Maʼnaviyat murakkab tizim oʻlaroq qisman transsendent unsurlardan tashkil topgan. Kamina shu paytgacha maqolalarim va kitoblarimda masalaning ushbu jihatini chetlab oʻtganman. Mistik va irratsional qarashlarga moyil, ularni ratsional yondashuvlar bilan qorishtirib yuboradigan eklyektik tadqiqotchi va publitsistlar soni bizda doimo koʻp boʻlgan. Mustaqillikning dastlabki yillarida maʼnaviyat, ayniqsa, tasavvuf adabiyoti va falsafasiga bagʻishlangan maqolalar va kitoblarda bu yaqqol sezildi. Bunday notayin yondashuvlarni beixtiyor qoʻllab-quvvatlamaslik maqsadida maʼnaviyatdagi transsendentlik holatlari ustida toʻxtalmaslikka qaror qilgan edim. Albatta, men yozganlarimni ortiqcha baholab, ularni, ijtimoiy fikrga qandaydir taʼsir koʻrsatadi, deb hisoblashdan yiroqman. Ammo oʻquvchining tasavvurlarini aralash-quralash qilib yubormaslikka intilganman.

Qatʼiy ishonchimga koʻra, maʼnaviyat inson va jamiyatning ichki ajralmas, uzviy xossasi (immanenti) hisoblanadi. Inson hayvondan, jamiyat tabiatdan maʼnaviyati bilan ajralib turadi, degan fikrni olgʻa surib, maʼnaviyatni ijtimoiy hodisa sifatida qatʼiy ilmiy-ratsional tahlil qilishga uringanman. Transsendentlikni maʼnaviyatda baʼzan ancha muhim, lekin, baribir, ikkinchi darajali unsur deb hisoblaganman. Hozir ham shunday metodologik yondashuv tarafdoriman.

Bugun maʼnaviyatga dunyoviy yondashuv sezilarli darajada mustahkamlandi, maʼnaviyatni, sof diniy, ilohiy yoki gʻayriijtimoiy – mistik, inson va jamiyat faoliyatidan, tajribasidan mutloq tashqaridagi hodisa deb baholash xiyla kamaydi. Endi maʼnaviyatdagi transsendentlikni tahlil qilmaslik uni oʻrganishda bilinar-bilinmas kemtiklik qolib ketishiga, notugallikka sabab boʻlayotir. Unutmaslik kerakki, mazkur hodisani oʻrganish yoki oʻrganmaslik maʼnaviyat mohiyatini oʻzgartirmaydi. Faqat baʼzi bir tasavvurlarga aniqlik kiritib, uni boyitadi, xolos.

Dastavval transsendentlik tushunchasi toʻgʻrisida. Mazkur tushuncha lotincha “transendens” – chegaradan oʻtuvchi (chiquvchi) soʻzidan olingan. Undan oʻrta asr Yevropa aqidaparastlari “transsendentallar” atamasini yaratgan. Atama borliqning umumiy, oliy sifatlarini bildiruvchi tushunchalarni anglatgan. Masalan, mavjudlik, mohiyat, birlik, haqiqiylik, xayrlilik, baraka, neʼmat kabilar transsendentallar hisoblangan. Ibn Rushdning davomchilaridan biri Duns Skot ularni ikkiga boʻlgan: oddiy transsendentallar – birlik, haqiqiylik kabilar, ajratuvchi transsendentallar – tasodif va zaruriyat, sabab va oqibat, voqelik va imkoniyat kabilar (Философский энциклопедический словарь. Москва, 1983. Стр. 693).

Buyuk olmon faylasufi Immanuel Kant transsendental tushunchasini insonning olamni bilish jarayoni va mexanizmlari bilan bogʻlab, unga gnoseologik mazmun bagʻishlagan. U tushunchaga bunday taʼrif beradi: “Men koʻproq ashyolar bilan emas, balki ashyolarni bilib olishimizning koʻrinishlari bilan shugʻullanadigan har qanday “a priori” (tajribagacha) mumkin boʻlgan bilishni transsendental deb atayman” (Кант И. Сочинения. Т.3. Москва, 1964. Стр.121). Kant fikricha, transsendentallar tajribadan, oʻqib-oʻrganishdan, amaliyotdan kelib chiqmaydi, ular tajribagacha mavjud. Masalan, inson hissiy  idrokining  narsa  va voqealarni  makon  va  zamonda ketma-ketlikda qabul qilishi yoki inson aqliga oid narsa va hodisalar, olamning negizi, asosi, sababiyat kabi kategoriyalar transsendental tushunchalardir.

