Yaqinda bir hamkasbim dardchil oʻylaridan soʻz ochib qoldi: “Biz farovon yashashni istagandik, – dedi u. – Toʻkin hayot bizni badxayollar, turmush tashvishlari-yu alamlardan xoli etadi, baxtiyor yashaymiz, deb oʻylagandik. Hayotimiz farovonlik tomon oʻzgarmoqda. Ammo, ming vahki, insonni ichki bezovtalikdan xalos etish amrimahol ekan. Qarang, har yili bir necha million yurtdoshimiz chet ellarga ish topish ilinjida ketayotir. Qaytib kelganlar koʻziga tikilaman, goho hayotingizdan shodmisiz, deb ham soʻrayman. Yoʻq. Ularning ichki dardi, tashvishlari biznikidan ziyod. Oilalarga qarang. Ajrimlar har yili oshib bormoqda, baʼzi hududlarda u 35–40 foizga yetgan. Sud mahkamalari arzchilarga toʻla. Barcha bezovta. Yurtdoshlarimizga nima boʻlyapti oʻzi? Begonalashuv qismatimizga aylanib borayotgandek...”
Arastu “Odam – ijtimoiy mavjudot” deganida, oʻzi toʻliq anglamagan holda inson bilan jamiyat oʻrtasida nafaqat uzviy bogʻliqlik, shu bilan birga tafovut, hatto ziddiyatlar ham borligini eʼtirof etgan. Donishvarning metafizikasi, hatto butun ijtimoiy-falsafiy qarashlari ana shu ziddiyatlar asosiga qurilgan. U tahlil qilinayotgan har bir narsa-hodisadan ichki tafovut, qarama-qarshilik qidiradi. Suqrot dialektikasi, yaʼni bahs orqali ziddiyatlarni ochib berish usuli Aristotel falsafasiga oʻtgan. Shundan beri falsafa, inson idroki oʻzi bilan boshqa “men”lar; “men” bilan jamiyat; shaxs bilan davlat, tuzum oʻrtasidan ziddiyatlar qidiradi. Aslida, mazkur dilemma yechimiga intilish naturfaylasuflar va Aflotun davridan beri mavjud. Keyinchalik uni Foma Akvinat xudo bilan bogʻliq ratsionalda, Yakob Byome ziddiyatlar va harakatlarni oʻziga jo etgan mistik “birlik”da, Jorj Berkli “maʼnaviy borliq”da, Jon Lokk aql-u idrokka tayanishda, Fridrix Nitshe yangi axloq, yangi din, yangi borliq yaratishga qaratilgan nigilizmda, Karl Marks sotsial inqilobda, Ieremiya Bentam inson ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan utilitarizmda, Arnold Toynbi madaniyatlar va sivilizatsiyalar muloqotida koʻrdi. Sharq falsafasining buyuk vakili Konfutsiy uni ajdodlar merosiga sodiqlik, Lao Szi – beorom izlanishga moyil idrok, Budda – nirvana (gʻam-tashvishlardan xoli mistik hol), Shri Aurobindo – ideal umuminsoniy birlik, mutasavviflar – uzlatda yashab yetuklik izlashdan qidirdi. Xoʻsh, ular murodga yetdimi? Inson izlanishlari cheklanganini Umar Xayyom quyidagicha loʻnda ifodalagan:
Dilim ilmlardan mahrum boʻlmabdi,
Bir sir qolmadiki, mavhum boʻlmabdi.
Tun-u kun oʻyladim yetmish ikki yil,
Angladim, hech narsa maʼlum boʻlmabdi.
Yondashuvlar, maktablar koʻp va rang-barang; ularning har biridan muammoga oid fikr topish mumkin. Ammo nuqtayi nazarlar koʻpaygani sari yechim topish oʻrniga muammo ustiga muammo qoʻshgan. Inson oʻzini oʻrtayotgan, bezovta qilayotgan savollarga hamon javob axtaradi. Borliqdan sir izlovchi idroki va oʻzidan qoniqmaydigan qalbi uni obyektiv bilan subyektiv oʻrtasida sarson kezishga majbur qiladi.
