Deydilarki, inson togʻlar oʻsishini sezmaydi. Lekin har qanday fikrat sohibi mamlakat, jamiyatdagi oʻzgarishu yuksalishlarni aqlu idrok koʻzi ila koʻra biladi.

Sohibqiron Amir Temur oʻz “Tuzuklari”da buyuk davlat barpo etish haqida soʻzlarkan, “Eng baland minora ham yerdan koʻtarilgay”, degan hikmatni aytadi. Shu maʼnoda, ulug‘ maqsad yoʻliga chiqqan Oʻzbekiston taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻyganini nafaqat barchamiz qalban, ruhan his qilib turibmiz, balki bu jarayonlarda ishtirok etyapmiz ham. Bugun mamlakatimizdagi keng koʻlamli islohotlar, yangilanishlar natijasida jamiyatimiz hayoti, odamlarning ongu tafakkuri oʻzgarmoqda.

Prezidentimizning bu galgi Murojaatnomasidagi “Biz qadimiy va boy tariximizni, ayniqsa, gʻoyat ogʻir sharoitda ilm-maʼrifat, inson erkinligi, xalq ozodligi, Vatanga, milliy qadriyatlarga mehr va sadoqat gʻoyalarini dadil koʻtarib chiqqan jadid bobolarimiz faoliyatini yanada chuqur oʻrganishimiz lozim. Ularning ulug‘ maqsadlar yoʻlidagi mardona kurashi va fidoyiligi Yangi Oʻzbekistonni qurishda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat maktabi boʻlib xizmat qilishi zarur”, degan soʻzlar barchamizni ham toʻlqinlantirdi, ham oʻylantirdi.

Nega davlatimiz rahbari bizni jadidlarning hayoti va ijodini chuqurroq oʻrganishga daʼvat etmoqda? Chunki jadidlar yangi davr yaratuvchilari, fidoyilari edi. Har qancha qiyinchilik va mushkulotlarga qaramay, borini, kerak boʻlsa, jonini tikib, Vatan hurriyatiga erishish yoʻlida chinakam shijoat bilan mardona kurashdilar. Inson haq-huquqlarini oʻzida ifoda etgan milliy konstitusiya yaratishga kirishdi. Ilm-maʼrifat yoʻlida xalqni uqubat va jaholat botqogʻidan olib chiqish uchun yangi usul maktablari, teatrlar, nashriyotlar, millatni uygʻotishga chorlovchi, maʼrifat sari yetaklovchi gazeta va jurnallar ochdilar. Isteʼdodli yoshlarni Yevropaning nufuzli universitetlarida oʻqitishga intildilar. Jamiyatga yangi ozodlik va maʼrifat ruhini olib kirdilar. Millatni uning taraqqiyoti yoʻlida birlashtirishga, har bir qalbda Vatan uchun fidoyilik tuygʻusini kamol toptirishga, milliy nafsoniyatni uygʻotishga intildilar.

 

Vatanning buyuk shaʼnu shavkatini tiklash jadid taʼlimotining oʻzak gʻoyasi hisoblanadi. Abdurauf Fitrat “Yurt qaygʻusi”ni bejiz “Onam! Seni qutqarmoq uchun jonmi kerakdir?” degan soʻzlar bilan boshlamagan. XX asr boshida, bir yonda mustamlakachilik, bir yonda mutaassiblik hukm surgan davr muhitida milliy ruhni saqlagan holda, ilgʻor Gʻarb ilm-fani va texnikasi yutuqlarini oʻzlashtirish gʻoyasini ilgari surish, maʼrifatparvarlik harakatini vujudga keltirish va amalga oshirish chinakam maʼnaviy jasorat edi.

Mahmudxoʻja Behbudiyning “Haq olinur, berilmas”, “Zamona ilmu fanidan bebahra millat oʻzgalarga poymol boʻlur”, Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, Munavvarqori Abdurashidxonovning “Bu jaholat xohishidurki, millat foydasi uchun jonin qurbon qilmoqqa loyiq arslon kabi yigitlarimiz bugun millatni yodlaridin chiqorib, isteʼdod va gʻayratlarini choyxona va pivaxonalargʻa sarf etmakdadurlar”, degan soʻzlari bugun ham millatni uygʻotuvchi, uni befarqlik va ortiqcha maishatlardan asrovchi daʼvatdek jaranglab turibdi.

