“Ivan Vasilyevich kasbini oʻzgartiradi” filmining nomini eshitishimiz hamonoq labimizda tabbassum yuguradi. Komediyamisan, komediya-da! Miriqib tomosha qilasan, mazza qilib kulasan. Goh oʻn oltinchi asrga, goh yigirmanchi asrga yuzma-yuz kelasan. Ammo kulgu ortiga qancha-qancha haqiqat yashirilgani xayolimizga kelmaydi.

Ushbu film senariysi mashhur rus yozuvchi Mixail Bulgakovning 1934–1936-yillar oraligʻida yozgan “Ivan Vasilyevich” pyesasi asosida rejissyor Leonid Gayday va senariynavis Vladlen Baxnov tomonidan 1971–1972-yillarda yaratilgan.

Aslida mazkur pyesa ancha avvalroq, 1936-yil bahorida Moskvadagi Satira teatri tomonidan sahnalashtiriladi. Premyeradan avval 1936-yil 13-may kuni bosh repititsiya boʻlib oʻtadi va unda kommunistik partiya markaziy komiteti vakillari ishtirok etadi hamda spektakl taqiqlanadi. Xoʻsh, partiya arboblari nega pyesani taqiqlashdi – ularni nima qoʻrqitib yuborgandi?

Uy boshqaruvchisi Ivan Vasilyevich Bunsha sovet zamoni rahbarlarining tipik vakili. Albatta, M.Bulgakov bu personajga “uy boshqaruvchisi” lavozimidan kattaroq mansab bera olmasdi. Sovet zamonida katta amaldorlarni poraxoʻr, byurokrat, axloqiy buzuq, ikkiyuzlamachi, nodon sifatlar bilan tasvirlash mumkin emasdi. Oliy rahbariyat har qanday kamchiliklardan xoli, farishtasifat obrazlarda tashviqot qilinardi. Shu bois Bunshaga oʻsha paytdagi eng past “lavozim” – uy boshqaruvchisi vazifasi nasib etgandi. Ammo yozuvchi ham, film rejissyori ham mana shu kichkina “vazifa” egasi timsolida katta mansab egalarining jamiki qusur va “fazilat”larini umumlashtirgandi.

Bunsha sovet davri voqealarida oʻta vatanparvar. Timofeyev (Shurik)ning xotini bilan ajrashishini eshitib, kvartal oxirigacha qoʻydi-chiqdingizni toʻxtatib tursangiz – koʻrsatkichlarimizni tushirib yuborayapsiz, deb shart qoʻyadi uy boshqaruvchisi. Esladingizmi, oʻsha zamon tutum-talablarini – yaʼni, barcha rahbarlar uchun oylik, kvartal, yillik, besh yillik planlarning bajarilishi hayot-mamot masalasi edi. Qogʻozlarda rejalarni sharaf bilan bajarish vatanparvarlik mezoniga aylangandi. Yana bir oʻrinda Bunsha injenerni hol-joniga qoʻymaydi: mana shu shubhali mashinangiz haqida tegishli organlarga oʻzingiz xabar bering, boʻlmasa oʻzimiz xabar beramiz, deydi. Bu oʻrinda jamiyat, davlat xavfsizligi uchun jon kuydirayotgan “hushyor”, “sadoqatli” kimsa namoyon boʻlmoqda. Bunshaning butun “dono”ligi oʻsha zamon urfida boʻlgan rasmiy, quruq va siyosiy hushyor odamning yodaki gaplari xolos. (Shurik: “Siz gapirayotganda, Ivan Vasilyevich, alahsirayotganga oʻxshaysiz”).

