“Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” shoiri ostida oʻtkazilayotgan “Maʼnaviyat karvoni”ning navbatdagi manzili Sirdaryo vohasi boʻldi
Oʻzbekiston Prezidentining yoshlar, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari Nodir Xolboʻtayev, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat targʻibot markazi rahbari Minhojiddin Mirzo, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati rahbari Baxtiyor Husanov boshchiligidagi ijodkorlar, teatr va kino yulduzlari, adabiyot va sanʼat dargʻalari hamda iqtidorli yoshlardan iborat ijodiy jamoa Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Baʼzan toshqin va sokin oqadigan Sirdaryoning ustidan oʻtar ekanmiz, barchamizning yuzimizga mayin epkinlar ohista uriladi. “Sirdaryo viloyatiga xush kelibsiz!” degan yozuvga koʻzimiz tushishi bilan ulug‘ bir ziyoratgohga kirib kelayotgandek yuragimni ilohiy kalimalarga yoʻgʻrilgan his-tuygʻular qamrab oladi.
Baxt bogʻlariga taʼzim
Sirdaryoliklarning ezgu niyati, jonini jabborga berib qilgan saʼyharakati, qahratonning qahriyu saraton olovidan hayiqmay bagʻirlariga bosib olib chiqayotgan baxt bogʻlariga bosh egib, taʼzim qilaman. Ayting, nechun egilmayin? Axir bu muqaddas tuproqda oʻttiz toʻqqizinchi yillarda badargʻa qilingan nene aziz zotlarning peshona teri toʻkilgan, bobolarimiz, alpdek ogʻalar, kayvoni momolar, pariruxsor onaxonlarning xoki poklari yotibdi.
Yangi Oʻzbekiston rivojlanayotgan davlatlar qatoriga kirib, yangi Sirdaryo uning baraka beshiklaridan biriga aylangunicha bu muborak zaminda mehnatu zahmat ahli qancha fidoyiliklar qilgan. Ular ogʻzidan olov purkab turgandek choʻl bilan har kuni hayotmamot jangiga kirishgan va har doim gʻolib boʻlib, gʻalaba qilgan.
Bugun bogʻu boʻstonga aylanib borayotgan, barakaga boylanayotgan, qaytadan kamol topayotgan shahri Gulistonning bu qadar chiroy ochishida esa nene joʻmardlarning mashaqqatli mehnati mujassam. Gulistonning koʻrkam va maftunkor shahar boʻlib tanilishi shu goʻshada yashayotgan turli millat va elat vakillarining hamnafas va hamjihatlikda bir yoqadan bosh chiqarib ishlagani samarasidir.
Maqsadi, maslagi, matlabi birlar
Mard taqdirini toshdan koʻrar, nomard yoʻldoshdan, degan hikmat bejiz aytilmagan. Sirdaryoliklar eng ogʻir kunlarda ham birbiridan yozgʻirmaydigan, yaxshi kunlarida oʻtgan qaygʻularini gapirmaydigan mardlardir. Ularning eʼtiqodi, iymoni, maqsadimaslagi, matlabi, muhabbati birdir.
Bu yerlarda qachonlardir qush uchsa qanoti, odam oʻtsa oyogʻi kuyadigan choʻlu biyobon boʻlganiga bugungi kunda birovni ishontirish qiyin. Faqatgina kitoblardan oʻqish mumkin Sirdaryoning oʻtmishini. Oʻzbekiston xalq shoiri, Sirdaryo farzandi Toʻra Sulaymon bu choʻllarga kelgan zamonlarini bir sheʼrida bunday tasvirlaydi:
Oʻtmishim eslasam, ogʻriydi jonim,
Olov tutashganday oʻrtanar tanim,
Qalin toʻqay ichra toʻkilgan qonim,
Otamdan yodgorlik shu chayla, chalgʻim,
Yertoʻlada kechmish oʻsmirlik chogʻim...
Ha, sevikli shoirimizning taqdiriga oʻxshagan necha minglab taqdirlar mana shunday chaylayu yertoʻlalararo gʻoz turib obod yurt istiqboli uchun, farovon hayot, nurli kelajak uchun mehnat zahmatini chekishgan. Ular oʻrtanib, qiynalib qazigan ariqlardan bugun Sirdaryo ahli qonibqonib suv ichmoqda.