Bugungi kunda maʼnaviy yetuk, har jihatdan barkamol avlodni tarbiyalash, sifatli taʼlimni kafolatlovchi taʼlim-tarbiya tizimini yaratish, rivojlantirish, maʼrifatli jamiyatni barpo etishga kirishdik. Bu borada ulug‘ maqsadlarni roʻyobga chiqaradigan, erkin va yangicha fikrlaydigan, tahlikali dunyoda turli gʻoyaviy tahdidlarga nisbatan kuchli immunitetga hamda jamoada ishlash va muloqot koʻnikmalariga ega, islohotlarga yanada shiddat baxsh etadigan vatanparvar shaxslarni voyaga yetkazish eng muhim vazifaga aylandi.

Biz dunyoga buxoriylar, xorazmiylar, samarqandiylar, termiziylar, margʻinoniylar, nasafiyu fargʻoniylarni bergan xalqmiz. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bugun ana shu silsilaning bardavomligi uchun zamin tayyorlanmoqda. Shunday ulug‘ zotlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoit yaratilmoqda. Bu borada jamiyat hayotimizdagi maʼnaviyatga boʻlgan ehtiyojni, uning qudratli kuchini tobora yorqinroq anglab bormoqda. Negaki, maʼnaviyat, birinchi navbatda, xalqimiz oʻrtasidagi oʻzaro ishonch, hurmat va eʼtibor, ulug‘ orzu va maqsadlarga yetish, kelajakni bunyod etish yoʻlidagi ezgu intilishlar, ibratli fazilatlar majmuasidir.

Har qanday voqelik aynan maʼnaviyat asosida shakllanadi. Prezidentimiz “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobida qayd etganidek, “Maʼnaviyat jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir. Bu poydevor qancha mustahkam boʻlsa, xalq ham, davlat ham shuncha mustahkam boʻladi”. Davlatimiz rahbari Murojaatnomada “Jamiyatimizning maʼnaviy asoslarini mustahkamlash, madaniyat sohasini rivojlantirish, ilmiy-ijodiy tashkilotlar, muhtaram ziyolilarimiz faoliyatini qoʻllab-quvvatlash ham biz uchun ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻladi”, dedi. Bir narsa ayonki, ham jismoniy, ham maʼnaviy jihatdan barkamol insonni tarbiyalash jismoniy jihatdan baquvvat insonni tarbiyalashdan koʻra, gʻoyat murakkab vazifadir. Ayniqsa, bugungi globallashuv davrida, inson ongi va qalbi uchun kurashlar kuchaygan, gʻoyaviy tahdidlar va xurujlar jamiyatimizning maʼnaviy hayotiga taʼsir koʻrsatishning kuchli quroli sifatida namoyon boʻlayotgan bir davrda bu ish jamiyatning ziyoli qatlamidan oʻsha oʻktam jadidlarga izdoshlik maqomida yanada katta masʼuliyat va fidoyilik bilan mehnat qilishni talab etmoqda.

Hazrat Alisher Navoiy bunday yozadi:

Bu chaman oʻlmogʻida mavjud anga,

Bor edi inson guli maqsud anga.

Tangri taoloning bu boʻston, bu zamin, bu gullagan olamni yaratishdan bosh maqsadi, murodi uning guli boʻlgan inson uchundir. Kimki mana shu ezgu yoʻlda insonni bu olamni gulga burkaydigan, yaʼni uni farovon qiladigan bunyodkor, yaratuvchi kuch deb bilar ekan, shaksiz oʻsha yerda obodlik boʻladi. Kimki oʻz xalqi qudratini jamlab, umumxalq murodu maqsadiga eltuvchi yoʻlga boshlay olsa, millat qudrati toʻgʻri yoʻnaltira olinsa, u har bir davlatning kuch-qudrat, ishonch manbai hisoblanib, tengsiz bunyodkor toʻlqinga aylanadi. Bunda maʼnaviy-ruhiy qudratning oʻrni betimsoldir.

Ana shunday ezgu maqsadlarni koʻzlagan holda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan Prezidentimizning 2021-yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan oʻtib borayotgan yilda qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash, allomalarning hayoti va faoliyatini chuqur oʻrganish va keng targʻib etish, “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat” konsepsiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha milliy dasturni yaratish borasida huquqiy-meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqildi.