Kant transsendental va transsendent tushunchalarini farqlashga uringan, ammo aksar oʻrinda ularni bir mazmunda qoʻllagan. Transsendentlikni u mavjud va ehtimoldagi tajriba chegarasidan chiqadigan hodisa hisoblaydi: “Qoʻllanishi toʻliq ehtimoldagi tajriba doirasida qoladigan asos-hollarni “immanentlar” deymiz, chiqadigan asos-hollarni esa “transsendentlar” deb ataymiz” (oʻsha manba, 338-bet). Faylasuf, shuningdek, ilmiy-nazariy jihatdan bilish mumkin boʻlmagan, biroq eʼtiqod mohiyatini tashkil etuvchi tushunchalarni (Xudo, qalb, abadiyat, boqiylik va hokazo) transsendentlikka kiritgan. Ayni fikr bizni maʼnaviyat ontologiyasini tahlil etishda unga ortiqcha diniy tus bermaslik, diniylikka moyil publitsistlar diqqatini qaratmaslik uchun transsendentlik masalasini chetlab oʻtishga undagan sabablardan biri edi.

Transsendentlik bilish nazariyasi bilan bogʻliq tushuncha boʻlgani sababli uning maʼnaviyatdagi unsurlarini, avvalo, maʼnaviy ong, yaʼni tafakkurdan izlash lozim. Ongdagi transsendentlik dastlab insonning qiziqishlari, qobiliyati koʻrinishida yuzaga chiqadi. Birov sanʼatga, birov ilm-fanga, boshqa birov dunyo ajoyibotlariga qiziqadi. Shu sohadagi bilimlarni tezroq va osonroq oʻzlashtiradi, oʻzini majburlab, zoʻriqmaydi. Qiziqqan sohasida yaratuvchilik salohiyatini, isteʼdodini toʻliqroq namoyon etadi. Qiziqish va isteʼdod insonda tugʻma boʻlsa-da, tajribada, mehnatda yuksaladi, yaʼni inson uchun ular immanent hodisalarga aylanadi. Lekin ular bevosita tajribadan kelib chiqmaydigan insonning “a priori” xislatlaridir. Tajriba faqat ularni kuchaytiradi yoki zaiflashtiradi. Qiziqish va isteʼdod, mohiyatiga koʻra, tajribadan mustaqilligi, undan chetga chiqishi, tadriji davomida baʼzan kutilmagan dohiyona kashfiyotlarni maydonga keltirishi tufayli transsendent hodisadir.

Isteʼdodli shaxs tafakkurining evrilishlari, parvozi, taxayyuli, umuman, ijod jarayoni, sanʼat va ilm-fan asarining tugʻilishi mantiq andozalariga, tajriba doirasiga sigʻmaydi. Ularni chiziqli sabab-oqibat bogʻliqligida koʻrsatish, bayon etish imkonsiz. Ularda oʻziga xos moʻjiza, sir-sinoat bor. Bunga kompyuterdagi nomutaxassis oddiy kishilar tasavvur qilolmaydigan jarayon – “qora quti” fenomeni toʻgʻri keladi: kirayotgan axborot, berilayotgan vazifa maʼlum; chiqayotgan axborot va oqibat ham aniq, lekin “qora quti” ichida kechayotgan jarayon nomaʼlum. Yaratilgan asar, qadriyatning oʻzi – real, yaʼni muayyan hodisa, ammo yaratilish jarayoni – hissiyot va aql doirasidan chiqib ketadigan gʻayrioddiylik, yaʼni transsendentdir.

Ilmiy va badiiy intuitsiya ham, qiziqish va isteʼdod singari, transsendent hodisalardir. Ammo ular hali maʼnaviyatning alohida qismi yoki tarkibiy unsurlari emas, balki birlamchi ruhiy-aqliy shart-sharoitlaridir. Tasavvufda intuitsiya haqiqatni, voqelikning yashirin jihatlarini, sirli aloqalarini “qalb koʻzi” bilan koʻrish deb atalsa, intuitiv favqulodda qaror qabul qilish va unga asoslangan faoliyat esa “Ollohga tavakkal qilish” deb talqin etiladi. Ilm-fan, badiiy ijod, siyosiy faoliyat, amaliy hayot hamda biznesda intuitsiya, qoʻqqisdan miyaga kelgan fikr, evristik tafakkur (topagʻonlik) kabi transsendent holatlar sezilarli mavqega ega. Tavakkalchilik ham toʻliq inkor qilinmaydi, maʼlum darajada dastaklanadi.

