Qoʻqon xonligini boshqargan minglar sulolasi vakillari Umarxon (1810–1822) va Muhammad Alixon (1822–1842) singari Xudoyorxon (1845−1858, 1862-1863, 1865−1875) ham mamlakat madaniy hayoti rivojiga muhim hissa qoʻshdi. U ‒ Qoʻqon xonlari orasidagi eng ziddiyatli shaxs. Ammo har qanday hukmdor faoliyati nafaqat siyosiy jihatdan, balki uning madaniyat, sanʼat, ilm-fan va maʼnaviyat ravnaqiga qoʻshgan hissasiga koʻra ham baholanmogʻi lozim.
Xudoyorxon oʻz saroyida koʻplab shoir, olim, meʼmor va sanʼatkorlarni toʻplagan. Ayniqsa, uning topshirigʻi bilan bunyod etilgan meʼmoriy obida, madrasa va kutubxonalar oʻz davrining muhim madaniy markazi boʻlgan.
Xudoyorxon homiyligida yaratilgan adabiy asarlar ham diqqatga molik. Ana shunday asarlardan biri ‒ “Tazkirayi Sultoniy” (“Sultonlik tazkirasi”). Taniqli manbashunos Shodmon Vohidov bu asarga quyidagicha baho bergan: “Qoʻqon tarixchilik maktabida bunday asarning paydo boʻlishi koʻp jihatdan diqqatga sazovordir. Xudoyorxonning uchinchi xonligi davrida (1865‒1875-yillar) davlat nizomi va davlatdorlik ishlarini tartibga solish, xonlikning boshqaruv nazariyasiga ahamiyat berish, xon va amaldorlarning davlatni saqlash yoʻlidagi harakatlari boshlangan edi. Xonlik bu davrda tashqi va ichki sabablarga koʻra inqirozga duch keladi. Endi xonlikka yonma-yon boʻlgan rusiya oʻzining mustahkam davlat tizimi, kuchi, ichki osoyishtaligi bilan namuna edi... Xon va saroy ahli ana shunday davlatdorlik, salohiyatli amaldorlar va vazir-u mirzolarga ega boʻlishni istardilar. Xudoyorxon shunday amaldorlarni tarbiyalash uchun qoʻllanma zarurligini bilib, Manzurga bir asar yozishni buyuradi” (Vohidov Sh. Qoʻqon xonligida tarixnavislik. Genezisi, funksiyalari, namoyandalari, asarlari. Toshkent, “Akademnashr”, 2010).
“Tazkirayi Sultoniy”ning muallifi Abdulvose’ Manzur haqida toʻliq maʼlumotlar aniqlanmagan boʻlsa-da, u saroyga yaqin, ilm-maʼrifatli shaxslardan boʻlgan, deb taxmin qilish mumkin.
Niyoz Muhammad qalamiga mansub “Ibrat ul-xavoqin” (“Xonlarning ibrati”) asari ham Xudoyorxon amri bilan yaratilgan. 1871–1872-yilda tojik tilida yozilgan asarda Qoʻqon xonligi tashkil topishidan XIX asrning 70-yillari boshlarigacha boʻlgan davr voqealari bayon etiladi. Asarni Sh.Vohidov oʻzbek tiliga oʻgirgan.
“Mahzun” taxallusi bilan ijod etgan Ziyovuddin Xoʻqandiyning “Shohnoma” asari ham xon topshirigʻi bilan bitilgan. Chor rusiyasining Qoʻqon xonligini bosib olishi va Xudoyorxonning davlatni tashlab chiqib ketishi oqibatida “Shohnoma” muallif qoʻlida qolib ketgan. Xudoyorxon amri bilan yaratilgan avvalgi ikki asar tojik tilida edi, bu esa oʻzbekcha yozilgani bilan ahamiyatli.
“Shohnoma”ning bir qismi 2007-yili qirgʻiz tiliga tarjima qilingan (qarang: Ziyabidin Magzuni. Fargana xandarinin tarixi. Bishkek, “Turar”, 2007).
Xudoyorxon nomi bilan bogʻliq navbatdagi asar ‒ “Majmuayi shoiron” (“Shoirlar majmuasi”). Aslida, ushbu tazkira Qoʻqon xoni Amir Umarxon hukmi bilan yozilgan. Ammo uning 1153 raqamli qoʻlyozma nusxasi oxirida asar hijriy 1273 (milodiy 1856-1857)-yilda koʻchirilgani qayd etilib, xattot bu ishni Xoqon ibn al-xoqon hazrati Said Muhammad Bahodir Sulton farmoniga koʻra bajarganini taʼkidlaydi (Fazliy Namangoniy. Majmuayi shoiron. OʻzR FA Shi, qoʻlyozma, №1153/2). Xattot koʻrsatib oʻtgan vaqtda Qoʻqonda Xudoyorxon hukmronlik qilganini inobatga olsak, mazkur nusxa uning amri bilan koʻchirilgani maʼlum boʻladi.
Abdulgʻafforboyning “Zafarnomayi Xudoyorxon” asarini tadqiq etgan Sh.Vohidov uning mazmuniga asoslanib, muallif asarni yaratish boʻyicha xondan topshiriq olgan degan fikrni ilgari suradi. Nomlanishiga koʻra, “Jangnomayi Xudoyorxon” (Mullo Shamsiddin Shavqiy), “Tarixi Xudoyorxon” (Ismatiy) kabi asarlar ham Xudoyorxon koʻrsatmasi asosida yozilganini taxmin qilish mumkin.
Ravshanjon ABDULLAYEV,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 4-son.
“Xudoyorxon shafeligida bitilgan asarlar” maqolasi