Ustuvor ilmiy ixtisoslik nima?


Ustuvor ixtisosliklar – davlatning strategik taraqqiyoti, iqtisodiy barqarorligi va global maydondagi raqobatbardoshligini taʼminlaydigan eng muhim ilmiy-texnikaviy drayverlardir. Ular mavjud yoʻnalishlarning barchasini birdek qamrab olishni emas, balki resurslarni texnologik va ijtimoiy yuksalishni taʼminlay oladigan eng istiqbolli sohalarga safarbar etishni nazarda tutadi.

Bugungi kunda shakllantirilayotgan roʻyxatlarga nazar tashlansa, ustuvor yoʻnalishlar qatoriga aniq va tabiiy fanlarning deyarli barcha klassik tarmoqlari, koʻp asrlik anʼanaviy sohalar hamda tor nazariy ixtisosliklar ham ommaviy ravishda kiritilganini koʻrish mumkin. Bunday yondashuv strategik tanlov mezonlarining xiralashishiga, ustuvorlik tushunchasining mazmunan kengayib ketishiga va jarayonning sunʼiy tus olishiga sabab boʻlmoqda.

Fundamental fanlar har qanday ilmiy tizimning nazariy asosi va poydevori ekani shubhasiz. Biroq ularni bugungi kun talablariga javob beradigan yuqori texnologik va amaliy yoʻnalishlar bilan bir xil ustuvorlik mezoni asosida baholash ilm-fan siyosatidagi maqsadlarni chalkashtiradi hamda resurslar va eʼtiborning tarqalishiga olib keladi.

Toʻrtinchi sanoat inqilobi sharoitida eng yirik innovatsiyalar fanlararo integratsiya natijasida yuzaga kelmoqda. Shunga qaramay, amaldagi tizimda anʼanaviy va qatʼiy tarmoqlanish saqlanib qolayotgani sababli inson kapitali, til, tabiiy tafakkur va raqamli texnologiyalar sintezi asosida shakllanayotgan yangi yoʻnalishlar yetarli darajada strategik eʼtibor qozonmayapti.

Haqiqiy ustuvorlik mavjud tarmoqlarning barchasini birdek qamrab olishga qaratilgan maʼmuriy taqsimot emas, balki strategik tanlov natijasi boʻlishi lozim. Shu bois ustuvorlik tizimini optimallashtirish, takrorlanuvchi va anʼanaviy yoʻnalishlarni qayta koʻrib chiqish hamda eʼtiborni sunʼiy intellekt, raqamli tizimlar va inson intellekti kesishmasida shakllanayotgan yuqori texnologik yoʻnalishlarga qaratish bugungi davr talabidir.

​Toʻrtinchi sanoat inqilobi: NBIC konvergensiyasi

Toʻrtinchi sanoat inqilobi oddiy mexanizatsiyalash jarayoni emas, balki fizik, biologik va raqamli olamlarning chuqur integratsiyasidir. Uning poydevorini NBIC konvergensiyasi – nano-, bio-, info- va kogno-texnologiyalarning oʻzaro uygʻunlashuvi tashkil etadi. Mazkur jarayon modda, hayot va tafakkurni raqamli muhit bilan tobora chuqurroq integratsiyalash imkonini bermoqda.

Nanotexnologiyalar materiyani atom va molekula darajasida boshqarish imkonini yaratadi. Jismoniy obyektlarning xususiyatlari raqamli shaklda modellashtirilib, mutlaqo yangi avlod “aqlli materiallar” yaratilmoqda. Natijada ilgari passiv hisoblangan modda maʼlumot uzatuvchi va tashqi muhitga moslasha oladigan faol elementga aylanib, ishlab chiqarish jarayonlarini tubdan oʻzgartiryapti.

Biotexnologiyalar tirik organizmlar haqidagi biologik axborotni raqamli shaklda tahlil qilish va undan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Gen muhandisligi hamda DNK sekvenirlash texnologiyalari tufayli biologik kodlar ulkan maʼlumotlar bazasiga aylanyapti. Bu esa inson salomatligini yanada aniq boshqarish va tirik organizmlarni ilgʻor texnologik tizimlar bilan integratsiya qilish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Axborot texnologiyalari NBIC konvergensiyasining birlashtiruvchi infratuzilmasi vazifasini bajaradi. Katta maʼlumotlar (Big Data), bulutli hisoblash va narsalar interneti (IoT) nano hamda bio-olamdan olinayotgan maʼlumotlarni yagona raqamli tarmoqqa birlashtiradi. Natijada raqamli axborot oqimi moddiy jarayonlarni boshqarishning asosiy vositasiga aylanib, dunyoni toʻliq virtual olam bilan bogʻlamoqda.

