Moziy sahifalariga zarhal harflar bilan bitilgan koʻhna tariximiz, maʼnaviy qadriyatlarimiz, madaniy boyliklarimizni chuqur oʻrganib, milliy taraqqiyot yoʻlini yangi bosqichlarda davom ettirar ekanmiz, davlatimiz rahbarining “Biz yangi Oʻzbekistonni yetuk maʼnaviyatli jamiyat, erkin va baxtli insonlar yashaydigan yurtga aylantirishimiz lozim”, degan soʻzlari zamirida ulugʻvor maqsad mujassam ekanini yanada teran anglaymiz. Xalqimizning maʼnaviy qadriyatlarini qadrlash, yosh avlodni milliy qadriyatlar va ajdodlarimizning bebaho merosi asosida tarbiyalash, ularda oʻz ajdodlari bilan gʻururlanish tuygʻusini shakllantirish, milliy oʻzlikni anglash hissini mustahkamlash borasida keng qamrovli maʼnaviy-maʼrifiy ishlar olib borilmoqda. Xorazm viloyati hokimi Farxod ERMONOV bilan suhbatimiz ham shu mavzu atrofida boʻldi.

– Xorazm viloyatida maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi ishlar qay darajada? Prezidentimiz tomonidan mazkur yoʻnalishda belgilab berilgan vazifalar ijrosi qanday?

–                    Viloyatimizda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” gʻoyasi asosida jamiyatda uzluksiz maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va tashviqot ishlarini tashkil etishning yettita asosiy yoʻnalishlarini belgilab olgan holda taʼsirchan, kreativ va innovatsion uslublar orqali targʻibot ishlari olib borilmoqda. Davlatimiz rahbari taqdim qilayotgan Yangi Oʻzbekiston strategiyasida aholini ham jismoniy, ham maʼnaviy jihatdan kamol toptirish gʻoyat murakkab vazifa ekanligi, ayniqsa, bugungi kunda mafkuraviy kurashlar goh oshkora, goh pinhona tus olgan, hozirgi taxlikali zamonda bu masala nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega ekanligi bir necha bor taʼkidlangan. Har bir hududdagi muammolarni bartaraf qilish, yechimini topish, kamchiliklarni tezkorlik bilan hal qilish, aholi yashash sharoitlarini yaxshilash, fuqarolarning maʼnaviy-madaniy saviyasini oshirish, yoshlarni baxtli va saodatli hayot sari ildam ergashtirib borish, bularning bari Yangi Oʻzbekiston sharoitida amalga oshirilmoqda.

Shunday ekan, Prezident va xalq oʻrtasida bevosita vakil sifatida bizning hududlardagi vazifalarimiz, amalga oshirishimiz lozim boʻlgan chora-tadbirlar xalq roziligi uchun xizmat qilmogʻi shartdir. Oʻtgan yillar davomida keng koʻlamli islohotlarning guvohi boʻldik. Har bir sohadagi oʻzgarishlar, zamonaviy yangi loyihalar, inson farovonligi va uning qadr-qimmatini oshirishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlarning barchasi amalda boʻy koʻrsatdi. Turli sohalarda nafaqat aholiga qulaylik yaratildi, balki xizmat koʻrsatishning soddalashtirilgan va zamonaviy texnologiyalar asosida tatbiq etilayotgan jihatlari ommalashdi. Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi yetti yoʻnalishdan iborat etib belgilanganligi esa alohida eʼtiborga molik. Bu, albatta, maʼnaviy-maʼrifiy sohada ham oʻz aksini topadi. Vaholanki, buyuk kelajakni sifatli taʼlim olgan yoshlar, qadr topgan inson, bugunidan minnatdor, ertangi kuniga ishonchi komil xalqimiz bilangina qurishimiz mumkin.

Oʻtgan 5 yil davomida biz Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan barcha topshiriqlarni jumladan, maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy sohalardagi vazifalarni oʻz vaqtida, koʻngildagidek toʻliq bajarishga harakat qildik va buning uddasidan ham chiqayapmiz. Bugun yangidan-yangi kreativ yondoshuvlarni koʻrib, shu yuksalishlar tendensiyasining faol aʼzosi sifatida  faoliyat olib borayotganligimdan mamnunman.

–                   Joriy yilning 28 yanvar kuni Prezidentimiz maktab taʼlimini rivojlantirish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida “Maktab taʼlimi sohasidagi islohotlar vazirlik va idoralar, tarmoq rahbarlari, barcha darajadagi hokimlar, ilmiy tashkilotlar, ziyolilar, keng jamoatchilikning vazifasi boʻlishi shart va zarur. Shundagina kutilgan natijaga erishish mumkin”, deya taʼkidladilar. Bu boradagi ishlar ham gazetxonlarimiz uchun qiziq...