Oʻsha mashaqqatli zamonlarda kim ham oʻylabdiki, vaqt oʻtib, kunlar kelib Guliston yurtimizning eng goʻzal shaharlaridan biriga aylanishini. Bu yerlarda Guliston davlat universiteti kabi bir qancha taʼlim muassasalarining qad rostlashini. Meʼmoriy jihatidan oʻziga xos viqorli muhtasham musiqali drama teatri, bir yilda 400 dan ziyod musobaqa va festivalni oʻtkazadigan keng va katta sport maydonlari, koʻrkam saroylar, yashillik olamiga burkanib, gulzorlarga aylangan xiyobonlarda bugun hayot qizgʻin qaynaydi.
Ayniqsa, xalq sogʻligʻi yoʻlida barpo etilgan salomatlik yoʻlakchalari, dilga yoqar dam olish maskanlari, shinam kaferestoranlar, sheʼriyat sultoni Alisher Navoiy bobomizning shaharning qoq oʻrtasida savlat toʻkib turgan ulugʻvor haykali koʻzlarni quvnatadi.
Hozir Sirdaryo yoshlari boshida baxt qushlari charx urib uchib, bulbullar sayramoqda. Baxt qoʻrgʻonidan esgan atru rayhonlar boʻyi Shirin shahri atrofiga qadar yoyilib bormoqda. Sirdaryo tumanida esgan xushnafas nasimlar Oqoltin tumanining nahorgi sabolariga qoʻshilib dimoqlarga uriladi. Yangiyer shahriga koʻrk bagʻishlab tushayotgan yangi binolar koʻzlarni quvnatadi. Boyovutning bogʻlarida yetilgan olmalar, Sayxunobod anorlari, Xovosning qovuntarvuzlari shu muqaddas goʻshaning serhosil, unumli yerlarining rizqu barakasidan darak. Mirzaobodning oltinrang bugʻdoyzorlarida, Mehnatobodning keng dalalarida ochiladigan qizgʻaldoqlar urugʻi choʻl shamollarining harir pardasiga oʻranib, dashtu dalalarga sochilib ketadi. Sardoba kengliklarida yetilgan poliz ekinlarining xaridori juda koʻp...
Bogʻingizdan bahor ketmas boʻldi, ustoz
Oʻzbekiston xalq shoiri Toʻra Sulaymon Sirdaryoning boʻylariga mahliyo boʻlib, “Bahor, ketma mening bogʻimdan”, deb aytganida qalbi nechogʻliq nafosatga gʻarq boʻlgan ekana?!
Bahor kelsa, boshlanur bogʻda bulbul xonishi,
Saʼva, qumri nagʻmasi, suralay tovlanishi,
Qirlarda lola sayli, qishloqlarda yil boshi:
Toʻxtagay tabiatda haqqushlar zorlanishi,
Bahor, ketma mening bogʻimdan...
Prezidentimiz tashabbusi hamda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Toʻra Sulaymon uymuzeyi tashkil etilishi nafaqat sirdaryoliklarni, balki yurtimizda yashayotgan barcha sheʼriyat muxlislarini behad quvontirdi. Mirzaobod tuman dagi 2umumtaʼlim maktabi, shoir yashagan koʻcha uning nomi bilan atalmoqda.
“Maʼnaviyat karvoni” tadbirlari doirasida Nodir Xolboʻtayev hamda Sirojiddin Sayyid boshchiligida bir guruh shoir va yozuvchilar Mirzaobod tumaniga Toʻra Sulaymon uymuzeyi qurilishini koʻrgani bordik.
Kuzak shamollari esib turgan vaqtda anvoyi gullarga burkangan Toʻra Sulaymon koʻchasiga kirib borar ekanmiz, qarshimizda bunyod etilayotgan muhtasham inshootni koʻrib, yuraklarimiz entikib, koʻnglimiz shodlikka toʻldi. Hali qurilish, taʼmirlash ishlari toʻliq tugallanmagan boʻlsada, savti suratidan bu bino kelajakda adabiyot ixlosmandlarining qadami uzilmaydigan sheʼriyat qoʻrgʻoni boʻlishidan darak berib turibdi.
Qurilish rahbari Alisher ismli yigit bizlarni muzey loyihasi bilan tanishtirar ekan, uymuzey yonida bunyod etilayotgan moʻjazgina bog‘, oʻquv va anjumanlar xonasi, kutubxona, shoirga tegishli buyumlar saqlanadigan koʻrgazmalar zali bitib, faqat pardozlash ishlari qolganini mamnuniyat bilan soʻzlab berdi.
Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid uymuzeyning yaqin kunlarda takomiliga yetadigan binosiga qarab ehtirom ila: “Oʻzbekiston xalq shoiri Toʻra Sulaymon nomidagi bu uymuzey yaqin kelajakda nafaqat millatimiz, balki, dunyo adabiyot ixlosmandlari qadamjosiga aylanadi. Bu uymuzeyda yirik adabiyot bayramlari, mushoiralar, sheʼriyat kechalari, ilmiy anjumanlar oʻtadi”, — deya taʼkidladi.
Xayolan shoir bilan gaplashamanu, lablarim unsiz pichirlaydi. “Assalomu alaykum, ustoz! Mana, sizning sheʼriyat qarorgohingizdamiz. Sirdaryodamiz, nomingiz bilan atalgan koʻchaning atirgullariga, rangbarang chechaklari, yashil archalari, hovlingizdagi marvarid tutning quyosh nurida tovlanayotgan yaproqlariga boqib, “Bogʻingizdan bahor ketmas boʻldi, ustoz”, deyman.
“Enajon”, deb bosh ur, bolam, Boyovutga
Davlatimiz rahbari 2019 yil 19 fevral kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Guliston shahrida Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabini tashkil etish boʻyicha topshiriq bergan edi.
2019 yil 18 may kuni Vazirlar Mahkamasining “Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomi dagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktabinternatni tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Ushbu ijod maktabida yosh qalam ahli malakali ustozlaridan saboq olmoqda. Yosh ijodkorlar Halima Xudoyberdiyeva kitoblarini toʻligʻicha yod olib, sheʼrlarini qoʻshiqqa solmoqda.
Shoira tavallud topgan Boyovut tumanidagi Madaniyat markazida bir qancha maʼnaviymaʼrifiy tadbirlar ishtirokchisiga aylandik. Boyovut yengil sanoat kasbhunar kollejida, Guliston davlat universiteti va mahallalarda uyushtirilgan tadbirlarda ustozning jonbaxsh sheʼrlari qayta va qayta yod etildi. Tashrifimiz doirasida mazkur tumandagi maktablar bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichi yuqorilaganini eshitib, dilimiz yayradi.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 iyun dagi “2020–2021 yillarda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanini ijtimoiyiqtisodiy ri vojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish choratadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Boʻston oilaviy shifokorlik punkti 595 million, 7oilaviy poliklinika ham investisiya dasturi asosida 997 million soʻm hisobiga mukammal taʼmirlangan.
Prezidentimizning 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʻshimcha choratadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi doirasida Uchqoʻrgʻon mahallasi da 80 xonadonli 3 ta, Sohil mahallasida 120 xonadonli uyjoy foydalanishga topshirilgan.
Joriy yilda Yangiobod massivida yana 520 xonadonli koʻp qavatli uylar qurilishi jadal surʼatlarda olib borilishi mamlakatimizdagi izchil islohotlarning mantiqiy davomidir. Bagʻriga shamol tekkan Boyovutdagi ezgu ishlar ni koʻrib, qalbimiz zavqqa toʻldi va ustoz Halima Xudoyberdiyevaning “Ulugʻbekka” sheʼrini esga oldik:
Jonim oʻgʻlim, qanotsizga sen qanot boʻl,
Oʻzga oʻz boʻl, egilmagil, yodga yod boʻl.
Yerga kirsa, bosib ketma, ehtiyot boʻl,
Yoʻlingdagi xotirani oʻldirmagil.
Seni berdim katta elga, katta yurtga,
Mehring bilan koʻngli iliq, koʻzi toʻrtga,
“Enajon”, deb bosh ur, bolam, Boyovutga,
Tilingdagi xotirani oʻldirmagil...
“Maʼnaviyat karvoni” tadbirlari doirasida Sirdaryodagi koʻplab ezgu ishlarga guvoh boʻldik va ishtirokchisiga aylandik.
Kelajak avlod uchun imkoniyat
Yangiyer shahrida bir milliard soʻm evaziga rekonstruksiya qilingan 2 ta Madaniyat markazining koʻrkam konsert zallarida aholi bilan uchrashdik. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan yoshlarga kitoblar taqdim etildi. Hududdagi oʻzgarish va yangiliklardan koʻnglimiz oʻsdi.