Kognitiv texnologiyalar inson tafakkuri va sunʼiy intellekt tizimlari oʻrtasidagi oʻzaro uygʻunlikni taʼminlaydi. Ushbu yoʻnalish insonning bilish jarayonlarini modellashtirish va ularni raqamli tizimlarda aks ettirishga qaratilgan. NBIC konvergensiyasining eng yuqori bosqichi sifatida kognitiv texnologiyalar sunʼiy intellekt tizimlarining tahlil qilish, oʻrganish va mustaqil qaror qabul qilish imkoniyatlarini kengaytiryapti. Bu esa insoniyatning intellektual taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Navbatdagi postimizda amaldagi ustuvor ilmiy ixtisosliklar NBIC konvergensiyasi bilan bevosita va bilvosita bogʻliqligi nuqtayi nazaridan tahlil qilinadi.

Amaldagi ustuvor va “ustuvor” ixtisosliklar

Zamonaviy ilm-fan taraqqiyotini fundamental sohalarning oʻzaro uygʻunlashuvi – NBIC (nano-, bio-, info-, kogno-) texnologiyalari belgilayapti. Ilmiy ixtisosliklarni NBIC texnologik zanjiriga bogʻliqlik darajasi boʻyicha tahlil qilish amaldagi tasnifning global ilmiy-texnologik tendensiyalarga qay darajada mos kelishini koʻrsatadi.

Eng yuqori pogʻonada NBIC texnologiyalarini bevosita yaratuvchi va rivojlantiruvchi ixtisosliklar turadi. Jumladan, 01.04.12 – Nanomateriallar fizikasi, 03.00.14 – Genomika va bioinformatika, 05.01.11 – Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt, 05.02.03 – Robototexnika hamda 14.00.44 – Raqamli tibbiyot shular jumlasidandir (roʻyxat toʻliq emas). Shuningdek, 10.00.11 – Amaliy va kompyuter lingvistikasi inson tafakkuri (kognitiv jarayonlar) va axborot texnologiyalari oʻrtasidagi koʻprik vazifasini bajaruvchi strategik yoʻnalishlardan biridir. Mazkur ixtisosliklarning ustuvorligi zamonaviy ilmiy-texnologik taraqqiyot nuqtayi nazaridan eʼtiroz uygʻotmaydi.

Ikkinchi guruhni NBIC texnologiyalari rivoji uchun zarur boʻlgan nazariy modellar, matematik apparat va hisoblash vositalarini taʼminlovchi ixtisosliklar tashkil etadi. Jumladan, 01.01.02 – Differensial tenglamalar va matematik fizika, 01.01.03 – Hisoblash matematikasi va diskret matematika hamda 01.01.05 – Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika ana shunday poydevor fanlar hisoblanadi. Ularsiz 01.04.11 – Lazer fizikasi, 02.00.10 – Bioorganik kimyo yoki 05.01.07 – Matematik modellashtirish kabi yoʻnalishlarda yuqori texnologik natijalarga erishish mushkul. Biroq ushbu ixtisosliklar NBIC texnologiyalari bilan bevosita bogʻliq emas. Shu bois ularning ustuvorlik maqomini qayta koʻrib chiqish va aniq mezonlar asosida baholash maqsadga muvofiq.

Amaldagi roʻyxat va tasnifning eng katta qismini esa NBIC texnologiyalari bilan bevosita yoki amaliy jihatdan uzviy bogʻliq boʻlmagan mumtoz va nazariy yoʻnalishlar tashkil etadi. Xususan, 01.01.01 – Matematik analiz, 01.01.04 – Geometriya va topologiya, 01.01.06 – Algebra va sonlar nazariyasi kabi sof nazariy matematika ixtisosliklari shular jumlasidandir. Shuningdek, 01.02.01 – Nazariy mexanika, geologiya, agrar fanlar (dehqonchilik va chorvachilik), anʼanaviy tibbiyot, xalq tabobati hamda veterinariya yoʻnalishlari ham ushbu guruhga kiradi (bu guruh tarkibidagi ixtisosliklar roʻyxati ancha keng).

