Beshinchi kun
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tizimidagi xodimlar “Maʼrifiy targʻibot ishlari samarasi va taʼsirchanligini yanada oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar” mavzusidagi toʻrt kunlik oʻquv seminaridan soʻng beshinchi kun (21-iyul) Toshkent shahriga qaytishdi. Ularni Oʻzbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti hamkorligida oʻtkazilgan “Yangi Oʻzbekistonda maʼrifatli shaxs tarbiyasi: muammo va yechimlar” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi kutib turardi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasida boʻlib oʻtgan ilmiy-amaliy konferensiya taʼlim va tarbiya: maktabgacha, maktab va oliy taʼlim tizimlaridagi yangi imkoniyatlar; taʼlim muassasalarida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish metodikasi hamda targʻibotning yangi texnologiyalari; taʼlimning turli bosqichlarida uzluksiz maʼnaviy tarbiya jarayonini tashkil etish va baholash mezonlari; taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish muammolari; ijtimoiy axloq mezonlari hamda yoshlar ongidagi qadriyatlar transformatsiyasi bilan bogʻliq muammolar kabi ilmiy muammolar tahliliga bagʻishlangan.

Konferensiyada soʻzga chiqqan maʼruzachilar tomonidan qoʻyilgan muammolar va taklif etilgan yechimlar, maʼnaviy tarbiya va targʻibotning zamonaviy texnologiyalari hamda taʼsirchan usullari boʻyicha tajriba almashinuvlar, nazariy xulosalar bilan amaliyotni uygʻunlashtirish boʻyicha takliflar mamlakatimizda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada yaxshilashga, targʻibotning zamonaviy texnologiyalarini kengroq joriy etishga qaratilgan. Xususan, konferensiyada professor Abduxalil Mavrulovning "Maʼrifatli shaxs tarbiyasida dunyoviy va diniy ilmlarning uygʻunligi masalasiga doir", pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronovning "Yoshlarda daxldorlik fazilatini tarbiyalashning nazariy va texnologik mohiyati toʻgʻrisida", Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv Akademiyasi professori, sotsiologiya fanlari doktori Mansur Bekmurodovning "Yoshlar tarbiyasi – Uchinchi Renessans maʼrifiy strategiyasining asosi", sotsiologiya fanlari doktori, dotsent Sarvar Otamuratovning "Yoshlarni tarbiyalashda qadriyatlarning oʻrni va ahamiyati", falsafa fanlari doktori, professor Qiyom Nazarovning "Sifatli taʼlim va gumanitar tarbiya – maʼrifatli avlodni shakllantirish omili", falsafa fanlari doktori, professor Bekdavlat Aliyevning "Yangi Oʻzbekistonni qurishda maʼnaviy, ijtimoiy-axloqiy qarashlarning oʻrni" kabi mavzulardagi maʼruzalari tinglandi.

Aktual mavzuga nisbatan qator olimlarning munosabati konferensiya ishtirokchilarida ahamiyatli taassurot qoldirdi. Xususan, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Ellikqalʼa tuman boʻlinmasi boshligʻi Aysha Matniyazova konferensiyaning maqsadini ijobiy baholagan holda oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi:
– Maʼrifatli shaxs tarbiyasi bugungi kunning dolzarb masalasidir. Bu tarbiya oiladan boshlanadi, maktabgacha taʼlim muassasasida davom etadi, maktab va boshqa taʼlim dargohlarida ham muhim vazifa hisoblanadi. Avvalo ota-ona farzand uchun namuna boʻlishi kerak, soʻng bolalarni yaxshilik va begʻuborlik bilan katta qilishga intilish kerak. Masalan, men tarbiyada xalq ertaklarining alohida oʻrni bor deb oʻylayman. Xuddi shu asosda, konferensiyada ishtirok etish bizni yanada chuqurroq oʻylashga va mushohada qilishga undadi.

Konferensiyada soʻzga chiquvchilar tomonidan qimmatli fikrlar oʻrtaga tashlandi. Xususan, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti psixologiya fanlari doktori, dotsent Feruza Akramova buyuklar bisotidan iqtibos keltirdi:
– Yomon farzand ortiqcha barmoqqa oʻxshaydi. Kesib tashlasang ogʻriydi, kesib tashlamasang doim seni izza qiladi.

Konferensiya yakunlangach, 200 dan ortiq Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tizimi fidoyilari oʻz hududlariga kuzatildi. Ularning yuzida aks etgan mamnunlik, minnatdorlik va gʻurur tuygʻulari endilikda mehnat samaradorligi uchun xizmat qilishiga ishonamiz.