–                    Davlatimiz rahbari bu gaplarni bejizga aytmadilar. Zero, Mahmudxoʻja Behbudiy “Dunyo imoratlari ichida eng ulugʻi maktabdir” deganida mutlaqo haq edi. maktabda ertangi avlodning ong-u shuuri shakllanadi. Saboq olish barobarida eng goʻzal ezgu xislatlarni oʻzida  rivojlantirib boradi. Shuning uchun ham oʻgʻil-qizlarimizning taʼlim olish darajasi, tarbiyasiga Prezidentimiz aytganlaridek, nafaqat oʻqituvchi-pedagoglar, barchamiz masʼul va javobgarmiz.

Bugungi kunda Xorazm viloyati xalq taʼlimi boshqarmasiga qarashli 576 ta taʼlim muassasasi faoliyat yuritib, shundan, 549 ta maktab, shu jumladan, 4 ta maxsus maktab-internat, 3 ta sanatoriya tipidagi maktab-internat, 13 ta ayrim fanlar chuqur oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar, 43 ta ayrim fanlar chuqur oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablar, 13 ta “Oilaviy bolalar uyi”, 14 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyat olib bormoqda. Oʻtgan yilda jami 24 843 nafar oʻquvchimiz umumtaʼlim maktablarini tugatib, ularning 6 955 nafari talabalikka qabul qilindi. Bu koʻrsatgich albatta yetarli emas. Bundan keyin bitiruvchi oʻgʻil-qizlarimizni oliy maʼlumotli qilmaguncha, sira ham tinim bilmaymiz. Buning uchun pedagoglarimizning salohiyat va imkoniyatlari yetarli. Aynan ana shu salohiyat viloyatimiz taʼlim sifatining yuqoriligi boʻyicha respublikamizda birinchi oʻrinda boʻlishiga zamin boʻlmoqda. Oʻtgan yili Qoʻqonda matematika fanidan olimpiada boʻlib oʻtgan edi. Uning respublika bosqichida kuchli oʻntalikdan viloyatimizning uch oʻquvchisi ham joy olgani fidoyi oʻqituvchilarimizning mehnati samarasidir. Xiva shahridagi Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchisi Saparboev Sarvar Javlonbek oʻgʻli aynan shu olimpiadada birinchi oʻrinni egallab, mukofot sifatida “Cobalt” avtomobili sohibi boʻldi. Xorazm viloyati Sifatli taʼlim olish imkoniyati tengsizligi indeksi (Index of Disparity in Access to Quality Secondary Education IDAQSE) sifatli oʻrta taʼlimga ega boʻlish reyting koʻrsatkichi boʻyicha oʻtgan yili viloyatlar orasida birinchi oʻrinni egallaganini han eslatib oʻtish joyiz.

Keyingi yillarda oʻqituvchilarga berilayotgan eʼtibor, ularning maqomini koʻtarish, qadr-qimmatini oshirish yuzasidan olib borilayotgan amaliy ishlar tufayli viloyatimizda faoliyat koʻrsatayotgan ustozlarda ishlashga boʻlgan ishtiyoq ortdi, oʻz bilimlarini oshirish uchun intilish kuchaydi. Buning isboti sifatida Xorazm viloyati Respublikada oliy va birinchi toifali oʻqituvchilar ulushiga koʻra 2 yildan buyon birinchi oʻrinni egallab kelayotganligini qayd etish mumkin.

Joriy yil ham maktab bitiruvchilarini koʻproq qamrab olish maqsadida oliy taʼlim muassasalarida qabul kvotalari soni oshirildi, yangi mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Urganch shahrida Malayziyaning “Binary” menejment va tadbirkorlik universiteti filiali oʻz faoliyatini boshladi. Umuman taʼlim sifatini oshirish eng katta maqsadlarimizdan. Buning uchun taʼlim muassasalarimizning ilmiy salohiyatini, yaʼni ilmiy darajaga ega boʻlgan professor-oʻqituvchilar sonini oshirish rejalashtirilgan. Hozir bunday kadrlar ulishi 29 foizni tashkil qiladi. Ayni paytda viloyatda 1500 dan ortiq xorijlik, xususan, Turkmaniston, Pokiston, Hindiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Afgʻoniston, Saudiya Arabiston va AQSh kabi davlatlardan kelgan talabalar tahsil olishmoqda. Hozirda oliy taʼlim muassasalarimizda ilmiy darajaga ega boʻlgan professor-oʻqituvchilar ulushi 29  foizni tashkil qiladi. Bu koʻrsatgichni yanada oshirish, yosh tadqiqotchilarning ilmiy-tadqiqot ishlariga koʻmaklashish  koʻlamini kengaytirish choralari koʻrilmoqda.