Insonni jamiyatdan begonalashuvga yetaklaydigan ziddiyatlarning tub negizi qayerda? Uni anglash mumkinmi? Anglanmagan muammoga yechim topish mushkul, albatta. Ayni choqda, idrok izlanar ekan, u umid qiladi; ammo bu umid mudom cheklangan va nisbiydir. Inson – qism, jamiyat – butun; ikki oʻrtadagi aloqalar barcha qism bilan butun oʻrtasidagi munosabatlar kabidir. Bu munosabatlarning ijtimoiy-falsafiy jihatlarini ilk bor Aflotun ilgʻagan. U davlatni – butun, kishilarni esa unga itoat etadigan, oʻrnatilgan tartiblarga boʻysunadigan qismlar oʻlaroq talqin etgan. Odamlar erishadigan baxt-saodat, farovonlik – butun tufaylidir. Toʻgʻri, donishvarning bu nuqtayi nazari keyinchalik davlatning rolini mutlaqlashtiruvchi qarashlarni keltirib chiqardi. Masalan, Hegelning falsafiy kratologik, ayniqsa, millat shakllanishiga oid qarashlarida shu ruh ustuvor. XIX-XX asrlardagi barcha falsafiy-siyosiy taʼlimotlar bu yondashuvni davom ettirdi.
Davlat hokimiyatining uchga (qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, sud hokimiyati) boʻlinishiga oid Monteskyo ilgari surgan gʻoyada fuqarolik jamiyatini shakllantirish maqsadi yotgani qayd etiladi; u qism bilan butun oʻrtasidagi munosabatlarni yangi tartibda tashkil etishga xizmat qilgan. Biz bugun barpo etishga intilayotgan fuqarolik jamiyati bor tafovut va ziddiyatlari bilan ana shu munosabatlarning hosilasidir. Davlatning butun boʻlishga daʼvogarligi, farovon va baxt saodatli hayot barpo etishga qaratilgan saʼy-harakatlari insonni bezovta qilayotgan oʻsha azaliy savollarga qoniqarli javobmi? Menimcha, yoʻq. Davlat butunlikka daʼvogar, ammo u butunning oʻzi emas. Bu oʻrinda davlatning qismati barcha qismlar qismatiga oʻxshashini payqaymiz.
Bir qarashda insonni jamiyatga, qismni butunga qarshi qoʻyish yoki ular oʻrtasidagi tafovut va ziddiyatlarni qidirish metafizik oʻyin tuyuladi. Mulohaza yuritishga oʻch idrok, tafakkur oʻzining borliq oldidagi ojizligini niqoblash, xaspoʻshlash uchun turli taʼlimotlar yaratadi, fikrlarni oʻylab topadi. Relyativizmga, hatto absurdga beriladi. Ha, barcha narsani yovuz oʻlim, mavhum borliq oʻz qaʼriga tortib ketadi. Tanatologik qarashlarda aksioma mavjud – oʻlim haq. Mazkur aksioma inson bilan jamiyat, qism bilan butun oʻrtasidagi aloqalarga soʻnggi nuqta qoʻyishi mumkin. Biroq inson, uning idroki oʻlimning mutlaq haqligiga koʻnikolmaydi. U butun borligʻi bilan oʻlimni rad etib, hayotni, mavjudlikni ulugʻlaydi. Ushbu nekbinlikni sharaflash, qoʻllab-quvvatlash insonni begonalashuvga yetaklovchi pessimizmdan xalos etadi. Mayli, u xato qilsin, adashsin, goho iblis gapiga kirsin, Qobil kabi oʻz inisiga tig‘ koʻtarsin... baribir nimanidir yaratish fikridan voz kechmaydi, voz kecholmaydi ham. Aynan shu nuqtada u jamiyatga, butunga muhtoj. Jamiyat, butun insonni oʻzining qismiga aylantirib, undan yetuklik talab etadi. Yetuklik – butunda (Aflotun)! Toʻgʻri, uni talab etish hali yetuklikning oʻzi emas, unga yetish inson ixtiyorida. Inson oʻziga shunday imkon berilganidan xabardor, hatto u dahriylik yoʻli bilan ham xudo dargohiga borishga ahd qiladi. Uning Bobil minorasi qurishga jazm qilgani shu sabablidir. Donishvar mistik Emmanuil Svedenborg xudo bilan suhbat qurganini aytadi. Mansur Halloj esa “Anal Haq”, yaʼni “Men Haq”man deydi. Bu – aslida, butunlik, yetuklik daʼvosi. Bu yaxshimi yoki yomonmi? Ikkalasi ham. Yaxshi tomoni shundaki, butunga, yetukka intilish insonni hayotni sevish, eʼzozlash, F.Nitshe iborasi bilan aytganda, “oʻzidan oʻzib” yashashga undaydi. Oʻzidan oʻzishga, kechishga intilmaydigan kishi yetuklik istamaydi, biror eʼtiborli narsa yaratolmaydi ham.
Koʻkdan soʻradim doʻst, yor ber, deb.
Jinday omad, jinday ishq ber, deb.
