Har bir xalqning tarixi, tili, anʼanalari va qadriyatlari boʻlgani singari uning oʻziga xos falsafasi ham mavjuddir. Bir-biri bilan uzviy va chambarchas bogʻliq ekani bois ularni ayro holda tasavvur etib boʻlmaydi. Falsafa garchi universal qonun va kategoriyalarni oʻrganuvchi umuminsoniy fan hisoblansa-da, bashariyat hayotiga xos muammolar bilan birga muayyan xalq turmushi va taraqqiyotiga doir qonunlar, maqsad-muddaolarni ham tadqiq etadi. Buni milliy falsafamiz tadriji misolida ham koʻrish mumkin.

Kuchli davlat omili

Falsafiy fikr va tafakkur bobida boy anʼanalarga ega ekaniga qaramay, bir necha oʻnyilliklar mobaynida xalqimizning ilmiy merosiga taʼna-malomat toshlari otildi. Sobiq Ittifoq davrida barcha sohalar kabi milliy falsafamiz ham siyosiy tamoyillarga, aniqrogʻi,  “katta ogʻalar” qoliplariga moslashtirildi. Oqibat shu boʻldiki, milliy falsafamiz rivojlanish oʻrniga hukmron mafkura qobiqlari doirasida “oʻgay bola” singari maʼyus qiyofada kun koʻrmoqqa majbur boʻldi.

Sobiq tuzum davrida falsafaga doir ilmiy izlanish va tadqiqotlar goʻyo bir maromda olib borilgandek tuyulsa ham, aslida, “sotsialistik turmush tarzi”, “ateistik dunyoqarashni shakllantirish” kabi mavzular sunʼiy ravishda dolzarblashtirilib, jild-jild nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalari himoya qilindi. Bu sira tadqiqotlardan oʻzbek falsafasi jilla naf koʻrmadi, bilʼaks, uning obro‘-eʼtibori tushdi, tadqiqotlar samaradorligi oshishi oʻrniga dissertatsiyabozlik avj oldi, ilmiy daraja va unvonlarni tezroq qoʻlga kiritish asosiy maqsadga aylandi. Ajdodlarimizdan qolgan diniy merosni puxta oʻrganishga esa mustamlakachilik yillarida avjiga chiqqan taʼqib-u tazyiqlar yoʻl bermadi.

Oʻtgan asrning 90-yillari boshida sovet tuzumining intiho topishi oʻzbek falsafasining qayta uygʻonishi uchun ibtido boʻlib xizmat qildi. Buni teran anglagan birinchi prezident Islom Karimov faylasuflarimiz oldiga “zamon va makon bilan bogʻliq murakkab fan”ni yangi davr talablariga mos ravishda rivojlantirish vazifasini qoʻydi: “Falsafa – barcha fanlarning otasi. Falsafani bilmaydigan odam – meditsina yoki taʼlim, sanʼat yoki madaniyat sohasi vakili boʻladimi, bundan qatʼi nazar, hayotning, oʻz kasbining maʼno-mazmunini yaxshi tushunmaydi. Misol uchun, tarixni tahlil qilish uchun har bir voqea va jarayonga falsafiy qarash, ularni umumlashtirgan holda zarur xulosalar chiqara olish kerak. Shu bois tarixchi boʻlish uchun falsafiy tafakkur qobiliyatiga ega boʻlmoq darkor” (Karimov I. Inson, uning huquq va erkinliklari – oliy qadriyat. Toshkent, “Oʻzbekiston”, 2006. 117-bet).

