Oʻtgan asrning 70-yillarida Xorazm viloyati Urganch tumanidagi Cholish qishlogʻida, Amudaryo sohilidagi tomorqalarga ishlov berish chogʻida yerdan oʻrta asrlarga oid yigirmaga yaqin tanga chiqadi. Topilma haqida hech kim mutaxassislarga xabar bermaydi va tangalar deyarli yarim asr davomida ilmiy jamoatchilik nazaridan chetda qoladi. Faqat 2026-yilga kelib, shu topilmadan bizgacha saqlanib qolgan 11 ta tanga Maʼmun universiteti qoshidagi “Maʼmun History” oʻquv, ilmiy-amaliy tadqiqotlar markaziga saqlash uchun topshiriladi.
Tadqiqot natijalari kutilganidan ham qiziqarli chiqdi. Oʻn bir tanganing barchasi Maʼmuniylar sulolasining uchinchi vakili – Xorazmshoh Ali ibn Maʼmun nomidan zarb qilingan kumush dirhamlar ekani aniqlandi. Maʼmuniylar davriga oid tangalar xazinalari juda kam uchraydi, shu bois Cholish kolleksiyasi Oʻzbekiston hududida topilgan shu sulolaga mansub eng yirik numizmatik majmualardan biri hisoblanadi.
Tanga oddiy metall boʻlagi emas, u oʻz davrining “koʻzgusi” va “elchisi”dir: unda hukmdorning nomi, unvoni, zarb qilingan shahar, baʼzan sana va diniy iboralar bitilgan. Har bir yozuv shu davlatning kimligi, kuchi va dunyo bilan munosabati haqida soʻzlaydi. Quyida Cholish tangalari qanday sulolaga mansubligi, ularda nimalar yozilgani va bu yozuvlar Xorazm tarixi haqida nimalarni oydinlashtirishi haqida batafsil hikoya qilamiz.
Cholish xazinasi: nima topildi va u nega muhim?
Maʼmuniylar davriga oid numizmatik ashyolar Oʻzbekiston hududida nihoyatda kam oʻrganilgan, chunki bu sulolaga mansub tanga xazinalari juda kam topilgan. Masalan, Sadvar hududida 1973–1975-yillarda olib borilgan arxeologik ishlarda Maʼmuniylar, Afrigʻiy Xorazmshohlar va Somoniy hukmdorlariga tegishli tangalar oʻrganilgan. Lekin, bu xazina tarkibida bor yoʻgʻi bir nechta tanga Maʼmuniylar davriga oid deb belgilash mumkin. Bundan tashqari, 1905-yilda Rossiyaning Qozon guberniyasi, Spassk uezdidagi Kresheniy Baran qishlogʻidan X asrga oid 616 tangadan iborat xazina topilgan. Biroq tangalar asosan hijriy 387–399-yillarda (milodiy 997–1009) zarb qilingan boʻlsa-da ularning aksariyati Arab xalifalari, Somoniylar, Buvayhiylar va oʻsha paytdagi Bulgʻor davlati hukmdorlariga tegishli edi. Ular orasidan 46 tasi Ali ibn Maʼmun tangalaridir. Bundan tashqari, Rossiya hududidagi sobiq Alekseyovkaya nomli qishloq hududidan ham shunga oʻxshash tangalar topilgan. Ammo bu tanga xazinalari tarkibida ham Maʼmuniylar sulolasiga oid tangalar soni koʻp emas. Hozirgacha Maʼmuniylarga oid eng yirik xazina ham aynan Tatariston hududidan topilgan boʻlib, u haqidagi ilmiy maʼlumotlar A.K.Markov tadqiqotlarida oʻz aksini topgan.
Shu fonda Cholish topilmasi alohida ahamiyat kasb etadi. Oʻtgan asrning 70-yillarida Amudaryo sohilidagi tomorqalarda topilgan yigirmaga yaqin tangadan bizgacha faqat 11 tasi yetib kelgan. Ular hozirda “Maʼmun History” markazida saqlanmoqda va tadqiqotchilarning tahlili shuni koʻrsatdi-ki, barchasi Xorazmshoh Aliga tegishli kumush dirhamlardir.