Ilm-u maʼrifat sohasiga Prezidentimizning shaxsan bosh boʻlayotgani bugun viloyatimizdagi yosh pedagoglar va olimlarning shijoatiga shijoat qoʻshmoqda. Xorazm viloyati oliy taʼlim muassasalari oʻqituvchilari tomonidan 2020-yil 48 ta ilmiy ishlar himoya qilingan boʻlsa, 2021-yilda ular soni 84 tani tashkil qildi.

– Prezidentimizning 2021-yil 3-dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda joriy yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari doirasidagi ishlar qanday olib borilmoqda?

–                    Bu qarorlari asosida joriy etilgan yoshlar yetakchilari lavozimlari ham mahallalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yaxshilash, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish, taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Bu borada tizimli ishlarni izchillik bilan yoʻlga qoʻyganmiz. Albatta, mahallalarga biriktirilgan ziyolilar, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari – bu ulkan ilmiy salohiyat, amaliy kuch degani. Bulardan izchil va tizimli, samarali foydalanish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning yaqin kunlarda hayotimizda, xalqimiz turmushida aks etishiga olib keladi.

Aynan ushbu kuchdan foydalanib, biz joriy yil fevral-mart oylari davomida viloyatdagi barcha mahallalar kesimida “Zakovat” turnirini oʻtkazishni belgilab qoʻydik. Bu esa aholi orasida kitobxonlik madaniyati, maʼnaviy-maʼrifiy, tarbiyaviy ishlarni kuchaytirishga turtki boʻladi.

Davlatimiz  tomonidan ilgari surilayotgan ushbu tizimning taʼsirchanligini oshirish borasida bir qator nazariy masalalarni ham rejalashtirganmiz. Yangi ish boshlagan har bir hokim yordamchisi va yoshlar yetakchilari uchun ularning vazifalari, aholi va yoshlar bilan ishlashning huquqiy, psixologik xususiyatlari aks ettirilgan maʼnaviy-maʼrifiy yoʻriqnoma tayyorlash borasida ishlar boshlab yuborilgan. Ushbu yoʻriqnomalar har bir yangi lavozim egalariga yetkazilib, ularning faoliyati uchun taʼsirchan qoʻllanma boʻlishi koʻzlanmoqda.

–                    Kitob ong va tafakkur sarchashmasi, qalb ziyosi, insonlarni yaxshilikka, ezgulikka chorlovchi vosita hisoblanadi. Viloyatda kitob va kitobxonlik, ularni chop etish borasida ham yangi loyihalar amalga oshirilayotganidan xabarimiz bor.

– Darhaqiqat, kitobxon avlodni tarbiyalash, maʼrifatli jamiyat barpo qilish davlatimizning strategik ustuvor rejasidir. Nafaqat, davlatimiz, balki xalqimizning, barchamizning eng ulug‘ ezgu niyatimiz ham shu. Bugungi kunda viloyatimizda 12 ta axborot kutubxona markazlari, taʼlim muassasalari va idora-tashkilotlarining 633 ta kutubxonalari faoliyat koʻrsatmoqda. 55 ta mahallamizda kutubxonalar tashkil qilingan. Viloyatning barcha kutubxona muassasalari fondida jami 3 mln. 792 ming 100 nusxada kitoblar mavjud. Galdagi rejamiz kelgusi 5 yilda Xorazmdagi barcha yurtdoshlarimiz kitobxon va xonadonlarida javon-javon kitob  boʻlishiga erishishdir.

Xorazmda 10 ta nashriyot hamda 62 ta matbaa korxonasi faoliyat koʻrsatadi. Oʻtgan  yil davomida ushbu nashriyotlar tomonidan 484 nomdagi 62 mingdan ziyod yangi kitoblar nashr qilingan boʻlsa, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda viloyat hokimligi hamkorligida 7 nomdagi 18 mingga yaqin kitoblar oʻquvchilar qoʻliga yetib bordi.

– Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi majmuasi qurilib, sarkardaning haykali oʻrnatilgan hudud atrofidagi 8 gektar maydonda qurilish ishlari davom etmoqda. Joriy yil 7-fevral kuni Prezidentimiz  qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishganida,  Jaloliddin Manguberdi majmuasi haqida ham soʻz bordi…

– Davlatimiz rahbari viloyatimizga tashrifi chogʻida Jaloliddin Manguberdi majmuasi mazmunini boyitish, sharoitlarini yaxshilash boʻyicha bir qancha koʻrsatmalar berib, “Bu yer bilim, maʼnaviyat, gʻurur maskani boʻlishi kerak. Kelganlar aylanib, hordiq chiqarishi bilan birga Manguberdi bobomiz hayotini yaqqol tasavvur qilishi, bundan ruh olishi kerak. Xiyobon boʻylab uning janglari, qahramonliklari haqida lavhlar yozib qoʻyish mumkin. Bu tarixni va chet tillarini yaxshi bilgan gidlar tayyorlash ham zarur”, dedi. Jaloliddin Manguberdining ot ustida qilich tutib turgan haykali bronzadan yasalgan. Uning balandligi asosi bilan birga qariyb 25 metr boʻlib, uzoqdan ham koʻrinib turadi. Favvoralar barpo etildi. Ayni kunlarda maydonda yakunlovchi ishlar amalga oshirilmoqda.

2022-yil  ham milliy tariximizni tarannum etish borasida zalvorli  va shaxdam  qadamlarni tashlaymiz. Xususan, “Jaloliddin Manguberdi tarixining yangi sahifalarini oʻrganish” mavzusida Urganch va Xiva shaharlarida boʻlib oʻtadigan xalqaro konferensiyaga 20 davlatdan olim va tadqiqotchilar taklif qilingan. Oʻtgan yili bir guruh olimlarimiz Jaloliddin Manguberdi tarixini chuqur oʻrganish doirasida Turkiyaning Diyarbakir viloyatiga ilmiy safar uyushtirdilar. Bu ilmiy guruhimiz Jaloliddin Manguberdining dafn etilgan joyini aniqlash borasida katta natijalarga erishdi. Ular buyuk sarkardaning soʻnggi manzili boʻyicha asosli va  yangi manbalarni qoʻlga kiritdilar. Endi bu boradagi tadqiqotlarni yanada kuchaytirishni niyat qilganmiz hamda tadqiqot natijalari asosida davlat rahbariga takliflar kiritamiz.

Joriy  yilda olimlarimiz ishtirokida Pokistonga ilmiy-maʼrifiy ekspeditsiya tashkil qilish rejalashtirilgan. Bu yerda olimlarimiz Jaloliddin Manguberdi tomonidan barpo qilingan inshootlar bilan bir qatorda qomusiy alloma Abu Rayhon Beruniy tashabbusi bilan tiklangan Nandanadagi rasadxona haqida, ajdodimizning Pokistondagi ilmiy merosi haqida maʼlumotlar toʻplaydi. Zero, bu yil Abu Rayhon Beruniyning 1050 yillik yubileyi ham katta tantanalar bilan nishonlanadi, tarixiy shaxslarimiz Jaloliddin Manguberdi, Abu Rayhon Beruniylar haqida hujjatli filmlar taqdim qilinadi.

Baxshichilik sanʼatimiz YUNESKO tomonidan Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga kiritildi. Bundan bir necha yil oldin esa Xorazm sanʼatining yana bir tumori boʻlgan lazgi ham bu roʻyxatdan joy olgan edi. Joriy yil sanʼatimizning ustunlari – baxshichilik va lazgi, shu bilan birga, xalfachilikni targʻib va tashviq qilish, uning rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash borasida koʻplab koʻrik-tanlovlar, tantanalar oʻtkazish belgilab qoʻyilgan. Xorazm sanʼati – baxshichilik, maqom, suvoralarimiz aslida xalqimizning oʻziga xos milliy immuniteti hisoblanadi.

Biz bugun Prezidentimiz boshchiligida “Inson qadri uchun” tamoyil asosida astoydil ishlayapmiz. Fuqarolarni ish bilan taʼminlash, iqtisodini yaxshilash, kambagʻallikka qarshi kurashishga katta eʼtibor qaratdik. Biroq maʼnaviy qashshoqlikka qarshi kurash borasida ham sustkashlikka yoʻl qoʻyishga haqqimiz yoʻq. Demakki, befarq boʻlishga yoʻl qoʻmasligimiz shart. Chunki maʼnaviyat bugungi kunning eng dolzarb masalasiga aylanib ulgurdi.

Gulchehra DURDIYEVA suhbatlashdi.

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2022-yil 17-fevral,

35 (557)-son