Jahon falsafasi tarixiga nazar tashlansa, oʻz milliy falsafasi va taraqqiyot modelini yaratgan xalqlar unchalik koʻp emasligiga ishonch hosil qilamiz. Yunon falsafasi, rim falsafasi, hind falsafasi, xitoy falsafasi, ingliz falsafasi, fransuz falsafasi, olmon falsafasi, rus falsafasi... bu maktablarning har biri borliq, hayot va voqelikka ayricha yondashuvi bilan ajralib turadi. Ayni choqda, ularning har birida xalqiga xos boʻlgan mentalitet va maʼnaviyat, dunyoqarash va tafakkur tarzi ham aks etgan. Aytaylik, dunyoviy fanlar hali “yoʻrgak”da boʻlgan bir vaqtda shakllangan qadimgi yunon, hind, xitoy falsafiy maktablariga xos boʻlgan umumiylik olam va borliq binosining asoslarini aniqlash, uning mavjudligi va rivojlanish qonuniyatlarini fahmlashdan iborat boʻlgan esa, fransuz  falsafasi bu yorug‘ dunyoda  erkin  yashashdan  oʻzga  muqaddas qadriyat   yoʻqligi, bunga  erishmoq uchun   maʼrifat ahkomlari   ila qurollangan   holda,  jangovarroq turmush  kechirish usulini targʻib qilgan. Olmonlar esa, aksincha, “aqlga muvofiq narsalarning hammasi voqeiy, voqeiy narsalarning hammasi aqlga muvofiq” (Hegel) ekani haqidagi shiorni baland koʻtargan holda murosasozlik yoʻlidan borish tarafdori boʻlgan.

Falsafaning asosiy mazmun-mohiyati hayot maʼnosini anglashdan iborat ekani bugun barchaga kundek ravshan. Sovet davrida faqat foyda ketidan quvishnigina targʻib etadi degan daʼvo bilan pragmatizm falsafiy maktablari qattiq tanqidga uchragan edi. Holbuki, “oʻzini oqlaydigan ish bilan shugʻullanish” (Uilyam Jeyms) degan axloqiy imperativ asos ustiga qurilgan ushbu falsafa oʻz davrida Gʻarb davlatlarini ijtimoiy taraqqiyotga undagan edi. Bozor iqtisodiyoti munosabatlari ustunlik kasb etayotgan bugungi kunda oʻzbek falsafasida ham ana shunday pragmatik qarashlar zarurligi eʼtirof etilmoqda.

Milliy davlatchilikning yuksalishi koʻp hollarda falsafiy qarashlar, taʼlimotlar taraqqiyoti bilan uzviy bogʻliq kechgan. Zotan, kuchli davlatchilik mudom kuchli falsafaga ehtiyoj sezgan. Qadimgi Afina va Rim, Amir Temur saltanati, umuman, insoniyat tarixida oʻtgan koʻplab davlatlar gullab-yashnagan davrda falsafa fani rivojiga alohida eʼtibor qaratilgani maʼlum. Xususan, Amir Temur davlati dovrugʻining yetti iqlimga yoyilishida Sohibqironning harbiy kuch-qudratidan tashqari oʻz atrofiga oqil-u fozillarni toʻplagani, saltanat ishiga doir mashvaratlarda ularning fikrlarini puxta oʻrganib, faylasufona qarorga kelgani ham muhim rol oʻynagan. “Temur tuzuklari”da qayd etilgan “...tajribamdan oʻtmishkim, garchi ishning yakunlanishi taqdir pardasi ortida yashiringan boʻlsa ham, aqli raso va hushyor kishilardan kengash tadbir istab, fikrlarini bilmoq lozimdir”, degan fikr Sohibqiron donishmand ham boʻlganidan dalolat beradi (Temur tuzuklari. Toshkent, 1991. 15-bet).

Eʼtiborga molik jihati shundaki, oʻtmishda Samarqand falsafa maktabi, Buxoro falsafa maktabi, Movarounnahr falsafa maktabi, Turkiston falsafa maktabi kabilar ham mashhur boʻlgan. Mazkur maktablar turlicha atalsa-da, oʻzbek xalqining falsafiy tafakkur taraqqiyotiga tegishli boʻlgan umumiy jihatlarni oʻzida mujassam etgandir. Bu esa donishmand xalqimiz falsafasi tariximiz kabi qadim, maʼnaviyatimiz singari teran demoqqa asos boʻladi. Istiqlolga erishganimizdan soʻng boy falsafiy merosimiz “Oʻzbek falsafasi” degan nom bilan yangicha maʼno-mazmun kasb etib, rivojlanish bosqichiga qadam qoʻydi.