Ilmiy ixtisosliklarni ustuvor texnologik yoʻnalishlarga aloqadorlik darajasi asosida qayta tasniflash fan sohalariga investitsiyalarni samarali yoʻnaltirish va strategik ustuvorliklarni belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtayi nazardan, NBIC texnologiyalarini bevosita yaratuvchi va rivojlantiruvchi birinchi guruh ixtisosliklarini ustuvor ilmiy ixtisosliklar sifatida eʼtirof etish mantiqan asosli koʻrinadi.

​

Ustuvor ixtisosliklar roʻyxatidagi paradokslar

​Bugun ilmiy-texnologik ustuvorliklarni belgilashda jiddiy tizimli nomutanosibliklar kuzatilmoqda. Dunyo sunʼiy intellekt, katta maʼlumotlar (Big Data), milliy til modellari va raqamli ekotizimlar yaratish borasida keskin global raqobatga kirishgan bir paytda, mamlakatimizning rasmiy ustuvor ilmiy ixtisosliklari roʻyxati ayrim jihatlarda raqamli taraqqiyot ehtiyojlaridan ortda qolayotgani tashvish uygʻotadi.

Roʻyxat tahlili qator paradokslarni yuzaga chiqaradi. Jumladan, matbaa mashinalari va uskunalarini takomillashtirish yoki xalq tabobati kabi muhim, biroq nisbatan tor yoʻnalishlar davlat miqyosidagi ustuvor ilmiy yoʻnalish sifatida eʼtirof etilgan. Shubhasiz, har bir ilmiy sohaning oʻz oʻrni va ahamiyati bor. Biroq ularni milliy innovatsion rivojlanishning strategik lokomotivi sifatida belgilash bugungi global ilmiy-texnologik tendensiyalar bilan toʻliq uygʻunlashmaydi.

Roʻyxatdagi eng jiddiy kamchiliklardan biri – zamonaviy sunʼiy intellekt, tabiiy tilni qayta ishlash (Natural Language Processing), milliy til modellari va raqamli suverenitetning ilmiy asosini tashkil etuvchi amaliy va kompyuter tilshunosligi yoʻnalishining ustuvor ixtisosliklar qatoridan oʻrin olmaganidir. Vaholanki, davlat tilini raqamlashtirish, milliy til korpuslarini yaratish, mashina tarjimasi, ovozli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish aynan shu fan yoʻnalishiga tayanadi.

Amaliy va kompyuter tilshunosligini ustuvor yoʻnalish sifatida eʼtirof etmaslik sunʼiy intellektni faqat algoritmlar va matematik modellar yigʻindisi sifatida talqin qilish oqibatidir. Aslida esa har qanday zamonaviy sunʼiy intellekt tizimining asosiy bilim muhiti tildir. Til texnologiyalarisiz yaratilgan sunʼiy intellekt oʻzbek tilining semantik, pragmatik va madaniy xususiyatlarini toʻlaqonli anglay olmaydi. Natijada milliy raqamli mahsulotlar cheklangan funksional imkoniyatlarga ega boʻlib qoladi hamda xorijiy til modellariga qaramlik kuchayadi.

Bugungi sharoitda ilmiy ustuvorliklarni belgilashda nafaqat mavjud ilmiy maktablar, balki yaqin oʻn yilliklarning texnologik ehtiyojlari ham asosiy mezon boʻlishi zarur. Aks holda, ilm-fan resurslari istiqboli cheklangan yoʻnalishlarga yoʻnaltirilib, strategik ahamiyatga ega sohalar yetarli eʼtibordan chetda qolishi mumkin.

Shu bois ustuvor ilmiy ixtisosliklar roʻyxatini zamonaviy global texnologik tendensiyalar asosida qayta koʻrib chiqish dolzarb vazifadir. Xususan, amaliy va kompyuter tilshunosligi sunʼiy intellekt, milliy til modellari, raqamli filologiya va kognitiv texnologiyalar bilan uzviy bogʻliq strategik yoʻnalish sifatida eng yuqori ustuvorliklar qatoridan munosib oʻrin egallashi zarur. Chunki kelajak raqobati matbaa uskunalari yoki anʼanaviy texnologiyalar emas, balki milliy sunʼiy intellekt, til resurslari va bilimga asoslangan raqamli ekotizimlar oʻrtasida kechadi.