Tilaklarim yetdi Samoga,
Javob keldi, oʻzingdan kech, deb.
Ha, doʻst-yor orttirish, omad va ishq oʻzingdan oʻzishni, kechishni taqozo etadi. Mazkur altruizmda nafaqat jasorat va pokdomonlik, xokisorlik, hatto junun mavjud. Ayolga oshiqlik naqadar telbalik boʻlsa, hayotga oshiqlik ham shunday. Kimda ishq kam (bundan mutlaq mahrum kishi uchramaydi) ekan, u shubhasiz jamiyatdan begonalashadi. Bu – begonalashuvning ibtidosi. Insonni begonalashuvdan, pessimizmdan xalos qilish uchun uni hayotni sevishga, umuman, oshiqlikka oʻrgatish kerak. Hayotda tushkunlik uygʻotuvchi sabablar koʻp: bedillik, bevafolik, noshukurlik, oqpadarlik, tovlamachilik, ruhiy xastalik... Islom “odamning bir yelkasida shayton oʻtiradi” deb behuda ogohlantirmaydi. Inson qalbi yashashga, hayotni sevishga, oshiqlikka muntazir. Toʻgʻri, hayotni sevishga, oshiqlikka oʻrgatish mushkul-murakkab vazifa, ammo insonni begonalashuvdan qutqarishning boshqa yoʻli yoʻq.
Butunlik, yetuklikka daʼvo qilishning salbiy jihati shuki, u odamda kibr, oʻziga mahliyolik, xudbinlik uygʻotishi mumkin. Altruizmning aksi boʻlgan bu illat koʻpgina aql egalarida elita, aslzodalargina kishilik jamiyatini boshqarish va eʼtiborli narsalarni yaratishga qodir, degan qarashni shakllantirgan. Aflotun “qodir”lar siymosini – faylasuflarda, Tomas Karleyl – qahramonlarda, Karl Marks – proletariatda, Xose Ortega-i-Gasset va Nikolay Berdyayev esa elitada koʻrdi. Paygʻambarlar, avliyolar, daholar, noyob fazilatli kishilar haqidagi taʼlimotlar ana shu yondashuv hosilasi hisoblanadi. Olimlar fikricha, har bir goʻdak noyob fazilatlar egasi, uning vujudiga daholik salohiyati jo. Karl Popper fikriga koʻra esa: “Hamma – faylasuf, ammo kimdir koʻproq faylasuf, kimdir kamroq”. Tafovut ana shu miqdordadir.
Qiziqki, jamiyatdan begonalashuv noyob aql, fazilat egalari ichida koʻproq uchraydi. Uzlat – soʻfiylar, zohidlik esa Budda va Henri Toro ilgari surgan paradoksal hodisalardir. Aslida mutlaq begonalashuv yoʻq, shaxs mudom ijtimoiy muhit taʼsirida shakllanadi. Demak, jamiyatdan begonalashuv – oʻy-xayol mahsuli, lekin u inson ruhida mudom mavjud. Tasavvur, oʻy-xayollarini, hayotini agʻdar-toʻntar qilib yuboradigan vajlar kishini yon-atrofdan, jamiyatdan qochishga majbur etadi.
Begonalashuvda mistitsizm bor. Mistikaga berilish inson qalbidan chuqur joy olgan. Hatto ratsional yondashuvni ulugʻlovchi Yevropa tafakkuri ham bundan xoli emas. Diniy falsafiy maktab vakillarining barchasida mistitsizm taʼsirini uchratish mumkin. Vaholanki, inson bilan jamiyat aloqalari aniqlik, ratsionallikni taqozo etadi; butun jamiyat mistitsizm qoʻynida qolishi mumkin emas. Keyingi yillarda shu xil taʼlimotlardan, ayniqsa, tasavvufdan ratsionallik izlash, jamiyat ongiga mistitsizmni singdirishga intilish kuchaydi; ammo uning inson va jamiyat aloqalarini aqlga muvofiq tashkillashtirishiga men ishonmayman. Chunki unda noreallikka intilish kuchli, binobarin, u insonning jamiyatdan, reallikdan begonalashuviga sabab boʻlmoqda. Din va qalam ahlining mistitsizmga berilishi odatiy hol, shu sababli ular idrok qabul qilolmaydigan, uning anglash doirasini kengaytiradigan tasvirlar, gʻoya va asarlar yaratadi. Yaratish onlarida din va qalam ahli jamiyatdan, reallikdan uzoqlashadi. Mazkur begonalashuv xayolotni kengaytiradi, kishini arshi aʼloga yetaklaydi. Biroq inson xayoli qanday goʻzal, begʻubor va serjilva borliq yaratmasin, uning jamiyat bilan aloqalari mudom ratsional yondashuvga asoslanadi. Demak, ratsional bilan irratsional, aqliyat bilan xayolot oʻrtasidagi tafovutlar, ziddiyatlar insonda jamiyatdan begonalashuv tuygʻusini uygʻotishi mumkin. Shunday fikrga kelganmanki, insonni mistik kechinmalardan butkul xalos qilib boʻlmaydi, ammo ularni badiiy estetik ijod, izlanishlar sari yoʻnaltirish mumkin. Bu inson uchun ham, jamiyat uchun ham foydali.