Qay modelni tanlagan maʼqul?

Oʻzbekiston mustaqil boʻlgach, Ikkinchi jahon urushidan keyin qisqa davr ichida mislsiz muvaffaqiyatlar keltirgan  “yapon modeli”, “olmon modeli”, “koreys modeli”, “turk modeli” kabi xorijiy taraqqiyot usullaridan birortasini andaza sifatida tanlashi mumkin edi. Ammo, nazarimizda, xorijiy modellarni Oʻzbekistonga aynan koʻchirish falsafiy mantiqqa mos kelmas edi. Chunki har bir xalqning davlatchilik anʼanalari, asrlar mobaynida shakllangan maʼnaviy-ruhiy qadriyatlari mavjud. Milliy taraqqiyot yoʻlini tanlashda ularni eʼtibordan soqit qilish va xorij modelini koʻr-koʻrona qoʻllash kutilgan natija bermas edi. Shu sabab “oʻzbek modeli” deb atalgan yangi konsepsiya ishlab chiqildi. Mazkur konsepsiya shunchaki taraqqiyot yoʻli emas, balki, taʼbir joiz koʻrilsa, oʻzbek falsafasining mazmunan oʻziga xos yangi taʼlimoti boʻldi.

Taraqqiyot bobida mustaqil yoʻl tanlash har bir xalq uchun jahonshumul voqea sanaladi. Yangi davrda oʻtmishga xos koʻplab tamoyillar oʻz ahamiyatini yoʻqotadi, uzoq muddat qadriyat hisoblangan mohiyatdan voz kechiladi. Busiz iloji yoʻq. Chunki yangi davr barcha sohalarda tub islohotlarni taqozo qiladi. Orzudagi jamiyatni barpo etish esa hamma vaqt ham oson kechmaydi. Eskilik bilan yangilik oʻrtasida murosasiz kurash yuz beradi. Yangilik tarafdorlari oʻz maqsadlariga erishmoq uchun ommani ezgu gʻoyalar atrofida birlashtirishga intilsa, eski “gvardiya” jamiyatda roʻy berayotgan ijobiy oʻzgarishlarni tan olmaslik, anʼanaviy turmush tarzidan voz kechmaslik yoʻlini tutadi. Darvoqe, oʻta xatarli boʻlgan uchinchi   –   befarq va loqayd toifa ham paydo boʻladi. Ana shunday masʼuliyatli damda milliy taraqqiyot falsafasini ishlab chiqish va uni keng omma ongiga singdirish favqulodda katta ahamiyat kasb etadi.

Mujodala emas, murosa

Bugun oʻzbek falsafasining sarchashmalari – xalqimizning boy ilmiy merosi, ajdodlarimiz tafakkur ziyosi ila yaratilgan durdona asarlarni oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ular jahon fani va madaniyati rivojiga shu qadar katta taʼsir koʻrsatganki, buni mashhur ingliz olimasi Hilda Hukhemning “Amir Temur tarbiya topgan zaminda X – XI asrlardayoq falsafa, tibbiyot, matematika, astronomiya, geografiya, nazm va tarixnavislik borasida jahonshumul asarlar yaratilgan. Bu beqiyos ilmiy-maʼrifiy taraqqiyot Yevropa Uygʻonish davriga turtki berdi va Yevropa ilm-fani kamol topishida mustahkam asos boʻlib xizmat qildi”, degan eʼtirofi ham tasdiqlaydi.