Endi bu jamoat ishi (mualliflar aslida mansab manfaatlarini nazarda tutishgan) jonkuyari, “yurtparvar” kimsaning XVI asr voqealari ichida kuzating. Shved elchilari rus davlatidan Kem volostini soʻrashganida “shoh” Bunsha: olaveringlar, olaveringlar, davlatimiz qashshoqlashib qolmaydi, deya oʻylab oʻtirmasdan davlat yerini inʼom qilib yuboradi. Sovet jamiyati rad etgan va nazariga ilmagan, vatanparvarligiga mutlaqo ishonmagan oʻgʻri Jorj Miloslavskiy esa: “Nima qilayapsan, itdan tarqagan, bu ketishda bir qarich yerga zor boʻlamiz-ku, deb chin yurtparvarligini namoyish etadi. Komediyaning eng kulminatsion gʻoyasi ham aynan mana shu yerda. Mualliflar filmga tilida “kvartal koʻrsatkichlarimizni tushirib yuborayapsiz”, deb goʻyo davlat manfaatlari uchun jon kuydirib yurgan, minbarlarda koʻksiga urib xalqparvarlig-u fidoiylikdan lof urib birovga gap bermaydigan soxta vatanparvarlarga ishonmang, ular birinchi imkon tugʻilishi bilan yurtni tag-tugi bilan sotib yuborishadi, degan hayotiy haqiqatni singdirishgan. Aksincha, oddiy bir oʻgʻri hukumat mulozimidan koʻra ming chandon ziyod yurtparvar boʻlishi mumkin. Hukumat korchalonlari pyesani nega taqiqlashgani sababi ham shu yerda.

Dunyoda hamma narsa yuqumli boʻladi, degan gap bor. Film mualliflari sovet tuzumining byurokratiyasi, sansolarligi, tashabbusning yoʻqligi, hech kim javobgarlikni boʻyniga olmasligi, “kollektiv boshqaruv kollektiv masʼuliyatsizlikka” aylanganligini ham bir sahna orqali yaqqol koʻrsatadilar.

Bunsha shoh taxtini egallagan, oʻgʻri esa “saroybon” vazifasida. Kutilmaganda shved elchilarini qabul qilishga toʻgʻri keladi. Davlat va diplomatik tartib-qoidalardan bexabar uy boshqaruvchisi va oʻgʻri hang-mang boʻlib qolishadi. “Shoh” butunlay tildan qoladi. Oʻgʻri vaziyatdan chiqishning yoʻlini topadi: “Grajdanin elchini olib kiring!” Umri qamoqxonada oʻtgan oʻgʻri diplomatik nazokat va leksikonni qayerdan bilsin? Bunday paytda: ayting, janob elchi marhamat qilsinlar, deyish lozimligi uning yetti uxlab tushiga kirganmi? Qamoqxonada eshitgan gapi – mahbusni olib kiring, mahbusni olib keting, grajdanin nachalnik! Hozir gap bu haqda emas. Byurokratiya xususida. Elchilar xayrlashar ekan, yana oʻsha oʻzlarining asosiy maqsadi –  Kem volostini soʻrashadi. Oʻgʻri “saroybon” esa: “Bunaqa narsa pala-partish hal qilinmaydi, oʻrtoqlar bilan maslahatlashish kerak. Keyingi haftada kelinglar”, deb ishni paysalga soladi. Kuni kecha boy xonadonlarni oʻmarib yurgan oʻgʻri “erta keling, indin keling, bir haftadan keyin bir xabar oling”, deb paysalga soluvchi sovet “byurokrat”iga aylanadi-qoladi.

Xullas, bu oʻlmas asar jamiyat qusurlarini badiiy soʻz va obrazlar orqali fosh etadi, tuzum yuziga oyna tutadi. Faqat bu ishni mahorat bilan, yumor va kulgu orqali amalga oshiradi.

Endi mazkur filmning oʻzbek tiliga tarjimasi haqida ikki ogʻiz gap aytsak.

Oʻzbek tarjima va dublyaj sanʼati hamda mahorati haqida gap ketganda koʻpchilik “Ivan Vasilyevich kasbini oʻzgartiradi” filmini eslaydi. Hozir gap film dublyajida ishtirok etgan betakror sanʼat ustalarining mahorati haqida emas, mazkur film tarjimasi xususida ketadi.

Ushbu komediyani oʻzbek tiliga isteʼdodli tarjimon Mirziyod Mirzoidov oʻgirgan.

Badiiy film voqealarida oʻtmish va zamon qahramonlar hayotida uygʻunlashgan. Shu bois XVI asr odamining tili bilan XX asr kishisining soʻzlashuvidagi soʻz birikmalari, uslub, iboralar, eng muhimi har bir qahramonning xarakteriga mos til oʻzbekchaga qoyilmaqom qilib tarjima qilingan. Tarjimon oʻzbek tilining oʻziga xos jozibasini butun boʻy-basti bilan koʻrsatishni uddalagan. Baʼzi bir misollarga murojaat qilsak.