​ Bu paradoksal roʻyxat davlatning ilmiy salohiyatini haqiqiy taraqqiyot sari emas, balki ayrim hollarda eskilik botqogʻiga tortmoqda. Agar bugun amaliy va kompyuter tilshunosligi rasmiy darajada eng ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida tan olinmasa, ertaga raqamli mustamlakachilikning qurboniga aylanishimiz mumkin. Ustuvorliklar roʻyxati matbaa dastgohlaridan sun’iy intellekt ongiga, ya’ni raqamli filologiyaga qarab zudlik bilan qayta koʻrib chiqilishi shart.

Nega “10.00.11 - Amaliy va kompyuter lingvistikasi” – ustuvor ixtisoslik?

​Bugun Sanoat 4.0 inqilobining markazida sunʼiy intellekt (SI) texnologiyalari turibdi. Biroq koʻpchilik sunʼiy intellektning ilmiy poydevorini faqat fizika va matematika bilan bogʻlaydi. Aslida esa kognitiv komponentni faqat aniq fanlar doirasida talqin qilish sunʼiy intellekt tabiatini bir yoqlama tushunishga olib keladi.

Matematika sunʼiy intellektning hisoblash mexanizmini taʼminlaydi. U neyron tarmoqlaridagi matematik modellarni quradi, algoritmlarni optimallashtiradi hamda katta hajmdagi maʼlumotlarni qayta ishlash imkonini beradi. Bu sunʼiy intellektning texnik asosini tashkil etadi. Biroq uning vazifasi faqat hisoblashdan iborat emas. U matnni tushunishi, maʼno va kontekstni anglay olishi, inson bilan tabiiy muloqot qilishi ham zarur. Ana shu imkoniyatlarni unga til nazariyasi va lingvistika, xususan, kompyuter lingvistikasi taqdim etadi.

Agar sunʼiy intellekt faqat matematik modellar bilan cheklansa, u murakkab hisob-kitoblarni bajaruvchi tizim boʻlib qoladi. Tilshunoslik esa unga til birliklari, semantika, pragmatika va kontekstni tahlil qilish imkoniyatini berib, inson tafakkuriga xos kognitiv funksiyalarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Shu maʼnoda matematika sunʼiy intellektning hisoblash mexanizmi boʻlsa, tilshunoslik uning fikrlash va muloqot qobiliyatini taʼminlovchi asosiy omildir.

Matematika jism, til shu jismni boshqaradigan ong. Kelajak texnologiyalari istiqbolida muhandislar qatorida tilshunoslarning ham birdek oʻrni bor. Tana va miyaning simbiozi – haqiqiy kognitiv evolyutsiyaning yagona chorasidir.

“10.00.11 – Amaliy va kompyuter lingvistikasi” hamda SI

​Ha, albatta, sunʼiy intellekt amaliy va kompyuter lingvistikasisiz ham yaratilishi mumkin. Biroq bunday tizim faqat tor doiradagi vazifalarni bajarishga moʻljallangan, tabiiy tilni tushunish va undan foydalanish imkoniyatidan mahrum boʻlgan sunʼiy intellekt boʻladi. Unda matematik modellar, kodlar va algoritmlar mavjud boʻladi, ammo insoniy muloqot, til va semantikani toʻlaqonli anglash imkoniyati boʻlmaydi.

Kompyuter lingvistikasisiz sunʼiy intellekt bashoratli tahlil (predictive analytics), kompyuter koʻrishi (computer vision) va robototexnika kabi yoʻnalishlarda samarali ishlashi mumkin. Masalan, u ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarishi, ob-havo prognozlarini hisoblab chiqishi yoki tibbiy tasvirlarni tahlil qilishi mumkin. Bunday tizimlarda kiruvchi va chiquvchi maʼlumotlar asosan raqamli signallar koʻrinishida qayta ishlanadi.