Biroq shunga qaramay, moziyning turli davrlarida yashagan alloma bobolarimizning dunyoviy va diniy ilm sohalaridagi merosi bor boʻy-basti bilan, tugal oʻrganilgan deya olmaymiz. Mutaxassislarning hisob-kitobiga koʻra, Oʻzbekistonda hozirga qadar oʻrganilmagan nodir qoʻlyozmalar 80 mingdan ziyodni tashkil etadi. Ularni daqiqlik bilan tadqiq qilish va xalqimizga taqdim etish nainki manbashunoslik yoki sharqshunoslik, balki oʻzbek falsafasining ham kechiktirib boʻlmas vazifalaridandir. Zero, qariyb uch ming yillik davlatchilik tarixiga ega boʻlgan xalqimiz dunyoqarashining shakllanishi va takomillashuv bosqichlarini har tomonlama chuqur va puxta oʻrganish millatning oʻzligini anglashida muhim oʻrin tutadi.

Garchi insoniyat tarixi bir-biridan farq qiladigan turli-tuman davrlardan iborat boʻlsa-da, asl mazmun-mohiyatiga koʻra u birbutun umumiy qadriyatdir. Shunday ekan, xalqimiz yaratgan bebaho meros “yevropasentrizm”, “osiyosentrizm” singari mahdudlik yoki etnik tarafkashlik daʼvolari asosida emas, balki odamzod tafakkurining umrboqiy mahsuli va tarkibiy qismi sifatida xolisona oʻrganilishi kerak. Bizningcha, ushbu munosabatlarda Gʻarb ham, Sharq ham mutlaq yetakchilik daʼvosini qilmasligi, bunda har ikki sivilizatsiyaning bir-biriga katta taʼsiri boʻlganini taʼkidlamoq lozim. Zero, Sharq olimlari yunon fani va falsafasidan qancha bahramand boʻlgan esa, ming yil jaholat zulmatiga botgan Fapb fani Sharqda koʻtarilgan ilm-fan quyoshi nurlari taʼsirida koʻz ochib uygʻondi. Hatto Sharq fani va falsafasiga bepisandroq munosabatda boʻlgan buyuk olmon faylasufi Georg Hegel ham “Nur – Sharqdandir” degani Mashriqzamin salohiyatining jahoniy eʼtirofiga ishoradir.

Ortga surib boʻlmas vazifalar

Milliy falsafamiz tadriji xususida soʻz borar ekan, soha vakillari oldida turgan vazifalarga ham eʼtibor qaratish oʻrinli boʻladi. Oʻzbek falsafasining tub ildizlari, nazariy-metodologik manbalari, rivojlanish xususiyatlari batafsil bayon qilingan fundamental tadqiqotlar, oʻquv adabiyotlari yetarli emas. Binobarin, buning uchun salohiyatli intellektual kuchlarni saralab, ushbu vazifalar ijrosiga safarbar etmoq lozim. Qolaversa, mamlakatimizdagi barcha oliy taʼlim dargohlarida oʻzbek falsafasi kafedralari faoliyatini yoʻlga qoʻyish va shu boʻyicha darsliklar tayyorlash maqsadga muvofiqdir. Masalan, Buyuk Britaniyada ingliz falsafasi bilan birga Bekon falsafasi, Yum falsafasi, Germaniyada olmon falsafasi bilan birga Kant falsafasi, Hegel falsafasi kabi maxsus kurslar oʻqitiladi. Fransuz va ispanlarda, yunon va italyanlarda ham shunday. Har bir millat oʻz falsafasini birinchi navbatda oʻzi chuqur bilishi, hurmat qilishi, dunyoqarashining ajralmas qismiga aylantirishi lozim, soʻngra esa boshqalarga ham targʻib-tashviq etgani maʼqul. Forobiy falsafasi, Xorazmiy falsafasi, Fargʻoniy falsafasi, Beruniy falsafasi, Ibn Sino falsafasi, Ulugʻbek falsafasi singari maxsus kurslarni yoʻlga qoʻyishga ehtiyoj ham, imkoniyat ham bor.

