Velosport bu shunchaki mashgʻulot emas, toza ekologiya, barqaror salomatlik va yevropaliklar uchun – hayot tarziga aylangan foydali mashgʻulot hamdir. Afsuski, biz oʻzbekistonliklar transport deganda asosan jamoat transportlari yoki avtomobilni tasavvur qilamiz. Velosipedga esa odatda, faqatgina koʻngilochar uskuna sifatida qaraladi. Kamharakatlik oqibatlarini boʻlsa har birimiz atrofimizdagilarda, hatto oʻzimizda kelib chiqayotgan turli kasalliklar yoki ortiqcha vazn muammolarida koʻrib turibmiz.

Sanalgan muammolarga yechim yoki duch kelmaslik maqsadida rivojlangan mamlakatlar velosiped transportidan faol foydalanishni yoʻlga qoʻygan. Ushbu qaror sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish bilan birga, yoʻllardagi tirbandliklarni kamaytirishga, mamlakat ekologiyasi, iqtisodiyoti va sogʻliqni saqlash tizimiga ham sezilarli taʼsir koʻrsatgan.

Ular velomadaniyatni qanday shakllantirdi? Yosh-u qari velosipedchilar uchun davlat qanday imkoniyat va ragʻbatlarni taklif qiladi? Mavzuga tegishli shu va boshqa savollarga javoblarni dunyo tajribasi asosida koʻrib chiqamiz.

Velosiped – zamonaviy Yevropa shaharlarining bir qismi sifatida

Yevropada velosiped – oddiy sport yoki yakshanbalik mashgʻulot emas, u yillardir, qulay transport turi sifatida ham koʻriladi. Ushbu tendensiyaning mantiqiy asosi – tezkorlik, kamxarjlik va ekologiyaga qaygʻurish bilan birga, tez qarish va kasalliklarga qarshi kurashish sanaladi. Velosipeddan maksimum foyda olish uchun esa birinchi navbatda, unga mos infrastruktura talab etiladi.

Yevropa mamlakatlari bu borada ham yaxshi namuna boʻla oladi.

Suv orasidan oʻtgan, quyosh va harakatdan energiya olib, qorongʻida yonadigan veloyoʻlaklar

Mamlakatlar veloyoʻlaklarga shunchaki yoʻl sifatida emas, shunchalik ijodkorona nuqtai-nazardan qaraganki, unda harakatlanayotgan yoʻlovchi nafaqat bir manzildan boshqasiga oson va xavfsiz yetib oladi, balki bu vaqt davomida yoʻlakdan va undagi harakatidan zavq ham oladi.

Veloyoʻlaklar tarixiga qarasak, Gollandiya uni XIX asrning ikkinchi yarimidayoq barpo etgan. Bu mamlakat oʻzining koʻp sonli, asosiy harakatlanish vositalaridan biri boʻlgan velotransportlari bilan mashhur sanaladi. XX asrga kelib, AQSH, Angliya, Daniya va Germaniyada ham veloyoʻlaklar qurila boshladi. Urush davridan keyin Finlyandiya va Shvetsiyada ham trotuarlar bilan birlashtirilgan veloyoʻlaklar paydo boʻldi.

Polshada quyosh energiyasining ommalashuvi ortidan quyoshdan quvvat olib, qorongʻida yonadigan qoplamali veloyoʻlak loyihasi ishlab chiqilgan. Shunga oʻxshash yoʻlak Niderlandiyaning Eyndxoven shahri tajribasida ham boʻlib, yoʻlakda qorongʻu tushishi bilan koʻzga zarar bermaydigan yorugʻlik va aylanma naqshlar paydo boʻladi. Ushbu texnologiya asosida kun davomida quyoshdan energiya oladigan fosfor toshining oʻta mayda zarralari yotadi.

Londonda boʻlsa tashlandiq piyodalar yoʻlagi toʻliq ishlaydigan velosiped yoʻlaklariga aylantirilgan. Uning oʻziga xosligi shundaki, yoʻlakdagi har bir harakat energiyaga aylanadi.

Belgiya velomadaniyat bilan birga, velosiped turizmini ham rivojlantirish maqsadida, oʻzining “velosipedlar jannati” nomini olgan Limburg shahrida “Suvda velosipedda sayohat” loyihasini ishlab chiqqan. Unga koʻra, yoʻlovchi De Wijers qoʻriqxonasidagi katta hovuzdan koʻprik orqali emas, balki 2016-yilda ochilgan “Cycling Through Water” yoʻlagi orqali hovuz orasidan velosipedda oʻta oladi.

Ushbu 200 metrli beton yoʻlak suv sathidan pastroqda boʻlib, suv yuzasi velosipedistning yuzi bilan teng darajada chuqur qurilgan. Shunga qaramay, betonning ikki chetidagi suv quruq yoʻlakka sizib chiqmaydi – beton devorlar hovuzdagi suvni ushlab turadi. Yoʻl ostidagi tonnellar boʻlsa amfibiya va boshqa hayvonlarning ikki tomonga ham oʻtib, erkin harakatlanishini taʼminlaydi.

Velosipedlar soni aholidan koʻp mamlakat – Gollandiya tajribasi

Gollandiyaliklar ommaviy tarzda ikki ballonli transportga oʻtib, yangi shahar muhitini yaratgan va bundan milliardlab foyda olishni oʻrgangan mamlakat sanaladi. U yerda velosipedlar soni aholidan ham koʻp, hatto mamlakat bosh vaziri ham ishiga tez-tez shu transportda borib turadi. Mamlakatda safarlarning chorak qismi, shuningdek, 7,5 kilometrdan kam masofaga boʻlgan har uchinchi safar velosipedda amalga oshiriladi.

2022-yil holatiga koʻra, 17 million nafar aholisi boʻlgan niderlandlarga 23 millionta velosiped toʻgʻri kelgan. Bu, albatta, ularning ushbu transportga boʻlgan ahamiyatini aks ettiradi.

Tor koʻchalar, avtomobillar uchun juda oz turargoh va ikki balonli transportda harakatlanish anʼanasi – XIX asrdayoq oʻz ishini bajargan: bu yerda qatnov koʻpaygan vaqt jiddiy tirbandliklarni baʼzan velosipedlar shakllantiradi. Aholi kunlik barcha vazifalarini velosiped bilan oson uddasidan chiqadi: bolalarni maktab yo bogʻchasiga olib borish, doʻstlar bilan sayr qilish, doʻkondan oziq-ovqat olib kelish va hatto, mebel tashish ham maxsus bagajli velosipedlarda amalga oshirilishi mumkin. Va atrofdagilarga sen nimada ketayotganingning umuman ahamiyati yoʻq. Velosiped qimmat, chiroyli, oddiy, yangi yoki eski boʻlishi mumkin, asosiysi, u egasining maqsadiga yetishtirishi sanaladi. Yoʻllardagi tartib boʻlsa, barcha uchun teng.