Biroq amaliy va kompyuter lingvistikasisiz bugungi ChatGPT, Claude yoki Gemini kabi katta til modellari (Large Language Models — LLM)ni yaratishning imkoni boʻlmaydi. Chunki bunday tizimlar sintaktik tahlil, morfologik tahlil, semantik bogʻlanishlar hamda kontekstni tushunish kabi lingvistik jarayonlarga tayanadi. Aks holda, sunʼiy intellekt foydalanuvchi kiritgan matnni mazmunli axborot sifatida emas, balki belgilar ketma-ketligi sifatida qabul qiladi.

Lingvistik taʼminot mavjud boʻlmagan sunʼiy intellekt semantik jihatdan cheklangan boʻlib qoladi. Masalan, u matematik usullar yordamida “olma” soʻzining uchrash chastotasini aniqlashi mumkin, biroq uning meva ekanligi, turli kontekstlarda qanday maʼno anglatishi yoki koʻchma maʼnoda qoʻllanayotganini farqlay olmaydi. U tana aʼzolari mukammal ishlaydigan, lekin gapirish va tushunish markazi shikastlangan bemorga oʻxshab qoladi.

Shu bois amaliy va kompyuter lingvistikasisiz sunʼiy intellekt yuqori hisoblash quvvatiga ega boʻlsa-da, inson tili va tafakkuri bilan bogʻliq murakkab jarayonlarni toʻlaqonli bajarishga qodir boʻlmaydi. Zamonaviy kognitiv sunʼiy intellekt esa matematika, informatika va lingvistikaning uzviy integratsiyasi asosida shakllanadi.


Kognitiv texnologiyalar va til nazariyasi – yangi asrning strategik poydevori

Bugungi kunda dunyoni hayratga solayotgan ChatGPT, Gemini va Claude kabi katta til modellari (Large Language Models — LLM)ning muvaffaqiyati faqat yuqori hisoblash quvvati yoki murakkab algoritmlar bilan izohlanmaydi. Ushbu tizimlarning samaradorligi, avvalo, ularning asosida yotgan chuqur lingvistik modellar, semantika (maʼno tizimi) va murakkab sintaktik tuzilmalarga tayanadi.

Tilshunoslikni faqat imlo qoidalari yoki tinish belgilarini qoʻllash bilan bogʻlash bugungi kun talablariga javob bermaydi. Zamonaviy til nazariyasi insonning fikrlash, anglash va muloqot qilish jarayonlarini kompyuter muhitida modellashtirishga xizmat qiluvchi murakkab ilmiy yoʻnalishlardan biridir.

Kompyuter inson nutqidagi yashirin maʼnolarni, metaforalarni yoki koʻchma ifodalarni faqat ehtimollik modellari yordamida toʻliq anglay olmaydi. Buning uchun lingvistik semantika, kompyuter sintaksisi va boshqa lingvistik modellar qoʻllaniladi. Aynan shu yondashuvlar neyron tarmoqlarga soʻzlar va iboralar oʻrtasidagi mantiqiy hamda mazmuniy bogʻlanishlarni aniqlash imkonini beradi.

Bugungi kunda til texnologiyalari nafaqat ilmiy yoʻnalish, balki strategik va geosiyosiy ahamiyatga ega soha hamdir. Amaliy va kompyuter lingvistikasi rivojlanmagan davlatlar global raqamli makonda xorijiy til texnologiyalariga qaram boʻlib qolish xavfi bilan yuzlashadi. Milliy til modellarini yaratish esa davlatning kognitiv xavfsizligini mustahkamlash va raqamli makondagi mustaqilligini taʼminlashning muhim omillaridan biridir.

Kognitiv texnologiyalar va til nazariyasi zamonaviy raqamli dunyoning ajralmas tarkibiy qismidir. Sunʼiy intellektning inson tilini anglash va mazmun bilan ishlash qobiliyati aynan matematika, informatika va tilshunoslikning uzviy integratsiyasi asosida shakllanadi. Shu bois kelajak texnologiyalari ushbu fanlar chorrahasida rivojlanayotgan computational linguistics (kompyuter lingvistikasi) yoʻnalishi bilan chambarchas bogʻliqdir.

