Yevrosiyo el-uluslari oʻtmishida chuqur iz qoldirgan boʻlsa-da, dovrugʻini butkul yoʻqotgan oz sonli elatlardan biri “xun”lardir. Miloddan oldingi III–II yuzyilliklardan boshlab xitoy yilnomalarida “Hsiung-nu” koʻrinishida tilga olinib, milodning ilk yuzyilliklarida lotincha yozma manbalarda “Hun”, “Un”, III–IV yuzyilliklarga tegishli sugʻdcha bitiklarda esa “Xun” oʻlaroq eslatilgan ushbu elat bugungi turkiy ellarning ilk ota-bobolaridan biri sanaladi. Deyarli ming yil davomida Yevrosiyo kengliklarida yetakchilik qilgan xunlar tilidan bir necha yuzlab soʻz va atamalar yetib kelgan boʻlsa-da, ular boʻyicha keng qamrovli izlanishlar olib borilmagan. Ayniqsa, oʻzbek tilida xun tilini tanituvchi ishlar koʻngildagiday emas.
Bundan 1,5–2 ming yilcha ilgari turk el-uluslariga beshik boʻlgan bugungi Moʻgʻuliston yerlaridagi keng dalalarda yashagan koʻplab elat va urugʻlarning birlashuvidan tugʻilgan bu ulug‘ koʻchmanchi elat “Xan-shu” (“Xan sulolasi oʻtmishi”), “Shi-ji” (“Oʻtmishdan esdaliklar”) kabi xitoycha yozma manbalardan anglashilishicha, miloddan oldingi 209-yilda xunlar yetakchisi Touman Shanyu (Tuman Yabgʻu)ning oʻgʻli Maodun Shanyu (Bahodur Yabgʻu) boshchiligida, uning qatʼiy boshqaruvi ostida Oltoy–Kungay Sibir–Oʻrxun yaylovlarini birlashtirgan yirik kuchga aylandi. Ushbu xunlar oʻz boshqaruvining eng yuqori choʻqqisiga chiqqan kezlarida Xitoyning yuqorisidagi Ordos oʻlkasi (bugungi Ichki Moʻgʻuliston), Manjuriyaning kunbotari bilan Oltoydagi turk ellarigacha choʻzilgan keng yerlarga qariyb 500 yilcha egalik qilib, oʻnlab yirik koʻchmanchi elatlarni oʻz qoʻl ostida birlashtirdi.
Kunbotarga yurish chogʻida Yettisuv–Kunbotar Oltoy oraligʻidagi Yuechjilarni, ularning kunbotarida – Tyanshan (Tangritog‘) etaklaridagi Usun uyushmalarini boʻyin egdirgach, Sharqiy Turkistondagi oʻtroq boshqaruvlar Xun yabgʻusiga qaram boʻldi. Yettisuv tegralaridagi yerlar, Amudaryo–Sirdaryo oraligʻidagi hududlar, ayniqsa, Sirdaryoning yuqori oqimidagi Fargʻona–Dovon, oʻrta oqimidagi Qang‘, Zarafshon–Qashqadaryo qirgʻoqlaridagi Sugʻd oʻlkasi Xun boshqaruvini tan oldi. Xunlar bosimiga chiday olmagan Yuechji boshqaruvchilari yangi yurt izlab kunbotarga koʻchib, Amudaryoning yuqori oqimidagi Baqtriyani qoʻlga kiritdi va bu yerda Yuechji–Toʻxor eli, keyinroq esa Kushonlar atamasi ostida tanildi. Shu yoʻsinda Xun eli yolgʻiz Kunchiqar Osiyo emas, balki butun Yevrosiyoning yer-siyosiy koʻrinishini oʻzgartirdi.
