Oʻttiz yil davomida qancha zahmat, sinovli kunlarni boshdan kechirdik, mustaqil taraqqiyotga intilib, milliy tiklanish yoʻlini bosib oʻtdik. Bugunga kelib hayotimiz tubdan oʻzgardi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotchilik siyosati nafaqat Oʻzbekistonni taraqqiyotning milliy yuksalish bosqichiga olib chiqdi, balki Markaziy Osiyoda yangicha munosabatlar shakllanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
Bugun islohotlar, munosabatlar, qarashlar yangi, yondashuvlar, ijrolar yangicha. Davlatimiz rahbari aytganidek, bugun biz kechagi odamlar emasmiz, mutlaqo shiddatli bir davrda, yangi Oʻzbekistonda yashayapmiz. Ongimiz, dunyoqarashimiz, fikrlarimiz oʻzgarmoqda. Qadamlarimiz salmoqli, moʻljalimiz baland, murodimiz yuksak. Bu oʻzgarishlar tufayli jahon hamjamiyati mamlakatimizga nisbatan “Yangi Oʻzbekiston” iborasini qoʻllamoqda. Agar Oʻzbekistonni yaxlit bir vujud deb oladigan boʻlsak, bugun uning qalbi limmo-lim orzularga toʻla. Eng muhimi, bu orzularning juda tez surʼatda roʻyobga chiqayotganidir.
Yangi davr tom maʼnoda jamiyatimizda Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunini yangicha nazar bilan, eng yuksak demokratik mezonlar asosida tahrir qildi. Bu bilan mazkur qonun ijrosi tamomila yangi bosqichga koʻtarildi. Yangi tahrirdagi qonun bilan tanishar ekanmiz, Oʻzbekiston kimgadir yoqish, qaysidir xalqaro tashkilot eʼtirofiga sazovor boʻlish uchun emas, birinchi navbatda, oʻz xalqining xohish-irodasi, qalb amri, imon ehtiyoji, begʻubor bagʻrikengligi, shu bilan birga, jamiyatdagi tenglik, barqarorlik, hamjihatlikni har tomonlama mustahkamlash uchun ham yangi tahrirdagi bu qonunni qabul qilganiga guvoh boʻlamiz.
Shoirlarimiz aytganidek, kecha koʻrgan qora kunlarimiz bugun xotiramizda yomon bir tushdek saqlanib qolmoqda. Biz mustabid tuzum davrida millatimiz erki, insoniy haq-huquqlari, imon-eʼtiqodi qanchalar toptalganini eslar ekanmiz, bugungi munavvar kunlarimizga cheksiz shukronalar aytamiz.
“Hurriyat, kelding-ey, al-omon kelding...”
Oʻttiz yil avval erku saodati, vijdoni, imoni toptalgan millat edik. Oʻylab koʻring, haligacha mustabid tuzum davrida yashagan kishilarga “Musulmonmisiz?” deb savol bersangiz, “Alhamdulillah, musulmonman” deyishga qoʻrqadi. Qabriston oldidan oʻtayotganda sezdirmaygina, birov koʻrib qolmasin deb sekin yuziga fotiha tortadi. Bu qon-qonimizgacha singib ketgan mustabid tuzum siyosatining taʼsiri, toʻgʻrirogʻi, qoʻrquvi. Negaki, bir yuz oʻttiz yil davomida ming xil yoʻllar bilan xalqning yuragiga vahima solindi. Milliy, diniy qadriyatlar, goʻzal anʼanalar oyoq osti qilindi. Arab alifbosidagi bor kitoblar yondirildi, uyidan kitob chiqqan qancha odam gunohkor qilindi. Hali-hanuz eski devorlar tokchalari, koʻhna qabristonlardan oʻsha davrlarda qoʻrqib koʻmib tashlangan kitoblar chiqadi. Mustabid tuzum diniy qadriyatlarga hujum asnosida milliy qadriyatlarni ham qatagʻon qildi. Negaki, shoʻro siyosatchilari bu xalqning diniy va milliy qadriyatlari uygʻun ekanligini, ularning birini ikkinchisidan ajratib boʻlmasligini yaxshi bilardi.
Ulamolarimizning aytishlaricha, mustabid tuzum sohiblari 1920 yildan turkistonlik musulmonlarni muqaddas Haj ziyoratiga borishini taqiqlab qoʻygan ekan. Shu bois 1944-yilgacha hech kim haj ziyoratiga borolmagan. Keyinchalik, jahon hamjamiyati eʼtirozlari tufayli Haj va Umra ziyoratiga yiliga 5-10 nafargina odamga ruxsat berilgan. Qanchadan-qancha bobo va buvilarimiz haj ziyorati orzusida armon bilan koʻz yumdi.