Shuningdek, maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi keng koʻlamdagi ishlarni muvofiqlashtirib borish maqsadida markaz tuzilmasi bilan vazirlik va markaziy muassasalar, tashkilot va idoralar oʻrtasida hamkorlikdagi “Yoʻl xarita”lari ishlab chiqilib, ijroga yoʻnaltirildi. Ularga maʼnaviy-maʼrifiy faoliyatni samarali tashkil etish borasida nazariy va amaliy yordam koʻrsatildi. Bu boradagi intilishlarni ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

2022-yilda oʻtkazilgan “Eng namunali tuman va shahar” tanlovida 14 ta tuman va shahar hamda “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovida 21 ta vazirlik va idora ishtirok etdi. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular orasida milliy armiyamiz erishgan yutuqlarni yanada keng tatbiq etish maqsadida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Milliy gvardiya oʻrtasida “Temurbeklar maktablari”da Sohibqiron Amir Temurning mardona ruhi, jasorati, sarkardalik mahorati, Vatanga buyuk sadoqati, yuksak maʼnaviy fazilatlarini yoshlar ongi va qalbiga singdirishga qaratilgan turkum tadbirlarni tashkil etish boʻyicha qoʻshma dastur imzolanib, hamkorlik tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Xalqimizga yangi islohotlar nafasini yetkazish, yoshlar qalbida islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish, shu yoʻnalishda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar taʼsirchanligini oshirish muhim vazifaga aylandi. Shu bilan birga, maʼnaviyat sohasidagi ichki va tashqi tahdid va xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, jamiyat aʼzolari qalbida mehr-oqibat, tinchlikni qadrlash, hamjihatlik, shukronalik hissini uygʻotish, oilada maʼnaviy barqarorlikni mustahkamlash, zoʻravonlik, ajralishlarning oldini olish, bemorlardan hol soʻrash, ularga moddiy koʻmak va maʼnaviy dalda berish, yoshlarni zamonamizning fidoyi vakillari, qahramonlari bilan tanishtirish, ular qalbida ulug‘ maqsadlarni uygʻotish borasida ham qator ishlar qilindi. “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat” shiori ostidagi “Maʼnaviyat festivali” doirasida 18 ta ijtimoiy loyiha amalga oshirildi. “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyatining ilm-fan, madaniyat, sanʼat, adabiyot va badiiy ijod kabi soha vakillaridan iborat 500 dan ortiq aʼzosi jalb etilib, tadbirlarga aholi va yoshlar qamrab olindi. Mazkur festival doirasidagi “Oʻzbekiston qahramonlari” kitobi taqdimoti, “Milliy qadriyatlar haftaligi”, “Mehr-muruvvat va saxovat”, “Ayolga ehtirom”, “Zukko bolajon”, “Mening farzandim – Oʻzbekiston faxri!” loyihalari, “Ziyolilar forumi”, “Uchinchi Renessans – maʼrifatli jamiyat sari”, “Oila – maʼnaviyat qoʻrgʻoni”, “Vatan uchun yashaylik!” mavzularida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, “Maʼrifat soatlari”, ayniqsa, koʻtarinki kayfiyatda qabul qilindi.

Festival doirasida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida oʻtkazilgan “Maʼrifat ulashib” va “Kitob karvoni” aksiyalarida milliy adabiyotimiz durdonalaridan iborat 17 ming 640 nusxa kitob aholiga bepul tarqatildi. Bu tadbirlarga “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar, ularning farzandlari ishtirokiga alohida eʼtibor qaratildi.

Ajdodlarimizning ilmiy, adabiy merosi hamda ularning jasoratini yanada keng targʻib etish yuzasidan markaz tomonidan bir qancha amaliy ishlar yoʻlga qoʻyilganini alohida taʼkidlash lozim. Jumladan, joriy yilda buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdining jasorati, yurt ozodligi yoʻlidagi kurashlari tarixini keng tadqiq etish maqsadida “Jaloliddin Manguberdi izidan” ilmiy ekspedisiyasi tashkil qilindi. Oʻrganishlar asosida Shvesiya, Turkiya, Pokiston, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻizistonning yetuk tarixchi olimlari ishtirokida “Jaloliddin Manguberdi tarixining yangi sahifalari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi. Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etishda samaradorlik oʻta muhim oʻrin tutadi. Ijtimoiy-maʼnaviy muhit sogʻlomligini taʼminlashda esa mavjud holatni toʻgʻri baholash, taʼbir joiz boʻlsa, tashxis qoʻyish amaliy ishlar natijadorligini koʻrsatishga xizmat qiladi. Ana shu maqsadda markaz huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti tomonidan Chirchiq shahri, Boʻka, Yangiyoʻl va Uchtepa tumanlaridagi 60 ta mahallada “Hududlarning ijtimoiy-maʼnaviy muhitini oʻrganish va sogʻlomlashtirish texnologiyasi” loyihasi doirasida sosiologik tadqiqot oʻtkazildi.