Miloddan burungi II–I yuzyilliklarda Xitoydagi Xan eli bilan uzoq choʻzilgan urushlardan soʻng, oradan koʻp oʻtmay, 53-yilda Xun boshligʻi Xuhanye xitoyliklarga boʻysundi. Oradan 5 yilcha oʻtib, 48-yilda esa Xun boshqaruvi ikkiga – Shimoliy (Oltoy–Kungay Sibir–Oʻrxun) va Kungay (Janubiy) boʻlakka boʻlindi. Kungay Xunlari Xan yurti yerlari ichida, Ordos tegrasida oʻrnashib, yuz yilliklar oʻtgach, xitoyliklarga singib ketdi. Xitoylasha boshlagan ushbu qatlamdan 304-yilda Liu Yuan boshchiligida Xan-Chjao elati, soʻngra Jie (Qir) urugʻidan boʻlgan Shi Le boshchiligida Chjao elati yuzaga keldi. Ushbu elatlar tilidan bir necha oʻnlab soʻz va atamalar yetib kelgan boʻlib, quyida toʻxtalib oʻtiladigan xuncha soʻzlarning bir boʻlagi oʻsha kezlar bilan bogʻliq.
Xun eli tarqalib, koʻpchiligi kunbotarga – Sharqiy Yevropaga, sezilarli bir boʻlagi esa Gansu oʻlkasi – Sharqiy Turkiston orqali kungay – janubdan kunbotarga, 500 yilcha ilgari Yuechji – Toʻxorlar borib yerlashgan Amudaryoning yuqori oqimiga yoʻl oldilar. Xunlarning bu koʻchishiga turtki boʻlgan qardosh el – Hsien-pi (Syanbi = Sarbi “Sabir / Suvor”) elatlar birlashmasi Oltoy bilan Ordos oʻlkalarida yetakchi kuchga aylandi. Ushbu koʻchmanchi uyushma ichidan ajralib chiqqan Tʼopa (Tabgʻach) elat 386–534-yillar oraligʻida Shimoliy Xitoyda boshqaruvda boʻlgan Shimoliy Vey ulusi qurib, “Toba” (Toʻba) degan yangi nom paydo boʻldi.
Oʻrxun bitiklarida yozilgan “Tabgʻach” elati tiliga tegishli soʻzlar shuni koʻrsatadiki, Syanbi – Suvorlar, ularning bir tarmogʻi boʻlmish Toba – Tabgʻachlar tili, hech boʻlmaganda, ularning bir boʻlagi turk tilida soʻzlashganlar. Xun, Oʻgʻur, Oʻn-Oʻgʻur, Avar, Suvar, Bulgʻor kabi etnik atamalar ostida kunbotarga – Qora dengiz boʻylari, Sharqiy Yevropaga koʻchgan el-uluslarning bir boʻlagi, ayniqsa, Suvor va Bulgʻorlar Volga boʻyida oʻrnashdi. Keyinchalik chuvashlarning tub-bobolari sanalgan Bulgʻorlar Oʻrdos tegrasidagi turk ellari bilan yaqin qarindosh edilar. Dunay boʻyiga koʻchib borgan Bulgʻorlar bilan Panonniyagacha yetib borgan Attila Hunlari Oltoy tegralaridagi Xun elatining izdoshlari edilar.
Xunlar va ularning tarmoq ellari tiliga tegishli soʻzlarga toʻxtalishdan oldin bugungi izlanuvchilar orasida keng tarqalgan yondashuvlardan birini keltirib oʻtsak. Xunlarni turk emas, Sibirning eski elatlaridan biri boʻlgan ket (paleosibirlik)lar bilan tenglashtirgan ayrim tilchilar xitoy yilnomalarida uchraydigan oʻnlab soʻzlarni boshqa ildizlardan qidirishadi. Biroq ular Sibirning tayga oʻrmonlarida, sovuq oʻlkalarida yashab, bugʻuchilik va baliqchilik bilan tirikchilik qilgan, keng koʻlamli koʻchishlarga unchalik aralashmagan eski paleosibirliklarning qanday qilib birdaniga Oʻrdos oʻlkasiga, Xitoyning ichkarilariga kirib borganliklarini, Gansu, Sharqiy Turkiston, Yettisuv, Amudaryo – Sirdaryo oraligʻi, Volga – Uralboʻyi, Qora dengiz shimoli, Sharqiy Yevropani qaysi kuchlariga tayanib boshqarganini tushuntirib berolmaydilar.