Oliy taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarda ana shu ehtiyoj va zaruriyatni inobatga olmoq lozim. Ijtimoiy-gumanitar fanlarni qisqartirish, falsafa fanini oʻqitishga nisbatan bepisandlik tayyorlanayotgan kadrlarning mafkuraviy immuniteti sustlashuvi singari salbiy illatlarni keltirib chiqaradi. Bu hol mutasaddi tashkilotlarni jiddiy tashvishga solmogʻi darkor.

Yuqoridagi mulohazalar milliy falsafamizni yanada yuksak bosqichga koʻtarish haqida tinmay qaygʻurish kerakligini eslatadi. Shuni ham alohida taʼkidlash zarurki, mazkur ishni milliy manfaatlar qobigʻida amalga oshirib boʻlmaydi. Jahon falsafasini chuqur oʻrganish, sayyoramizning oʻzga hududlarida umrguzaronlik qilgan faylasuflar taʼlimotlari bilan yaqindan tanishish, ularni qiyosiy tahlil qilish, zamonaviy falsafiy qarashlar rivojiga xos boʻlgan umumiy va juzʼiy tendensiyalardan oqilona xulosa chiqarish, dunyo allomalarining mumtoz asarlarini ona tilimizga tarjima qilish kabilar bugungi kunning dolzarb yumushlaridir. Afsuski, milliy falsafamizda “murakkab, tish oʻtmaydi” degan bahona bilan jahon falsafasining Aflotun, Arastu, Berkli, Kant, Hegel kabi mumtoz vakillari qarashlarini oʻrganish, gnoseologiya va ontologiya, fan va falsafa tarixi, fanlarning falsafiy masalalari singari jiddiy mavzularda tadqiqotlar olib borish oʻrniga ijtimoiy-tarixiy voqeligimizdagi siyqasi chiqqan yengil-yelpi mavzulardan “falsafa izlash” anʼanasi tobora ildiz otayotir.

Fikrimizcha, bugungi kunda jahon falsafasi oldida hozirgi dunyoning ilmiy-falsafiy manzarasini, gʻoyalar va yondashuvlarning zamonaviy taraqqiyotga taʼsirini teranroq tasavvur etishdek zalvarli vazifa turganini ham yodda tutmoq darkor. Sirasi, bu masala oʻzbek milliy falsafasiga ham begona emas.

XX asr dunyoda buyuk oʻzgarishlar va kashfiyotlar asri boʻlishi bilan birga, mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ham xavfliroq tus olgani ila tarix sahifalaridan joy egalladi. Faylasuflarimiz XXI asr bundan-da murakkab kechishini esdan chiqarmasligi lozim. Negaki, inson qalbi va ongi uchun kurash avj olgan hozirgi davrda bir hudud yo mamlakatda paydo boʻlayotgan gʻoya, mafkuralar qisqa muddatda butun yer yuziga yoyilmoqda. Xalqaro terrorizm, ommaviy madaniyat, nigilizm, kosmopolitizm, tajovuzkor millatchilik, shovinizm, ekstremizm kabi mafkuralar dunyodagi tinchlik va barqarorlikka raxna solayotir, qabih kuchlar gʻarazli maqsadlari yoʻlida ana shunday vayronkor mafkuralardan gʻoyaviy qurol sifatida foydalanayotir. Bunday sharoitda geostrategik maqsadlar va davlatlarning mafkuraviy siyosatini oʻrganish muhim ahamiyatga ega.

Dunyoning mafkuraviy manzarasi tez oʻzgarayotgani, axborot almashinuvi jarayonining global tusga kirgani, universal texnologiyalarning jahon xalqlari hayoti va turmushidan keng oʻrin egallayotgani har tomonlama chuqur tahlilni talab etayotir. Ayniqsa, axborot maydonida kun sayin avj olayotgan xurujlar alohida yondashuvni taqozo qiladi. Xohlaymizmi-yoʻqmi, barchamiz axborot oqimi taʼsiri ostida dunyoga oʻzgalar koʻzi bilan ham boqayotganimizni inkor etib boʻlmaydi. Bas, shunday ekan, insonning oʻzligini yoʻqotmaslik choralarini koʻrish asosan falsafa fani vazifasi ekanini chuqur anglamoq shart va zarur.

