Oʻzbekiston futbol terma jamoasi tarixda ilk bor Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etdi. Birinchi oʻyin Ispaniyaga qarshi 1:2 hisob bilan raqib jamoa foydasiga hal boʻldi. Lekin material bu haqda emas, Olimpiada oʻyinchilarini qoʻllash uchun borgan 450 nafar “muxlislar” va Abduqodir Xusanov haqida.

Taʼkidlanganidek, futbol boʻyicha milliy terma jamoamizning Olimpiada oʻyinlariga chiqishi – tarixiy voqelik boʻldi. Uni keng jamoatchilikka yoritish, milliy faxr tuygʻusini yanada oshirish, mamlakatni dunyoga tanitish va albatta, jamoani qoʻllab-quvvatlash maqsadida 450 nafar oʻzbekistonlik faollar muxlis sifatida Fransiyaga olib ketildi.

Ulardan biri – Uzbekistanʼs Club aʼzosi, prodyusser va bloger Nikita Makarenko ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ilk oʻyindan keyingi taassurotlarini yozib qoldiradi. Unga koʻra, deyarli butun stadion Oʻzbekiston jamoasiga muxlislik qilgan. Fransuzlar bizning terma jamoani faol qoʻllagan. Tanaffus vaqtida esa Oʻzbekiston bayrogʻini taqib suratga tushmoqchi boʻlgan fransuzlardan iborat saf shakllangan. Xullas, Fransuzlar bizning oʻyinchilarni oʻzgacha qoʻllagan.

Postga javoban foydalanuvchilardan biri ular asosan “Lens”dagi Xusanov muxlislari boʻlishi mumkinligini aytadi.

Xusanov oʻzi kim?

Muhokamalarga aynan shu savol sabab boʻldi. Foydalanuvchining yuqoridagi izohiga Makarenko shunday savol qoldiradi: Who is Khusanov?

Abduqodir Xusanov – Oʻzbekiston milliy terma jamoasi hamda Fransiya Lans futbol klubining 20 yoshli oʻzbekistonlik himoyachisi. U Olimpiada-2024 oʻyinlarida Oʻzbekiston sharafini himoya qilish uchun 22 nafar oʻyinchi qatorida saralab olingan. Fransiyalik futbol muxlislari haqiqatdan ham aynan Xusanov ortidan oʻzbek futboliga koʻproq qiziqa boshlagan boʻlishi mumkin.

Makarenko esa bir muddat avval “Men oʻzbekman, qonimda gʻalaba” deb boshlanuvchi video-post joylagan edi. Rolikning ustki muqovasida esa Eldor Shomurodov, Abbos Fayzullayev va Abduqodir Xusanovni koʻrish mumkin.