Qishlogʻu mahallalarimizda sanoqli keksalar besh vaqt ibodatni ado etar, lekin shular ham chekkaroq hovlidami yoxud qabristonlarning tobut saqlanadigan hujralarida biqinib tarovehlarni oʻqir edi.
Atoqli shoiramiz Zulfiyaxonim istiqlol yillarida yaratilgan “Xotiram siniqlari” dostonida necha yillar zirqirab kelgan qalb yaralarini ochar ekan, shunday yozgan edi:
Hurriyat, keldingmi – nahotki kelding,
Pinhona sogʻindim, pinhona kutdim.
Yomgʻirga bagʻrini tutgan sahrodek
Sening nasimingga qalbimni tutdim.
Qanchadan-qancha ajdodlarimiz istiqlolni pinhona kutib oʻtib ketdi. Oshkora kutganlarining taqdiri nima boʻlgani haqida bugun “Qatagʻon qurbonlari” muzeyi, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan hududlarda tashkil etilgan uning boʻlimlaridagi faktlar, maʼlumotlar guvohlik berib turibdi. Olimlar, yozuvchi va shoirlar, ziyoli maʼrifatparvarlar, millat fidoyilari qatorida koʻplab diniy ulamolarimiz ham qatagʻon qilindi. Butun umrini surgunlarda oʻtkazdi.
Ulug‘ erksevar shoirimiz Abdulla Oripov Mustaqillik haqida soʻz ketganda, bejiz “Yelkamizga oftobning tekkanligi rost boʻlsin!” deya yozmagandi. Haqiqatan ham, istiqlol oftobga oʻxshaydi. Oftobda hayot nuri, mehr nafasi bor.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan keyin maʼnaviy hayotdagi yangilanish jarayoni, tub islohotlar samarasi oʻlaroq dinga boʻlgan munosabat ham ijobiy tomonga oʻzgardi. Vijdon erkinligi qonun orqali kafolatlandi. Davlatimiz demokratik rivojlanish yoʻlini tanladi. Din davlatdan ajratildi va ikkisi bir-birining faoliyatiga aralashmasligi huquqiy jihatdan belgilandi. Bu qonun-qoidalarning barchasi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida oʻz aksini topdi.
Bahouddin Naqshband, Hoja Ahror Valiy, Mahmud Zamaxshariy, Najmiddin Kubro, Imom Buxoriy, Ahmad Fargʻoniy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniyning qutlug‘ toʻylari xalqaro miqyosda nishonlanishi, ular mangu qoʻnim topgan joylar obod boʻlishi, yangi masjid va madrasalar, ziyoratgohlar qurilishi maʼnaviy hayotimizda muhim voqea boʻldi.
Mamlakatdagi diniy tashkilot hamda konfessiyalar faoliyatini tartibga solib turuvchi, aniqroq qilib aytganda, davlat va diniy tashkilotlar oʻrtasida oʻziga xos koʻprik vazifasini bajaruvchi yangi bir tuzilma – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita tashkil qilindi.
Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda 16 ta diniy konfessiya vakillari oʻz ibodatlarini emin-erkin ado etib, tinch-totuv, ahil-inoqlikda yashab kelmoqda. Ikki ming bir yuzga yaqin masjidlarda yurtdoshlarimiz tinchlik-xotirjamlikda ibodatlarini ado etmoqda. Oʻttiz yil ichida bu borada koʻp oʻzgarishlar boʻldi. Shu bilan birga, baʼzida qaltis xatolar, cheklashlarga ham yoʻl qoʻyildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 19-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan rezolutsiyani qabul qilish taklifi bilan chiqar ekan, shunday degan edi: “...Ushbu rezolutsiya bagʻrikenglik va oʻzaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni taʼminlash, eʼtiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslikka koʻmaklashishga qaratilgan”. Bu rezolutsiya BMT ga aʼzo davlatlar tomonidan yuksak hurmat bilan qarshi olinishi va qabul qilingani Oʻzbekistonga nisbatan jahon hamjamiyatining ehtiromi va eʼtirofi yanada kuchayishiga xizmat qildi.