Bugungi beqaror davrda milliy oʻzlikni saqlash, xalqimizning azaliy qadriyatlarini asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish; axborot ummonida gʻarq boʻlib ketmaslik uchun kishilarda, ayniqsa, yosh avlod vakillarida oqni qoradan, chinni yolgʻondan, rostni boʻhtondan ajrata olish koʻnikmasini shakllantirish nihoyatda dolzarb. Boz ustiga, dunyoning axborotlashuvi uning texnokratlashuvi bilan ham muvoziy tarzda yuz bermoqda. Buning oqibatida esa, baʼzi mutaxassislarning fikricha, zamonaviy odam texnokrat robotga aylanayotir. U koʻproq virtual dunyoda yashashni maʼqul koʻrmoqda, asta-sekin real dunyo kishilaridan uzoqlashib, jamiyatdan begonalashib bormoqda. U uchun qayerda yaxshi yashasa – oʻsha yer vatan. Bizningcha, bunday yondashuvni oqlab boʻlmaydi. Binobarin, milliy falsafamiz sogʻlom fikrli, hushyor va ogoh insonlarni tarbiyalashga hissa qoʻshmasa, zimmasidagi tarixiy vazifani bajarolmaydi.

Milliy falsafamiz shiddatkor davrdan orqada qolayotgani, baʼzi olimlarning zamon bilan hamnafas boʻlolmayotgani, davlat va jamiyat talablariga javob berolmayotganini ham tan olish kerak. Falsafa boʻyicha darslik, oʻquv qoʻllanmalarini yaratishda muqobillik asosidagi raqobat muhiti hali-hanuz yaratilmagan, mualliflar mehnatini munosib ragʻbatlantirish tizimi ham mukammal emas. Bu borada ahvol ijobiy tomonga oʻzgarmasa, falsafa asl mohiyati va qiyofasini, fan sifatidagi qadri va ahamiyatini, hayot va taʼlimdagi oʻrnini yoʻqotib qoʻyishi mumkin. Shunday ekan, bu borada zudlik bilan tub oʻzgarishlarni amalga oshirish, ilmiy paradigmalarni yangilash, mutaxassislarning fan va jamiyatdagi qadri, oʻrnini munosib baholash lozim.

Bugungi voqelik falsafiy adabiyotlarning xalqchilligini taʼminlash, darslik va qoʻllanmalarning tili, ifoda usullarini milliy ruhimizga yaqinlashtirishni ham talab etayotir. Falsafa mavzularini qanday yoritish, qay tariqa asoslash va tushuntirib berishni oʻrganmoqchi boʻlsak, jahonda ilgʻor namunalar bor. Eng murakkab, serqirra falsafiy kategoriya va tushunchalarning taʼrif va izohlarini ham sodda, ravon tilda, mahorat bilan ifoda etish tajribasi mavjud. Demak, oʻzbek falsafasining evolyutsiyasi va dinamikasi, umumiy qonuniyatlari va oʻziga xos xususiyatlari har tomonlama keng va chuqur ifodalangan asarlar yaratish, ularda zamonaviy falsafaning tushuncha va tamoyillarini yaxlit tizimga keltirish, rivojlanish yoʻllari va imkoniyatlarini atroflicha koʻrsatib berish zamondosh faylasuflarimiz oldida turgan vazifalar sirasiga kiradi.

Modomiki shunday ekan, ildizlari ming yilliklar qaʼridan kuch oladigan milliy falsafamizni yangi bosqichga koʻtarish, uni zamonaviylashtirish, qolaversa, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish faylasuflarimiz zimmasiga katta masʼuliyat yuklayotganini yanada teran his etmogʻimiz darkor.

Ismatilla TOʻXTAROV

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 1-son.

“Uygʻonayotgan falsafa” maqolasi