Kishi koʻpincha xayoliga favqulodda fikr qanday kelgani yoki nega tavakkal qilganini tushuntirib berolmaydi. Odamlar oddiygina qilib “Xudo koʻnglimga soldi” deb qoʻyaqoladi. “Qalb koʻzi”ning ochilishi, “Xudo koʻngilga solgan” nostandart fikrlar, qarorlar transsendentlikdir. Lekin ular ushbu maqomda qolib ketmaydi, balki ashyoviylashadi, inson faoliyatida yuzaga chiqadi. Intuitiv ilmiy, badiiy kashfiyot   –   qadriyatga aylangan asar oʻlaroq, yuzaga chiqqan gʻoya – amaliy ixtiro oʻlaroq endi transsendentlik alomatlarini yoʻqotib, real ijtimoiy hodisaga aylanadi va ijtimoiy tajriba doirasiga qaytadi, “oʻz-oʻzidagi narsa” “biz uchun narsa”ga aylanadi (I.Kantning ushbu atamasi rus tiliga “вещь в себе”, oʻzbekchaga esa ”narsa oʻzida” deb tarjima qilingan. Biz oʻzbek tili xususiyatlarini va muallif fikrining asl mazmunini hisobga olib, tarjimaga bir oz tahrir kiritdik).

Transsendentlikning ong, tafakkurdagi turli koʻrinishlari haqida ham shunday deyish joiz. Bilish, ayniqsa, shaxsiy bilish jarayonida subyektivlik kuchli namoyon boʻlishi; unga odamning qiziqishlari, aqliy qobiliyati, ruhiy va ijtimoiy moʻljallari, hatto oʻtkinchi kayfiyati taʼsir etishini hisobga olsak, ijtimoiy tajriba, umumqabul qilingan andozalar subyektivlikning, unga asos boʻlgan transsendentlikning taʼsiridan xoli emas. Boshqacha aytganda, obyektiv voqelikning, jumladan, maʼnaviy borliqning inson ongida aks etishi va oʻzlashtirilishi subyektivdir. Binobarin, shaxsning obyektiv borliq va subyektiv inʼikos negizida shakllanadigan dunyoqarashi, eʼtiqodi qisman transsendentdir.

Ongning har xil shakli, tafakkur va bilishning asosiy tushunchalari tarkibidagi transsendent unsurlarning alohida tadqiqi yirik asar yozishni taqozo etadi. Biz aytilganlar bilan cheklanamiz. Transsendentlik, shunday qilib, maʼnaviy qadriyatlar tizimiga emas, balki birinchi galda va asosan qadriyatlarning anglanish, yaratilish jarayoniga taalluqli.

Lekin maʼnaviy ong faqat tafakkur, aqldangina iborat emas. U, shuningdek, insonning his-tuygʻularini, koʻngil dunyosini ham oʻz ichiga oladi. Koʻngil dunyosining istak-xohishlarini, harakatlari va hodisalarini doim ham aqlan tushuntirib boʻlmaydi, ular koʻpincha bevosita tajribadan kelib chiqmaydi.

Sevgi-muhabbat ham insondagi transsendent tuygʻudir. Hech bir oshiq sevgan kishisini nega, nima uchun yaxshi koʻrib qolganini joʻyali tarzda tushuntirib berolmaydi. Nega sevgilisi tushlariga kirib chiqadi, unga qandaydir gʻayritabiiy kuch-qudrat, ilhom bagʻishlaydi? Umrida sheʼr yozmagan oshiq soʻzlarni qofiyaga sola boshlaydi; ashula aytmagan oshiq nimalarnidir xirgoyi qiladi, dala-dashtga, qir-adirga chiqib hayqirgisi keladi. Ayrim hollarda oshiqlar bir-birini hatto yaqindan bilmaydi, ikki-uch marta uchrashgan, xolos. Sevgi-muhabbat – maʼnaviy ong unsuri, demak, maʼnaviy qadriyat. Ayni choqda, u goʻzal asarlar, buyuk jasorat va ezgu ishlar manbaidir. Har ikki koʻrinishda ham u transsendent hodisadir.

Binobarin, ayrim ijobiy va salbiy tuygʻular – qalb amri, vijdon azobi, zavq-shavq, fidoyilik yoki nafrat, nafs, hirs ham transsendent mazmunga ega. Manmanlik, maqtanchoqlik, shuhratparastlik, tagi puch ambitsiyalar – oʻz imkoniyatlarini ortiqcha baholash, buyuklikka yoki alohida imtiyozlarga daʼvo qilish, oʻzgalar fikriga toqatsizlik, mutaassiblik, ochkoʻzlik, ziqnalik, maishatparastlik, shahvatparastlik – bular hammasi inson maʼnaviyatini yemiruvchi, ijtimoiy zaruratga zid, jamiyat qabul qilgan meʼyorlar xorijidagi irratsional va transsendent tuygʻulardir. Demak, insondagi nafaqat ijobiy, ayrim salbiy illatlar ham transsendent hodisalar sanaladi.