Raqamli gumanitar fanlar (digital humanities) va milliy korpuslar

​Yangi asrda til, adabiyot va madaniy merosning faqat kitoblar yoki arxivlarda saqlanishi ularning uzoq muddatli yashovchanligini toʻliq taʼminlay olmaydi. Raqamli gumanitar fanlar (Digital Humanities) gumanitar merosni zamonaviy axborot texnologiyalari va algoritmik tizimlar bilan integratsiya qiluvchi muhim ilmiy yoʻnalishdir. Matnlarni raqamlashtirish esa milliy tilning global axborot makoniga faol kirib borishining muhim shartlaridan biridir.

Milliy korpus oddiy matnlar toʻplami emas, balki tilning raqamli rivojlanishini taʼminlovchi keng qamrovli lingvistik tizimdir. U tilimizdagi soʻz va iboralarning grammatik, semantik hamda statistik xususiyatlarini kompyuter tizimlariga oʻrgatish imkonini beradi. Milliy korpussiz zamonaviy qidiruv tizimlari, mashina tarjimasi va sunʼiy intellektga asoslangan til texnologiyalarini toʻlaqonli rivojlantirish mushkul.

Kompyuter leksikografiyasi va ontologik bazalar mashinalarga oʻzbek tilidagi soʻz va tushunchalar oʻrtasidagi mantiqiy, iyerarxik hamda kontekstual bogʻlanishlarni anglash imkonini yaratadi. Mazkur lingvistik infratuzilma shakllantirilmasa, sunʼiy intellekt tizimlari oʻzbek tilidagi matnlarni chuqur tahlil qilish, ularning mazmuni va madaniy kontekstini toʻlaqonli anglash imkoniyatiga ega boʻlmaydi.

Agar bugun milliy korpus va raqamli lingvistik bazalarni yaratishga strategik eʼtibor qaratilmasa, oʻzbek tilining global raqamli makon va sunʼiy intellekt tizimlaridagi imkoniyatlari sezilarli darajada cheklanishi mumkin. Natijada internet va zamonaviy raqamli platformalarda oʻzbek tilining qoʻllanish doirasi torayib, uning raqamli rivojlanish surʼatlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi ehtimoldan xoli emas.

Shu bois raqamli gumanitar fanlar va kompyuter lingvistikasini rivojlantirish bugungi kunning muhim strategik vazifalaridan biridir. Milliy korpuslar va raqamli lingvistik platformalarni yaratish hamda takomillashtirish oʻzbek tilining sunʼiy intellekt tizimlarida munosib oʻrin egallashi, boy maʼnaviy-madaniy merosimizning raqamli makonda izchil rivojlanishini taʼminlashning muhim omillaridan hisoblanadi.

“Lingvopromptologiya” (linguistic promptengineering): filologiyadan raqamli muhandislikka

Sunʼiy intellekt modellariga buyruq berish, yaʼni prompt muhandisligi (prompt engineering), koʻpchilik oʻylaganidek texnik kod yozish emas, balki lingvistik jarayondir. Mashina bilan samarali muloqot qilish, unga vazifani aniq ifodalash va kutilgan natijani olish bevosita tilning sintaktik hamda semantik imkoniyatlaridan toʻgʻri foydalanishga bogʻliq. Shu asosda bugungi kunda fanlar chorrahasida yangi yoʻnalish – lingvopromptologiya shakllanmoqda.

Yaqin kelajakda anʼanaviy dasturlash tillari (Python, C++ va boshqalar)ning ayrim vazifalari tabiiy til asosidagi boshqaruv usullari bilan toʻldirilishi kutilmoqda. Katta til modellari shunchalik takomillashmoqdaki, ayrim dasturiy yechimlarni kod yozish oʻrniga tabiiy tilda berilgan koʻrsatmalar asosida yaratish imkoniyati kengaymoqda. Natijada insonning tabiiy tili sunʼiy intellekt bilan samarali muloqot qilishning muhim vositasiga aylanmoqda.

Dasturlash jarayoni tabiiy tilga yaqinlashgani sari mehnat bozorida til mantiqi, soʻzning semantik imkoniyatlari va lingvistik qoliplarni chuqur biladigan mutaxassislarga ehtiyoj ortib boradi. Mashinaga topshiriqni qaysi soʻzlar, qanday sintaktik qurilma va qanday kontekst asosida berishni lingvistik tayyorgarlikka ega mutaxassislar samarali tashkil eta oladi.