Qayd etish joiz-ki, tangalarning ayrimlari sifati past boʻlgan kumushdan tayyorlangan. Bu holat oʻsha davrdagi iqtisodiy ahvol, metall taʼminoti va pul tizimidagi oʻzgarishlar haqida oʻylashga undaydi. Shu tariqa Cholish kolleksiyasi Oʻzbekiston hududidan topilgan Maʼmuniylar tangalari orasida eng yiriklaridan biri sifatida ilm-fanga qaytadi.
Tangalarni “oʻqish”: har bir dirham oʻz hikoyasini aytadi
Kolleksiyadagi birinchi tanga turi katta ehtimol bilan Jurjoniya shahrida (Koʻhna Urganch) zarb qilingan, ammo qachon zarb etilgani nomaʼlum. Bu turdan kolleksiyada ikkita nusxa bor: birining vazni 4,11, ikkinchisiniki 4,23 gramm.
Ali ibn Maʼmunning Jurjoniyada zarb qilingan kumush tangasi. (Zarb yili nomaʼlum)
Tanganing old tomoni – aversning markazida “Allohdan oʻzga iloh yoʻq va uning sherigi yoʻqdir...” deb yozilgan. Bu Xorazmda keng tarqalgan ibora islom dinining asosi boʻlgan “Tavhid kalimasi”ning bir qismidir. Bunday iboralar islom tangalarida ilk bor hijriy 66-yilda (milodiy 686) xalifa Abdulmalik ibn Marvon tangalarida paydo boʻlgan va Xorazm tangalarida moʻgʻullar davrigacha toʻliq saqlanib qolgan. Tanganing qirrasi boʻylab ikki qator yozuv bor edi, biroq u butunlay oʻchib ketgan. Shunga oʻxshash boshqa tangalar bilan solishtirib, bu yerda Qurʼonning Tavba surasi 33-oyati va Saf surasi 9-oyatidan parcha yozilgan, deyish mumkin. Ichki doira ichida zarb joyi va sanasi koʻrsatilgan, lekin uni toʻliq oʻqib boʻlmaydi.
Tanganing orqa tomonida – reversda “Odil malik / Ali ibn Maʼmun / Xorazmshoh” degan uch qatorli yozuv bor. Gardishdagi yozuv ham oʻchib ketgan, ehtimol u yerda ham Qurʼon oyatlaridan parchalar boʻlgan. Revers yuzasida uchrovchi yana bir soʻz tanganing sof va haqiqiy ekanini bildirsa kerak; shunga oʻxshash soʻzlar Xorazmshoh Ali tangalarida oldin ham qayd etilgan. Masalan, hijriy 392-yilda (milodiy 1002) Kat shahrida zarb etilgan kumush dirhamning aversida “saman” soʻzi uchraydi: bu dirham va dinor tangalarda joriy etilgan nominal nomi boʻlib, pul munosabatlarini yengillashtirish uchun kiritilgan.
Ali ibn Maʼmunning Jurjoniyada zarb qilingan kumush tangasi. (Zarb yili nomaʼlum)
Tadqiqotchi A.Markov oʻz maqolasida bu tangani 12-raqam bilan belgilab, uni hijriy 396-yilda (milodiy 1006) Jurjoniyada zarb qilingan deb qayd etgan. Shu turdagi yana toʻrtta nusxa Kresheniy Baran xazinasida boʻlgan, ularning vazni 3,85 dan 4,70 grammgacha. Cholish kolleksiyasidagi uchinchi tanganing reversida esa Muhammad paygʻambarning Allohning elchisi ekanini tasdiqlovchi shahodat jumlasi bilan birga “Al-Qodir billoh” nomi uchraydi. Bu 991–1031-yillarda hukmronlik qilgan Abbosiy xalifasining taxallusi.