Jamiyatdan begonalashuv – alohida fenomen. U avvalo inson ruhiyati, sensitiv, ayniqsa, pessimistik kechinmalari, borliqni anglash jarayonida orttirgan gnoseologik tajribalari bilan bogʻliq. Shu sababli u – individual hodisa. Individ – begonalashuvning ham subyekti, ham obyekti. Begonalashuvning fojiaga aylanishi boisi – inson. U oʻzini jamiyatga, yon-atrofga qarshi qoʻyadi va hayotini dramaga aylantiradi. Shu sabab ham begonalashuvga daʼvoni individning oʻzidan, uning maʼnaviy-ruhiy olamidan qidirish zarur. Gʻarb olimlarining inson ruhiyatini davolash, psixoterapiya bilan izchil shugʻullanayotgani bejiz emas. AQShda har oʻn nafardan bir kishi depressiyaga mubtalo, ularning 15 foizi oʻzini oʻldirishgacha boradi. Shuning uchun ham Endryu Solomon depressiyani “dunyodagi eng vahshiy qotil” deb ataydi (Соломон Э. Демон полуденный. Анатомия депрессии. Москва, “Добрая книга”, 2004. Стр. 32).
Begonalashuvning eng dahshatli oqibati – xudkushlik. Ilm-fanda “suitsid” deb ataladigan bu ofat har yili 800 ming kishining umriga zomin boʻladi, 15–29 yoshdagilar ichida koʻproq tarqalgan. Rasmiy manbalarga koʻra, xudkushlik kam va oʻrtacha rivojlangan davlatlarda koʻproq uchraydi. Deyarli barcha dinlar va maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar suitsidni qoralaydi. Hayot – ilohiy neʼmat, insonni undan mahrum qilish huquqi hech kimga berilmagan. Kishi yashashni istamay qolganida, yuzaga kelgan muammoni hal etishga oʻzida kuch va imkoniyat qolmaganini bilganida oxirgi chora sifatida joniga qasd qiladi. Aslida bu – shaxs bilan muhit, jamiyat oʻrtasidagi ziddiyatning keskinlashuvi ifodasidir. Inson butunning taqdiriga taʼsir etish imkoniga ega ekanini unutadi...
Begonalashuvga ijtimoiy oʻzgarishlar ham sabab boʻladi. Jamiyat hech qachon bir tekis rivojlanmagan. U fluktatsion, yaʼni toʻlqinsimon oʻzgarib, rivojlanib keladiki, bu odamlar hayoti, tasavvur va munosabatlariga taʼsir etmay qolmaydi. Ayrim kishilarning jamiyatdagi oʻzgarishlarga befarqligi, xudbinlikka berilishi yoki ijtimoiy davrani tark etishi ana shu taʼsir tufaylidir. Befarqlik goho beozor hodisa koʻrinadi, muammo uygʻotmaydi, shuning uchun qoralanavermaydi. U pinhona holat, uni ilgʻash, qoralash qiyin. Demokratik muhitda u hatto shaxs huquqi, uning erkin yashash tarzi oʻlaroq qaraladi. Ammo befarqlik bilan begonalashuv orasi bir qadam. Agar loqaydlik uzoq davom etsa, muqarrar tarzda muhitdan, jamiyatdan begonalashuvga olib keladi.
Anglangan va anglanmagan befarqlik bor. Keyingisini ijtimoiylashtirish mumkin, ammo anglangan loqaydlikni oʻzgartirish mushkul. Anglangan befarqlik shaxsiy ruhiy kechinma oʻlaroq yon-atrofdagi voqealarni ratsional idrok etmaslik, goho ularga zid pozitsiyada turish shaklida voqelanadi; u koʻpincha oppozitsiyani keltirib chiqaradi.