Bugun mamlakatimizda har bir sohaning istiqboli ilm bilan bogʻliqligiga alohida eʼtibor berilmoqda. Jumladan, markaz tomonidan “Jadid maʼrifatparvarlari gʻoyalaridan yosh avlod tarbiyasida foydalanish” mavzusida innovasion tadqiqotlar doirasida jadid maʼrifatparvarlarining 5 ta kitobi va ularning audiovariantlari tayyorlanib, “Oyina.uz” elektron portaliga joylashtirildi.

“Buyuklar merosi” loyihasi doirasida buyuk allomalar, mutafakkir olimlar, jadidchilik namoyondalarining tarbiya, odob-axloq, ezgu fazilatlar hamda ilm egallashga chorlaydigan 58 ta ezgu daʼvati ovozlashtirildi va shu asosda videorolik tayyorlanib, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ hamda “Toshkent metropoliteni” DUK bilan hamkorlikda metro, temir yoʻl vokzallaridagi LED ekranlar va vagon ichidagi monitorlar orqali keng yoritildi.

Imkoniyati cheklangan boʻlsa-da, foydali mehnat bilan shugʻullanib, jamiyatda munosib oʻrin topayotgan va yosh avlodga oʻrnak boʻlayotgan yurtdoshlarimiz erishgan yutuqlarni targʻib etishga qaratilgan “Inson qadri” loyihasi doirasida 3 ta qisqa metrajli film tayyorlandi.

Yoshlarni Vatanimizga sadoqat, fidoyilik ruhida tarbiyalashda mustaqillik, Navroʻz kabi milliy bayramlarimiz, davlat ramzlarining katta oʻrni bor. Ana shu maqsadda “Vatanim taraqqiyotiga mening hissam!” loyihasi, davlat gerbi, bayrogʻi, madhiyasi qabul qilingan kunlar munosabati bilan oʻtkazilgan ommaviy tadbirlar nafaqat mamlakatimiz aholisi va yoshlari, balki xorijlik vatandoshlarimiz, chet ellarda taʼlim olayotgan koʻp ming sonli yoshlarimizni ham qamrab olgani quvonarli, albatta.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 oktyabrdagi “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qarorida sohalarni rivojlantirishda oʻz mehnati, ilmiy, jamoat ishi, mehnatsevarligi va vatanparvarligi bilan jamoatchilikning hurmatiga sazovor boʻlgan, fidokorona mehnat qilgan va samarali natijalarga erishgan fuqarolarni “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash vazifasi yuklatilgan. Joriy yilda hududiy davlat organlari, tashkilotlar va jamoat birlashmalari tomonidan 500 ga yaqin nomzod taqdim etildi. Nomzodlardan eng munosib koʻrilgan 96 nafari “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tasarrufidagi “Maʼnaviyat” nashriyoti faoliyatida ham juda koʻp oʻzgarishlar yuz berdi. Bir qator uskunalar kapital taʼmirlanib, ishchi holatga keltirildi. Shuningdek, muassasada tayyor kitob va boshqa matbaa mahsulotlari ishlab chiqarishning toʻliq jarayonini tashkil etish, hamkor matbaa korxonalariga sarflanadigan mablagʻlarni tejash maqsadida qoʻshimcha texnika xarid qilindi. Korxonada kitoblarni qattiq muqovada tayyorlash sexi ish boshladi. 2022 yilda 60 ming nusxaga yaqin kitob-albom, kitoblar tayyorlandi. Nashriyot matbaa bazasida “Tafakkur”, “Maʼnaviy hayot”, “Mushtum” jurnallari muntazam chop etilmoqda.