Oʻzlikni anglash bilan bogʻliq milliy gʻurur va or-nomus kabi tuygʻular ham – shunday. Aslida, gʻurur va or-nomus inson, ayniqsa, jamoaning tugʻma xislatlari emas. Ular tarbiya jarayonida shakllanadi, binobarin, mohiyatiga koʻra, tarbiya va tajriba mahsuli boʻlib, transsendent xislat emas. Biroq individual va jamoaviy (jumladan, milliy) gʻurur hamda or-nomusda arxetip, irratsional unsurlar ham uchraydiki, ular shaxs yoki jamoaning xulq-atvori, faoliyatiga kuchli taʼsir koʻrsatadi; uni baʼzan tajriba, tarbiya davomida shakllangan andoza chegaralaridan chiqarib yuboradi. Natijada inson (yoki jamoa) oʻz qadr-qimmatini, manfaatlarini himoya qilish, qaror toptirish uchun zarur hollarda oʻylab oʻtirmasdan, qoʻqqisdan, stixiyali harakat sodir etadi. Bunda irodaning transsendent jihatlari namoyon boʻladi. Irodada (erkda) transsendentlik maʼnaviyatning boshqa tarkibiy qismlariga nisbatan kengroq tarqalgan.

Transsendentlik ong ostida kechadigan jamoaviy va individual ongsizlik koʻrinishlari bilan ham bogʻliq. Jamoaviy va individual anglanmay sodir etiladigan xulqiy unsurlar, saʼy-harakatlar, ijobiy yoki salbiy mazmunidan qatʼiy nazar, agar bevosita biofiziologik instinktlardan kelib chiqmasa, transsendentlikka misol boʻla oladi. Masalan, urushda guruhiy qahramonlik yoki uch-toʻrt oʻsmirning bir-biridan “qoʻrqoq” degan soʻzni eshitmaslikka harakat qilib, oʻzlari istamagan holda jinoyatga qoʻl urishi transsendent xulq-atvordir. Bunda jamoaviy birdamlik instinkti   – arxetip yuzaga chiqmoqda.

Arxetiplar, ayniqsa, ularning ijobiy ommaviy irodani namoyish etadiganlari – maʼnaviyatdagi transsendent hodisa. Ammo Zigmund Freyd fanga kiritgan “libido”ning individual ongsizlik sifatida maʼnaviyatga aloqasi yoʻq. Chunki u tabiiy instinkt bilan bogʻliq – shahvoniy istak maʼnaviy emas, fiziologik ehtiyoj; ammo uni qondirish jarayoni maʼnaviy ong va madaniyat taʼsirida yuz beradi. Individual va jamoaviy koʻrinishdagi erk, or-nomus, shaʼn, muhabbat yoʻlida fidoyilik, mardlik, jasorat – maʼnaviyat unsurlaridir. Ularda ongsizlik va onglilik, hissiy va aqliy xohish-istak, intilish aralashib ketgan; bevosita tajribadan kelib chiqmaydigan hissiyot, ehtiroslar baʼzan ustunlik qiladi.

“Erk”dan “erkinlik” tushunchasi yasalgan. Unga turlicha taʼrif berish mumkin. Insonning jamiyatdagi oʻrni va yashash tarzini hisobga olib, erkinlikning falsafiy, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, diniy, madaniy va boshqa jihatlarini ajratib koʻrsatsa boʻladi.

Fransuz faylasuf-adibi Jan-Pol Sartr erkinlikni ontologik nuqtayi nazardan taʼriflab, uni transsendent hodisa va ekzistensiya – insonning mavjudlik sharti hisoblaydi. Erkinlik doirasi transsendent Mutloq ong doirasi tomonidan belgilanadi va insonning ijtimoiy ahvoli va vaziyatiga bogʻliq emas. U barcha mohiyatlarning poydevoridir. Erkinlik tufayli inson dunyoni oʻz imkoniyati darajasiga koʻtaradi va dunyo ichidagi mohiyatni ochadi. Ushbu fikrni tadqiq etilayotgan mavzuga nisbatan qoʻllasak, maʼnaviyat shakllanishi, rivojlanishi asosida insonning ongli faoliyatida namoyon boʻladigan transsendent erkinligi yotadi. Bu fikrga qisman qoʻshilish mumkin. Ammo erkinlikning transsendent hodisa ekanligi ancha bahsli.