Keyingi yillarda tobora obod boʻlib borayotgan masjidlarimiz, u yerda ibodatga keluvchilar uchun yaratilayotgan pokiza sharoitlar, issiq suv, sovuq suv, masjidlar sahniga toʻshalgan yaxlit gilam-joynamozlarni koʻrganda, Qurbon va Ramazon hayitlaridagi oʻzgacha munosabat, oʻzgacha fayzni koʻrganda beixtiyor dilingizda “Boʻlar ekan-ku!” deb yuborasiz. Oʻzbekistonni avtomobilda kezsangiz, qurilayotgan koʻplab masjidlarga koʻzingiz tushadi. Katta yoʻl boʻylaridagi maxsus belgilar shu yaqin atrofda masjid borligini koʻrsatib turadi. Har bir mehmonxonada maxsus belgilar bilan qibla tomon belgilab qoʻyilgan. Yana bir jihat, islom diniga xos masjidlardan tashqari mamlakatimizdagi boshqa diniy tashkilotlarga tegishli ibodatxonalarda ham koʻplab qurilish ishlari amalga oshirildi.
Yana bir muhim jihat. Mustaqillik yillarida 305 ming nafar yurtdoshimiz Saudiya Arabistoniga ziyorat uchun borib, shulardan 130 ming kishi Haj, 175 ming kishi Umra amalini ado etgan boʻlsa, keyingi yillarda yaratilgan sharoit, emin-erkinlik, xalqimiz xohish-istaklari asosida bu koʻrsatkich yanada oʻsdi. 2017-yili Oʻzbekiston tarixida birinchi marta Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 150 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va ularning hamrohlari imtiyozli ravishda Haj ziyoratiga yuborilishi yuksak insonparvarlikning yana bir namunasi boʻldi. 2018-yildan boshlab esa Umra ziyorati yil davomida amalga oshirila boshlandi, oʻsha yili 16 000 nafar, 2019-yili 38 000 nafar, 2020-yilning I choragida 28 000 nafar yurtdoshimizga ulug‘ ziyorat saodati nasib etdi.
2017-yil 1-sentabr kuni davlatimiz rahbari Hazrati Imom majmuasiga tashrifi chogʻida diniy soha xodimlari, jamoatchilik vakillari bilan boʻlgan uchrashuvda “Qurʼon musobaqasi” oʻtkazish taklifini ilgari surdi. Qurʼoni karim tilovati boʻyicha qorilar ochiq musobaqasi tashkil etilib, unda besh mingdan ziyod qori ishtirok etdi. Bu xalqimizga cheksiz quvonch va shukronalik baxsh etdi.
“Hayitingiz qutlug‘ boʻlsin!”.
Bu gapni aytish qanchalar qiyin edi
Masjidlar, madrasalar, nurxonalar, pirxonalar... Lekin sobiq ittifoq davrida ular qanday ahvolda edi. Omborxonalar, oʻgʻitxonalarga aylantirildi. Mashhur ulamolarimizdan biri aytib bergan bir holat hech yodimdan chiqmaydi. Mamlakatimizdagi tarixiy obidalarda joylashgan masjidlardan biri Oʻlkashunoslik muzeyiga aylantirilibdi va atayin mehrobga qotirilgan yovvoyi toʻngʻiz qoʻyilibdi. Haqiqatda qancha muqaddas ziyoratgohlar, qadamjolar toʻngʻizlarcha payhon etildi.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband, Burhoniddin Margʻinoniy, Imom Moturidiy, Abul Muin Nasafiy, Xoʻja Ahror Valiy... bu muborak nomlar roʻyxatini qancha davom ettirish mumkin. Ammo biz oʻsha paytlarda ularni bilarmidik. Ular mangu qoʻnim topgan ziyoratgohlar qay ahvolda edi? Uzoqqa bormaylik, yaqin oʻtmishda 80-yillarda xalqimiz Navroʻzni bayram qilgani, sumalak pishirgani uchun qancha tahqirlandi. Farzandiga sunnat toʻyi qilganlar-chi? Otasiga janoza oʻqitgan rahbarlarning holi nima kechdi? Hayit bayrami kuni namozga kelgan odamlarni haydab, yoʻli toʻsilganlari-chi? Xalqimiz necha yillar davomida farzandlariga yashirin nikoh oʻqittirmadimi? Yodimda, toʻqsoninchi yillar boshida ulug‘ erksevar shoirimiz Erkin Vohidov Oʻzbekiston televideniyesining tongda toʻgʻridan-toʻgʻri olib boriladigan “Assalom, Oʻzbekiston” koʻrsatuvida xalqimizni Hayit bayrami bilan tabriklab yubordi. Oʻshanda onam rahmatlining yigʻlab, “Shunday kunlarni koʻrsatganingga shukr”, degan soʻzlari bir umr qulogʻimda jaranglaydi.