Egoizm bevosita befarqlik mahsuli emas, u “men”ning mutlaqlashtirilishidir. Demokratiya sharoitida “men” oʻzini mutlaqlashtirishga osongina asos, vosita topadi; bunga Gʻarb voqeligidan koʻplab misollar keltirish mumkin. Sharq demokratiyasi esa hamon kommunitarizm tarafdori, u shaxs va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlarni ijtimoiy taraqqiyotga yoʻnaltirishga intiladi. Kommunitarizm egoizmga, ijtimoiy qadriyatlar befarqlikka oʻrin qoldirmaydi. Bu bilan biz, befarqlik Gʻarb demokratiyasi sharoitidagina mavjud, degan fikrdan yiroqmiz. Faqat oʻz qadriyatlarinigina tan oladigan, ulugʻlaydigan jamiyat mohiyati va butun tizimi bilan global rivojlanishga befarqligini namoyish etadi. Goho butun xalq, millat global rivojlanishga befarq qolishi, shu zaylda insoniyat hayotidan begonalashuvi mumkin. Bu hodisa ilm-fanda “etnoegoizm” deb ataladi.
Inson ruhida intravertlik va ekstravertlik yonma-yon yuradi. Birinchisi odamning oʻz tashvishlari, manfaat va oʻylari bilan bandligini; ikkinchisi esa tashqi olam, jamiyat, yon-atrof haqida qaygʻurib yashashini bildiradi. Bu xislatlar jamiyatdagi munosabatlarga muvofiq boʻladi, ijtimoiy hayotdagi ziddiyatlar qancha oʻtkirlashsa, intravert va ekstravertlar oʻrtasidagi tafovutlar ham keskinlashadi.
Biz XX asr oxirlarida xususiy mulk ijtimoiy taraqqiyotga eltadi, farovon yashash imkonini beradi, barcha iqtisodiy muammolarimiz oʻzidan oʻzi hal etiladi degan havoyi oʻylarga berilgandik. Endi maʼlum boʻlmoqdaki, xususiy mulk oilaviy munosabatlarga aks taʼsir etishi, shaxsda mulkchilik instinktini oʻstirishi, hatto kishining oʻzini ham oldi-sotdi obyektiga aylantirishi mumkin ekan. Xususiy mulk shaxsda introvertlik (oʻz qobigʻiga oʻralib olish)ni qoʻllab-quvvatlash orqali uni oiladan, jamiyatdan yiroqlashtirayotgani oila institutini asrab qolish muammoga aylanib, fohishabozlik va iqtisodiy jinoyatlarning oshib borayotganida yaqqol koʻzga tashlanadi. Bunday shaxs oila va jamiyatga ham xususiy mulk sifatida qaraydi. Bu – begonalashuvning yangi, zamonaviy koʻrinishi. Biz intilayotgan, ideal deb qarayotgan Gʻarb modeli ana shu asosda yangi fenomen shaklida voqelanmoqda, u – sharqona individualizmdir.
Sharq individualizmi alohida oʻrganishni taqozo etadi, bir maqolada unga xos barcha jihatlarni ochib berish imkonsiz. Fikrimizcha, uning asosiy belgilari – har qanday ijtimoiy-huquqiy norma, qonunlarni mensimaslik; korrupsiya va zoʻravonlikni oilaviy anʼanaga aylantirish; patriarxal boshqarishga moyillik; burjuaziyadagi nomaqbul, bad illatlarni oʻzlashtirishga intilishda namoyon boʻlmoqda. Biznes va tadbirkorlik niqobi ostida avj olayotgan sudxoʻrlik inson bilan jamiyat oʻrtasidagi munosabatlarni keskinlashtiradi, bu esa begonalashuvni muqarrar hodisaga aylantiradi.
...Iso paygʻambar yarimta gʻishtni boshi ostiga qoʻyib, uxlab yotar edi. Koʻzini ochsa, ustida laʼin iblis turganmish.
– Ey malʼun, bu yerda nima qilyapsan?
– Gʻishtimni boshing ostiga qoʻyibsan, – debdi Iblis. – Bilasan-ku, dunyo meniki, demak, gʻisht ham meniki. Gʻishtni boshing ostiga qoʻyib mening mulkimga tajovuz qilmoqdasan, oʻzingni mening qatorimga qoʻshyapsan (Fariduddin Attor. Mantiq ut-tayr. Nasriy bayon. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa uyi, 2006. 105-106-betlar). Iso paygʻambar taraddudda qolibdi. Yashash qaygʻusi, nahotki, insonni iblis yaloqiga koʻz tikib yashashga majbur etadi... majbur etaveradi? Bu endi boshqa maqola mavzusi...
Viktor ALIMASOV
“Tafakkur” jurnali, 2020-yil 2-son.
“Begonalashuv” maqolasi