Lingvopromptologiya oddiy matn yozish emas, balki til birliklarining neyron tarmoqlar faoliyatiga taʼsirini oʻrganuvchi amaliy yoʻnalishdir. Baʼzan bitta soʻzning oʻzgarishi yoki gap tuzilishidagi kichik farq ham sunʼiy intellekt javobining mazmuniga sezilarli taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shu bois semantika va mantiqiy bogʻlanishlarga oid lingvistik qonuniyatlar bugungi kunda SI bilan samarali ishlashning muhim omillaridan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda filologiya faqat badiiy matnlarni tahlil qiluvchi gumanitar soha bilan cheklanmaydi. Lingvopromptologiya tilshunoslikni sunʼiy intellekt bilan muloqot arxitekturasini shakllantirish hamda raqamli texnologiyalar bilan samarali ishlashga xizmat qiluvchi amaliy yoʻnalish sifatida yangi bosqichga olib chiqmoqda. Kelajak texnologiyalarini boshqarish kaliti – soʻz va til mantiqini mukammal egallagan mutaxassislar qoʻlida boʻladi.

Yangi davr filologiyasi manifesti: oʻzbek sunʼiy intellekt filologiyasi

Bugun jahon ilmiy taraqqiyoti nano-, bio-, axborot va kognitiv texnologiyalar (NBIC) konvergensiyasi, yaʼni ularning oʻzaro integratsiyasiga tayanmoqda. Oʻzbek milliy ilm-fani, xususan, tilshunoslik ham anʼanaviy, asosan tasviriy yondashuvlar bilan cheklanib qolmasdan, ushbu global amaliy-innovatsion yoʻnalishga izchil oʻtishi zarur. Yangi davr filologiyasi laboratoriyalar, sunʼiy intellekt markazlari va raqamli ekotizimlar bilan uzviy bogʻliq amaliy fan sifatida rivojlanmoqda.

Biz asrlar davomida shakllangan boy mumtoz matnshunosligimiz, mumtoz merosimiz va grammatik anʼanalarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Biroq filologiyaning faqat tarixiy-tahliliy yoʻnalishlar bilan cheklanib qolishi tilimizning raqamli taraqqiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Bugungi filologlar oʻtmish matnlarini oʻrganuvchi va sharhlovchi mutaxassislar bilan bir qatorda, kelajakning raqamli matnlari va sunʼiy intellekt tizimlari uchun til modellarini ishlab chiquvchi mutaxassislarga ham aylanishlari zarur.

Koʻplab tilshunoslar uchun raqamli texnologiyalar va neyron tarmoqlar murakkab matematik tushunchalar bilan bogʻliqdek tuyuladi. Vaholanki, zamonaviy filolog uchun barcha matematik formulalarni mukammal bilish shart emas. Muhimi, algoritmlarning ishlash tamoyillarini anglash va matematik mantiqni konseptual tushunishdir. Bunday yondashuv filologlarga axborot texnologiyalari mutaxassislari bilan samarali hamkorlik qilish imkonini beradi.

Til va adabiyot sohasi vakillari bugungi kunda milliy dasturiy mahsulotlarni yaratish jarayonining faol ishtirokchilariga aylanishlari zarur. Oʻzbek tilining semantik modellarini ishlab chiqish, ontologik maʼnolar bazalarini yaratish hamda mashina nutqini tabiiy til imkoniyatlariga yaqinlashtirish filologlarning muhim vazifalaridan biridir. Til mantiqini kompyuter tizimlariga tatbiq etish milliy raqamli texnologiyalarni rivojlantirishning muhim omillaridan hisoblanadi.

Ushbu manifest oʻzbek filologiyasini zamonaviy talablar asosida modernizatsiya qilish hamda uning innovatsion rivojlanishdagi oʻrnini yanada mustahkamlashga daʼvatdir. Matematika va til, texnika va tafakkur oʻrtasidagi “devor”larni buzib tashlashimiz kerak. Oʻzbek sunʼiy intellekt filologiyasining shakllanishi va taraqqiy etishi ona tilimizning global raqamli sivilizatsiyada abadiy yashab qolishining yagona yoʻlidir!

Baxtiyor MENGLIYEV,

TAFU tadqiqotchi-professori