Oʻzlikni anglash, oʻzlikni topish, oʻzlikka qaytish oson kechgani yoʻq. Bu borada taniqli yozuvchi Hakim Sattoriy shunday voqeani aytib bergandi:
– 1990 yil Shahrisabz tumanining “Kommunizm bayrogʻi” gazetasi muharriri, shoir Bozor Nomozov yangilanishlar nafasidan kuch olib nashr peshtoqidagi “Butun dunyo proletarlari, birlashingiz!” shiori oʻrniga hech kimdan soʻramay, “Assalomu alaykum!” degan oʻzbekona soʻzlarni qoʻyib yuboradi. Shundan keyin boshiga qancha koʻrguliklar tushadi... Ishdan haydashadi, qamalishiga bir bahya qoladi. Qariyb qirq yillik muharrir koʻchada qoladi. Tirikchilik vajidan bir necha yil arang chekka bir qishloq kengashida kotib boʻlib yuradi.
Bugun masrur gazeta varaqlayman, nashrlar shiorlariga nazar tashlayman: “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari”, “Oʻzbekiston kelajagi buyuk davlat”, “Adabiyot, madaniyat yashasa – millat yashaydi”, “Inson manfaatlari – oliy qadriyat”, “Taʼlimga eʼtibor – kelajakka eʼtibor”, “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz!”. Ha, butun dunyo proletarlari birlashmadi. Negaki, butun olamga ikki Renessans davrini oʻtkazib, ulug‘ allomalarni bergan xalq, millat, Haq yoʻldan, Haq dindan voz kechmadi. Bashariyatni faqat ezgu gʻoyalar birlashtirishi mumkin. Olijanob daʼvatlargina insoniyatni haq yoʻlga boshlashi mumkin.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan taralgan nur
2017-yil 19-sentyabr. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72 sessiyasi minbaridan turib soʻzlagan nutqini butun dunyo hamjamiyati, qanchadan qancha davlatlarning prezidentlari, islom olami ulamolari, butun dunyo musulmonlari, jumladan, Oʻzbekiston xalqi katta hayajon, gʻurur, shukronalik bilan tingladi. Negaki, shu kuni ilk bor islom dinining asl insonparvarlik mohiyati bilan birga buyuk vatandoshimiz, ulug‘ muhaddis Imom Buxoriy nomi ushbu qutlug‘ minbarda uning munosib avlodi tomonidan yangradi.
“Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan bir qatorga qoʻyadiganlarni qatʼiy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz.
Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga daʼvat etadi. Markaziy Osiyo Uygʻonish davrining koʻplab yorqin namoyandalarining islom va jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan bebaho hissasini alohida qayd etmoqchiman. Ana shunday buyuk allomalardan biri Imom Buxoriy oʻz ahamiyatiga koʻra islom dinida Qurʼoni karimdan keyingi muqaddas kitob hisoblangan “Sahihi Buxoriy”ning muallifi sifatida butun dunyoda tan olingan. Bu ulug‘ zotning gʻoyat boy merosini asrab-avaylash va oʻrganish, maʼrifiy islom toʻgʻrisidagi taʼlimotini keng yoyish maqsadida biz Samarqand shahrida Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qildik. Toshkentda tashkil etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”.
Davlatimiz rahbarining bu soʻzlari millionlab, ehtimol, milliardlab dillarda aks-sado berdi. Bu muqaddas dinimiz, buyuk ajdodimizga nisbatan juda katta ehtirom edi. Bu juda katta jurʼat ila muqaddas dinimiz himoyasi yoʻlidagi qatʼiy fikrlar edi. Bu paygʻambar shaxsini karikatura qilganlar, islom dini dunyodagi koʻplab xunrezliklarning asosi, ekstremizm, zoʻravonlik va qon toʻkish omili deb qaraydiganlarga munosib javob boʻldi.
Bu dunyodagi milliardlab yoshlar tarbiyasi, buyuk axloq himoyasi sari qoʻyilgan qadam edi. Shu bois Oʻzbekiston davlati rahbarining ulugʻvor rejalari, mintaqaviy va jahon miqyosidagi muammolar va ularning hal etilishi boʻyicha bildirgan aniq fikr va takliflari xalqaro jamoatchilik tomonidan qizgʻin kutib olindi.