Ayniqsa, Yangiyer qurilish va kommunal xoʻjalik kasbhunar kolleji bazasida Toshkent kimyotexnologiya institutining Yangiyer filiali ochilishi, Yangiyer akademik liseyi bazasida Guliston davlat universiteti pedagogika fakulteti tashkil etilishi kelajak avlod uchun yana bir imkoniyatdir.
Yangiyer sanatoriysi bunyod etilishi, qayta taʼmirlangan “Muruvvat” nogiron ayollar internat uyining foydalanishga topshirilishi ham sirdaryoliklar uchun ahamiyatga molik voqeadir.
Tumanda nefrologiya markazi, Yuksalish va Navroʻz mahallalarida 780 xonadondan iborat 5 qavatli 25 ta yangi uyjoy qurilgani xalq farovonligi yoʻlidagi islohotlar samarasidir.
Viloyat paxta xirmoni yuksalishini Oqoltin tumanisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Oqoltinliklar yetishtirgan poliz ekinlari Shimoliy muz okeaniga yetib borgan, desak mubolagʻa boʻlmas.
“Yangi davr” mahalla fuqarolar yigʻinida 240 xonadonli 10 ta koʻp qavatli uyjoy qurilib foydalanishga topshirilgani esa tuman aholisi uchun munosib sovgʻa boʻldi.
Shu yerda yana bir maʼlumotni aytib oʻtmasak boʻlmas. Tumandagi mavjud 13 ta mahallaning besh tasi shu vaqtgacha balansda boʻlmagan binolardan foydalanib kelgan. Prezidentimiz topshirigʻi va tuman hokimi qarori bilan mazkur binolar ularning balansiga oʻtkazib berildi. Aholi band ligini taʼminlash maqsadida tumanda 1376 ta korxona faoliyat koʻrsatyapti, shundan 824 tasi ki chik korxona va mikrofirma, 435 tasi esa fermer xoʻjaligidir. Sayxunobod, Xovos, Mirzaobod, Sardoba, Yangiyer, Guliston, Sirdaryo tumanlari, Guliston, Shirin shaharlariga tashrif buyurganlar soʻnggi olti yilda amalga oshirilayotgan bunyodkorlikning yangi usullari asosida arzon uyjoylar egasi boʻlayotgan fuqarolar quvonchi va shukronalik soʻzlariga guvoh boʻladi. Sirdaryo hududlarini kezar ekanmiz, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ni joriy qilish va shu orqali qiynalgan oilalar , ayollar, yoshlarni aniq ish bilan band qilish va daromadga ega boʻlishiga alohida eʼtibor berilayotganini koʻrdik.
Qayerga bormaylik, ertasiga ishonch bilan boqayotgan zamondoshlarimizning quvonchiga sherik boʻldik. Yangi mavzu, yangi qahramonlar hayotining shodliklari bilan hamnafas boʻlib, vaqt qanday oʻtganini sezmay ham qolibmiz. Biz esa Sirdaryoga sheʼrlarimiz, qoʻshiqlarimiz qorishiq mehru muhabbatimizni berdik. Sirdaryo bizni sohilining boʻyiga, uyining toʻriga oʻtkazdi.
Sirdaryo bagʻridan chiqqan soʻnmas nur — Halima Xudoyberdiyevaning “Oʻgʻlim Ulugʻbekka” degan sheʼri parchasi bilan maqolamga nuqta qoʻydim. Zotan, unda yurakdan aytilmagan izhorlarim, yozilmagan soʻzlarim ifodasi bor...
Koʻp chiqdim men Vatanimning toʻriga,
Poygagiga sen ham oyoq yech, bolam.
Ekin ekkin uning qiru oʻriga,
Toʻkin ekkin, ekkin qolmay kech, bolam.
Qolgan gaplar bari yolgʻon, puch, bolam.
Metin bolam, qudrat bolam, kuch bolam!
* * *
“Maʼnaviyat karvoni”ning Sirdaryo safaridan qaytar chogʻimiz oqchorloqlar charx urgan daryo sohillarida otayotgan oq tongni kuzatdik. Boshing uzra baxt qushlaring ketmas boʻlib qanot yozgan, Xizr nazar qilgan oq tonglaring muborak boʻlsin, Sirdaryo!
Zulfiya MOʻMINOVA,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoira
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2022 yil 18 oktyabr soni