muloqotni davom ettirish, ularda Vatanga sadoqat, oʻzbek milliy qadriyatlariga hurmat, vatanparvarlik ruhini kuchaytirish hamda Yangi Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati mohiyati va maqsadlarini tushuntirishdan iboratdir. Xorijda tahsil olayotgan mutaxassisliklari boʻyicha mamlakatimizni yanada rivojlantirish yuzasidan takliflarini oʻrganish va amaliyotga joriy qilishga koʻmaklashish, oʻqishni tugatib qaytganlaridan soʻng ular uchun munosib mehnat faoliyatini tashkil etish ham koʻzda tutilgan.

“Hech qaysi davlat oʻz-oʻzidan buyuk boʻlib qolmaydi. Mamlakat isteʼdodli va salohiyatli yoshlari bilan qudratlidir. Shu maʼnoda Prezidentimiz tashabbusi bilan navqiron avlodni yuqori intellektual salohiyatga ega, zamonaviy va kreativ fikrlaydigan, ilm-fanga innovatsion gʻoyalar va texnologiyalar olib kirishga qodir mutaxassis qilib tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratilmoqda, – dedi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Vasiylik kengashi aʼzosi Minhojiddin Mirzo.
Biz yashayotgan bu zamonlar, Sizga nasib etgan bu imkonlar ne-ne insonlarga armon boʻlib qolgan. Roppa-rosa bir asr ilgari maʼrifarparvar bobolarimiz oʻz hisobidan millat yoshlarini xorijga oʻqitishga yuborishgan. Bu ulug‘ zotlarning maqsadi, davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, jaholat va qoloqlik girdobida qolgan Turkiston xalqini dunyoviy ilm-fan, ilgʻor kasb-hunarlar bilan qurollantirib, umumbashariy rivojlanish yoʻliga olib chiqishdan iborat boʻlgan.
Zamon bizdan maʼrifatparvar jadidlarga izdoshlik maqomida fidoyilik bilan mehnat qilishimizni talab etmoqda. Jahon mehnat bozorida raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassislarni yetakchi xorijiy taʼlim muassasalarida tayyorlash va malakasini oshirish Oʻzbekistonning har tomonlama jadal rivojlanishi uchun nihoyatda zarur. Dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi eng nufuzli taʼlim va tadqiqot, innovatsiya va amaliyot maskanlarida tahsil olish va stajirovka oʻtash baxti sizlarga nasib etgan ekan, bu yoʻlda hech bir lahzani bekor oʻtkazmang, hech bir imkonni qoʻldan boy bermang. Mamlakatimizda Uchinchi Rennesans poydevorini barpo etishga oʻz hissangizni qoʻying. Vatanning ishonchi, sharafi boʻling!”
Maʼlumot oʻrinida aytish mumkinki, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan bir necha yillardan buyon yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Bu borada jamgʻarma tomonidan tashkil etiladigan stipendiya tanlovlarida ishtirok etuvchi nomzodlarning Vatanimiz tarixi, buyuk ajdodlarimiz merosi, maʼnaviy bilimlari darajasini aniqlash boʻyicha suhbat dasturi ishlab chiqilgan. Suhbat jarayonida olimlar, madaniyat va sanʼat arboblari, yozuvchi va shoirlar ishtirok etishadi.

Seminar qatnashchilari Prezident huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasida taniqli professorlar, yuqori martabali shaxslar, senator va vazirlardan qiziqarli maʼruzalar tingladilar. Oliy Majlis Senati, “Yangi Oʻzbekiston bogʻi”, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, “Adiblar xiyoboni”, “Qatagʻon qurbonlari muzeyi” kabi diqqatga sazovor manzillarga sayohat uyushtirilmoqda.
“Maʼruzalardan soʻng hammamiz Shahidlar xotirasi yodgorlik majmuasiga bordik. U yerda “Qatagʻon qurbonlari” muzeyida boʻldik. Mana, qarang, Vatanimni taraqqiy ettiraman, degan insonlar sobiq tuzum davrida qanday mashaqqatlarga duchor etilgan. Hatto jismoniy yoʻq qilishgacha borilgan. Bugun esa mustaqil davlatimiz biz yoshlarga oʻqib-oʻrganishimiz uchun har tomonlama shart-sharoitlar yaratib bermoqda, – deydi Amerika Qoʻshma Shtatlarining Minnesota universiteti talabasi Shahzoda Ikromova. – Oʻquv seminari hamda ekskursiyalar orqali oʻzimizdagi tarixiy bilimlarni yanada boyitdik. Jadidlarimiz haqida koʻproq maʼlumotlarga ega boʻldik. Taʼtildan soʻng universitetga qaytamiz va yangi bilimlarimizni u yerdagi tengdoshlarimiz bilan boʻlishamiz”.
Bugungi kunda AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Kanada, Italiya, Ispaniya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan mamlakatlarning global akademik reytinglarda TOP 300 talikka kirgan University of Oxford, University of Cambridge, University College London, Imperial College London, Columbia University, Cornell University va boshqa nufuzli universitetlarida mamlakatimiz uchun ustuvor hisoblangan mutaxassisliklar boʻyicha 500 ga yaqin stipendiatlar “El-yurt umidi” jamgʻarmasi taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqishni davom ettirmoqda.

“Iqtisodiyot va sunʼiy intellekt yoʻnalishi boʻyicha magistraturada tahsil olyapman. Yozgi taʼtil davomida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiantlari uchun tashkil etilgan maxsus oʻquv-seminar boshqa davlatlarda oʻqiyotgan talabalar bilan tajriba va fikr almashish imkonini bergani bois menga maʼqul boʻldi, – deydi Amerika Qoʻshma Shtatlarining Duke universiteti talabasi Abdumalik Abduqayumov.
Hammamizga maʼlumki, hozirgi kunda maʼlumotlar bilan ishlash yanada tezlashgan. Shu sababdan sunʼiy intellekt boʻyicha dunyoda koʻplab tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Men oʻzim tahsil olayotgan universitetda ham sunʼiy intellektni iqtisodiyot bilan bogʻlagan holda foydali dasturlar yaratyapmiz. Oʻzbekistonga qaytib kelganimda, albatta, Vatanim ravnaqi uchun mana shunday strategik dasturlarni ishlab chiqaman va ularni amaliyotga tatbiq etaman.
Biz dunyoning qaysi mamlakatida tahsil olmaylik hamisha Prezidentimizning mehrini, ishonchi va umidini his qilib yashaymiz. Universitetdagi shartnoma summasi 60-70 ming dollar, kundalik yashash chiqimlari ham bor. Barcha xarajatlar davlatimiz rahbari eʼtibori asosida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan qoplab berilyapti. Shu oʻrinda yoshlar taʼlimini davlat siyosati darajasiga koʻtargan Prezidentimizga rahmat aytamiz. Bizga qaratilgan eʼtibor va ishonchni albatta oqlashga vaʼda beramiz!”
Sirojiddin RUSTAMOV,
Oyina.uz