“Biz mavjud boʻlgan bu olam Xaosdan tugʻildi” – yer yuzidagi barcha xalqlar mifologiyasi mazmunan shu jumla bilan boshlanadi. Unda aytilgan Xaos kim yoki nima?

“Xaos” qadimgi yunon tilidan tarjima qilinganda “tartibsizlik” maʼnosini anglatadi. Bu soʻzning ziddi oʻlaroq “Kosmos” tushunchasi ham mavjudki, bu “tartib” demakdir (“Kosmetika” soʻzining oʻzagi ham “kosmos” boʻlib, yuzni tartibga soluvchi vositalarga nisbatan qoʻllaniladi).

Xoʻsh, nega endi olam Xaosdan “tugʻildi”? Sababi bu yerda Xaos – Ona arxetipining, Kosmos esa Ota arxetipining ramziy maʼnosini yashiradi. Xaos bu Ona, Kosmos – Ota ekan, unda bola kim? Nega mifologiyada tugʻilish motivlari deyarli bir xil?

Ona arxetipi – bu falsafadagi ibtidoiy arxetiplardan biri boʻlib, u insoniyat tarixida yuzaga kelgan turli madaniyatlar va tamaddunda turli xil shakllarda tasvirlangan, lekin uning mohiyati oʻzgarishsiz yashab kelmoqda. Bu sevgi, parvarish, qudrat, yaratish, himoya qilish hamda ilm va bilimsizlikka qarshi kurashish kabi tushunchalar bilan bogʻliqdir. Shuningdek, bu tushuncha tugʻilish va oʻlimni bogʻlab turuvchi koʻprik hamdir.

Ona arxetipining mifologiyadagi koʻrinishlari quyidagicha:

– Isida (Misr mifologiyasi);

Asotirga koʻra Isida Osirisning xotini. Osirisni yer osti saltanati hukmdori Set oʻldirganda Isida erini moʻmiyolab, qayta tiriltiradi.

– Demetra (Yunon mifologiyasi);

Hosildorlik, yasharish-yangilanish, yaxshilik ilohasi Demetra Zevsdan qiz farzand – Persefonani dunyoga keltiradi. Uning qiziga yer osti saltani hukmdori Aid oshiq boʻlib qoladi va uni oʻgʻirlab ketadi. Demetra qizini qaytarishini soʻrab Zevsga yolvoradi. Zevs Persefonani olti oy tiriklar dunyosida – onasining yonida, olti oy oʻliklar dunyosida – erining yonida qolishiga qaror beradi.

Ota arxetipi – bu insoniyat tarixida va psixologiyada eng muhim va kuchli arxetiplardan biridir. U, asosan, qudrat, rahbarlik, adolat, himoya, muvozanat va bilimni ifodalaydi. Ota arxetipi har bir madaniyat va mifologiyada oʻziga xos tarzda aks etgan, lekin uning ham mohiyati oʻzgarishsiz yashab kelmoqda. Bular otalik, oʻgʻilni himoya qilish, unga yuksak maʼnaviy qadriyatlar, bilim va ijtimoiy muvaffaqiyatlarni oʻrgatish, hayotdagi yoʻlni koʻrsatish va adolatni tiklash kabi missiyalarni qamrab oladi.

Ota arxetipining mifologiyadagi koʻrinishlari quyidagicha:

– Ra (Misr mifologiyasi);

Asotirlarga koʻra Ra quyosh xudosi hisoblangan. Quyoshning nuri ekinlarni oʻstirgan, moʻl hosil – toʻqlik va farovonlik, degani edi. Shuning uchun ham Ra odamlarni boqadi, himoya qiladi, deb ishonilgan.

– Zevs (Yunon mifologiyasi);

U yunon mifologiyasida barcha maʼbudlarning otasi boʻlib, adolatni taʼminlab, olam va odamlarning taqdirini boshqaradi, deb ishonilgan. Zevsning tasvirida kuchli va muvozanatli ota obrazining barcha xususiyatlari mavjud.

 

Bola arxetipi – bu ruhshunoslikdagi muhim komponentlardan biri boʻlib, oʻzgartirish, oʻsish va yangi boshlanishning ramzi sifatida koʻriladi. Bola arxetipi insonning ichki dunyosida mavjud boʻlib, sodda mamnuniyat, oʻrgatish va oʻsish ehtiyoji, oʻrganishga boʻlgan ishtiyoq va imkoniyatlar bilan toʻla boʻlish kabi xususiyatlarni anglatadi. U, ayniqsa, inson hayotining boshlangʻich bosqichlarida, yaʼni bolalik davrida, eng koʻp ifodalanadi, lekin psixologik jihatdan, bu arxetip butun umr davomida mavjud boʻlib qoladi.

Bola arxetipi hayotning yangi boshlanishi, safar va qiyinchiliklardan oʻtish, oʻsish va rivojlanish jarayonlari bilan bogʻliqdir. U odamlarning ichki farovonligi va hayotda oʻz yoʻlini topish uchun zarur boʻlgan ruhiyatning va maʼnaviyatning bir qismi sifatida mavjud boʻladi. Karlos Yungning arxetiplari va kollektiv ongsizlik haqidagi nazariyasiga koʻra, bola arxetipi, odamlarning oʻzini topish, qayta tiklanish va hayotning quvonchli tomonlarini kashf etishda katta rol oʻynaydi.

Bola arxetipining mifologiyadagi koʻrinishlari quyidagicha:

– Hor (Misr mifologiyasi);

Isida va Osirisning oʻgʻli. Set Osirisni oʻldirganda Isida Osiris tuxumini oladi va undan Horni dunyoga keltiradi. U tugʻilganida sharqda ajib bir yulduz porlagan. Hor ulgʻayib otasining qasosini oladi va yer ustida muvozanatni tiklaydi. U 12 shogirdi bilan shahar-u qishloqlarni kezib insonlarni davolagan. Suvda yurish kabi moʻjizalarni koʻrsatgan. Tifonning sotqinligi sabab Hor xochga tortilgan. Dafn etilganidan 3 kun oʻtib qayta tirilgan.

– Dionis (Yunon mifologiyasi);

Olimpning oliy xudosi Zevs Fiva malikasi Semelaga koʻngil qoʻydi. Semela Zevsdan xudoligini isbotlashni talab qildi. Zevs noiloj rozi boʻldi va unga butun qudratini koʻrsatganda bunga chidolmagan Semela vafot etdi. Lekin qornidagi homila hamon tirik edi. Zevs homilani olib to tugʻilmaguncha uni oʻz tanasida koʻtarib yurdi. Ikki marta tugʻilish Dionisga ikki olam qudratini berdi. Dionis ham 25-dekabr kuni dunyoga kelgan. Suvni sharobga aylantirish kabi moʻjizalar koʻrsatgan.