Erkinlikda, tafakkur va iroda bilan bogʻliq jihatdan tashqari, ijtimoiy taraqqiyot darajasi bilan bogʻliq jihat bor. Tafakkur bilan bogʻliq jihatni ham toʻliq transsendent hodisa deb boʻlmaydi. U orttirilgan, oʻzlashtirilgan bilim va ijtimoiy tajriba taʼsiridan xoli emas. Tafakkur va insonning oʻz shaxsini, imkoniyatlarini yuzaga chiqarish bilan bogʻliq erkinlik shakllari “ijobiy erkinlik” deb ataladi. Ayni choqda, unga jamiyat, davlat iqtisodiy, axloqiy, huquqiy, siyosiy shart-sharoit yaratadi. Bular vijdon erkinligi, ijod erkinligi, shaxsning oʻz yaratuvchilik, yuksalish, yangilanish, tevarak muhitini takomillashtirish imkoniyatlarini toʻkis yuzaga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlardir.

Ayonlashmoqdaki, ijobiy erkinlikni toʻlaligicha “transsendent hodisa” deya olmaymiz. U ijtimoiy tajriba mahsuli hamdir. Bundan tashqari, “salbiy erkinlik” tushunchasi ham bor. U insonning jamiyatdagi salbiy omillar – qaramlik, iqtisodiy va ijtimoiy qullik, ekspluatatsiya, majburiy mehnat, zoʻravonlik, ijtimoiy qoʻrquv va hokazolardan xalos boʻlishini anglatadi.

Salbiy erkinlik deyarli toʻliq ijtimoiy tajriba, yaʼni jamiyatning taraqqiyot darajasi, davlat va huquqning samarali faoliyat koʻrsatishiga bogʻliq. Lekin unda ham tafakkurga oid transsendent unsurlar uchraydi. Tafakkurdagi totalitarlik (totalitar tafakkur) yoki liberallik unsurlari shular jumlasidandir. Demak, erkinlik, Sartr talqin etganidek, toʻliq transsendent hodisa emas. U inson va jamiyatning ijtimoiy tajriba jarayonida shakllangan immanent xossasidir. Unda transsendentlik faqat tafakkurning ayrim unsurlari koʻrinishidagina uchraydi.

Maʼnaviyat, umuman, jamiyat, hatto butun koinot, mavjud borliqqa transsendent qarashlar turli ezoterik nazariyalar, konsepsiyalar, anʼanaviy va zamonaviy ilohiy taʼlimotlar, noanʼanaviy diniy mazhablar dasturi va amaliyoti shaklida ham rivojlanmoqda. Ularni oʻrganish alohida tadqiqotlarni talab qiladi. Transsendent  yondashuvlar, ayniqsa, postmodernistik qarashlarda koʻpayib borayotir. Baʼzan ular ezoterizm bilan ham uygʻunlashib ketyapti.

Xulosa qilsak, ma’naviyatda, shak-shubhasiz, transsendentlik unsurlari mavjud, lekin ular yetakchi o‘rin tutmaydi. Transsendent unsurlar koʻproq maʼanaviy ongda – his-tuygʻular, tafakkur hamda irodada uchraydi. Maʼnaviy madaniyat va maʼnaviy muhitda ular juda kam. Zero, maʼnaviyat va maʼnaviy muhit – yuzaga chiqqan, ashyoviylashgan qadriyatlar majmuidir. Ular tajriba, amaliyot doirasidan deyarli chetga chiqmaydi.

Transsendentlik, asosan, koʻngil evrilishlari, voqea-hodisalarni hissiy baholab, ularga oʻz munosabatini belgilash hamda maʼnaviy qadriyat yaratish jarayonida ongda sodir boʻladigan ijodiy shuʼlalanish, bezovtalik, intuitiv oniy kashfiyot, beqarorlik, ikkilanish, nochiziqli ijodiy gʻalayon, toʻlqinlanish, favqulodda hamda boshqa tasodifiy faoliyat bilan bogʻliq hodisa sanaladi. Maʼnaviy ongning hissiy darajasidagi ayrim unsurlar, irodadagi arxetiplar, ijodiy tafakkurning intuitiv, evristik toʻlqinlanishi transsendent unsurlardir.

Abdurahim ERKAYEV

“Tafakkur” jurnali, 2019-yil 3-son.

“Ilohiy tuygʻular tutashuvi” maqolasi