Albatta, qilingan ishlar koʻp, lekin hali qilishimiz zarur boʻlgan muhim ishlar oldinda. Davlatimiz rahbari Murojaatnomada maʼnaviy tarbiya, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni mustahkamlash borasida qator muhim vazifalarga eʼtibor qaratdi. Bu bevosita “jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish” masalasidir. Dunyo tobora tahlikali tus olmoqda. Taʼkidlanganidek, “Butun dunyoda kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi xatarlar, afsuski, bizni ham chetlab oʻtmayapti”. Musulmon ummatiga saboq bergan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk ulamolar yetishib chiqqan diyorimizda radikalizm va ekstremizm gʻoyalariga berilganlarning boʻlishi haqiqatda ham biz uchun uyat. Bir qator davlatlarda jamiyatning turli koʻrinishlarda radikallashuvi, yoshlar ongini buzgʻunchi yot gʻoyalar bilan zaharlash, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanish borasidagi harakatlar qanday fojialarga olib kelayotganini koʻrib turibmiz. Qancha-qancha mamlakatlar jaholat, oʻzaro nizolar, qirgʻinlar oqibatida vayronaga aylanib, taraqqiyotdan orqada qolayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz. Buyuk ajdodlarimiz dunyoni maʼrifat bilan zabt etganlar, dunyo maʼrifat dorilfununi maqomini egallaganlar.

Geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarni muntazam oʻrganish, terrorizm, ekstremizm, aqidaparastlik, odam savdosi, narkobiznes va boshqa tahdidlarga qarshi samarali kurashish, ayniqsa, muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyatini ochib berish, farzandlarimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash boʻyicha oila, mahalla va taʼlim maskanlari hamkorligini mustahkamlash, bu borada “maʼnaviy qalqon” vazifasini oʻtovchi dasturlar qabul qilish, natijadorlikka erishish ham oldimizda turgan muhim vazifalardan biridir. Aholining internetdan foydalanish madaniyatini muttasil oshirib borish, adabiyot, kino, teatr, musiqa va sanʼatning barcha turlari, noshirlik-matbaa mahsulotlari, ommaviy axborot vositalarida maʼnaviy-axloqiy mezonlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ustuvorligiga erishish borasidagi ishlarni ham yangi bosqichga olib chiqishimiz zarur.

Ajdodlarimiz hamisha ulug‘ bir shukronalik bilan tinchlik, ilmu maʼrifat, poklik, halollik, mehr-oqibat va saxovatu muruvvat, bagʻrikenglik va hamjihatlikni, bir soʻz bilan aytganda, insoniy fazilatlar, axloqiy sifatlarni bebaho neʼmat deya qadrlagan. Ular ana shunday insoniy fazilatlar asosida ulug‘ allomalar, maʼrifatparvar olimlar, insonparvar shoirlar, halol va vijdonli, oʻzgalar haqqiga hiyonat qilmaydigan kasb-kor egalari, oilasi va Vatanining tinchligi, shaʼnini iymon qadar asrovchi qalqon mardlarni, ibo-hayoni eng katta qadriyat deb bilgan nafosat sohibalarini tarbiyalaydigan maʼnaviy makonni yaratgan. Shu maʼnoda, davlatimiz rahbarining eng yuksak insoniy fazilatlar va ilmu irfon, maʼrifat asosida yangi maʼnaviy makonni yaratish borasidagi daʼvati aynan buyuk ajdodlarimiz qoldirgan maʼnaviy-axloqiy taʼlimotlar bilan uygʻundir.

“Yangi maʼnaviy makon nima? Mening nazarimda, u – biz orzu qilayotgan Yangi Oʻzbekistonning maʼnaviy qiyofasi yaqqol aks etadigan, xalqimiz intilayotgan va el-yurtimiz baxtiyor yashaydigan maʼrifatli jamiyatdir”. Oʻylaymizki, “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobidagi bu ulug‘ niyatni amalga oshirish borasida 2023 yilda olib boradigan ishlarimiz yanada zalvarli va samarali boʻladi. Prezidentimizning Murojaatnomasi kirib kelayotgan “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da barchamizga muhim dasturulamal boʻlib xizmat qiladi.

Minhojiddin MIRZO,

Respublika maʼnaviyat va

maʼrifat markazi rahbari

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2022-yil 27-dekabr soni.