Qolaversa, xunlar turk ekaniga qarshi chiquvchilar nega xitoyliklar turk el-uluslarining ilk ota-bobolari boʻlmish “Di”, “Dingling”, “Tele”, “Gyangun” (Qurgʻiz), “Gaoche”(Uygʻur) tillarining bir-biriga yaqin tillarda soʻzlashishlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan koʻz yumishadi. Shuningdek, ular eski chogʻlarda xunlarni, ilk oʻrta asrlarda Ashina turklarini yaqindan tanigan sugʻdlar nega har ikkala elatni “Xun” atamasi ostida tilga olganliklariga ham toʻxtalishmaydi?!
Bizningcha bu kabi yechimini topmay kelayotgan chigalliklarning bir necha sabablari bor: 1) Xun tili boʻyicha oʻzimizdan yetuk izlanuvchilar yetishib chiqmagan; 2) Tilchilar tarixda boʻlib oʻtgan voqeliklarni yetarlicha tushunib yetishmagan; 3) turli tillardagi bilgilar oʻzaro solishtirilmagan; 4) xunlarning turk ekaninin ataylab yashirishadi.
Xunlarday yirik elatning oʻz tilida yozgan biror bitigi bugungacha aniqlanmagani bois, bunday chigalliklar yechimsiz qolmoqda. Oʻz chogʻida Xitoy–Xan elini titratgan bu elatning tili ularga kuchli yov boʻlgan xitoylik yilnomachilar qoldirgan iyerogliflar ichiga “qamalib” qolgan. Eng achinarlisi shundaki, biz oʻz dovrugʻini yoʻqotgan elning soʻzlarini butunlay boshqa tuzilishga ega til orqali tiklashga urinmoqdamiz.
Bugungi kunda xun tili boʻyicha bir-biriga zid oʻndan ortiq qarash keng yoyilgan. Ular orasida “Turkiy qarash” eng koʻp qoʻllovchiga ega [Doerfer 1973]. Tilchilar qoʻlida xun tilini tiklash uchun xitoy yilnomalaridan ajratib olingan 190 taga yaqin soʻz hamda milodning 329-yiliga tegishli, atigi 10 belgidan iborat bitta xuncha toʻrtlik mavjud [Pulleyblank 1962].
Jumboqning tub oʻzagi esa xitoy ieroglif tizimining tuzilishiga borib taqaladi. Eski xitoy yozuvi koʻchmanchi elatlar tiliga tegishli /l/–/r/, /ö/–/ü/ kabi kerakli tovushlarni ayirib olishga yoʻl bermaydi, ularni bir-biriga qorishtirib yuboradi. Shuning uchun yilnomalardagi belgilar turli izlanuvchilar tomonidan butunlay boshqacha oʻqilib, turlicha talqin qilingan.
Ushbu til jumbogʻini yechish, iyerogliflar ortiga yashiringan oʻzaklarni aniqlash uchun bugungi tilshunoslikda ikki yirik oqim yuzaga kelgan. Ulardan biri – rossiyalik taniqli til bilimchi Anna Dybo boʻlib, u eski xitoy tilining eng qattiq tovushlar (Starostin oqimi) negizida soʻzlarning tovush koʻrinishini qayta tiklashga intiladi. Dybo xun soʻzlarini qattiq tovush qoliplari negizida qatlamlarga ajratadi va unda turk, eski eroncha, moʻgʻulcha, toʻxor izlar ham borligini koʻrsatadi. Shu bilan birga u Pulleyblank ilgari surgan “Xunnu = Yenisey tili” qarashiga qattiq ishonchsizlik bilan qaraydi.
Ikkinchisi – taniqli turkiy tilshunos Talat Tekin qarashidir. U xun tilini bevosita qadimgi turkiy va chuvash tillaridagi ichki oʻzak soʻzlarni qiyoslash yoʻli bilan oʻrganadi. Tekin oʻzidan oldingi Shiratori, Ramstedt, Bazin, Gabain, Boodberg, Doerfer singari olimlarning oʻqishlarini birma-bir koʻrib chiqib, yangicha oʻqishni ilgari suradi. Oʻz tadqiqotlarini kuchaytirish maqsadida Tʼopa (Toba) atamalarini ham koʻrib chiqadi.
Har ikkala yetuk tilchi – Tekin va Dyboning qarashlaridagi yaqinlik shundaki, ular bir-biridan mustaqil, butunlay boshqa yoʻldan borib, deyarli bir xil xulosaga keladilar: xun tilining soʻz boyligida kuchli va koʻz yumib boʻlmaydigan darajada turkiy qatlam mavjud. Izlanuvchilar butun xun tilini “tub turkiy til” deb atashdan tiyilishsa-da, uning tayanch soʻz boyligi turkiy oʻzakka egaligini taʼkidlaydilar.
Quyida biz ushbu izlanuvchilarning qarashlariga tayangan holda xun tilining eng ishonchli 10 ta soʻz koʻrsatkichini, shuningdek, 329-yilga oid xuncha toʻrtlikni koʻrib chiqamiz. Unda mazkur soʻzlarning bugungi turkiy tillarda, ayniqsa, oʻzbek tilida saqlanib qolgan shakllariga ham toʻxtalamiz.
Xitoycha yozuvi: 撐犁 ç’eng-li (< tʼeng-li). Xun boshligʻining toʻliq unvoni “ç’eng-li ku-tʼu şan-yü” boʻlib, undagi bu soʻz eski turkiy tängri – “koʻk, osmon, koʻk yuzi, tangri” soʻzi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlanadi [Tekin (1993)]. Doerfer soʻz tarkibidagi -ñr- tovush birikmasiga ishonchsizlik bilan qarab, bu holat uning turkiy boʻla olmasligini koʻrsatishini ilgari surgan edi. Tekin esa bunga qarshi dalil sifatida yoqut (saxa) tilidagi tañara va chuvash tilidagi turi (< tañrı > tağrı > turi) shakllarini keltiradi. Uning fikricha, bunday tovush oʻzgarishi tizimli va izchildir.
Dybo bu soʻzni turkiy qatlamga kiritadi va uning deyarli barcha turkiy tillarda uchrashiga urgʻu beradi. Oʻzbek tilida esa bu soʻz tangri (täŋri) koʻrinishida qadimgi turkiy shaklga uygʻun tarzda saqlanib qolgan.
Bu soʻz uch xil yilnomada qayd etilgan boʻlib, eng koʻp uchraydigan xuncha soʻzlardan biridir. Birinchisi, Jie (Qir) urugʻining 310-yilga oid toʻrtligida uchraydi. Ramstedt va Doerfer oʻqishida “šaw” koʻrinishida tiklangan bu soʻz qadimgi turkiy sü (“qoʻshin”) soʻzi bilan tenglashtirilgan [Dybo 2007].
Ikkinchisi, Tekin tadqiq etgan 329-yilga oid xuncha qoʻshiqning birinchi belgisi – 秀 siu. Tekin uni süä (“qoʻshinga”) deb oʻqiydi [Tekin 1993].
Uchinchisi, Pulleyblank tomonidan xitoy tilida uchraydigan oʻzga tillarga oid soʻz va atamalar roʻyxatida qayd etilgan. Oʻrxun bitiklari, qadimgi uygʻurcha hamda Qoraxoniylar davriga oid qoʻlyozmalarda sü soʻzi “qoʻshin, urush” maʼnolarida keng qoʻllangan.
3. qut/qutı – “qutlug‘, tangri qoʻllovi, inʼomi”
Xitoycha yozuvda: 孤塗 ku-tʼu (< kuo-dʼuo). Tekin bu soʻzni F.W.K.Müllerning tushuntirishiga tayanib, eski turkiy “qut” soʻzi bilan bogʻlaydi [Tekin 1993]. Clauson ham mazkur oʻqishni toʻgʻri deb biladi. Oʻrxun, Uygʻurcha bitiklarda “qut” soʻzi xonlar bilan beklarga nisbatan ishlatilgan: qang-ım qut-ı “qutlug‘ otam” yoki “otam ulugʻi”. Bundan kelib chiqib, tängri qut-ı yabgu – “Yabgʻuning tängri (bergan) quti (ulugʻligi)” koʻrinishida qayta tiklanadi. Shuning uchun ular barchasidan ham salmoqlidir – u xun atoq (unvon)lar tizimi bilan eski turkiy elchilik (el boshqaruvi) tushunchasi oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliqlikning yorqin oʻrnaklaridan biridir.
Xitoycha yozuvi: 單于 şan-yü (< dʼian-giwo = dʼabgu/jabgu). Doerfer bu soʻzning boshqa yozuv shakllarini ham keltiradi: 翕侯 hiep-ho (< ğiep-gu) va 葉護 çe-hu (< jebgu) [Doerfer TMN IV]. Xitoy yozuvlarida qayd etilgan bu xilma-xillik soʻzning tarixiy taraqqiyotidagi ikki bosqichni – “jabgu” va “yabgu” shakllarini koʻrsatadi. Arman, arab va fors yozma manbalarida ham “yabgu”, “jabgu”, “jebu”, “jibu” kabi shakllari saqlanib qolgan.
Soʻzning turli tillardagi shakllari bir-birini qoʻllab-quvvatlaydi va uning qadimgi turkiy tovush tizimidagi tarixiy oʻzgarishlarni yoritishda muhim manba boʻlib xizmat qiladi.
5. qingʻiraq – “qingʻir, egri pichoq, yoʻsin qilichi”.
Xitoycha yozuvi: 徑路 keyh-räh. Bu soʻz Hirth tomonidan 1900-yillarda birinchi boʻlib ilgari surilib, Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻotit turk”idagi qıngıraq – “ikki yoqlama egri pichoq” soʻzi bilan tenglashtirilgan [Dybo 2007]. 徑路 king-lu (< king-lak) shaklidagi bu soʻzning teleutcha kıngırak – “ikki yuzli pichoq”, qirgʻizcha kıngırak shakllari hamda Karlgrenning king-lak qayta tiklashi uning qadimgi turkiy soʻzlardan biri ekanini koʻrsatadi [Tekin 1993].
Tekin va Dybo bu soʻzni qıngır – “egri, qiyshiq” oʻzagiga bogʻlaydi. Oʻzbek tilidagi qingʻir (“egri”) soʻzi ham shu negiz bilan bogʻliq.
6. Äpçi/äbçi – “xonning xotini, xotun”.
Xitoycha: yen-çi (< yem-çi = ebçi). Tekin bu soʻzni yapon tilshunosi Shiratorining talqiniga tayanib, qadimgi uygʻurcha äpçi/ävçi – “xotun, urgʻochi” soʻzi bilan bogʻlaydi [Tekin 1993]. Codex Cumanicusda epçi – “frau” (“urgʻochi, xotin”), bugungi qirgʻiz tilida epçi, xakas tilida esa ipçi shakllarida bu oʻzak saqlanib qolgan.
Tekinning fikricha, bu soʻz keyinchalik qadimgi turkiy tildagi qatun – “el boshligʻining xotini” soʻziga oʻrnini boʻshatib bergan.
7. ordu/ordo – “oʻrda, turgʻoq yer”
Xitoycha yozuvi: eu-ta, wo-lu-to, ao-tʼot (miloddan oldingi II yuzyillik). Tekin bu soʻzni chuqur tadqiq etib, uni bevosita tub turkiy soʻz deb hisoblaydi [Tekin 1993]. Codex Cumanicusdagi or – “oʻr, chuqur”, “Qutadgʻu bilig”dagi oro – “qorongʻu oʻra”, Oltoy turklarining shor tilidagi ora – “teshik, quduq”, xakas tilidagi ora – “yer osti uyi” shakllarining barchasi bir oʻzakdan kelib chiqqan.
Tekinning fikricha, ordu/ordo – “oʻrda” soʻzining tub maʼnosi “yer ostidagi boshpana, uy” boʻlib, keyinchalik koʻchma maʼnoda “el boshligʻining oʻrdasi” maʼnosiga aylangan. Bu soʻz Yevropa tillariga ham oʻtgan. Masalan, nemis tilidagi Horde shu oʻzak bilan bogʻlanadi. Oʻzbek tilidagi oʻra – “chuqur, turli sabzavotlarni saqlash uchun qazilgan yer” soʻzi ham shu negizga borib taqaladi.
Xitoycha yozuvi: 佛圖澄 bwit-dö-dhiy. Dybo bu otni qadimgi turkiy budurçin – “bedana” soʻzi bilan bogʻlaydi [Dybo 2007]: chuvashcha pŭrjăgan, xakascha pudurçun/püdüçün, Qoraxoniylar davriga oid buδursin (Mahmud Koshgʻariy) shakllari ham shu oʻzak bilan bogʻlanadi.
Bu soʻz xuncha va qadimgi turkiy tillarni qiyoslashda eng qoʻl keladigan birliklardan biridir. Atoqli ot emas, kundalik hayotda qoʻllanadigan ot boʻlgani uchun maʼno jihatidan “tub” koʻrsatkichlardan biri sanaladi.
Qadimgi turklarda shomon “qam” deb yuritilgan. “Buduchin” soʻzining uning atogʻi (laqabi) sifatida qoʻllanilgani qadimgi turklarda qamlarning oʻz alqovlarini qoʻshiq yoʻsinida kuylaganlari bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Shu sababli ularning sasi, yaʼni ovozi “bedana”ning sayrashiga mengzatilgan, degan qarash ilgari suriladi.
9. tämir – “temir”
Xitoycha yozuvda: 鐵伐 tʼieh-fah (< tiet-bat/tieba = tebär). Dybo va Tekin qarashlari bu soʻzda ajralib turadi: Dybo eski xitoycha “tiet-mhwit” orqali turkcha “temür”ga bogʻlaydi; Tekin esa eski turkcha tämir (temir) bilan solishtirib, shor, Lebed dialektlarida täbir, Sagay tebir koʻrinishlari tämirdan emas, balki undan-da eski täbär koʻrinishidan kelganini olgʻa suradi. Ikkala qarash ham bu soʻzning turkcha oʻzakka egaligini chippakka chiqarmaydi. Oʻzbekcha “temir” Oʻrxun bitiklaridagi “temir”, “tämir” negiziga borib taqaladi.
10. Xuncha toʻrtlik (329-yil).
秀支 替戻岡 僕谷 劢禿當
siu-kʼi – tʼi-li-kang – puh-koh – kü-tʼu-tang
Bu toʻrtlik milodiy 329-yilda Chin-shu yilnomasida keltirilgan boʻlib, Shimoliy Xitoyda Xun urpogʻidan chiqqan Shi Loning Budist shoiri Fotuçeng tilidan aytilgan. Shiratori (1902), Ramstedt (1922), Bazin (1948), Gabain (1950) va Doerfer (1973) bu toʻrtlikni turlicha oʻqishdi: Doerfer hatto hazil yoʻli bilan uni “akkadcha ham oʻqisa boʻladi” degan. Tekin barcha oldingi oʻqishlarni birma-bir koʻzdan kechirgach, oʻzining toʻliq grammatik tizimga ega yangi oʻqishini oʻrtaga qoʻyadi [Tekin 1993]:
sü:g(i)ti tılıkang, bugukgı tuktang
“Qoʻshinni saflantirib tashiqing (chiqing), Bugukʼni tuting!”
Grammatik koʻrsatkichlar: tıl-ıkang – taşı- “chiqmoq” feʼlining l-shevadagi koʻrinishi + 2-shaxs koʻplik buyruq qoʻshimchasi -ang; -gı – belgili toʻldiruvchi kelishigi; tuk-tang – tut- “tutmoq” feʼlining buyruq bichimi. Bu toʻrtlik ayri bir soʻz emas, balki toʻliq grammatik tuzilishga ega soʻz. Shuning uchun u xun tilining turkcha ekanligining eng kuchli misoli.
|
Huncha |
xitoycha oʻqilishi |
oʻzbekcha koʻrinishi |
|
tılıkang |
tʼi-li-kang |
Tashiqing (chiqing)! (buyruq) |
|
tuktang |
kü-tʼu-tang |
tutib oling |
|
Şanyü |
şan-yü |
Yabgʻu; keng va ulug‘ |
|
qut |
ku-tʼu |
Qutlug‘, hazrat, ilohiy ulugʻlik |
|
sü:kä |
siu-kʼi |
qoʻshinga |
|
Tängri |
ç’eng-li |
koʻk, tangri |
|
Orun |
roy/lung |
Oʻrin, joy, taxt (toponim) |
|
Sü |
šaw / siu-kʼi |
qoʻshin, lashkar |
|
qingraq |
keyh-räh |
egri pichoq, qingʻir |
|
güd-tüg |
suruv, toʻda |
|
|
budurçin |
bwit-dö-dhiy |
Bedana, bitbildiq |
|
qarsaq |
kwan cjí |
dasht tulkisi, qarsoq |
|
duruk/durak (turoq) |
d(h)wäh räk |
qabr, dafn joyi |
|
äpçi/äbçi |
yen-çi |
xonning xotini, xotun |
Yuqorida soʻzlar va 329-yilgi xuncha toʻrtlik bir narsani aniq koʻrsatadi: xun tili toʻgʻrisidagi jumboq butunlay yechilmagan boʻlsa-da, uning soʻz boyligida turkcha oʻzakka ega qatlam borligi aniq va bu holat xun tili bilan solishtirilgan boshqa koʻz qarashlardan koʻra kuchliroq.
Ikki tilshunos – Anna Dybo (Rossiya solishtirma tilshunoslik oqimi) bilan Talat Tekin (Turkologiya oqimi) butunlay boshqa yoʻl-yoʻriqlardan foydalangan holda bir toʻxtamga kelishgan. Bu tasodif emas, ikki mustaqil yoʻlning bir nuqtada kesishishi ilmiy ishonchlilik uchun eng kuchli dalil sanaladi. Tängri, sü, qut, yabgʻu, qıngıraq, äpçi, ordu, budurçin, tämir – bitta til ildizlarini koʻrsatadi.
Shu bilan birga, Dyboning izlanishlari xuncha soʻz boyligida yolgʻiz turkiy izlar emas, eroncha, toʻxor, moʻgʻulcha qatlamlar ham borligini koʻrsatadi. Unga koʻra, Xun eli “bir til – bir budun” tuzilishiga ega boʻlmay, koʻp elat va koʻp tilli uyushma boʻlgan. Shuning uchun “xun tili” deyishdan koʻra “xun birlashmasi tili” demak ilmiy tomondan toʻgʻriroq.
329-yilgi Xuncha qoʻshiq esa bu oʻrganishning toji hisoblanadi. U yolgʻiz bir soʻz yoki unvon emas – toʻliq grammatik tuzilishga ega gapdir. Sü:g(i)ti tılıkang, bugukgı tuktang – “Qoʻshinni saflantirib tashiqing (chiqing), Bugukʼni tuting!” – bu gapning buyruq shakllari, belgili toʻldiruvchi kelishigi, feʼl oʻzaklari – barchasi turkiy til yoʻriqlariga toʻla uygʻun keladi. Bir butun gap darajasida fonetik ham, grammatik ham turkcha boʻlgan ushbu toʻrtlik xun tilini eski turkcha deb bilishning bugungi kunda eng kuchli dalili.
Xun eli oʻz dovrugʻi bilan oʻtmish teranlikalrida yotibdi. Biroq iyerogliflar ichiga “qamalib” qolgan bu tovushlar – tängri, sü, qut, ordu – aslida hech qayon yoʻqolib ketmagan. Ular bugungi turkiy tillarda, Oʻrxun bitiklarida, Koshgʻariy soʻzligida, hatto Yevropa tillaridagi Horde soʻzida ham tirik.
Alparslon BOBOYOROV
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati
Birlamchi manbalar:
Shi-ji (史記).
Xan-shu (漢書).
Chin-shu (晉書).
Ikkilamchi manbalar:
1. Bazin, L. (1948). Un texte oghouz du IVe siècle.
2. Boodberg, P. A. (1936). The Language of the Tʼo-pa Wei.
3. Clauson, G. (1972). An Etymological Dictionary of Pre-Thirteenth-Century Turkish.
4. Doerfer, G. (1973). Zur Sprache der Hunnen.
5. Doerfer, G. (1963–1975). Türkische und mongolische Elemente im Neupersischen (TMN), Band IV. Wiesbaden.
6. Dybo, A. V. (2007). Лингвистические контакты ранних тюрков: Лексический фонд. Пратюркский период. Moskva.
7. Gabain, A. von (1950). Alt-Hunnisches.
8. Hirth, F. (1900). Die Ahnentafel der Attila-Hunnen.
9. Mahmud Koshgʻariy (XI). Devonu lugʻatit-turk.
10. Pulleyblank, E. G. (1962). The Hsiung-nu Language / The Consonant System of Old Chinese. Asia Major.
11. Tekin, T. (1993). Hunların Dili. Ankara: Türk Dil Kurumu Yayınları.