Barcha davrlarda ayollarning jamiyatdagi oʻrni alohida ahamiyat kasb etgan. Ularning turmush tarzi va tashqi koʻrinishi har bir davrda oʻziga xos boʻlib, buni tarixiy asarlarni oʻrganish va tahlil qilish orqali bilib olish mumkin. Jumladan, 19-20-yuzyillikda Turkistonga tashrif buyurgan ingliz sayyohlari ham oʻz safarnomalarida bu yerda istiqomat qilgan ayollarning tashqi koʻrinishi, kiyim-kechaklari, feʼl-atvori, mashgʻulotlari va jamiyatda tutgan oʻrniga eʼtibor qaratishgan. Elchi, sayyoh, savdogar, darvesh va boshqa qiyofalarda kelgan ingliz tilli sayyohlar Turkiston ayollarining tashqi dunyodan ajralgan, yopiq turmush tarziga koʻproq urgʻu berishgan. Tabiiyki, ular Sharq ayollarini Gʻarb ayollariga solishtirish orqali oʻzlarining fikrlarini “orientalistik” nuqtai nazardan ifodalashgan. Bu borada, ayniqsa, Buxoro ayollari doimo alohida diqqat markazida boʻlib kelgan.
19-yuzyillik 30-yillarida Buxoroda boʻlgan A.Byorns maʼlumotlariga koʻra, ayollarga muomala qilishda oʻta ehtiyotkor munosabatda boʻlishgan, bu yerda hech kim ular bilan gaplashmasligi va agar ayol hukmdor haramidan boʻlsa, hatto u tomonga qarash ham taʼqiqlangan.
19-yuzyillik 60-yillarida Turkistonda boʻlgan A.Vamberi ham Xivaga borganida xuddi shunga oʻxshash maʼlumot beradi. Shuningdek, u faqat Xiva va Qoʻqonning qishloq hududlarida yashaydigan turmush qurgan ayollar kamdan-kam hollarda yuzini yopishini, Buxoroda esa hatto qishloq joylarida ham, islom tartib-qoidalariga qattiq rioya qilinib, bunday holatlar juda kam uchrashini taʼkidlab oʻtadi.
Turkiston ayollarining kiyimlari ham ularning yoshiga va yashaydigan hududiga qarab maʼlum bir farqlarga ega boʻlgan. Buxoroda ayollar kiyimlari hashamatsiz va koʻzga tashlanmaydigan boʻlishiga eʼtibor qaratilgan va jinslar oʻrtasidagi tafovutni yaqqol koʻrsatib turgan. Buxoro ayollari haqida A.Byorns ularning ot ustida yurishi, paranji yopinishi va oq kiyimdan koʻra koʻk kiyimni afzal koʻrishlari, chunki koʻzga tashlanmaslikni xohlashlarini yozib qoldirgan.
A.Vamberi ham ayollarning kiyinishda erkaklar kiyimidan ham koʻra koʻproq hashamatdan qochish koʻzga tashlanishini urgʻulaydi. Yoz faslida ayollar uy ichida toʻpiqqacha tushadigan uzun koʻylak, qishda esa koʻylak ustidan ikki qavat qalin paxtali nimcha kiyib, beliga roʻmol boʻgʻlashganini va koʻchaga chiqishganida erkaklar choponiga oʻxshash uzun ustki kiyim kiyib, unga oʻranib, ikki qoʻli bilan tutib olishgani haqida maʼlumot beradi. Erkaklar yorqin rangli keng kiyimlarda yurishgan boʻlsa, ayollar, aksincha, toʻq koʻk rangli keng kiyimda boʻlib, boshlariga yopinchiq tortishgan. Boshdan koʻkrakkacha ot junidan tayyorlangan niqob taqishgan. Oyoq kiyimlari esa ogʻir va qoʻpol charm etiklardan iborat boʻlgan. Shuningdek, boy va martabali ayollar koʻchaga chiqmasligi va agar zarurat tugʻilsa yosh ayollar ham qari va nochor qiyofada koʻrinishga harakat qilishlari haqida yozib qoldirilgan.
Demak, Buxoro butun Turkistonda islom dinining markazi hisoblanganligi sababli aholi vakillari shariat qonun-qoidalariga boshqa hududlar aholisiga nisbatan qatʼiy rioya qilishiga alohida eʼtibor qaratilgan. Ayniqsa, ayollar masalasida bu yaqqol koʻzga tashlanganligini yuqoridagi maʼlumotlardan koʻrish mumkin.
Umuman olganda, Buxoro ayollari doimo chet ellik sayyohlarni qiziqtirgan va ular oʻz vatanlariga qaytib borishganida ham Buxoro ayollarining qanday koʻrinishda ekanligiga qiziquvchilar koʻp boʻlganini yozadi. Buxoro ayollarining shunchalik koʻzdan yiroq yurishlari sayyohlarni doimo ajablantirgan. Bu haqida keyinchalik 19-yuzyillik oxirida Turkistonga kelgan sayyohlar ham qayd etishadi. Masalan, J.N.Kerzon: “Men Buxorodan qaytgach, menga tez-tez bir savol berishdi – bu, deyarli har bir ingliz odam birinchi boʻlib soʻraydigan savol edi: “Buxoro ayollari qanday?”, – Men bunga umuman javob bera olmayman, chunki oʻn yoshdan ellik yoshgacha boʻlgan birorta ayolning yuzini koʻrmaganman. Kichik qizchalar yopilmagan holda, boʻsh ipak koʻylaklarda yugurishar, sochlari esa kichkina qalpoqchadan chiqib ketgan uzun oʻrimlarda boʻlardi. Shuningdek, qari kampirlar ham yuzlarini yashirmas edi, chamasi, ular endi hech kimda xavfli his-tuygʻularni uygʻota olmaydi deb hisoblangani uchun bunga ruxsat berilsa kerak. Ammo ayollarning aksariyati oʻzlarini butunlay koʻzdan pinhon tutishgan — hatto koʻrishga urinayotgan odamni ham bezdiradigan darajada”, deya qayd qiladi.