Shoh Ivan Vasilyevich rejissyor Yakin bilan muloqotda shunday deydi: “Как же тебя понять, коль ты ничего не говориш?”. Bir qarashda “Seni qanday tushunsa boʻladi, axir hech narsa demayapsan-ku”, degandek gap bu. Ammo tarjimasini qarang – “Axir odamga oʻxshab soʻzlasang tushunaman-da”. Naqadar oʻzbekona va oʻsha vaziyatga uzukka koʻz qoʻygandek tushgan ibora.

Balkonda eri Bunshani (aslida shoh Ivan Vasilyevichni) koʻrib qolgan qoʻshni xotin gapini “Здрасьте, пожалуйста”, deb boshlaydi. Endi bu gapning tarjimasini koʻring: “Voy nusxangdan ogur-ey”.

Shurikning tannoz aktrisa xotini podshoga: “Вы очень темпераментный” deb erkalanadi. Tarjimasi esa qahramon xarakteri va hayot tarziga mos holda: “Siz anchayin shoʻx odamga oʻxshaysiz” deb oʻgirilgan.

Rejissyor Yakin bilan aktrisa xotin oʻrtasidagi dialogda shoh Boris roli ustida gap ketganda, parda ortidan Ivan Vasilyevich shitob bilan chiqib, haqiqiy Boris shoh haqida shunday deydi: “Так он, лукавый, презлым заплатил за предобрейшее? Сам захотел царствовать и всем владеть? Повинен смерти!”. Albatta bu yerda qahramon XVI asrga xos tilda soʻzlamoqda. Endi tarjimaning ravonligini bir koʻring: “Dogʻuli, uning qilmishi badkirdorlikdan iborat edi, oʻzi podsholik qilib hamma narsaga ega chiqmoqchi boʻldi. Bu qilmishi uchun oʻlimga mahkum!”

Endi har kim oʻz tilida va jamiyatda tutgan maqomiga mos tarzda gapirishi lozim degan talabga ham bir misol koʻrsak. Qoʻshni xotin shoh Ivan Vasilyevichni eri Bunsha deb oʻylab zugʻum qilib turgan joyida podsho: “Оставь меня старушка, я в печали” – deydi. Oʻzbekchasi: “Meni oʻz holimga qoʻy, kampir, hozir oʻzimning dilim siyoh”. “Печаль”, “Печально” soʻzlarining lugʻatlardagi birinchi maʼnolari sifatida qaygʻu, hasrat, gʻam-gʻussa, anduh, maʼyus, xafa soʻzlari berilgan. Xoʻsh, tarjimon nega “dilim siyoh” soʻzini tanlagan? Ehtimol, mutarjim oʻziga, xoʻsh, bu gapni kim aytmoqda, degan savolni bergan. Chunki barchaga hukmi oʻtadigan hukmdor qaygʻuga botib hasrat chekib oʻtirmaydi-da. Uning faqat dili siyoh boʻlishi mumkin.

Tish doktori Shpakning mol-dunyoga boy xonadoniga kirgan oʻgʻri Miloslavskiy: “Это я удачно зашел”, – deydi. Xoʻsh, ayni holatda oʻgʻri oʻzbek boʻlganda nima derdi? Film tarjimoni: “Juda joyiga tushibman-u!” – degan xalqona gapimiz bilan oʻgʻrini “oʻzbek”ka aylantiradi.

Liftda “zindonband” etilgan shoh najot izlab choʻqinadi va shu payt eshiklar ochiladi: “Вот что крест животворящий делает!”. Keling, endi ushbu matnni soʻzma-soʻz tarjima qilaylik: “Mana, tiriltiruvchi xoch nimalar qilmaydi!”. Endi tarjimonning mahoratiga diqqat qiling: “Iymon-u ishonchning xosiyati shu erur!”

Xullas, bugun tarjima qilinayotgan xorij filmlarining quruq, oʻzbekcha istilohlardan holi va qashshoq tilidan toʻyib ketib, “Ivan Vasilyevich kasbini oʻzgartiradi” singari filmlarni maroq bilan koʻrging keladi kishi.

Jaloliddin SAFOYEV