Dunyoda musulmonlarga nisbatan salbiy munosabat kuchayib borayotgan bir paytda jaholatga qarshi jaholat bilan emas, balki maʼrifat bilan kurashish, oqibat bilan emas, avvalo, sabab bilan kurashish hikmati Imom Buxoriy yurtiga xos ulug‘ daʼvat boʻldi. Keyingi yillarda jinoyat sodir etgan shaxslarni afv etish boʻyicha 8 ta farmon qabul qilinib, 4 mingdan ziyod mahkum jazoni oʻtash joylaridan ozod etildi. Jinoyat yoʻliga adashib kirib, qilmishiga chin dildan pushaymon boʻlgan 993 nafar fuqaro Yoshlar ittifoqi, mahallalar va xotin-qizlar qoʻmitalari kafilligiga olindi. 2019-yili Jasliq qoʻrgʻonidagi jazoni ijro etish koloniyasining yopilishi insonparvar siyosatning yana bir amaliy namunasidir. Oʻzbekiston jahonning qayerida boʻlmasin, oʻz fuqarolariga gʻamxoʻrlik qila olishining yorqin namunasi bugungi kungacha oʻtkazilgan “Mehr 1, 2 3, 4, 5” operatsiyalari doirasida, asosan, xotin-qizlar va bolalardan iborat 531 nafar vatandoshimiz ona yurtga qaytarib kelindi. Ushbu vaziyatda Vatan kechirimli ota oʻrnida boʻldi goʻyo.
Azon tovushidan qalblar uygʻonar
Erta tong. Muazzinning sehrli ovozi qalblarni uygʻotadi. Masjidlar minorlaridan uchgan najot daʼvati ezgulik nuri boʻlib borliqqa taraladi. Qadrli, sirli, yoqimli ovoz. Har birimiz dunyoga kelganimizda ulugʻlarimiz qulogʻimizga azon aytgan, u shundan bir umr qalbimizga naqsh etilgan. Bu imon naqshi, vijdon, halollik, poklik naqshi, bir umr yaxshilik yoʻlida yashab, yaxshilikka xizmat qilib oʻtish naqshi. Shukrki, yana azon tovushlari yangramoqda.
Oʻzbekiston milliy taraqqiyotning yangi davrida qadriyatlar yanada qadr topa boshladi. Buni barcha sohalardagi tub oʻzgarishlar qatori maʼnaviyat, muqaddas islom dini taʼlimoti, qadriyatlarga munosabatlarda ham koʻrish mumkin. Keyingi uch yilda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizasiyasi markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi borasidagi harakatlar diqqatga sazovordir.
Surxondaryo viloyatida Hakim at-Termiziy, Qashqadaryo viloyatida Abul Muin Nasafiy, Toshkent shahrida Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf majmualarining bunyod etilishi, koʻplab yangi masjidlarning ochilishi, ulugʻlarimiz maqbaralarining tubdan taʼmirlanishi, diyorimizda taʼlim, ilm-fan, madaniyat va maʼrifat, ajdodlar merosini oʻrganish, qadrlashga boʻlayotgan yuksak eʼtibor nafaqat mamlakatimiz va mintaqa aholisi, balki jahon hamjamiyati tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. Shunisi quvonarliki, oʻtmishda maʼrifatli dunyo buxoriylar, fargʻoniylar, samarqandiylar, xorazmiylar, termiziylar, nasafiylar taratgan ilm ziyosidan qanchalar bahramand boʻlgan boʻlsa, bugungi kungacha bu bahramandlik davom etmoqda, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho meros oʻz qadri va ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq.
Qosh qoraya boshladi. Muazzin shom namoziga azon aytdi. Koʻngillar yana tengsiz huzur tuydi. Kun boʻyi rizq izlab turli tomonlarga uchib ketgan qushlar yana daraxtlarni makon tutdi. Ularning jam boʻlib chugʻurlashlariga quloq solar ekanman, xayolimdan bir fikr oʻtdi: “Qushlar ham ibodat qilmoqda”. Shunda beixtiyor Prezidentimizning shu yil fevral oyida Namangan shahridagi xonadonlardan biriga qilgan tashrifi, oʻsha paytda azon yangragan holatda aytgan soʻzlari yodimga tushdi: “Xudoga shukr, oldin azonlar eshitarmidik? Qanday yoqimli! Hamma narsa yopiq edi, koʻp narsa mumkin emasdi. Mumkin emas, nimaga mumkin emas? Bu ham oʻzligimizni anglash, qadriyat-ku! Islom dinini oʻqigan toʻgʻri tahlil qilgan, toʻgʻri yoʻl tanlagan odam hech qachon kam boʻlmaydi. Dinimizning buyukligini, dinimizning insonparvarligini, ezguligini tarannum qilishimiz kerak. Bu ham bizning tariximiz, ertangi kunimiz, oʻzligimiz...”.
Minhojiddin MIRZO,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari