Yaqinda radioda efirga uzatilgan bir xabar eʼtiborimni tortdi. Unda aytilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi tashabbusi bilan baxshichilik sanʼatini rivojlantirishga bagʻishlangan anjumanda zamonaviy koʻrinishdagi yangi doʻmbira cholgʻusi taqdim etilibdi. Qiziq, hozirgi paytda ham velosipedni qayta kashf qilish mumkin ekan. Axir, qadim zamonlardan beri yashab kelayotgan milliy cholgʻumiz – doʻmbira oʻz sadosi bilan millionlab odamlarning yuragiga kirib borgan-ku, qulogʻimiz oʻrgangan-ku. Shunday ekan, yangi doʻmbira yaratishga ehtiyoj bormikan? Savolimizga javob olish maqsadida uzoq yillardan buyon xalq ogʻzaki ijodini oʻrganib kelayotgan folklorshunos Oʻktam HAKIMOVga murojaat qildik.

– Siz koʻp baxshilar qatori el orasida mashhur boʻlgan doʻmbira yasovchi ustalarni ham yaxshi bilasiz. Ular haqidagi maʼlumotlarni kitoblaringizga kiritgansiz. Biz bilan ham doʻmbira yasash haqidagi bilganlaringizni oʻrtoqlashsangiz.

– Yigirma yildan beri koʻpdan koʻp baxshilar, doʻmbira yasovchi ustalar bilan gurunglashganman. Baxshilar ogʻzidan terma va dostonlarni yozib olganman. Doʻmbiraning qanday yasalishini oʻz koʻzim bilan koʻrganman. Bu haqda “Yuragimning joʻri boʻlgan doʻmbiram” nomli kitobimda ham aytib oʻtganman.

Doʻmbira xalqimizning juda qadimiy cholgʻu asbobi, koʻplab cholgʻu asboblarining onasi deb aytsak, xato qilmaymiz. Milliy dutorimiz, qozoqlarning dombrasi, ruslarning domrasi aynan bizning qadimiy doʻmbiramizdan ulgu olib yasalgani turli tarixiy manbalarda keltirilgan. Buni xorijiy va mahalliy olimlar ham eʼtirof etishgan.

– Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaringizda baxshilar, doʻmbira yasovchi ustalar, hunarmandlar haqida muntazam foto va vedio maʼlumotlar joylab borasiz. Xoʻsh, doʻmbira cholgʻusi yasashning qanday sir-asrorlari bor?

– Ota-bobolarimiz doʻmbirani faqat mevali daraxtning yogʻochidan yasab kelgan. Ustalar kech kuzda – noyabr oyi oxiri dekabrning avvalida, hamma dov-daraxtlar uyquga ketganda, meva bermay qolgan daraxtni kesishgan. Doʻmbira yasaladigan yogʻoch kamida olti oydan toʻqqiz oygacha, baʼzan bir yilgacha yerga koʻmib qoʻyilgan. Odatda bitta doʻmbira tayyor boʻlib, baxshining qoʻliga yetib borguncha kamida ikki yilcha vaqt ketar ekan.

Doʻmbirasoz ustalardan biri Normurod aka Shaydilov qiziq bir voqeani aytib bergan edi. Usta uzoq yillar boshqa sohada mehnat qilgan. Bir kuni tushiga doʻmbira yasovchi ustalarning ustozlaridan biri Toji bobo Olloyorov kirib, doʻmbira yasang, faqat mevali daraxtdan yasang deb, ustaga doʻmbira yasashning sir-asrorlarini aytgan ekan. Normurod akaning bu gaplarini eshitib oʻylab qoldim. Doʻmbira yasashda ham bir ilohiylik borday. Fikri ojizimcha, hamma ham baxshi boʻla olmaganiday, hamma ham doʻmbirasoz usta boʻlolmaydi. Aslini olganda, baxshi ham, jirov ham, doʻmbira yasaydigan ustalar ham tanlangan odamlar boʻladi.

Albatta, vaqt hamma narsaga oʻz taʼsirini oʻtkazgani singari doʻmbirani ham oʻzgartirgan. Avvallari doʻmbiraning tori qoʻyning ichagidan yasalgan. Baxshilar auditoriyasi kengayib borgani sari doʻmbiraning sadosi ham baland chiqishi talab etilgan. Shuning uchun ham hozirgi plastik torlarga ehtiyoj sezilgan. Qaysidir maʼnoda doʻmbira zamon talablariga moslashgan boʻlsa-da, bu narsa doʻmbira sadosiga ham, tuzilishiga ham taʼsir qilmagan.

– Andijonlik usta tomonidan yasalgan, Milliy baxshichilik sanʼatini rivojlanish bosqichlari mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida taqdimoti oʻtkazilgan doʻmbira haqida qanday fikrdasiz? Bilishimizcha, siz mazkur konferensiyada qatnashgan, yangi doʻmbira haqida soʻz aytgan ekansiz, shundaymi?

– Zamonaviy doʻmbira yasagan usta Abdumalik Madraimov oʻz ishining ustasi, mohir mutaxassis. Ustaning mahoratiga zigʻircha ham shubham yoʻq. YuNESKOning nomoddiy madaniy merosni roʻyxatga olish loyihalarida ekspert boʻlib ishtirok etgan chogʻlarimda Abdumalik Madraimovning ustaxonasiga borganman. Gʻijjaki Boburiy, Dilnavo, Xushnavo kabi qadimiy cholgʻularga qayta hayot baxsh etgan usta sifatida bilaman.

U  kishi yasagan  yangi doʻmbira haqida baʼzi fikrlarimni aytsam, birinchi navbatda yangi doʻmbiraning tashqi koʻrinishi menga noodatiy tuyuldi. Gap bu yerda doʻmbiraning oʻlchami haqida ketayotgani yoʻq. Qaysidir usta doʻmbiraning dastasini uzunroq, boshqa birovi kaltaroq yasashi mumkin. Oʻlcham qanday boʻlishidan qatʼiy nazar, doʻmbira yasashning anʼanaviy yoʻllari buzilmasligi kerak. Asosiysi, qoʻl mehnati saqlab qolinishi shart. Bugungi zamonda doʻmbirani dastgohlarda yasab tashlashdan oson ish yoʻq, albatta. Lekin qoʻlda qilingan mehnatda esa gap koʻp. Aytib oʻtganimday, YuNESKOning nomoddiy madaniy merosni roʻyxatga olish talabi ham shu. Bitta usta bir yil davomida oʻn dona doʻmbira yasadi, deylik. Biroq uning doʻmbiralari hech qachon bir xil chiqmaydi. Birovining oʻlchamida, birovining tovushida, albatta, farq boʻladi. Bu avvalo, doʻmbira yasalgan daraxtga, qolaversa, ustaning yurak qoʻri, mehriga bogʻliq.

Bizda turli xil dostonchilik maktablari boʻlgan. Masalan, Surxondaryoda Sherobod, Kofirun, Qashqadaryoda Qamay, Chiroqchi, Shahrisabz, Samarqandda esa Bulungʻur va Qoʻrgʻon maktabi vakillari aynan doʻmbira chertib doston va termalar aytib kelishgan. Har bir maktab vakilining ijro uslubi, repertuari, ovoz, ohang, nagʻmasida, hatto chertayotgan doʻmbirasida ham oʻziga xos jihatlari boʻlgan. Aytaylik, Ergash Jumanbulbul oʻgʻlining uy muzeyida baxshi chalib aytgan doʻmbirasi bor. U juda ixcham va kichkina. Doʻmbiraning uzunligi taxminan qirq-ellik santimetr. Savol tugʻiladi: kattaroq doʻmbira yasash uchun yogʻoch yetishmay qolganmi? Yoʻq, bu maktab aʼananalari bilan bogʻliq jarayon. U ham ota-bobolari, ustozlari chertgan shakl-shamoyildagi doʻmbirani maʼqul koʻrgan. Yaʼni anʼanalar saqlanib qolgan.

Abdumalik Madraimov yasagan doʻmbiraga esa zamonaviy boʻyoqlarda ishlov berilgan, yaʼni loklangan. Meningcha, bu doʻmbiraning sadosiga salbiy taʼsir qiladi. Maqsad doʻmbiraning tashqi koʻrinishini chiroyli qilish kerak boʻlganda, ming yillar ilgari ota-bobolarimiz tabiiy ranglarda uni chiroyli qilib boʻyagan boʻlardilar. Doʻmbira yasashning ham oʻz anʼanalari, sir-asrorlari bor. Qolaversa, ilohiy kuchning ham taʼsiri katta. Usta Abdumalik Madraimov yasagan doʻmbiraning ham yaxshi tomonlari bordir. Har qanday musiqiy cholgʻu aniq soz berishi kerak. Musiqa tili bilan aytganda, falsh ovoz boʻlmasligi lozim. Bu borada Abdumalik Madraimov professional usta. Shu kungacha doʻmbira yasab yurgan ustalar bilan maslahatlashib, ular bilan hamfikrlikda anʼanaviy uslubda doʻmbira yasasa, menimcha,  nur ustiga aʼlo nur boʻlar edi.

– Konferensiyada Abdumalik Madraimov yasagan doʻmbirani baxshilar chertib koʻribdi. Ularning bu haqdagi fikrlari bilin qiziqib koʻrmadingizmi?       

– Baxshi eli tortinchoq, ogʻir va vazmin keladi. Davralarda fikrlarini ochiq-oydin aytishdan tiyilib turadi. Oʻsha kuni ham baxshilarimiz tomonidan na yaxshi, na salbiy gap aytildi, hisob. Oʻzbekiston xalq baxshisi Abdumurod Rahimov oʻsha yerda yangi doʻmbirani chertib koʻrgan edi. Baxshining aytishicha, yangi doʻmbirada nimadir yetishmaganday boʻlib tuyulibdi. Xuddi dutorga oʻxshab qolganday, ovozi ham boshqacharoq emish. Qisqasi, yangi doʻmbira baxshining koʻnglidan joy ololmabdi.

– YuNESKOning nomoddiy madaniy merosni roʻyxatga olish ishlarida ekspert sifatida qatnashgansiz. Aslida YuNESKOning reprezentativ roʻyxatiga kiritilishi uchun qanday talab va qoidalari mavjud?

– Nomoddiy madaniy merosimiz beshta  asosiy yoʻnalishdan iborat. Uning aynan beshinchi yoʻnalishi aʼnanaviy hunarmandchilik bilan bogʻliq bilim va koʻnikmalarni oʻz ichiga oladi. Musiqiy cholgʻu asboblarini yasash ham shular jumlasidan. Lekin YuNESKO tomonidan qoʻyiladigan bir qator talab va tartib-qoidalar ham bor. Masalan, nomoddiy madaniy meros sifatida roʻyxatga olinayotgan element, u xoh cholgʻu asbobi boʻlsin, xoh ijro saʼnati boʻlsin hozirgi kunda ham yashayotgan boʻlishi shart. Faqat yashayotgan narsalargina zamonga moslashishi mumkin. Zamonga moslashishning ham oʻz tartib va talablari bor. Anʼanaviy usullar va yoʻllar saqlanib qolishi lozim. Shu maʼnoda doʻmbira yasashda ham qadim zamonlardan buyon avloddan-avlodga oʻtib, yashab kelayotgan anʼanalar saqlanmogʻi darkor. Bundan qilinadigan xulosa shuki, doʻmbiramizni koʻz qorachigʻimizday asrab-avaylashimiz kerak.

Azim ROʻZIYEV suhbatlashdi